VM qarori № 712, 4-boʻlim

2-§. Xodimlarning vazifalari, qoidalarning bajarilishi uchun javobgarlik va nazorat

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

9. Qoidalarning maqsadi isteʼmolchilar elektr qurilmalari va elektr tarmoqlarini ishonchli, xavfsiz va samarali ekspluatatsiya qilishni taʼminlash hamda ularni ishga yaroqli holatda saqlab turishdan iborat. 10. Ishlab turgan elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish, ularda tezkor almashlab ulashlarni oʻtkazish, taʼmirlash, montaj yoki sozlash ishlarini va sinashlarni tashkil etish va bajarish maxsus tayyorlangan elektrotexnik xodimlar tomonidan amalga oshiriladi. Korxonaning mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, elektrotexnik xodimlari energetika xizmati tarkibida boʻlishlari shart. Korxonada energetika xizmati boʻlmagan taqdirda, isteʼmolchilarning elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatishni shartnoma boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilot yoki boshqa korxonaning (shu jumladan, tadbirkorlar subyektlarining) elektrotexnik xodimlari amalga oshirishi mumkin. 11. Elektrotexnik xodim oʻz korxonasining texnologik xususiyatlarini aniq tasavvur qilishi, mehnat va ishlab chiqarish intizomiga qatʼiy rioya qilishi va barcha choralar bilan ularni mustahkamlashi kerak hamda mazkur Qoidalar, XTQ, yoʻriqnomalar va boshqa normativ hujjatlar talablarini bilishi va ularga rioya etishi shart. 12. Mazkur Qoidalar, XTQ va YOXQ ni buzishda aybdor shaxslar oʻz harakatlari yoki harakatsizligining xususiyatiga va ulardan kelib chiqadigan oqibatlarga qarab, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi. 13. Ushbu Qoidalarning bajarilishini taʼminlash uchun har bir korxonada korxona rahbari yoki egasining buyrugʻi bilan energetika xizmatining MTX orasidan korxona elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari umumiy holatiga javob beruvchi shaxs (keyingi oʻrinlarda — elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs) tayinlanishi shart. Elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tayinlanishi haqidagi buyruq, qoidalar va yoʻriqnomalar boʻyicha u bilimlar sinovidan oʻtganidan va unga elektr xavfsizligi boʻyicha tegishlicha: 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida — V guruh, 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarida — IV guruh berilganidan soʻng chiqariladi. Korxonada bosh energetik lavozimi boʻlsa, unga ushbu korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning majburiyatlari yuklanadi. Elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning majburiyatlarini oʻrindoshlik asosida bajarishga ruxsat beriladi. Korxonalarda ular tomonidan oʻz faoliyatida kuchlanishi 400 V va 400 V gacha boʻlgan, aholiga sotish uchun chakana savdo tarmogʻiga chiqariladigan hamda tegishli sifat sertifikatiga ega boʻlgan yoritish qurilmalari, elektr asboblari va elektr mashinalaridan foydalanilganda, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsni tayinlash yoki ishga yollash imkoniyati boʻlmaganda, elektr xoʻjaligiga javobgarlik korxona rahbariga yoki egasiga yuklatilishi mumkin. Bu holda korxona rahbari yoki egasi bilimlar sinovidan oʻtmaydi va unga elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli guruh berilmaydi. Bunda rahbar yoki egasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzenergoinspeksiya) hududiy boʻlinmalarida elektr xavfsizligi va elektr uskunalarga xavfsiz xizmat koʻrsatish boʻyicha yoʻriqdan oʻtishi kerak. Ushbu holat “Oʻzenergoinspeksiya”ning 400 V gacha kuchlanishli elektr uskunalari mavjud boʻlgan individual isteʼmolchilarni roʻyxatga olish jurnalida va egasining ariza-majburiyatida rasmiylashtirilishi shart. (13-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 603-sonli qarori tahririda) 400 V gacha kuchlanishli yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan xonalarda va qurilmalarda (avtoyoqilgʻi va gazyoqilgʻi quyish stansiyalari va boshqalar) elektr uskunalarni ekspluatatsiya qiluvchi korxonalarda, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslar elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli guruhga ega boʻlishi hamda bilimlar sinovini roʻyxatga olish jurnalida rasmiylashtirilishi shart. Elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs uzoq muddat (dam olishda, kasal boʻlsa, xizmat safarida) boʻlmasa, uning majburiyatlarini bajarish korxona boʻyicha buyruq bilan uning oʻrinbosariga (agar bu shtat jadvalida koʻzda tutilgan boʻlsa) yoki mazkur Qoidalarning 34-bandi “a” kichik bandiga muvofiq malaka komissiyasida bilim sinovidan oʻtgan energetika xizmatining MTX orasidan boshqa shaxsga yuklanadi. Ushbu Qoidalarning talablariga mos elektrotexnik xodimlar boʻlmagan taqdirda, isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish man etiladi. Korxonada ushbu Qoidalarning talablariga mos elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs va elektrotexnik xodimlarning mavjudligi uchun korxonaning rahbari (egasi) javobgar boʻladi. Korxona rahbari, shuningdek, mazkur Qoidalar, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari (keyingi oʻrinlarda — EEFQ), isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bajarilishi uchun zarur boʻlgan barcha tadbirlarning moddiy taʼminlanishi uchun javobgar boʻladi. 14. Korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs quyidagilarni taʼminlashi shart: elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini; elektr energiyasini tejash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va bajarilishini hamda elektr qurilmalarning xavfsiz ishlashini; elektr va elektrotexnologik uskunalar va tarmoqlarni, himoya vositalari va yongʻinga qarshi anjomlarning ishga yaroqli holatda saqlanishini, ularning ushbu Qoidalar, isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ, EEFQ va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga mos ravishda ekspluatatsiya qilinishini; energetika uskunalarida profilaktik va taʼmirlash ishlari oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi tashkil etilishini; elektrotexnik xodimlar oʻqitilishini, XTQ va TEQQ, lavozim va ishlab chiqarish yoʻriqnomalari boʻyicha bilimlar sinovidan oʻtishlarini; foydalanilayotgan energiyaning hisobga olinishi yuritilishini; atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi texnologiyalar va ish usullari ishlatilishining oldi olinishini; reaktiv quvvat kompensatsiyasi, mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun energiya sarfi meʼyorini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini; elektr uskunalari ishlashida buzilishlar, baxtsiz hodisalar hisobga olinishini va tahlil qilinishini hamda ularning yuzaga kelishi sabablarini bartaraf etish choralari qabul qilinishini; isteʼmol shartnomasiga muvofiq rejimga rioya etilishini, energetika tizimi yuklamasi maksimal soatlarida dispetcherlik xizmati talablari boʻyicha isteʼmol quvvatining kamaytirilishini; elektrotexnik xodimlar uchun lavozim va ishlab chiqarish yoʻriqnomalari ishlab chiqilishini. 15. Elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning taklifiga koʻra, korxona rahbari tarkibiy boʻlinmalarining elektr xoʻjaliklariga javobgar shaxslarni tayinlashi mumkin. Agar bunday shaxslar tayinlanmagan boʻlsa, tarkibiy boʻlinmalar elektr xoʻjaligi uchun javobgarlikni, ularning hududiy joylashuvidan qatʼi nazar, bosh korxona elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs olib boradi. Tarkibiy boʻlinmalar elektr xoʻjaligi uchun javobgarlar va korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs oʻrtasidagi oʻzaro aloqa va majburiyatlarning taqsimlanishi ularning lavozim yoʻriqnomalarida aks ettirilishi shart. 16. Agar korxona rahbari elektr taʼminoti shartnomasini bevosita energiya bilan taʼminlovchi tashkilot bilan tuzmagan boʻlsa, ijaraga berilgan elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilish uchun javobgarlikning taqsimlanishi ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi oʻrtasidagi ijara shartnomasida aks ettirilishi shart. 17. Korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs: ishlab chiqaruvchi zavodlarga — butlanmagan, sifatsiz yoki buyurtma xususiyatiga, davlat standartlariga va texnik shartlarga mos boʻlmagan uskunalar keltirilganda; montaj qiluvchi tashkilotlarga — elektr montaj ishlari texnologiyasi buzilganda, sifatsiz montaj qilinganda, loyiha hujjatlaridan chetga chiqilganda va montaj jarayonida uskunalar shikastlanganda; elektr taʼminoti tashkilotiga — elektr energiyasining sifatsiz parametrlarida va korxona elektr taʼminoti buzilishlarida oʻz vaqtida daʼvo (reklamatsiya) berishi shart. 18. Ushbu Qoidalarning buzilishlarini payqagan, shuningdek, elektr qurilmalari yoki himoya vositalarining ishga yaroqsizligini sezgan har bir xodim, zudlik bilan bevosita oʻzining rahbariga, u boʻlmaganda esa — yuqori turuvchi rahbarga bu haqda xabar berishi shart. Elektr qurilmadagi nosozlik atrofdagi kishilarga yoki qurilmaning oʻziga aniq xavf tugʻdirgan hollarda, uni payqagan xodimning oʻzi bartaraf qila olsa, buni zudlik bilan amalga oshirishi, shundan keyin bevosita boshliqni xabardor qilishi kerak. Nosozlikni bartaraf qilish xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi. 19. Elektr qurilmasining ishidagi har bir buzilish ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomalariga koʻra tekshirilishi va hisobga olinishi shart. Tekshirish materiallari asosida elektr qurilmalarining ishida shunga oʻxshash buzilishlarning oldini olish boʻyicha avariyaga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi kerak. Elektr qurilmalari ishidagi buzilishlar uchun quyidagilar shaxsan javobgardir: bevosita elektr qurilmaga xizmat koʻrsatuvchi tezkor xodimlar − ularning aybi bilan yuz bergan buzilishlar uchun, shuningdek, ular tomonidan xizmat koʻrsatish uchastkasida elektr qurilmaning ishidagi buzilishlar notoʻgʻri bartaraf etilganligi uchun; uskunani taʼmirlayotgan taʼmirlovchi va tezkor taʼmirlovchi xodimlar — taʼmirlash sifati pastligi tufayli kelib chiqqan ishdagi buzilishlar uchun; korxonaning, tarkibiy boʻlinmalarning bosh muhandislari va energetiklari, elektr sexi boshliqlari va energetika xizmatining boshqa MTX — ularning aybi bilan elektr qurilmalarni ishlashida yuz bergan buzilishlar uchun, texnologik xizmatlar rahbarlari va mutaxassislari, elektrotexnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilishdagi buzilishlar uchun, shuningdek, oʻz vaqtida va qoniqarli texnik xizmat koʻrsatish hamda avariyaga qarshi chora-tadbirlarning bajarilishi taʼminlamagani uchun. 20. Har bir baxtsiz hodisa, shuningdek, XTQ buzilishining boshqa holatlari oʻrnatilgan tartibda sinchiklab tekshirilishi, ularning paydo boʻlish sabablari, javobgar shaxslar aniqlanishi va bunday holatlarning oldini olish uchun choralar koʻrilishi shart. 21. Elektr tokidan shikastlanishdan yuzaga kelgan baxtsiz hodisalar uchun bevosita qoidalarni buzgan xizmat koʻrsatuvchi shaxslar va baxtsiz hodisalar yuzaga kelishi holatini istisno etuvchi tashkiliy-texnik tadbirlar bajarilishini taʼminlamagan maʼmuriy-texnik xodimlar masʼuldir. 22. Mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishi uchun davlat energetika nazorati “Oʻzenergoinspeksiya” va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi. Korxonalarda mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishini tekshirish va nazoratni, “Oʻzenergoinspeksiya” va uning hududiy boʻlinmalaridan tashqari, korxonaning xavfsizlik texnikasi boʻlimlari va yuqori turuvchi tashkilotlar amalga oshiradilar.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.