VM qarori № 712, 5-boʻlim

3-§ . Xodimlarga qoʻyiladigan talablar

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

23. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish maxsus tayyorlangan elektrotexnik xodimlar tomonidan amalga oshirilishii kerak. Korxonaning elektrotexnik xodimlari quyidagilarga boʻlinadi: elektr uskunalarida tezkor almashlab ulashlarni, taʼmirlash, montaj va sozlash ishlarini tashkil qiluvchi va bu ishlarda bevosita ishtirok etuvchi, tezkor, taʼmirlash yoki tezkor-taʼmirlovchi xodimlar huquqlariga ega boʻlgan maʼmuriy-texnik xodimlarga; tezkor boshqarishni va tezkor almashlab ulashlarni amalga oshirish ruxsat etilgan xodimlar toifasiga va ushbu ishlovchilarni bevosita boshqarish uchun tayinlangan shaxslarga taalluqli tezkor xodimlarga (agar boʻlinishi talab etilmasa, keyinchalik tezkor va tezkor-taʼmirlovchi xodimlar tezkor xodimlar deb ataladi); elektr uskunalarini taʼmirlash, rekonstruksiya va montaj qilish boʻyicha barcha ishlarni bajaruvchi taʼmirlovchi xodimlarga. Ushbu toifaga, shuningdek, majburiyatiga sinashlarni, oʻlchashlarni amalga oshirish, elektr apparatlarni sozlash va rostlash hamda boshqa ishlar kiradigan ixtisoslashtirilgan xizmat (masalan, sinash laboratoriyalari, avtomatika va nazorat-oʻlchash asboblari xizmati va boshqalar) xodimlari ham kiradi; tasdiqlangan hajmda oʻziga biriktirilgan elektr qurilmalarida tezkor ishlarni bajarish uchun maxsus oʻqitilgan va tayyorlangan, taʼmirlovchi xodimlar toifasidan boʻlgan tezkor-taʼmirlovchi xodimlarga. Korxonaning energetika xizmati tarkibiga kirmagan, ishlab chiqarish sexlari va uchastkalarining elektr texnologik qurilmalari ekspluatatsiya qilinishini amalga oshiradigan va elektr xavfsizligi boʻyicha II va undan yuqori guruhga ega boʻlgan elektr texnologik xodimlar oʻzlarining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha elektrotexnik xodimlarga tenglashtiriladi hamda texnik jixatdan korxonaning energetika xizmatiga boʻysunadilar. 24. Elektr xavfsizligi boʻyicha II — V guruhga ega boʻlgan elektrotexnik xodimlarga quyidagi talablar qoʻyiladi: 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga elektr qurilmalarida mustaqil ishlashga ruxsat etilmaydi; elektrotexnik xodimlardan boʻlgan shaxslar ishlab chiqarishga halaqit beradigan (doimiy shakldagi) kasallikka va mayiblikka ega boʻlmasligi shart; elektrotexnik xodimlar tegishli nazariy va amaliy tayyorgarlikdan keyin bilimlar tekshiruvidan oʻtishlari hamda elektr qurilmalarida ishlash uchun ruxsat beruvchi guvohnomaga ega boʻlishlari shart. 25. Universitet, institut, kollej, litseyning 18 yoshga toʻlmagan ish oʻrganuvchilarini amalda ishlab turgan elektr qurilmalarida boʻlishlariga 1000 V gacha kuchlanishli qurilmalarda elektr xavfsizligi boʻyicha III guruhdan kam boʻlmagan va 1000 V dan yuqori kuchlanishli qurilmalarda — IV guruhdan kam boʻlmagan elektrotexnik xodimning doimiy nazorati ostida ruxsat etiladi. 18 yoshga toʻlmagan ish oʻrganuvchilarni mustaqil ishlashga qoʻyish va ularga elektr xavfsizligi boʻyicha III va undan yuqori guruhni berish man etiladi. 26. Ishlab turgan elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatuvchi elektrotexnik xodimlarning sogʻlomlik holati ishga qabul qilinayotganda tibbiy tekshiruv bilan aniqlanadi va keyinchalik sogʻliqni saqlash organlari tomonidan belgilagan muddatlarda davriy tekshirilib turiladi. 27. Elektrotexnik xodimlar mustaqil ishga tayinlangunga qadar yoki elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa ishga (lavozimga) oʻtganda, shuningdek, ushbu lavozimda 1 yildan ortiq mehnat faoliyatini olib bormaganda, ish joyida ishlab chiqarishni oʻrganishi shart. Ishlab chiqarishni oʻrganish uchun xizmatchiga uskunalar, apparatura, tezkor sxemalar bilan tanishish bilan bir vaqtda, ushbu lavozim uchun zarur hajmda: mazkur Qoidalarni, isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ, EQTQ, EEFQ; lavozim va ishlab chiqarish yoʻriqnomalarini; mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni; ushbu korxonada amal qiluvchi boshqa qoidalar, meʼyoriy va ekspluatatsiya hujjatlarini oʻrganishga yetarli boʻlgan muddat berilishi kerak. 28. Ishlab chiqarishni oʻrganish dasturini qoidalar va yoʻriqnomalarning zarur boʻlimlarini koʻrsatgan holda ishlab chiqarish boʻlinmasining javobgar shaxsi tuzadi va korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs yoki bosh muhandis tasdiqlaydi. Oʻrganayotgan xodim oʻrganishi mobaynida korxona (MTX uchun) yoki boʻlinma (ishchilar uchun) farmoyishi bilan elektrotexnik xodimlar orasidan tajribali xizmatchiga biriktiriladi. 29. Oʻrganayotgan xodim tezkor almashlab ulashlarni, koʻrib chiqish yoki elektr uskunasidagi boshqa ishlarni faqatgina oʻrgatayotgan xodimning ruxsati asosida uning nazorati ostida amalga oshirishi mumkin. Oʻrganayotgan xodimning harakatlari toʻgʻriligiga va ushbu Qoidalarga, shuningdek, xavfsizlik texnikasi Qoidalariga rioya qilinishiga oʻrganayotgan xodimning oʻzi va oʻrgatayotgan xodim javobgar boʻladi. 30. Ishlab chiqarishni oʻrganish tugaganidan soʻng oʻrganayotgan xodim 28-bandda koʻzda tutilgan hajmda malaka komissiyasida bilimlar tekshiruvidan oʻtishi shart. Unga XTQga koʻra tegishli elektr xavfsizlik guruhi (II — V) berilishi kerak. Boshqa korxonaga ishga oʻtganda, oʻrindoshlik boʻyicha ishlashda yoki bir korxona doirasida boshqa ishga (lavozimga) oʻtganda yoki ishda 1 yildan ortiq tanaffus boʻlganda, bilimlar tekshiruvidan muvaffaqiyatli oʻtgan elektrotexnik xodimlardan boʻlgan shaxsga komissiya qarori bilan elektr xavfsizligi boʻyicha boshqa ishga (lavozimga) oʻtgunga qadar oʻrindoshlik yoki ishdagi tanaffusgacha boʻlgan elektr xavfsizlik guruhi tasdiqlanishi mumkin. 31. Tezkor va tezkor-taʼmirlovchi xodimlardan boʻlgan har bir xizmatchi, shuningdek, yuqori kuchlanishli sinovlarni oʻtkazuvchi sinov laboratoriyalari xodimlari bilimlar tekshiruvidan oʻtganidan keyin kamida ikki hafta mobaynida tajribali xizmatchi rahbarligida ish joyida dublyorlikdan oʻtishi kerak. Shundan soʻng u mustaqil tezkor ishlarni bajarishga, yuqori kuchlanish ostida sinashlarni oʻtkazishga qoʻyilishi mumkin. Stajirovkaga va mustaqil ishlashga ijozat, MTX uchun korxona boʻyicha ishchilar uchun esa sex boʻyicha farmoyish bilan rasmiylashtiriladi. Taʼmirlovchi xodimlar uchun dublyorlik qilish talab qilinmaydi. 32. Davriy bilimlar sinovi quyidagi muddatlarda oʻtkazilishi shart: ishlab turgan elektr qurilmalariga bevosita xizmat koʻrsatuvchi yoki ularni sozlash, elektr montaj qilish, taʼmirlash ishlarini amalga oshiruvchi yoki profilaktik sinovlarni oʻtkazuvchi elektrotexnik xodimlar uchun, shuningdek, ushbu ishlarni tashkil qiluvchi va farmoyishlarni rasmiylashtiruvchi xodimlar uchun 1 yilda 1-marta; avvalgi guruhga kirmaydigan elektrotexnik xodimlardan boʻlgan MTXlar, shuningdek, elektr qurilmalarini nazorat qilishga ruxsat berilgan xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandislar uchun 3 yilda 1-marta. Tekshiruv natijasiga asosan xodimlarning davriy bilimlar sinovi muddati malaka komissiyasi tomonidan qisqartirilishi mumkin. Agar guvohnomaning amal qilish muddati taʼtilga yoki kasallik vaqtiga toʻgʻri kelsa, bu holda guvohnomaning amal qilish muddatini ishga tushgan kundan boshlab 1 oyga uzaytirishga ruxsat beriladi. Guvohnomani amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi qaror maxsus rasmiylashtirilmaydi. Qonirqarsiz baho olgan xodim guvohnomasining amal qilish muddati, agar bilimlar sinovini qayd etish jurnalida xodimni elektr uskunalarida ishlashdan vaqtincha chetlatilganligi haqida komissiyaning maxsus qarori chiqarilmagan boʻlsa, komissiya tomonidan belgilangan ikkinchi yoki uchinchi sinovga qadar boʻlgan muddatgacha avtomatik tarzda uzaytiriladi. 33. Mazkur Qoidalarni, XTQni yoki ishlab chiqarish yoʻriqnomalarini buzgan shaxslar navbatdan tashqari bilimlar tekshiruvidan oʻtishga jalb etilishlari kerak. Shuningdek, navbatdan tashqari bilimlar tekshiruvi quyidagi hollarda ham oʻtkaziladi: bilimlari qoniqarsiz boʻlganda, malaka komissiyasi belgilagan muddatlarda, lekin oxirgi tekshuruv kunidan 2 haftadan oldin va 1 oydan kech boʻlmagan muddatda; yangi texnologiyalar, elektr qurilmalari va uskunalari joriy etilganda; ishdagi tanaffus bir yildan ortiq boʻlganda. boshqa ishga oʻtkazilganda; mazkur Qoidalarning va XTQning yangi tahriri amalga kiritilganda; “Oʻzenergoinspeksiya” inspektorining yozma koʻrsatmasi boʻyicha. Bilimlar sinovida uchinchi marta qoniqarsiz baho olgan xodim boshqa, elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan ishga oʻtkazilishi shart. 34. Ushbu Qoidalar va XTQ boʻyicha bilimlar sinovi tarkibi kamida 3 kishidan iborat boʻlgan malaka komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi shart: a) korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs, uning oʻrinbosari va lavozim yoʻriqnomasiga koʻra elektr xoʻjaligini nazorat qiluvchi mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandisi uchun bosh muhandis yoki korxona rahbari (komissiya raisi), “Oʻzenergoinspeksiya” inspektori va joylardagi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yoki korxonaning kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakili tarkibidagi komissiya tomonidan; b) korxonaning ishlab chiqarish sexlari va boʻlinmalarining elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslar, elektr hoʻjaligining tarkibiy boʻlinmalari boshliqlari va boshliq oʻrinbosarlari uchun korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs yoki uning oʻrinbosari (rais), mazkur Qoidalarning ushbu bandi “a” kichik bandiga muvofiq komissiyada bilim tekshiruvidan oʻtgan mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandis (xavfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi boʻlimi vakili), energetika xizmati vakili tarkibidan iborat komissiya tomonidan; v) qolgan muhandis-texnik xodimlar uchun mazkur Qoidalarning ushbu bandi “b” kichik bandiga muvofiq kimissiyada bilim tekshiruvidan oʻtgan, elektr xavfsizligi boʻyicha V guruhga (yoki 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalari uchun IV guruhga) ega komissiya tekshiruvidan oʻtgan shaxs — rais va energetika xizmati, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻlimi yoki kasaba uyushmasi vakilidan iborat komissiya tomonidan; g) qolgan elektrotexnik xodimlar uchun tarkibi korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan belgilangan va tasdiqlangan bir necha komissiyalar tuzilishi mumkin; d) korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning bilimlari sinovini “Oʻzenergoinspeksiya” inspektori ishtirokida taʼsischi korxona malaka komissiyasida oʻtkazishga ruxsat etiladi; e) Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi) nazoratidagi elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatayotgan yoki ularni ekspluatatsiyasini boshqarayotgan rahbarlar va muhandis-texnik xodimlarning bilimlari sinovi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi vakili ishtirokida oʻtkazilishi shart. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi vakillari komissiyada ishtirok etishi uchun komissiya faoliyati haqida kamida 5 kun oldin xabardor qilinishi kerak. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi vakili kelmagan holda, komissiya uning ishtirokisiz faoliyat koʻrsatadi. Birlamchi bilim sinovidan tashqari barcha turdagi sinovlarda kompyuter texnikasidan foydalanishga ruxsat beriladi; bunda bilimlar sinovi jurnalidagi yozuvlar bekor qilinmaydi. Yuqorida keltirilganlarda: navbatdagi tekshiruv vaqti bilimlar oxirgi tekshirilgan sanaga mos ravishda belgilanadi; “Oʻzenergoinspeksiya” va mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi xizmati vakillari “b”, “v” va “g” kichik bandlarda koʻrsatilgan xodimlar bilimi tekshiruvi komissiyalarida oʻz xohishlariga koʻra ishtirok etishlari mumkin; “b” va “v” kichik bandlardagi komisciya tarkibini korxonaning bosh muhandisi tasdiqlaydi. 35. Qoidalar boʻyicha bilimlar sinovi sinalayotgan xodim ishlayotgan korxona komissiyasida oʻtkazilishi shart. 34-bandning “d” kichik bandida koʻzda tutilgan holatlar bundan mustasno. Biror-bir boshqa komissiyada bilimlar sinovini oʻtkazilishi man etiladi. 36. Har bir xodimning bilimlari sinovi alohida oʻtkaziladi va rasmiylashtiriladi. Bilimlar sinovi natijalari oʻrnatilgan shakldagi jurnalga kiritiladi hamda komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi. Bilimlar sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan xodimga elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli guruh (II — V) berilgan holda bilimlar tekshiruvi haqida belgilangan shakldagi guvohnoma beriladi. Guvohnoma u yoki bu elektr qurilmalariga maʼmuriy texnik xodim sifatida tezkor, taʼmirlovchi yoki tezkor-taʼmirlovchi huquqlari bilan xizmat koʻrsatish, tezkor, taʼmirlovchi yoki tezkor-taʼmirlovchi, shuningdek, elektr xavfsizligi boʻyicha II va undan yuqori guruhga ega elektr-texnolog xodim sifatida xizmat koʻrsatish huquqini beradi. Agar tekshirilayotgan xodim bir vaqtning oʻzida maxsus ishlarni bajarish huquqini beruvchi bilimlar tekshiruvidan oʻtgan boʻlsa, bu haqda bilimlar sinovi jurnalida va guvohnoma grafasida belgilab qoʻyiladi. Elektr qurilmalariga javobgar shaxsning bilimlarni sinovdan oʻtkazgan komissiyada elektr xavfsizligi boʻyicha IV guruh hajmida bilimlar sinovidan oʻtgan elektr qurilmalarini nazorat qiluvchi mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandisga mazkur korxona elektr qurilmalari ustidan nazorat olib borish huquqini beruvchi guvohnoma beriladi. Mazkur Qoidalar, XTQ va mehnat muhofazasi hamda xavfsizlik texnikasi yoʻriqnomalari boʻyicha bilimlar tekshiruvidan oʻtmagan xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandisga, elektrotexnik xodimlarga hech qanday koʻrsatmalar berishga ruxsat etilmaydi. 37. Ishga yangi qabul qilingan, qoidalar va yoʻriqnomalar boʻyicha bilimlar sinovidan oʻtmagan yoki muddati oʻtgan bilimlar sinovi guvohnomasiga ega elektrotexnik xodimlar (32-bandda koʻrsatilgan guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish hollaridan tashqari) elektr xavfsizligi boʻyicha I guruhga ega shaxslarga tenglashtiriladi. Elektr xavfsizligi boʻyicha I guruh, shuningdek, elektr tokidan shikastlanish xavfi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ishlarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan, elektrotexnik boʻlmagan xodimlarga ham beriladi. 38. Elektrotexnik boʻlmagan xodimlarga elektr xavfsizligi boʻyicha I guruh har yili korxona, sex, uchastka elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs yoki uning yozma koʻrsatmasiga binoan III dan past boʻlmagan elektr xavfsizligi guruhiga ega shaxs tomonidan xizmat koʻrsatilayotgan qurilmada xavfsiz ishlash usullari tekshirilgandan keyin beriladi. Elektr havfsizligi boʻyicha I guruh berilishi maxsus jurnalda tekshiruvchi va tekshirilayotgan imzosi bilan rasmiylashtiriladi. Bunda bilimlar sinovi haqida guvohnoma berilishi talab qilinmaydi. Ishlash jarayonida I guruh xodimlari har yili bilimlar sinovidan tashqari davriy ravishda yoʻriqdan oʻtadilar. 39. Elektr xavfsizligi boʻyicha I guruhga ega shaxslar, II — V guruhga ega shaxslar oʻtkazayotgan elektrotexnik qurilmalarni taʼmirlash, sozlash va sinash boʻyicha ishlarda, faqat XTQda koʻrsatilgan hollarda ishtirok etishlari mumkin. 40. Elektr xavfsizligi boʻyicha I va undan yuqori guruhga ega elektrotexnologik xodimlar bilimlarining oʻz vaqtida sinalishiga korxonaning uchastka, sex va boshqa tarkibiy qismlari rahbarlari javobgardir. 41. Korxonada elektrotexnik xodimlar bilan ularning malakasini, mazkur Qoidalar, XTQ, EQTQ va mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari boʻyicha bilimlarini oshirishga, ilgʻor tajribani va elektr qurilmaga xizmat koʻrsatishning xavfsiz usullarini oʻrganishga, avariya va shikastlanishning oldini olishga qaratilgan muntazam ish olib borilishi shart. Tashkil etilayotgan texnik oʻqish hajmini, avariyaga qarshi mashgʻulotlarni oʻtkazish zarurligini korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs aniqlaydi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.