VM qarori № 712, 65-boʻlim

7-bob. Uskunalarda sinash va oʻlchashlarni amalga oshirish — 1-§. Tashqi tok manbaidan yuqori kuchlanish berib sinash

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

97. Sinashlar tarkibi ikki kishidan kam boʻlmagan, ulardan biri elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga ega boʻlgan ish bajaruvchi, qolganlari kamida III guruhga ega boʻlgan xodimlardan iborat boʻlgan brigadalar tomonidan amalga oshiriladi. Sinovlarni faqat maxsus tayyorgarlikdan hamda sinash sxemalari va Qoidalarning ushbu bobi hajmida bilimlar sinovidan oʻtgan, tayyorlanish davrida ishlab turgan elektr qurilmalarida sinov ishlarini oʻtkazish tajribasiga ega boʻlgan xodimlargina bajarishlari mumkin. Mazkur sinov ushbu Qoidalar boʻyicha bilimlar sinovi bilan bir vaqtda, tarkibiga elektr xavfsizligi boʻyicha V guruhga ega boʻlgan uskunalarni sinash boʻyicha mutaxassis kiritilgan komissiyada hamda belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi. Sinov ishlarini oʻtkazish uchun ijozat berilgan shaxsning guvohnomasiga bu haqda belgi qoʻyilishi zarur. 98. 1000 V dan yuqori kuchlanishli qurilmalarda sinovlar naryad boʻyicha bajariladi. Taʼminlovchi kabeli tarmoqdan uzilgan va uchlari yerga ulangan kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr dvigatellarni sinash farmoyish boʻyicha bajarilishi mumkin. 99. Sinovlar oʻtkazishga berilgan naryad boʻyicha ishga ijozat berish va tayyorgarlik ishlarini bajarish, sinash uchun moʻljallangan elektr uskunada ishlayotgan boshqa brigadalar ish joyidan chiqarilib yuborilgandan va ular naryadlarini topshirganlaridan keyin amalga oshiriladi. 100. Sinovlarni bajaruvchi brigada tarkibiga tayyorgarlik ishlarini bajarish, sinalayotgan uskunani muhofaza qilish hamda shinalarni bir-biriga ulash yoki bir-biridan ajratish uchun elektr xavfsizligi boʻyicha kamida II guruhga ega taʼmirlash xodimlaridan boʻlgan shaxslar kiritilishi mumkin. Sinovlarni boshlashdan oldin ish bajaruvchi bu xizmatchilarga sinovlarni oʻtkazishdagi xavfsizlik choralari boʻyicha yoʻl-yoʻriq berishi lozim. Uskunalarni taʼmirlash yoki montaj qilish ishlarini bajaradigan brigada tarkibiga sinovlarni bajarish uchun elektr laboratoriyasi yoki sozlash tashkilotining xodimlari kiritilishi mumkin. Bu hollarda sinov ishlariga ish bajaruvchi yoki uning koʻrsatmasi boʻyicha laboratoriya yoki sozlash tashkiloti jumlasidan boʻlgan elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga ega boʻlgan shaxs rahbarlik qiladi. Taʼmirlash yoki montaj ishlarini bajarish jarayonida sinov ishlarini oʻtkazish naryadning “Zimmasiga topshiriladi” satrida alohida qayd etiladi. 101. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalaridan tashqarida turib, tok oʻtkazuvchi qismlari butunlay yoki toʻrli toʻsiq bilan yopilgan, eshiklari esa blokirovka bilan jihozlangan stendlardan foydalanib, izolyatsiya materiallarini va buyumlarini (himoya vositalari, har xil izolyatsiya detallari va boshqalar) yalpi sinov ishlarini III guruhga ega boʻlgan bitta shaxs yakka oʻzi joriy ekspluatatsiya tartibida bajarishi mumkin. 102. Sinov zanjirini yigʻish paytida eng avval sinov qurilmasiga himoya va ishchi yerga ulagichlarni oʻrnatish va kerak boʻlganda, sinaladigan uskuna korpusiga himoya yerga ulagichini oʻrnatish zarur. Sinov qurilmasini 380/220 V kuchlanishli tarmoqqa ulashdan oldin uning yuqori kuchlanishli chiqarmasiga yerga ulagich oʻrnatiladi. Chiqarmani yerga ulovchi mis simning kesimi 4 mm2 dan kam boʻlmasligi zarur. Uskunaning sinov zanjirini yigʻishni sinovni oʻtkazuvchi brigada xodimlari bajaradilar. Ish bajaruvchi sinovni boshlashdan avval zanjirning toʻgʻri yigʻilganini va ishchi hamda himoya yerga ulagichlarining ishonchliligini tekshirib chiqishi shart. 103. Elektr qurilmasiga oʻrnatilgan, cinovni oʻtkazishga xalaqit beruvchi yerga ulagichlarni olish va ularni qaytadan oʻrnatish faqat sinov ishlariga rahbarlik qilayotgan shaxsning koʻrsatmasi boʻyicha bajarilishi mumkin. 104. Sinov joyi, shuningdek, sinov paytida sinov kuchlanishi ostidagi ulovchi simlar toʻsiqlar bilan toʻsiladi hamda sinov joyi yoniga kuzatuvchi qoʻyiladi. Kuzatuvchi vazifasini oʻlchash sxemasini sinalayotgan uskunaga ulovchi shaxs bajarishi mumkin. Toʻsiqlarni sinov ishlarini oʻtkazayotgan brigada xodimlari oʻrnatadi. Toʻsiqlar sifatida shchitlar, toʻsiqlar, “SINOV! HAYOT UCHUN XAVFLI!” plakatlari osilgan yoʻgʻon arqonlar yoki shunday yozuvli yorugʻlik tablosi ishlatilishi mumkin. Agar sinov kuchlanishi ostidagi ulovchi simlar kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr qurilmalari xonasidan tashqarida (yoʻlakda, zinapoyalarda, oʻtish joylarida, hudud ichida) boʻlsa, toʻsiq oʻrnatish bilan bir qatorda elektr xavfsizligi boʻyicha kamida II guruhga ega boʻlgan, naryadga kiritilgan va yoʻl-yoʻriq olgan bir yoki bir nechta shaxsdan iborat qoʻriqchilar qoʻyilishi kerak. Qoʻriqchilik qilayotgan brigada aʼzolari toʻsiq tashqarisida joylashtirilishi kerak. Sinalayotgan uskunani qoʻriqlashga qoʻyilgan shaxslar ushbu uskunani kuchlanish ostida deb hisoblashi lozim. Ish bajaruvchi qoʻriqchilikka tayinlangan shaxslar oʻz postlarida ekanligi va sinash ishlari boshlanganligi haqida xabar topganliklariga ishonch hosil qilishi zarur. Mazkur shaxslar oʻz postlaridan faqat ish bajaruvchining ruxsati bilan ketishlari mumkin. 105. Sinov qurilmasi va sinalayotgan uskunalar har xil xonalarda yoki TQning har xil uchastkalarida joylashgan boʻlsa, izolyatsiya holatini tekshirib turish uchun elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan brigada aʼzolari ish bajaruvchidan alohida turishiga ruxsat etiladi. Brigadaning ushbu aʼzolari sinov ishlari boshlanishidan oldin ish bajaruvchidan kerakli yoʻl-yoʻriq olishlari va toʻsiqdan tashqarida joylashishlari shart. 106. Kabelni sinash jarayonida kabelning qarama-qarshi uchi berkitilgan kamerada, komplekt TQ yacheykasida yoki xona ichida joylashgan boʻlsa, eshikka yoki toʻsiqqa “SINOV! HAYOT UCHUN XAVFLI!” plakati osib qoʻyilishi lozim. Agar bu eshik va toʻsiqlar berkitilmagan yoki uchlari trassada ajratilgan taʼmirlanayotgan kabel sinovdan oʻtkaziladigan boʻlsa, bunday hollarda eshiklarga, toʻsiqlarga va uchlari ochiq boʻlgan kabellarga plakatlar osishdan tashqari, naryadga kiritilgan elektr xavfsizligi boʻyicha kamida II guruhga ega boʻlgan shaxslardan shu joylarga qoʻriqchi qoʻyilishi shart. 107. Sinov qurilmasini 380/220 V kuchlanishli tarmoqqa ulash qurilmani boshqaruv joyida joylashgan, zanjir uzilishi yaqqol koʻrinadigan kommutatsiya apparati yoki shtepsel vilkasi orqali amalga oshirilishi kerak. Kommutatsiya apparati ushlab qoluvchi qurilma bilan jihozlan boʻlishi yoki apparatning qoʻzgʻalmas va qoʻzgʻaluvchi kontaktlari orasiga izolyatsiya qoplamasi qoʻyilishi kerak. 108. Sinov uskunasidan kelayotgan simni fazaga, sinalayotgan uskuna qutbiga yoki kabel tolasiga ulash va ajratishni sinov rahbarining koʻrsatmasi boʻyicha va faqat ushbu uskuna yerga ulangandan keyingina amalga oshirishga ruxsat etiladi. 109. Sinalayotgan qurilmaga sinov kuchlanishini berishdan oldin ish bajaruvchi quyidagi tadbirlarni bajarishi shart: hamma brigada aʼzolari oʻzlariga koʻrsatilgan joylarda turganligi, begona shaxslar ish joyidan chiqarilganligi va qurilmaga sinash uchun kuchlanish berish mumkin yoki mumkin emasligini tekshirishi; brigadani kuchlanish berilayotgani haqida ogohlantirishi va ushbu ogohlantirishni brigadaning barcha aʼzolari eshitganligiga ishonch hosil qilganidan soʻng sinov qurilmasining chiqarmasidan yerga ulagichni olishi, keyin unga 380/220 V kuchlanishni berishi. Sinov qurilmasining chiqarmasidan yerga ulagich olib tashlangan paytdan boshlab, butun sinov qurilmasi, sinalayotgan uskuna va ular orasidagi simlar kuchlanish ostida deb hisoblanishi hamda sinash sxemasida va sinalayotgan uskunada simlarni qayta ulash man qilinadi. 110. Sinov ishlari tamom boʻlgandan keyin ish bajaruvchi sinov qurilmasi kuchlanishini nolgacha pasaytirishi, uni 380/220 V kuchlanishli tarmoqdan oʻchirishi va yuqori kuchlanish tomonini yerga ulashi (yoki yerga ulash haqida koʻrsatma berishi) hamda bu haqda brigada aʼzolarini xabardor qilishi kerak. Faqat shundan keyingina simlarni qayta ulash yoki sinov ishlari batamom tugallangan boʻlsa, sinalayotgan qurilmaning simlari sinov qurilmasidan uzib qoʻyilishi va toʻsiqlari olib qoʻyilishi mumkin. KL va HL izolyatsiyasini sinashdan oldin, shuningdek, bu ishlar tamomlangandan keyin KL va HLdan qoʻshimcha qarshilik orqali qoldiq elektr zaryadini olib tashlash, yerga ulagichni ulash va qolgan elektr zaryadi toʻliq olib tashlanganiga ishonch hosil qilish zarur. Shundan keyingina plakatlarni olib qoʻyishga ruxsat beriladi. Zaryadsizlashni bajaruvchi shaxs izolyatsiyalangan taglikda turib, himoya koʻzoynagini taqib, dielektrik qoʻlqopda ishlashi zarur. 111. Operatorning ish joyida 1000 V gacha va undan yuqori kuchlanish ulanganligi toʻgʻrisida alohida lampali signalizatsiya bajariladi. 112. Koʻchma laboratoriya sinov qurilmasining yuqori kuchlanishli chiqarmasi kuchlanish ostida boʻlganda yonadigan lampali signalizatsiya bilan jihozlanadi. 113. Megaommetr yordamida oʻlchash ishlarini bajarishga elektrotexnik xodimlari jumlasidan boʻlgan, oʻqitilgan shaxslarga ruxsat beriladi. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan qurilmalarda sinov ishlari naryad boʻyicha ikkita shaxs tomonidan bajariladi, ulardan biri elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga ega boʻlishi lozim. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan qurilmalarda sinov ishlari farmoyish boʻyicha ikkita shaxs tomonidan bajariladi, ulardan biri elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlishi lozim. Mazkur Qoidalarga 10-ilovaning 116-bandida koʻrsatilgan sinov ishlari bundan mustasno. 114. Ikki tarafdan kuchlanish olishi mumkin boʻlgan liniyalarning izolyatsiyasini sinash ishlari faqat ushbu liniyaning ikkinchi tomoniga ulangan elektr qurilmasining javobgar shaxsidan telefon, kuryer orqali va boshqalar orqali (qaytadan tasdigʻi bilan) oʻchirgich va liniya ajratkichi uzilganligi va “ULANMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” plakatlari osib qoʻyilganligi toʻgʻrisida xabar olingandan keyingina bajarilishi mumkin. 115. Sinov ishlarini boshlashdan oldin elektr qurilmasining sinov asbobi ulangan qismida ishlayotgan odamlarning yoʻqligiga ishonch hosil qilish, uning yaqinida turgan shaxslarga esa tok oʻtkazuvchi qismlarga qoʻl bilan tegishni taqiqlash, zarur boʻlgan taqdirda esa qoʻriqchi qoʻyish zarur. 116. Elektr mashinalarining izolyatsiya holatini nazorat qilish uchun toʻxtatilgan yoki aylanayotgan, ammo qoʻzgʻatilmagan mashinada metodik koʻrsatmalar yoki dasturlarga muvofiq megaommetr bilan oʻlchash, tezkor xodimlar tomonidan yoki ularning koʻrsatmasi boʻyicha joriy ekspluatatsiya tartibida elektr laboratoriyasi xizmatchilari tomonidan bajarilishi mumkin. Tezkor xodimlarning kuzatuvi ostida bu oʻlchashlar taʼmirlovchi xodimlar tomonidan ham bajarilishi mumkin. Yakorlar, rotorlar va qoʻzgʻatish zanjirlarining izolyatsiyasini elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan bitta shaxs, stator izolyatsiyasini sinashni — kamida ikkita shaxs oʻtkazishi mumkin, ulardan biri elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV, ikkinchisi esa kamida III guruhga ega boʻlishi kerak. 117. Megaommetr bilan ishlashda u ulangan tok oʻtkazuvchi qismlarga tegish man etiladi. Ish tamom boʻlgandan soʻng tekshirilayotgan uskunalardan qoldiq elektr zaryadi uni qisqa vaqtda yerga ulash yoʻli bilan olib tashlanishi kerak. 118. Megaommetr bilan oʻlchash ishlarini bajarish quyidagi hollarda man qilinadi: kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan ikki zanjirli liniyaning bitta zanjirida, agar boshqa zanjir kuchlanish ostida boʻlgan vaqtda; kuchlanishi 1000 V dan yuqori va ishlab turgan liniyaga parallel oʻtgan bir zanjirli liniyada momaqaldiroq vaqtida yoki u yaqinlashib kelganida.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.