VM qarori № 712, 6-boʻlim
4-§. Elektr xoʻjaligini tezkor boshqarish
Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.
42. Korxona — elektr energiya isteʼmolchisi elektr xoʻjaligini boshqarish tizimi, butun korxonaning boshqaruv tizimiga birlashgan energoxoʻjaligini boshqarishning tarkibiy qismi hisoblanadi va quyidagilarni taʼminlashi shart: korxonaning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun uning elektr taʼminoti tizimini tezkor rivojlantirishni; mehnat samaradorligini oshirish va energotejamkorlik boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish yoʻli bilan elektr xoʻjaligining samarali ishlashini; uskunalarning ishonchli, xavfsiz va avariyasiz ishlashini oshirishni; texnik qayta qurollanish va elektr xoʻjaligini rekonstruksiya qilish, uskunalarni modernizatsiyalash yoʻli bilan asosiy ishlab chiqarish fondlarini yangilashni; yangi texnikani, ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash texnologiyalarini, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilishning samarali hamda xavfsiz usullarini joriy qilish va oʻzlashtirishni; xodimlarning malakasini oshirishni, mehnatning ilgʻor usullarini, iqtisodiy bilimlarni targʻib etishni, ratsionalizatorlik va ixtirochilikni rivojlantirishni; taʼminlovchi energetika tizimi bilan kelishilgan holda elektr xoʻjaligini, shu jumladan oʻzining elektr energiyasi manbalarini tezkor-dispetcherlik boshqaruvini; oʻzining elektr qurilmalarining texnik holati va avtonom ishlovchi (blok stansiya hisoblanmaydigan) oʻzining elektr energiyasi manbalarining ekspluatatsiyasini nazorat qilishni; taʼminlovchi energetika tizimi unga bergan ish rejimlariga korxona tomonidan rioya etilishini nazorat qilishni. 43. Elektr taʼminoti tizimi tarkibida oʻzining elektr energiyasi manbalari, elektr tarmoqlari va elektr energiyasi qabul qilgichlari mavjud boʻlgan korxonalarda ularning ishini, vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan uzluksiz dispetcherlik boshqaruvi tashkil etilishi kerak: oʻzining elektr stansiyalari va tarmoqlarining elektr taʼminoti uzluksizligini belgilovchi ish rejimlarini ishlab chiqish, taʼminlovchi energetika tizimi bilan kelishish hamda ularni amalga kiritish; elektr energiyasi sifatiga boʻlgan talablarni bajarish; isteʼmol rejimlariga rioya qilgan holda elektr taʼminoti tizimining tejamkor ishlashini va energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash; elektr energiyasini ishlab chiqarishda, uni energiyaning bir turidan boshqa turiga oʻzgartirishda, uzatishda, taqsimlashda avariyalar hamda boshqa texnologik buzilishlarning oldini olish va bartaraf etish. Bunday korxonalarda dispetcherlik boshqaruvi, energetika tizimining milliy dispetcherlik xizmati, elektr tarmogʻi korxonalarining dispetcherlik xizmati yoki tuman elektr tarmogʻining tezkor-dispetcherlik xizmati bilan kelishuv boʻyicha amaldagi elektr stansiyalari va tarmoqlarining TEQQ talablariga mos ravishda tashkil qilinishi shart. Shunday dispetcherlik boshqaruvi xususiy elektr energiyasi manbaiga ega boʻlmagan, lekin oʻzining elektr taʼminoti tizimida mustaqil elektr tarmogʻi korxonalari mavjud boʻlgan korxonalarda ham tashkil etilishi kerak. 44. Dispetcherlik boshqaruvi iyerarxik tuzilish boʻyicha tashkil qilinishi kerak. Bunda tezkor nazorat va boshqaruv funksiyalarining bosqichlar oʻrtasida taqsimlanishi, shuningdek, boshqaruvning quyi bosqichdagilarini yuqoridagilarga boʻysunuvi koʻzda tutilishi kerak. Korxonalar — elektr energiyasi isteʼmolchilarining elektr taʼminoti sxemasiga qarab ular uchun dispetcherlik boshqaruvning yuqori bosqichi boʻlib, taʼminlovchi energetika tizimining dispetcher xizmatlari (energetika tizimining milliy dispetcher xizmati, elektr tarmoqlari korxonalarining dispetcherlik xizmati yoki tuman elektr tarmogʻining tezkor-dispetcherlik guruhi) korxonaning dispetcher xizmati hisoblanadi. Dispetcherlik boshqaruvi vazifalarini hal etish uchun isteʼmolchi taʼminlovchi energetika tizimning dispetcherlik punktlari bilan zarur aloqa va telemexanika vositalariga ega boʻlishi shart. 45. Har bir dispetcher bosqichi uchun uskunalar va inshootlar boshqaruvining ikki toifasi — tezkor boshqaruv va tezkor yurituv belgilangan boʻlishi shart. 46. Navbatchi dispetcherning tezkor boshqaruvida ular yordamida bajariladigan operatsiyalar boʻysinuvidagi tezkor xodimning harakatini muvofiqlashtirishni, bir nechta obyektlarda rejimlarni kelishib oʻzgartirishni talab qiladigan uskuna, elektr uzatish tarmoqlari, tok oʻtkazgichlar, releli himoya qurilmalari, avariyaga qarshi va rejim avtomatikasi tizimining apparaturasi, dispetcherlik va texnologik boshqaruv vositalari boʻlishi kerak. Koʻrsatilgan uskunalar va qurilmalarda operatsiyalar navbatchi dispetcher rahbarligida oʻtkazilishi shart. 47. Navbatchi dispetcher tezkor yurituvida turli energetika obyektlarining xodimlari harakatlarini muvofiqlashtirish talab etilmaydigan, lekin ularning holati va rejimi elektr tarmogʻining rejimiga va ishonchliligiga, shuningdek, avariyaga qarshi avtomatika qurilmalarini sozlashga taʼsir koʻrsatadigan uskunalar, elektr uzatish tarmoqlari, tok oʻtkazgichlar, releli himoya qurilmalari, avariyaga qarshi va rejim avtomatikasi tizimlarining apparaturasi, dispetcherlik va texnologik boshqaruv vositalari boʻlishi kerak. Koʻrsatilgan uskunalar va qurilmalarda operatsiyalar navbatchi dispetcher ruxsati bilan amalga oshirilishi shart. 48. Korxona elektr taʼminoti tizimining barcha elektr uzatish tarmoqlari, tok oʻtkazgichlari, uskunalari va qurilmalari dispetcherlik boshqaruvi bosqichlari boʻyicha taqsimlanishi shart. Korxona navbatchi dispetcherining tezkor boshqaruvidagi yoki tezkor yurituvidagi elektr uzatish tarmoqlari, tok oʻtkazgichlar, uskunalar va qurilmalar roʻyxati taʼminlovchi energetika tizimining tezkor-dispetcherlik boshqaruv boʻyicha qarorlarini hisobga olgan holda tuzilishi, u bilan kelishilgan boʻlishi va korxonaning texnik rahbari (bosh muhandisi) tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak. 49. Dispetcherlik boshqaruvining turli bosqichlaridagi xodimlarning oʻzaro munosabatlari oʻrnatilgan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan tegishli nizomlarda hamda yoʻriqnomalarda tartibga solingan boʻlishi shart. 50. Elektr xoʻjaligini tezkor boshqaruv tizimiga ega har bir korxona vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan boʻlishi shart: talab qilingan, shu jumladan energetika tizimi tomonidan berilgan ish rejimlarini yuritish; elektr qurilmalarida almashlab ulashlarni amalga oshirish; avariyali buzilishlarni bartaraf etish va elektr energiyasi isteʼmolining talab etilayotgan rejimini tiklash; elektr qurilmalarida taʼmirlash ishlarini bajarishga tayyorlash. 51. Tezkor boshqaruvning tashkiliy tuzilishi va shakli korxona rahbariyati tomonidan energetika xizmati haqidagi nizomga muvofiq xizmat koʻrsatishning hajmidan, uskunalarning murakkabligidan va ishning necha smenaligidan kelib chiqqan holda belgilanadi. 52. Elektr xoʻjaligini tezkor boshqarish boshqaruv panelidan (punktidan), dispetcherlik boshqaruv punktidan yoki ushbu maqsad uchun moslangan boshqa elektrotexnik xonadan amalga oshiriladi. Tezkor boshqaruv punktlari zarur aloqa vositalari bilan jihozlanadi. 53. Tezkor boshqaruv panellarida (punktlarida) va shu maqsadda moslangan boshqa xonalarda quyidagilar boʻlishi shart: korxonaning elektr taʼminoti sxemalari; tezkor hujjatlar (tezkor jurnal, naryadlar, almashlab ulash blankalari va boshqalar); tezkor ishni yuritish uchun roʻyxatlar va yoʻriqnomalar; yongʻin oʻchirishning birlamchi vositalari va yongʻin haqida avtomatik ravishda xabar berish qurilmalari; elektr xonalari, kuch panellari, shkaflar va boshqalarning kalitlari uchun qulflanadigan quti, shuningdek, qoidalarda koʻzda tutilgan boshqa vositalar va hujjatlar. 54. Tezkor xizmat koʻrsatish quyidagilardan iborat: barcha elektr uskunalarning holatlari va ish rejimlarini doimiy nazorat qilish; uskunalarni davriy koʻrikdan oʻtkazish; uskunalardagi elektr qurilmalarida rejada koʻzda tutilmagan, hajmi katta boʻlmagan ishlarni (joriy ekspluatatsiya qilish tartibida bajariladigan ishlar roʻyxatiga binoan) bajarish; tezkor almashlab ulashlarni amalga oshirish; taʼmirlash brigadalari uchun sxemalar va ish joylarini tayyorlash, ularning ishlashiga ijozat berish, ish paytida ularni nazorat qilish hamda barcha ishlar tugagandan soʻng sxemani tiklash. 55. Boshqaruv panellarida, shu jumladan telemexanizatsiyalashgan panellarda amaldagi mnemonik sxemalar yoʻq boʻlsa, barcha apparatlarning haqiqiy holati va yerga ulagichlarning qoʻyilgan joyi, koʻchma yerga ulagichlarning tartib raqami koʻrsatilgan holda, elektr birikmalarning tezkor sxemasi yoki sxema-maketi boʻlishi shart. Elektr qurilmalarida oʻtkazilayotgan ulanish sxemalarining barcha oʻzgarishlari, shuningdek, yerga ulagichlar qoʻyiladigan joylar operatsiyalar oʻtkazilgandan keyin sxemada aks ettirilishi shart. 56. Biron-bir ishni bajarish uchun elektrotexnik boʻlmagan xodimning ogʻzaki buyurtmasi boʻyicha oʻchirilgan elektr uskunalari, faqat oʻchirishga buyurtma bergan shaxsning yoki uning oʻrnidagi xizmatchining talabi boʻyicha ulanadi. Elektrotexnik boʻlmagan xodim buyurtmasi boʻyicha vaqtincha oʻchirilgan elektr uskunani ishga tushirishdan avval tezkor xodim uskunani koʻzdan kechirishi, uni kuchlanish ostiga qoʻyishga tayyor ekanligiga ishonch hosil qilishi va unda ishlayotgan xodimlarni uskuna ishga tushirilayotganligi haqida ogohlantirishi majburiydir. Elektr uskunani oʻchirishga buyurtmani rasmiylashtirish tartibi elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan boʻlishi shart. 57. Har bir elektr qurilma uchun uskunaning normal ish rejimlaridagi barcha kuchlanishlar uchun korxonaning, uchastkaning, sexning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan bir chiziqli elektr ulanish sxemalari tuzilgan boʻlishi shart. 58. Har bir dispetcherlik punktida, korxona elektr taʼminoti tizimining boshqaruv panelida va doimiy navbatchi xodim mavjud boʻlgan obyektda, yuqori turgan tezkor-dispetcherlik boshqaruvi organining namunaviy yoʻriqnomalariga muvofiq tuzilgan, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda bartaraf etish boʻyicha mahalliy yoʻriqnomalar boʻlishi shart. 59. Avariyaviy buzilishlarni bartaraf qilishda tezkor-dispetcherlik boshqaruvining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: buzilishlar rivojlanishining oldini olish, xodimlarning elektr tokidan shikastlanishiga va avariya taʼsir qilmagan uskunalarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik; isteʼmolchilar elektr taʼminotini va elektr energiyasining normal parametrlarini zudlik bilan tiklash; korxona va uning alohida boʻlinmalarini elektr taʼminoti tizimining avariyadan keyingi eng ishonchli sxemasini yaratish; oʻzi oʻchgan va oʻchirilgan uskunalar holatini aniqlash va imkon boricha ularni ishga tushirish. 60. Podstansiyalar, panellar, yigʻmalar va taqsimlovchi qurilmalarning (keyingi oʻrinlarda — TQ) elektr sxemalarida almashlab ulashlar ushbu uskunalar boshqaruvida yoki yurituvida boʻlgan yuqori turuvchi tezkor xodimning farmoyishi bilan yoki xabardorligida, korxonada qabul qilingan tartib boʻyicha ogʻzaki yoki telefon orqali berilgan farmoyish boʻyicha tezkor jurnalga yozish orqali amalga oshiriladi. Almashlab ulashlarni bevosita elektr qurilmaga xizmat koʻrsatuvchi tezkor xodim amalga oshirishi kerak. Almashlab ulashlar haqidagi farmoyishda ularning ketma-ketligi koʻrsatilishi shart. Farmoyish — faqat u berilgan shaxs tomonidan ijro etilganligi toʻgʻrisidagi xabar olinganidan keyin bajarilgan deb hisoblanadi. Kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda (baxtsiz hodisa, tabiiy ofat, shuningdek. avariyani bartaraf qilishda) mahalliy yoʻriqnomalarga koʻra almashlab ulashlarni yuqori turuvchi tezkor xodimning farmoyishisiz yoki xabardorligisiz, keyinchalik unga xabar berish va tezkor jurnalga yozish orqali bajarishga ruxsat beriladi. Tezkor almashlab ulashlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxatini elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tasdiqlaydi. Tezkor muloqotlar olib borish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxati energiya bilan taʼminlovchi tashkilotga taqdim etiladi. 61. Almashlab ulashni amalga oshirishga farmoyish berayotgan shaxs, tezkor sxema boʻyicha koʻzda tutilayotgan operatsiyalar ketma-ketligi toʻgʻriligini oldindan tekshirib koʻrishi shart. Farmoyish beruvchi faqat bajaruvchi shaxsdan bevosita yoki telefon orqali farmoyish ijro etilgani haqida xabar olganidan keyin uni bajarilgan deb hisoblashi mumkin. 62. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida almashlab ulash quyidagicha oʻtkaziladi: oddiy almashlab ulashlar, almashlab ulash jarayonida ajratgichlar va yerga ulovchi pichoqlar bilan notoʻgʻri operatsiyalarga yoʻl qoʻymaydigan ishlab turgan blokirovka qurilmalari mavjud boʻlgan barcha almashlab ulashlar, blanklarisiz almashlab ulash; blokirovka qurilmalari mavjud boʻlmagan yoki ular nosoz boʻlgan, shuningdek, murakkab almashlab ulashlar, almashlab ulash blankasi boʻyicha amalga oshiriladi. Murakkab almashlab ulashlar roʻyxatini elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tasdiqlaydi. Avariyalarni bartaraf qilishda almashlab ulashlar blanklarsiz, keyinchalik tezkor jurnalga yozish bilan amalga oshiriladi. Almashlab ulash blankalari raqamlangan boʻlishi shart. Ishlatilgan blankalar oʻrnatilgan tartibda saqlanadi. 63. Ajratgichlari notoʻgʻri operatsiyalar amalga oshirilishiga yoʻl quymaydigan ishchi holatdagi blokirovkalari boʻlgan 1000 V dan yuqori kuchlanishli bitta birikmada bajariladigan, shuningdek, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan panel va yigʻmalardagi barcha operatsiyalarning tezkor xodim tomonidan yakka oʻzi, almashlab ulash blankalarini toʻldirmasdan, lekin tezkor jurnalga yozish sharti bilan amalga oshirilishiga ruxsat beriladi. 64. Elektr uskunalaridagi almashlab ulashlarda quyidagi tartibga rioya qilish shart: almashlab ulashga topshiriq olgan tezkor xodim uni takrorlashi, tezkor jurnalga yozib qoʻyishi va tezkor sxema yoki sxema-maket boʻyicha bajarilishi kerak boʻlgan operatsiyalar tartibini tuzishi, kerak boʻlsa almashlab ulash blankasini tuzishi shart. Tezkor xodimlarning muloqotlari imkon boricha qisqa va aniq boʻlishi shart. Qoʻllanilayotgan tezkor muloqot tili xodimlar tomonidan qabul qilinayotgan xabarlar va berilayotgan farmoyishlarni notoʻgʻri tushunishga yoʻl qoʻymasligi shart. Farmoyish beruvchi va uni qabul qiluvchi operatsiyalar tartibini aniq koʻz oldiga keltirishi shart; agar almashlab ulashni ikkita xizmatchi bajarsa, buyruq olgan xodim ulanishlarni tezkor sxema boʻyicha almashlab ulashda ishtirok etadigan ikkinchi xizmatchiga bajarilishi kerak boʻlgan operatsiyalarning tartibi va ketma-ketligini tushuntirishi shart; bajarilayotgan almashlab ulashlar toʻgʻriligiga shubha paydo boʻlganda, ularni toʻxtatish va ulanishlarning tezkor sxema boʻyicha talab qilinayotgan ketma-ketlikni tekshirish kerak; almashlab ulash boʻyicha topshiriq bajarilganidan keyin tezkor jurnalga bu haqda yozib qoʻyish shart. 65. Bevosita almashlab ulashlarni bajarayotgan tezkor xodimga oʻzboshimchalik bilan blokirovkalarni ishdan chiqarib qoʻyish man etiladi. Blokirovka nosozligi aniqlanganda, xodim bu haqda tezkor xodimlardan kattasiga xabar berishi va blokirovkani vaqtincha ishdan chiqarib, bajariladigan operatsiyalarni faqat uning ruxsati va rahbarligi ostida bajarishi mumkin. 66. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalardagi barcha murakkab almashlab ulashlarni ikkita xizmatchi bajarishi shart: bittasi bevosita almashlab ulashlarni bajaradi, ikkinchisi esa operatsiyalar bajarilishining toʻgʻriligini va ketma-ketligini nazorat qiladi. Almashlab ulash blankasini almashlab ulashni oʻtkazishga farmoyish olgan navbatchi toʻldiradi. Blankani almashlab ulashni oʻtkazgan har ikki xizmatchi imzolaydi. Lavozimi boʻyicha katta xodim almashlab ulashni bajarishda nazorat qiluvchi boʻladi. Barcha holatlarda almashlab ulashning toʻgʻriligi uchun javobgarlik operatsiyalarni bajargan ikkala xizmatchiga yuklanadi. 67. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan komplekt taqsimlovchi qurilmalarda (komplekt transformatorli podstansiyalarda) almashlab ulashlar, shu jumladan uskunalari bor aravachalarni kiritish va chiqarish, shuningdek, 1000 V gacha kuchlanishli taqsimlovchi qurilmalarda, panellarda va yigʻmalarda almashlab ulashlarni ushbu elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatayotgan tezkor xodimlardan boʻlgan bir xizmatchining bajarishiga ruxsat beriladi. 68. Elektr qurilmada kuchlanish avariyaviy yoʻq boʻlganda, tezkor xodim uning istalgan vaqtda ogohlantirmasdan paydo boʻlishini bilishi va bunga tayyor boʻlishi shart. 69. Xodimlarning doimiy navbatchiligi mavjud boʻlgan elektr qurilmalarini taʼmirlashda yoki sinashda boʻlgan uskunaga kuchlanish faqat u tezkor xodim tomonidan qabul qilinganidan keyin beriladi. Xodimlarning doimiy navbatchiligi mavjud boʻlmagan elektr qurilmalarida taʼmirlashdan yoki sinashdan keyin uskunani qabul qilish tartibi elektr qurilmaning xususiyati va XTQ talablari hisobga olingan holda mahalliy yoʻriqnomalarda belgilanadi. 70. Oʻz zanjirida oʻchirgichga ega boʻlgan ulanmani oʻchirish, kuchlanish ostiga qoʻyish va ishga tushirish oʻchirgich yordamida bajarilishi shart. Alohidalagichlar, ajratgichlar, komplekt TQlar, shu jumladan tashqi oʻrnatilgan komplekt TQ birikmalarining ajratuvchi kontaktlari bilan quyidagilarni oʻchirishga va ulashga ruxsat beriladi: 110 — 220 kV kuchlanishli kuch transformatorlarining neytrallarini; 6 — 35 kV kuchlanishli yerga ulanadigan yoy soʻndiruvchi reaktorlarni, agar tarmoqda yerga tutashuv yoʻq boʻlsa; 6 — 220 kV kuchlanishli kuch transformatorlarining magnitlovchi tokini; elektr uzatuvchi havo va kabel tarmoqlarining yerga ulanish tokini va zaryadlanish tokini; shinalar tizimining zaryadlanish tokini, shuningdek, ulanmalarning zaryadlanish tokini taʼminlovchi energetika tizimining normativ-texnik hujjatlari talablariga rioya etilgan holda. 6 — 10 kV kuchlanishli halqali tarmoqlarda 70 A gacha tenglashtiruvchi toklarni ajratgichlar yordamida oʻchirishga, tarmoqni halqaga tutashishga esa ajratilgan kontakt birikmalarida kuchlanishlar farqi 5 foizdan koʻp boʻlmaganda ruxsat beriladi. 10 kV va undan past kuchlanishli tashqi va ichki oʻrnatilgan, mexanik yuritmali, uch qutbli ajratgich bilan 15 A gacha boʻlgan yuklama tokini oʻchirishga va ulashga ruxsat etiladi. Agar oʻchirgichni oʻchirish uning buzilishiga va podstansiyaning toksizlanib qolishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, bitta oʻchirgich yoki shinalar tizimi boshqa birikmalarining bir nechta oʻchirgichlari zanjiri bilan shuntlangan 220 kV li buzilgan oʻchirgichni ajratgichlari bilan masofadan oʻchirishga ruxsat beriladi. Ajratgichlar yordamida oʻchiriladigan va ulanadigan toklarning ruxsat etilgan qiymatlari taʼminlovchi energetika tizimining NTHlarida aniqlangan boʻlishi kerak. Turli elektr qurilmalari uchun operatsiyalarni bajarish tartibi va shartlari mahalliy yoʻriqnomalar bilan tartibga solingan boʻlishi kerak. Quvvati 750 kVA va undan past boʻlgan transformatorlarning magnitlovchi tokini kuchlanishi 10 kV va undan past boʻlgan tashqi yoki ichki oʻrnatilgan, mexanik yuritmali, standart uch qutbli ajratgichlar bilan oʻchirishga hamda ulashga ruxsat beriladi.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020
← Oldingi boʻlim
Boʻlim 5. 3-§ . Xodimlarga qoʻyiladigan talablar
Keyingi boʻlim →
Boʻlim 7. 5-§. Boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimlari
Qoʻshni boʻlimlar
- 2Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qaroriga 1-ILOVA. Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish QOIDALARI — 1-bob. Umumiy qoidalar
- 32-bob. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishdagi asosiy talablar — 1-§. Qoidalarni qoʻllash sohasi va tartibi
- 42-§. Xodimlarning vazifalari, qoidalarning bajarilishi uchun javobgarlik va nazorat
- 53-§ . Xodimlarga qoʻyiladigan talablar
- 75-§. Boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimlari
- 86-§. Elektr qurilmalarini taʼmirlash
- 97-§. Texnik hujjatlarni yuritish
- 108-§. Xavfsizlik texnikasi, yongʻin va ekologiya xavfsizligi
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.