VM qarori № 712, 10-boʻlim

8-§. Xavfsizlik texnikasi, yongʻin va ekologiya xavfsizligi

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

107. Elektr qurilmalarining tuzilishi, ularni ekspluatatsiya qilishni tashkil etish hamda taʼmirlashda mehnat muhofazasi standartlari talablariga va XTQga javob berishi shart. 108. Elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatishda qoʻllaniladigan himoya vositalari, moslamalar va asboblar mehnat xavfsizligi boʻyicha amaldagi NTHga mos ravishda koʻrik va sinashlardan oʻtishi shart. 109. Elektr xoʻjaligi xodimlari lavozimi (kasbi) uchun majburiy hajmdagi elektr uskunalari va elektr qurilmalarida ishlar bajarilganda, xavfsizlik talablarini belgilaydigan mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarga amal qilishlari shart. 110. Elektr xoʻjaligini har bir xizmatchisi xizmat koʻrsatilayotgan uskunaga taalluqli mehnat xavfsizligi va ish joyida mehnatni tashkil qilish talablarini bilishi va bajarishi shart. 111. Har bir korxonada xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha ishlar ushbu ishlarning xavfsiz bajarilishini va tashkil etilishining yagona tizimini, elektrotexnik, texnologik va boshqa xodimlarning funksional vazifalarini, ularning oʻzaro munosabatlarini, lavozim boʻyicha javobgarliklarini belgilaydigan mehnat xavfsizligini boshqarish tizimi haqidagi nizomga mos kelishi shart. Korxona rahbari va elektr xoʻjaligiga javobgarlar (bosh energetiklar, boʻlim va elektr taʼminoti xizmati boshliqlari) elektr xoʻjaligi xizmatchilari uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va xodimlarni elektr tokidan shikastlanish hollarining oldini olish boʻyicha tashkiliy-texnik ishlar uchun shaxsan javobgar boʻladi. Korxonalar tarkibiy boʻlinmalarining elektr xoʻjaligiga javobgarlari (elektr sexi, podstansiyalar, xizmatlar, laboratoriyalar boshliqlari, ustalar va boshqalar) xavfsiz va sogʻlom mehnat sharoitlarini yaratish, koʻrgazmali qoʻllanma bilan yoʻriq berishi, xodimlarga xavfsiz ishlash usullarini oʻrgatish, shuningdek, doimiy ravishda uskunaning mehnat xavfsizligi standartlari tizimiga mos kelishini nazorat qilish, xodimlarning mehnat xavfsizligi talablariga rioya qilishlarini va bajarilayotgan ish xususiyatidan kelib chiqib, ular himoya moslamalari, maxsus kiyimlar va boshqa shaxsiy himoya vositalari qoʻllashlarini tizimli nazorat qilib borish boʻyicha tashkiliy hamda texnik tadbirlarni oʻtkazilishini taʼminlashlari shart. 112. Har bir baxtsiz hodisa, shuningdek, mehnat xavfsizligi talablarining buzilishi holatlari, ularning sodir boʻlish sabablarini va ularni yuzaga keltirgan aybdorlarni aniqlash va bundan keyin bu kabi holatlar takrorlanmasligining oldini olish choralarini koʻrish uchun sinchiklab tekshirilishi shart. Baxtsiz hodisalar haqida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi shart. Baxtsiz hodisalar tekshiruvi toʻgʻri, oʻz vaqtida oʻtkazilishi va hisobga olinishi, N-1 shaklidagi dalolatnomalar rasmiylashtirilishi va ularda koʻrsatilgan chora-tadbirlarning bajarilishi uchun rahbarlar, butun korxona va uning tegishli tarkibiy boʻlinmalari elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslar javobgar boʻladi. 113. Elektr qurilmalarida yuz bergan baxtsiz hodisalar uchun xavfsizlik yoki mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnoma talablarini bevosita buzgan shaxslar bilan birga korxona va uning tarkibiy boʻlinmalari elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslar, shuningdek, mehnat xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasini taʼminlamagan, mehnat xavfsizligi standartlarini bajarmagan hamda baxtsiz hodisaning oldini olish uchun zarur choralar koʻrmagan boshqa maʼmuriy-texnik xodimlar ham javobgar boʻladi. 114. Elektr qurilmalarida guruhli baxtsiz hodisalar va oqibati oʻlim bilan tugagan baxtsiz hodisalarni tekshirish materiallari korxonaning barcha tarkibiy boʻlinmalari elektr xoʻjaligi xodimlari bilan birgalikda ishlab chiqilishi shart. Bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun tadbirlar ishlab chiqilishi shart. 115. Korxona tarkibiy boʻlinmalari elektr xoʻjaliklarining barcha ishlab chiqarish xodimlari elektr toki taʼsiriga tushgan odamni qutqarish va unga birinchi yordam berishning amaliy usullariga, shuningdek, boshqa baxtsiz hodisalarda jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish usullariga oʻrgatilgan boʻlishi shart. 116. Korxonaning ishlab turgan elektr qurilmalarida boshqa tashkilotlar qurilish-montaj, sozlash va taʼmirlash ishlarini oʻtkazayotganda qurilish-montaj, sozlash, taʼmirlash va ekspluatatsiya qiluvchi xodimlarning oʻzaro harakatlarini hisobga oluvchi mehnat xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi, portlash va yongʻin xavfsizligi boʻyicha hamkorlikda chora-tadbirlar ishlab chiqilishi shart. Bitta uskunada yoki inshootda bir vaqtning oʻzida bir nechta tashkilot ish bajarganda, ishlarning birlashgan ish jadvali tuzilishi shart. Ushbu tadbirlar va ish jadvallari korxona elektr xoʻjaligiga javobgar tomonidan tasdiqlanishi shart. Ish joyini tayyorlash, ishlarning birlashgan ish jadvalini bajarish va mehnat xavfsizligi boʻyicha birgalikda tuzilgan tadbirlarni bajarish boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, ishga qoʻyish uchun korxonaning va tegishli tarkibiy boʻlinmaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslari javobgar boʻladi. Boshqa tashkilotlar rahbarlari ushbu tashkilotlar xodimlari malakasining muvofiqligi uchun ularning xavfsizlik talablariga rioya qilishlari va oʻz uchastkalarida mehnat xavfsizligi boʻyicha tadbirlarni tashkil qilishlari va bajarishlari uchun javobgar boʻladi. 117. Korxona elektr xoʻjaligining har bir boʻlinmasida dori qutilari, dori-darmon va tibbiy vositalar bor birinchi yordam sumkalari boʻlishi shart. Xodimlar soha meʼyorlariga mos ravishda maxsus kiyim, maxsus oyoq kiyim va boshqa individual himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishlari shart. 118. Ishlab turgan uskunalar bor xonalarda (boshqaruv, releli panellar va shunga oʻxshash qurilmalardan tashqari), ochiq va yopiq taqsimlash qurilmalarida (keyingi oʻrinlarda ― OTQ, YOTQ), quduqlarda, kameralarda, elektr stansiyas, elektr tarmoqlari kanallari va tunellarida, qurilish maydonchalarida, taʼmirlash zonasida boʻlganida, shuningdek, havo elektr uzatish tarmoqlariga xizmat koʻrsatayotganda xodimlar himoya kaskalarini kiyishlari shart. 119. Elektr uskunalari, elektr qurilmalari, shuningdek, ular oʻrnatilgan binolar va inshootlarning yongʻin xavfsizligi Energetika korxonalari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga javob berishi shart. 120. Qonunchilikka muvofiq korxonalar va tashkilotlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun javobgarlik ushbu obyektlar rahbarlari zimmasiga yuklanadi. 121. Alohida sexlar, laboratoriyalar va boshqa ishlab chiqarish uchastkalarida yongʻin xavfsizligi uchun ularning rahbarlari, ular yoʻq boʻlganda — ularning vazifalarini bajaruvchi xizmatchilar javobgar boʻladi. 122. Har bir korxonada yongʻinga qarshi rejim oʻrnatilgan boʻlishi va ishlab chiqarish xususiyatlarini hisobga oluvchi yongʻinga qarshi tadbirlar bajarilishi shart. 123. YOHQga muvofiq har bir sexda, laboratoriyada, ustaxonada va korxonaning boshqa boʻlinmalarida yongʻin xavfsizligining aniq choralari va yongʻinga qarshi rejim haqida yoʻriqnoma ishlab chiqilishi shart. Yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlari haqida yoʻriqnoma boʻlinmalar rahbarlari tomonidan, yongʻin xavfsizligi boʻyicha muhandis — inspektor yoki korxona rahbari tomonidan buyruq bilan biriktirilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha javobgar shaxs bilan birgalikda ishlab chiqiladi. Obyektlardagi yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari bilan kelishiladi (agar u korxonada mavjud boʻlgan holda) va korxona rahbari yoki bosh muhandisi tomonidan tasdiqlanadi. Yoʻriqnoma koʻrinarli joyda osib qoʻyiladi. 124. Har bir ishchi-xizmatchi obyektdagi YOHQlari talablarini bilishi va qatʼiy bajarishi, yongʻin yoki yongʻin chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarga yoʻl qoʻymasligi, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalaridan foydalanishni bilishi shart. 125. Amaldagi yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzgan yoki bajarmagan aybdor shaxslar ularning qilgan harakatlari yoki harakatsizliklari xususiyatidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi. 126. Korxona rahbari buyrugʻi bilan quyidagilar belgilanishi kerak: korxonaning barcha ishchi-xizmatchilari kirish, birlamchi (ish joyida), takroriy, rejadan tashqari, joriy yoʻriqnomalaridan, muxandis-texnik xodimlar hamda yongʻinga xavfli ishlarni olib boruvchilar yongʻin-texnik minimumi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtishlari shart. Bu mashgʻulotlar korxona rahbari tasdiqlagan dastur boʻyicha kamida 2 yilda 1 marotaba oʻtkaziladi. 127. Obyektda yuz bergan har bir yongʻin yoki yonish holatlari yuzasidan Davlat yongʻin xavfsizligi nazorati organi tomonidan tergovga qadar surishtiruv oʻtkaziladi, surishtiruv vaqtida ularga har tomonlama koʻmaklashish va amaliy yordam koʻrsatish zarur. Korxonalarda yuz bergan yongʻinga elektr qurilmalarining (elektr uskunalarining) aloqasi boʻlgan hollarda, tekshiruv komissiyasida “Oʻzenergoinspeksiya” xodimi ishtirok etadi. 128. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda bevosita yoki bilvosita atrof-muhitga taʼsir qiladigan iflos moddalarni atmosferaga chiqarishni va suv obyektlariga oqova suvlarni chiqarishni kamaytirish yoki yoʻq qilish, tovush bosimini pasaytirish va tabiiy manbalardan suv isteʼmolini kamaytirish choralari qabul qilinishi shart. 129. Atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish, ruxsat etilgan chegaraviy yoki vaqtincha kelishilgan tashlanmalar meʼyoridan, suv obyektlariga ifloslantiruvchi moddalarning tashlanishi — ruxsat etilgan chegaraviy meʼyorlardan, shovqin taʼsiri — har bir obyekt uchun oʻrnatilgan shovqin quvvati meʼyoridan oshmasligi shart. 130. Katta hajmdagi moyli elektr uskunalarini (transformatorlarni, moyli reaktorlarni, oʻchirgichlarni va boshqalar) ekspluatatsiya qiluvchi korxonada moyning atrof-muhitga avariyaviy yoki boshqa holda chiqib ketishining oldini olish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqilishi shart. 131. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda zaxarli chiqindilar yuzaga keladigan korxonalarda ularni oʻz vaqtida utilizatsiya qilish, zararsizlantirish va koʻmish taʼminlanishi shart. 132. Belgilangan sanitariya meʼyorlariga va tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya qilishni taʼminlaydigan qurilmalarsiz yoki ushbu talablarga rioya qilishni taʼminlamaydigan, ishga yaroqsiz qurilmali elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish man qilinadi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.