VM qarori № 712, 67-boʻlim
8-bob. Elektr asbob-uskunalari, qoʻl elektr mashinalari va qoʻl elektr yoritkichlari
Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.
130. Elektr asbob-uskunalari va qoʻl elektr mashinalari mazkur Qoidalar talablarini qondirishi va muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi kerak. 131. Elektr tokidan jarohatlanish xavfi yuqori boʻlgan xonalarda hamda xonalar tashqarisida I toifaga mansub boʻlgan elektr asbob-uskunalari va qoʻl elektr mashinalari bilan ishlashga elektr xavfsizligi boʻyicha kamida II guruhga ega boʻlgan xodimlarga ijozat beriladi. Tarmoqqa yordamchi uskunalarni (transformatorlar, chastota oʻzgartirgichi, himoya — oʻchirish qurilmalari va shunga oʻxshashlarni) ulash va uni oʻchirish III guruhdan kam boʻlmagan elektrotexnik xodimlar tomonidan bajarilishi kerak. 132. Xonalar elektr tokidan jarohatlanish xavfining darajasi boʻyicha turiga qarab, elektr asbob-uskunalari va qoʻl elektr mashinalarining quyidagi toifalari qoʻllanilishi lozim: I toifali — ishlab chiqarish sharoitidagi ekspluatatsiyada (qurilish — montaj ishlarini bajarish va unga tayyorgarlik koʻrish bundan mustasno). I toifali elektr asbob-uskunalari va qoʻl elektr mashinalari bilan ishlanganda, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish kerak. Agar I toifali elektr asbob-uskunasi yoki qoʻl elektr mashinasi faqat bitta boʻlib, u ajratuvchi transformatorga, avtonom dvigatel-generator qurilmasiga yoki chulgʻamlari ajratilgan chastota oʻzgartirgichga, yoki himoya oʻchirish qurilmasi orqali ulangan boʻlsa, himoya vositalaridan foydalanilmasdan ishlashga ruxsat berilishi mumkin; II va III toifali — ishlab chiqarish sharoitidagi ekspluatatsiyaning barcha hollarida, ammo qurilish-montaj ishlarini tayyorlash va bajarishda yuqori xavfli sharoitli xonalarda va xona tashqarisida ishlatilishi mumkin. II va III toifali mashinalarni, individual himoya vositalaridan foydalanmasdan ishlatish mumkin. Qurilish-montaj ishlarini bajarishda va unga tayyorgarlik koʻrishda II toifali elektr asbob-uskunalari va elektr mashinalari bilan individual himoya vositalari yordamida ishlash shart boʻlgan hollar bundan mustasno; III toifali — haddan tashqari noqulay ishlash sharoitlarida (idishlar ichida, apparatlar va boshqa metalldan yasalgan, operatorning chiqishi va yurishi chegaralangan sigʻimlarda), shuningdek, qurilish-montaj ishlari va ularga tayyorgarlik haddan tashqari xavfli sharoitlarda bajarilganda ishlatilishi mumkin. Bunday sharoitlarda qurilish-montaj ishlarini bajarish va unga tayyorgarlik koʻrish uchun III toifali qoʻl elektr mashinalari va asbob-uskunalaridan faqat individual himoya vositalarini qoʻllagan holda foydalanishga ruxsat etiladi. Qoʻl elektr mashinasi yoki III toifali asbob-uskuna boʻlmagan taqdirda, elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs bir dona I va II toifali mashina yoki asbob-uskunani qoʻllashga taʼminot avtonom dvigatel-generator qurilmasidan, ajratuvchi transformatordan, chulgʻamlari boʻlingan chastota oʻzgartirgichdan boʻlganida yoki himoya oʻchirish qurilmasi mavjud boʻlgandagina ruxsat berilishi mumkin. 133. Yuqori xavfli va oʻta xavfli xonalarda ishlanganda, kuchlanishi 42 V dan yuqori boʻlmagan qoʻl elektr yoritkichidan foydalanish zarur. Oʻta noqulay sharoitlarda ishlanganda, kuchlanishi 12 V dan yuqori boʻlmagan qoʻl elektr yoritkichlari ishlatilishi kerak. Kuchlanishi 42 V gacha boʻlgan yoritkichlarning elektr manbalari sifatida pasaytiruvchi transformatorlar, mashinali oʻzgartirgichlar, generatorlar, akkumulyator batareyalari ishlatilishi mumkin. Bunday maqsadlar uchun avtotransformatorlardan foydalanish taqiqlanadi. 134. Qoʻl elektr mashinalari, qoʻl yoritkichlari va elektr asbob bilan ishlashdan oldin quyidagilar bajarilishi zarur: ularning butunligini va detallarining mahkamlanganligini tekshirish; shtepsel vilkasi, kabel (shnur), uning ustki himoyalovchi qobigʻi yaroqli ekanligini tashqi koʻrikdan oʻtkazish yoʻli bilan tekshirish; korpusning izolyatsiya detallarini, tutqichni va choʻtka tutqichning qopqogʻi butunligini tekshirish, himoyalovchi gʻiloflar borligini va ularning yaroqli ekanligini koʻzdan kechirib chiqish; oʻchirgichning aniq ishlashini tekshirish; salt yurishda ishlashni tekshirib koʻrish; I toifali mashinalarda bundan tashqari (shtepsel vilkasidagi yerga ulovchi kontakt bilan mashina korpusi orasidagi) yerga ulash zanjirining sozligini tekshirish. Nuqsoni boʻlgan qoʻl elektr mashinalari, qoʻl yoritkichlari, elektr asboblari va ularning yordamchi uskunalarini ishlatish uchun berish man etiladi. 135. Elektr asboblari, qoʻl elektr mashinalari va qoʻl yoritkichlaridan foydalanilganda, ularning kabellari yoki simlari iloji boricha osib qoʻyilishi lozim. Kabel va simlarni issiq, nam va moylangan metall yuzalarga yoki jismlarga bevosita tegib turishiga yoʻl qoʻyilmasligi kerak. Biror nosozlik aniqlanganda, qoʻl elektr mashinalari yoki qoʻl elektr yoritkichlarini ishlatishni darhol toʻxtatish kerak. 136. Qoʻl elektr mashinalari, elektr asboblari, qoʻl yoritkichlari va ularning yordamchi qurilmalari sozligini va saqlanishini nazorat qilish maqsadida Elektr uskunalarini sinash qoidalari va meʼyorlari bilan belgilangan muddatlarda davriy tekshiruvlar va sinovlardan oʻtkazilishi kerak. Mashinalar, asbob-uskunalar va yoritkichlarni sinovdan oʻtkazish maxsus shu ishlarni bajarish uchun biriktirilgan, elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan xodimlar tomonidan amalga oshiriladi. 137. Elektr uskunalarini ishlatish jarayonida elektr toki uzilib qolgudek boʻlsa yoki ishdagi tanaffuslarda, elektr asbob-uskunasi elektr tarmogʻidan uzib qoʻyilishi kerak. 138. Elektr asbob-uskunalaridan va qoʻl elektr mashinasidan foydalanuvchi shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi: a) qoʻl elektr asbob-uskunalari va elektr mashinasini qisqa muddatga boʻlsa ham, boshqa shaxslarga berib turish; b) qoʻl elektr mashinalarini va elektr asbob-uskunalarini qismlarga ajratish va oʻzboshimchalik bilan biron bir (faqatgina elektr asbob-uskunasi yoki qoʻl elektr mashinasining oʻzidagina emas, balki uning shtepsel ulagich simlari va boshqalarda) taʼmirlash ishlarini bajarish; v) qoʻl elektr mashinasini yoki elektr asbobining simlarini ushlash yoki aylanuvchan kesuvchi asbobga tegish; g) qoʻl elektr mashinasi toʻliq toʻxtashiga qadar va u ishlab turgan paytda qipiq yoki qirindini qoʻl bilan tozalash; d) tirama narvonlardan turib ishlash. Bu ishlarni bajarish uchun mustahkam havoza yoki taxta tushama barpo etilishi lozim; e) qozonlarning barabanlari, metall rezervuarlar va shunga oʻxshashlar ichiga koʻchma transformatorlarni va chastota oʻzgartirgichlarni olib kirish; j) qoʻl elektr mashinalarini va elektr asboblarini elektr tarmogʻiga ulangan holda nazoratsiz qoldirish.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020
← Oldingi boʻlim
Boʻlim 66. 2-§. Elektr oʻlchov qisqichlari va oʻlchov shtangalari bilan ishlash
Keyingi boʻlim →
Boʻlim 68. 9-bob. Mexanizmlar va yuk koʻtarish mashinalarini qoʻllab bajariladigan ishlar
Qoʻshni boʻlimlar
- 635-bob. Oʻlchov asboblari, releli himoya qurilmalari, ikkilamchi zanjirlar, avtomatika, telemexanika va aloqa qurilmalarini montaj va ekspluatatsiya qilish
- 646-bob. Taqsimlash qurilmalarining tok oʻtkazuvchi qismlaridan va ular yaqinidan kuchlanish olinmasdan turib izolyatsiyani tozalash
- 657-bob. Uskunalarda sinash va oʻlchashlarni amalga oshirish — 1-§. Tashqi tok manbaidan yuqori kuchlanish berib sinash
- 662-§. Elektr oʻlchov qisqichlari va oʻlchov shtangalari bilan ishlash
- 689-bob. Mexanizmlar va yuk koʻtarish mashinalarini qoʻllab bajariladigan ishlar
- 6910-bob. Elektr qurilmalarida balandlikka chiqish bilan bogʻliq boʻlgan ishlar
- 7011-bob. Akkumulyator batareyalari va zaryadlovchi qurilmalar
- 7112-bob. Elektr uzatish havo tarmoqlari — 1-§. Tayanchlarda ishlash
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.