VM qarori № 712, 52-boʻlim

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 9-ILOVA

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

1. Kuchlanish olinib bajariladigan ishlar uchun ish joyini tayyorlash boʻyicha quyidagi texnik chora-tadbirlar koʻrsatilgan tartibda bajarilishi shart: a) zarur oʻchirishlarni amalga oshirish va ish joyiga kommutatsiya apparaturasining yanglishib yoki oʻz-oʻzidan ulanib qolishi oqibatida kuchlanish berilishini istisno etuvchi choralarni koʻrish; b) qoʻlda boshqariladigan uzatmalarga va masofadan boshqariladigan kommutatsiya apparatlarining kalitlariga taqiqlovchi plakatlarni osib qoʻyish; v) odamlarni elektr tokidan jarohatlanishdan himoya qilish uchun yerga ulanishi zarur boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlarda kuchlanish yoʻqligini tekshirish; g) yerga ulagichni oʻrnatish (yerga ulagich pichoqlarini ulash, ular boʻlmagan taqdirda, koʻchma yerga ulagichlarni oʻrnatish); d) ogohlantiruvchi va koʻrsatma beruvchi plakatlarni osib qoʻyish, zarur boʻlgan taqdirda, ish joyini va kuchlanish ostida qolgan tok oʻtkazuvchi qismlarni toʻsish. Mahalliy sharoitlarga qarab tok oʻtkazuvchi qismlar, yerga ulagichlar oʻrnatilishidan oldin yoki keyin toʻsiqlar bilan ajratib qoʻyiladi. Elektr qurilmalariga smenada ikki va undan koʻp shaxs tomonidan tezkor xizmat koʻrsatilganda, ushbu bandda qayd etilgan tadbirlar ikki kishi tomonidan bajarilishi kerak. Elektr qurilmalariga bitta shaxs tomonidan xizmat koʻrsatilgan taqdirda, ularni bir kishi bajarishi mumkin, kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr qurilmalarida koʻchma yerga ulagichni oʻrnatish (mazkur Qoidalarga 9-ilova 37-bandi) va ajratkichlari notoʻgʻri harakatlardan blokirovkalash qurilmalariga ega boʻlmagan kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr qurilmalarning ikki va undan koʻp ulanmalaridagi almashlab ulashlarni bajarish ishlari bundan mustasno. 1-§. Tarmoqdan oʻchirish ishlarini bajarish 2. Ishlash joyidan kuchlanish olinganda, kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida quyidagilar oʻchirilishi shart: a) ish bajarilishi kerak boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlar; b) tok oʻtkazuvchi qismlarga yuk koʻtarish mashinalari va mexanizmlarini, odamlar va ular qoʻllaydigan asbob va taʼmirlash jihozlarini mazkur Qoidalarga 7-ilovaning 1-jadvalida koʻrsatilganidan kam masofaga yaqinlashish ehtimoli boʻlgan toʻsilmagan tok oʻtkazuvchi qismlar. 3. Mazkur Qoidalarga 9-ilovaning 2-bandi “b” kichik bandida koʻrsatilgan tok oʻtkazuvchi qismlarni uzish mumkin boʻlmasa, unda ular toʻsib qoʻyilishi kerak. 4. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida kommutatsiya apparati orqali ish joyiga kuchlanish qaysi tomondan berilishi mumkin boʻlsa, ularning har bir tomonida shina yoki simlarni uzish yoki ajratish, ajratkichlarni uzish, saqlagichlarni olib qoʻyish, shuningdek, apparatlarning oʻziga oʻrnatilgan prujina orqali avtomatik ulanadiganlaridan tashqari, boʻlgichlar va yuklama oʻchirgichlarini oʻchirish yoʻli bilan hosil qilingan koʻrinuvchan uzilish boʻlishi shart. Elektr qurilmasining ishlarni bajarish uchun ajratilgan uchastkasi bilan bogʻliq boʻlgan kuchlanish transformatorlari va kuch transformatorlari ham teskari transformatsiyaga yoʻl qoʻymaslik uchun 1000 V gacha boʻlgan kuchlanish tomonidan uzib qoʻyilishi shart. 5. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr qurilmalarida kommutatsiya apparatlarini yanglishib yoki oʻz-oʻzidan ulanishini va ular orqali ish joyiga kuchlanish berilishi ehtimolini bartaraf etish uchun: ajratkich, boʻlgich, yuklama oʻchirgichlarinining qoʻlda bajariladigan uzatmalarni uzilgan holatida mexanik qulf bilan qulflash; operativ shtanga bilan boshqariladigan ajratkichlarning koʻchmas toʻsiqlarini mexanik qulf bilan qulflash; masofadan boshqaruvga ega boʻlgan, koʻrsatib oʻtilgan kommutatsiya apparatlarining uzatmalarida kuch va tezkor tok zanjirlarini uzish, pnevmatik uzatmalarda esa, bundan tashqari qisilgan havo berish yoʻlidagi klapanni yopish va mexanik qulf bilan qulflash, hamda siqilgan havoni chiqarib yuborish, bunda havo chiqaruvchi tiqinlarni (klapanlarni) ochiq holatda qoldirish; yukli va prujinali uzatmalarda ulovchi yuk yoki ulovchi prujinalarni ishlamaydigan holatga keltirish. Tortib chiqariladigan aravachali KTQ va TKTQdagi kommutatsiya apparatlarining yanglishib ulanishini bartaraf etish choralari mazkur Qoidalarga 10-ilovaning III bob “Komplekt taqsimlash qurilmalariga xizmat koʻrsatish” talablariga muvofiq bajarilishi shart. 6. Bir qutbli ajratkichlar bilan jihozlangan 6 — 10 kV kuchlanishli elektr qurilmalarida ularni yanglishib ulanishini barataraf etish uchun pichoqlariga maxsus rezina qalpoqlar kiydirishga ruxsat etiladi. 7. Kuchlanishi 1000 V gacha elektr qurilmalarida bajariladigan ishlar tok oʻtkazuvchi qismlardan qoʻlda bajariladigan uzatmali kommutatsiya apparatlari yordamida hamma tomondan kuchlanish olinishi lozim, sxemada saqlagichlar boʻlganda esa ularni olib qoʻyish orqali amalga oshirilishi zarur. Sxemada saqlagichlar boʻlmagan taqdirda, kommutatsiya apparatlarini yanglishib ulanishini bartaraf etish uchun shkaf eshiklarini yoki dastaklarini qulflash, tugmalarini berkitish, kontaktlar orasiga izolyatsiyalovchi qoplama qoʻyish va boshqa choralar koʻrish orqali taʼminlanishi lozim. Shuningdek, ulovchi gʻaltakning simlarini uzib qoʻyish sharti bilan kuchlanishni masofadan boshqariladigan kommutatsiya apparatlari orqali olib tashlashga ruxsat etiladi. Agar apparatlarning konstruktiv ishlanishi va ish xususiyatlari boʻyicha imkon boʻlsa, yuqorida qayd etilgan choralar, shinalarni ajratish yoki kabellar, simlar ishlar bajariladigan kommutatsiya apparatlaridan yoki qurilmalardan ajratish bilan almashtirilishi mumkin. Sim va kabel uchlarini ajratib olish yoki shinalarni ajratishni taʼmirlovchi xodimlar jumlasidan boʻlgan elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega shaxs ishga quyuvchi rahbarligi ostida bajarishi mumkin. Ish joyi yaqinidagi bexosdan tegib ketish mumkin boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlardan kuchlanish olinishi yoki ular toʻsilgan boʻlishi kerak. 8. Kontaktlarini koʻrish imkoni boʻlmagan (tortib chiqarilmaydigan turdagi avtomatlar, paketli oʻchirgichlar, yopiq ishlangan rubilniklar va boshqalar) 1000 V gacha kuchlanishli kommutatsiya apparatlarining oʻchirilgan holati ularning qisqichlarida yoki chiquvchi shinalarda, simlarda yoxud ushbu kommutatsiya apparatlari yordamida ulanadigan uskunalar qisqichlarida kuchlanish yoʻqligini tekshirish orqali aniqlanadi. 2-§. Plakatlarni osish, ish joyini toʻsish 9. Ish joyini tayyorlash jarayonida kerakli uzishlar amalga oshirilganidan soʻng 1000 V dan yuqori kuchlanishli uzilgan ajratkichlar, boʻlgichlar, yuklama oʻchirgichlarining uzatmalarida, ularni masofadan boshqarish tugmalari va kalitlarida, 1000 V gacha kuchlanishli kommutatsiya apparaturasida (avtomatlar, rubilniklar, oʻchirgichlar) “ULANMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” plakati, ishga ijozat berish uchun uzilgan HL va KLlarda esa “ULANMASIN! LINIYADA ISH BAJARILMOQDA!” plakati osib qoʻyilishi shart. Operativ shtanga bilan boshqariladigan ajratkichlarda plakat toʻsiqlarga, qutbli uzatmali ajratkichlarda esa har bir qutb uzatmasiga osib qoʻyilishi zarur. KTQning yacheykalarida plakatlar mazkur Qoidalarga 10-ilovaning 3-bobi “Komplekt taqsimlash qurilmalariga xizmat koʻrsatish” talablariga muvofiq osib qoʻyiladi. Ajratkichlarning pnevmatik uzatmalarida havo berishni yopadigan klapanlariga “OCHILMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” plakati osib qoʻyiladi. Avtomatlari, oʻchirgichlari yoki rubilniklari boʻlmagan 1000 V gacha kuchlanishli ulanmalarda plakatlar saqlagichlar olib qoʻyilgan va ularni qayta oʻrnatish bilan kuchlanish berish mumkin boʻlgan joyda osib qoʻyilishi kerak. 10. Ishlarni bajarish uchun HL va KLni uzgan avtomatlar, rubilniklar va boshqa ajratkichlarning uzatmalariga, ishlayotgan brigadalar sonidan qatʼi nazar, bitta “ULANMASIN! LINIYADA ISH BAJARILMOQDA” plakati osilishi kerak. Bu plakat ish joyini tayyorlashga, ishga ijozat berishga farmoyish beruvchi va liniyada ishlayotgan brigadalar sonini hisobga oluvchi tezkor xodimning koʻrsatmasi boʻyicha osib qoʻyiladi va yechib olinadi. Elektr qurilmasining liniya ajratkichida va unga taalluqli boʻlgan liniyada bir vaqtda ishlangan taqdirda, “ULANMASIN! TARMOQDA ISH BAJARILMOQDA!” plakatlari sxema boʻyicha unga yaqin joylashgan, ular orqali liniya ajratkichiga kuchlanish berish mumkin boʻlgan ajratkichlarning uzatmalariga osib qoʻyiladi. 11. Ishlarni bajarish vaqtida bexosdan tegib ketish mumkin boʻlgan oʻchirilmagan tok oʻtkazuvchi qismlar toʻsib qoʻyilishi shart. Vaqtincha toʻsiq uchun shchit (pardalar), ekranlar va shunga oʻxshash yogʻochdan yoki boshqa izolyatsiyalovchi materiallardan yasalgan toʻsiqlar qoʻllanishi mumkin. Vaqtinchalik toʻsiqlar bilan tok oʻtkazuvchi qismlargacha masofa 1-jadvalning 2-ustunida koʻrsatilganidan kam boʻlmasligi shart. 6 — 15 kV kuchlanishli elektr qurilmalarida bu masofa zarur boʻlganda 0,35 metrgacha kamaytirilishi mumkin. Vaqtincha toʻsiqlarning zarurligi, ularning turi, oʻrnatish usuli mahalliy sharoitga va ish xususiyatlariga qarab, javobgar rahbar va ish joyini tayyorlashni bajarayotgan shaxs tomonidan aniqlanadi. Toʻsiqlar alohida ehtiyotkorlik bilan javobgar rahbar ishtirokida oʻrnatiladi. Vaqtincha toʻsiqlarga “TOʻXTA! KUCHLANISH!” plakati mahkamlab qoʻyilishi lozim. 12. Konstruksiyasi ularning xavfsiz oʻrnatilishini taʼminlaydigan turgʻun va ishonchli mahkamlanadigan maxsus koʻchma toʻsiqlarni, qafaslar, qiyshaytirib yasalgan shchit va boshqalarni qoʻllashga ruxsat etiladi. 13. 15 kV gacha kuchlanishli elektr qurilmalarida hamda tok oʻtkazuvchi qismlarni shchitlar bilan toʻsib boʻlmaydigan hollarda, uzilgan va kuchlanish ostida turgan tok oʻtkazuvchi qismlar (masalan, uzilgan rubilnikning, ajratkichning kontaktlari) orasiga joylashtiriladigan izolyatsiyalovchi qoplamadan foydalanishga ruxsat etiladi. Bu izolyatsiyalovchi qoplamalar kuchlanish ostidagi tok oʻtkazuvchi qismlarga tegib turishi mumkin. Qoplamalarni kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida V va IV guruhga, 1000 V gacha boʻlgan qurilmalarda IV va III guruhga ega (ulardan biri tezkor, boshqasi taʼmirlovchi xodimlar jumlasidan boʻlishi mumkin) ikki shaxs dielektrik qoʻlqop va izolyatsiyalovchi shtangadan yoki himoya koʻzoynagini qoʻllab, izolyatsiyalovchi qisqichdan foydalanib oʻrnatishi va olib qoʻyishi lozim. 14. Yopiq elektr qurilmalarida yerga ulagich pichoqlar ulanib yoki koʻchma yerga ulagich oʻrnatilganidan soʻng ish joyi bilan qoʻshni va uning roʻparasidagi yacheykalarning toʻrli yoki yaxlit toʻsiqlariga “TOʻXTA! KUCHLANISH!” plakatlari osib qoʻyilishi shart. Bunday toʻsiqlari boʻlmagan ish joyi yaqinidagi yacheykada hamda qoʻshni va roʻparadagi yacheykalarda, shuningdek, xodimlarning kirishlari taqiqlangan yoʻlkalar xuddi shunday plakatlar bilan jihozlangan shchitlar (pardalar) bilan toʻsib qoʻyilishi kerak. Koʻchma shchitlar shunday joylashtirilishi kerakki, bunda xavf paydo boʻlgan taqdirda, ular xodimlarning chiqib ketishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak. 15. OTQda poydevorga va alohida konstruksiyalar ustiga oʻrnatilgan uskunalarda yerdan turib ish bajarilganda, ish joyi (oʻtish uchun yoʻlak qoldirilib) ichkariga qaratib “TOʻXTA! KUCHLANISH!” plakatlari osib qoʻyilgan izolyatsiyali elektr sim yoxud oʻsimlik yoki sintetik toladan ishlangan yoʻgʻon arqon bilan toʻsib qoʻyilishi kerak. Yoʻgʻon arqonni osish uchun ish joyi zonasiga kirmaydigan kontruksiyalardan ular toʻsilgan maydon chegarasidan tashqarida qolishi sharti bilan foydalanishga ruxsat etiladi. Liniya ajratkichlaridan tashqari OTQning barchasidan kuchlanish olinganida, liniya ajratkichlari toʻsilgan maydon tashqarisiga qaratib osib qoʻyilgan “TOʻXTA! KUCHLANISH!” plakatlari osilgan yoʻgʻon arqon bilan toʻsib qoʻyilishi lozim. 16. OTQning kuchlanish bor boʻlgan qoʻshni uchastkalariga oʻtish mumkin boʻlgan joydagi konstruksiyalarning uchastkalariga yaxshi koʻrinadigan “TOʻXTA! KUCHLANISH!” plakatlari oʻrnatilishi kerak. Bu plakatlar elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan tezkor taʼmirlovchi yoki taʼmirlash xodimlaridan boʻlgan shaxs tomonidan ijozat beruvchining rahbarligi ostida oʻrnatilishi mumkin. Koʻtarilish ruxsat etilgan konstruksiyalarga qoʻshni boʻlgan konstruksiyalar pastida “CHIQMA! OʻLDIRADI!” plakati osilishi shart. Koʻtarilish ruxsat etilgan koʻchmas narvonlar va konstruksiyalarga “SHU YERDAN CHIQILSIN!” plakati osib qoʻyilishi kerak. 17. Elektr qurilmalarida HL dan tashqari tayyorlangan barcha ish joylariga yerga ulagich oʻrnatilishi va ish joyi toʻsilishidan keyin “SHU YERDA ISHLANSIN!” plakati osib qoʻyilishi lozim. 18. Ishlash vaqtida xodimlarga toʻsilgan maydonchalar tashqarisiga oʻtish, oʻrnatilgan vaqtincha toʻsiq va plakatlarni olib qoʻyish yoki joyini oʻzgartirish taqiqlanadi. Barcha plakatlar faqat tezkor xodimlarning farmoyishi boʻyicha osib va olib qoʻyiladi. 3-§. Kuchlanish yoʻqligini tekshirish 19. Elektr qurilmalaridagi kuchlanish olinganda bajariladigan barcha turdagi ishlarni boshlashdan oldin ishlanadigan uchastkada kuchlanish yoʻqligini tekshirish zarur. Elektr qurilmasining ishlash uchun uzilgan qismida kuchlanish yoʻqligini tekshirish taqiqlovchi plakatlar osilganligidan keyin ijozat beruvchi tomonidan amalga oshirilishi lozim. 20. Elektr qurilmasida kuchlanishning yoʻqligi foydalanishdan oldin soz holatda ekanligi maxsus asboblar orqali yoki yaqinda joylashgan kuchlanish ostidagi tok oʻtkazuvchi qismlarga yaqinlashtirib aniqlangan, zavodda ishlab chiqarilgan kuchlanish koʻrsatkichi yordamida tekshirilishi kerak. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida kuchlanish koʻrsatkichidan dielektrik qoʻlqoplarda foydalanish zarur. Kuchlanish koʻrsatkichining yaroqli ekanligini ish joyida tekshirib koʻrish uchun yaqin orada avvaldan kuchlanish ostida turgan tok oʻtkazuvchi qismlar yoki boshqa imkoni boʻlmagan taqdirda, uni boshqa elektr qurilmasida avvaldan tekshirib qoʻyishga ruxsat etiladi. Agar bunday yoʻl bilan tekshirib qoʻrilgan kuchlanish koʻrsatkichi tushirib yuborilgan yoki zarbaga (qattiq silkinishga) uchragan boʻlsa, uni qayta tekshirmasdan turib qoʻllash taqiqlanadi. Uzilgan uskunalarda kuchlanish yoʻqligini barcha fazalarda, oʻchirgich va ajratkichda esa oltita kirish qisqichlarining barchasida tekshirish kerak. Agar ish joyidagi elektr zanjirida uzilish boʻlsa, kuchlanish yoʻqligi uzilgan joyning ikkala tarafidagi tok oʻtkazuvchi qismlarda tekshiriladi. Doimiy toʻsiqlar bevosita kuchlanish yoʻqligini tekshirishdan oldin ochilishi yoki olinishi kerak. 21. Kuchlanishi 35 kV va undan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida kuchlanish yoʻqligini tekshirish uchun, shuningdek, izolyatsiyalovchi shtangadan ham foydalanish mumkin, buning uchun uni tok oʻtkazuvchi qismlarga bir necha marta tekkizib koʻrish lozim, bunda chirsillash va uchqun chiqmasligi kuchlanish yoʻqligidan dalolat beradi. Kuchlanishi 220 kV gacha boʻlgan OTQda kuchlanish yoʻqligini kuchlanish koʻrsatkichi yoki shtanga bilan faqat quruq ob-havo sharoitida tekshirishga ruxsat etiladi. Nam ob-havo sharoitida kuchlanish yoʻqligini mavjud sxemani sinchiklab kuzatish orqali tekshirishga ruxsat etiladi. Bunday hollarda chiqib ketayotgan liniyada kuchlanish yoʻqligi tezkor xodim yoki dispetcher tomonidan tasdiqlanadi. Agar sxemani tekshirishda, shinalarda yoki uskunalarda kuchlanish borligini tasdiqlovchi tojlanish yoki liniya ajratkichlarini uzish paytida uning kontaktlari orasida liniyada kuchlanish borligidan darak beruvchi uchqun chiqayotganligi aniqlansa, sxemani qaytadan tekshirib chiqish va liniyaning holati toʻgʻrisidagi mulohazalarni tezkor xodimga yoki dispetcherga yetkazish zarur. Barcha kuchlanishdagi KTP va TKTQda kuchlanish yoʻqligini turli ob-havo sharoitida foydalanishga moʻljallangan maxsus koʻrsatkich boʻlmagan hollarda, nam ob-havo sharoitida mavjud sxema boʻylab sinchiklab kuzatish yoʻli bilan tekshirib koʻrishga ruxsat etiladi. Mavjud sxema boʻylab kuzatish paytida HL va KL kirishlarida kuchlanish yoʻqligi ushbu liniya tezkor boshqaruvi ostida boʻlgan xodimlar tomonidan tasdiqlanadi. HLlarda sxema boʻylab joyida kuzatish uning yoʻnalishini va tashqi belgilarini tekshirishdan, shuningdek, tayanchdagi belgilarni liniyalarning dispetcherlik nomlariga muvofiqligini tekshirishdan iborat. 22. 6 — 20 kV kuchlanishli HLning yogʻoch va temir beton tayanchlarida hamda teleskopik minora ustida ishlanganda, sigʻim toki oqishi prinsipiga asoslangan kuchlanish koʻrsatkichi bilan kuchlanish yoʻqligini tekshirishda uning yetarlicha sezgirligi taʼminlanishi shart. Buning uchun koʻrsatkichning ishchi qismining koʻndalang kesimi 4 mm2 dan kam boʻlmagan sim bilan yerga ulanishi kerak. 23. Simlari turli sathlarda osilgan HLlarda kuchlanish yoʻqligini kuchlanish koʻrsatkichi yoki shtanga bilan tekshirish va yerga ulagichlarni oʻrnatish, eng pastki simdan boshlab, pastdan yuqoriga qaratib amalga oshirilishi lozim. Gorizontal osilgan simlarda esa tekshirishni eng yaqin joylashgan simdan boshlash kerak. 24. 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarida kuchlanish yoʻqligi ham fazalar orasida, ham har bir faza bilan uskunaning yerga ulangan korpusi yoki yerga ulanadigan (nol simi) simi orasida tekshirilishi kerak. Avvaldan tekshirilgan voltmetrni qoʻllashga ruxsat etiladi. Nazorat lampalarini qoʻllash taqiqlanadi. 25. Apparatlar, blokirovka qurilmalari, doimiy ulangan volʼtmetrlar va boshqa moslamalarning oʻchganlik holati haqida signal beruvchi qurilmalar faqat qoʻshimcha vositalar boʻlib hisoblanadi va ularning koʻrsatkichlari yoki harakatlariga asoslanib kuchlanish yoʻqligi haqida xulosa chiqarish mumkin emas. Signal beruvchi qurilmalarning kuchlanish borligini koʻrsatishi ushbu qurilmaga yaqinlashish mumkin emasligidan dalolat beradi. 26. Podstansiyalarning elektr qurilmalarida va TQda kuchlanish yoʻqligini kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr qurilmalarida tezkor yoki tezkor taʼmirlovchi xodimlardan boʻlgan elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga, 1000 V gacha qurilmalarda kamida III guruhga ega bulgan shaxsning yakka oʻzi tekshirishiga ruxsat etiladi. HLlarda kuchlanish yoʻqligini tekshirishni kuchlanishi 1000 V dan yuqori HLda kamida IV va III guruhga, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan HLda — III guruhga ega boʻlgan ikki shaxslar amalga oshirishlari kerak. 4-§. Tok oʻtkazuvchi qismlarni yerga ulash. Umumiy talablar 27. Tok oʻtkazuvchi qismlarni yerga ulash ish joyiga yanglishib kuchlanish berilganda, ishlovchilarni elektr tokidan jarohatlanishdan himoyalash maqsadida bajariladi. 28. Tok oʻtkazuvchi qismlarga yerga ulagichlar bevosita kuchlanish yoʻqligi tekshirilganidan soʻng oʻrnatilishi kerak. Koʻchma yerga ulagichlar avval yerga, undan keyin kuchlanish yoʻqligi tekshiriligandan soʻng tok oʻtkazuvchi qismlarga ulanishi lozim. Koʻchma yerga ulagichlarni olish teskari tartibda: avval tok oʻtkazuvchi qismlardan, soʻngra yerdan ajratib olib amalga oshiriladi. 29. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr qurilmalarida koʻchma yerga ulagichni oʻrnatish va yechib olish operatsiyalari dielektrik qoʻlqopda, izolyatsiyalovchi shtangani qoʻllagan holda bajarilishi kerak. Oʻrnatilgan koʻchma yerga ulagich qisqichlarini mahkamlash shtanga yordamida yoki bevosita qoʻlda dielektrik qoʻlqop kiyib bajarilishi kerak. Yerga ulash uchun bu maqsadlarga moʻljallanmagan simlardan foydalanish, shuningdek, yerga ulagichni burab ulash taqiqlanadi. 5-§. Podstansiyalarning elektr qurilmalarida va taqsimlash qurilmalarida tok oʻtkazuvchi qismlarni yerga ulash 30. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr qurilmalarida ish olib borish uchun uzilgan uchastkaga qaysi tomondan kuchlanish berilishi mumkin boʻlgan barcha fazalarga, qutblarga yerga ulagich oʻrnatilishi shart. Ishlarni bajarish uchun uzilgan yigʻma shinalar bundan mustasno, ularga bitta yerga ulagichni oʻrnatish yetarlidir. TQda ishlanganda, ushbu qurilmani taʼminlovchi liniyaning qarama-qarshi uchlarida yerga ulagichni oʻrnatish talab etilmaydi. Bunda ishlarni bajarish jarayonida yerga ulagichni olib ishlash zarur boʻlgan hollar bundan mustasno. Oʻrnatilgan yerga ulagichlar bevosita ishlar bajarilayotgan tok oʻtkazuvchi qismlardan oʻchirgichlar, ajratkichlar, boʻlgichlar yoki yuklama oʻchirgichlarining oʻchirilishi, saqlagichlarning olib qoʻyilishi, shinalar yoki simlarning demontaj qilinishi bilan ajratilishi mumkin. 31. Bevosita ish joyidagi tok oʻtkazuvchi qismlarda ushbu qismlar tokdan jarohatlanishga olib keladigan ilashgan kuchlanish (potensial) ostida qolishi mumkin boʻlsa yoki ularga begona manbadan (payvandlash apparati, yoritish tarmoqlari va shunga oʻxshash) kuchlanishi 42 V oʻzgaruvchan va 110 V oʻzgarmas tok berilishi ehtimoli boʻlsa, qoʻshimcha yerga ulagichlar oʻrnatilishi lozim. 32. Tok oʻtkazuvchi qismlarga oʻrnatilgan koʻchma yerga ulagichlar koʻzga koʻrinadigan uzilish bilan kuchlanish ostidagi tok oʻtkazuvchi qismlardan ajratib qoʻyilishi lozim. Yerga ulagichlar boʻyoqdan tozalangan joyga oʻrnatilishi kerak. 33. YOTQda koʻchma yerga ulagichlar tok oʻtkazuvchi qismlarning ulash uchun belgilangan joylariga oʻrnatilishi kerak. Bu joylar boʻyoqdan tozalanib, qora qalin chiziq bilan belgilab qoʻyiladi. YOTQ va OTQdagi koʻchma yerga ulagichlarni yerga ulash magistraliga yoki yerga ulangan konstruksiyalarga ulash joylari boʻyoqdan tozalangan va mahkamlash uchun moslashgan boʻlishi lozim. 34. Yerga ulagichni oʻrnatishning imkoni boʻlmasa yoki konstruksiyasiga koʻra oʻrnatish xavfli boʻlgan elektr qurilmalarida (masalan, ayrim taqsimlovchi qutilarda, alohida turdagi KTQda) yanglishib ish joyiga kuchlanish berilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ish joyini tayyorlashda qoʻshimcha xavfsizlik choralari koʻrilishi shart. Ushbu choralarga: oʻchirilgan apparatlar va uzatmalarni qulflab qoʻyish; ajratkichlar, rubilniklar, avtomat va boshqalarning yuqori kontaktlarini yoki pichoqlarini rezinali qalpoq yoki izolyatsiya materialidan yasalgan qattiq toʻshama bilan toʻsish; kommutatsiya apparati bilan ketma-ket ulangan saqlagichlarni olib qoʻyish va boshqalar kiradi. Bu texnik chora-tadbirlar ekspluatatsiyaga oid mahalliy yoʻriqnomada koʻrsatilishi shart. Koʻrsatilgan qoʻshimcha choralarni bajarish imkoni boʻlmagan taqdirda, bevosita ish joyiga TQning, shchitning, yigʻmaning taʼminlovchi liniyaning uchlari tarmoqdan uzilishi shart. Bunday elektr qurilmalarining roʻyxati elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs tomonidan aniqlanadi va tasdiqlanadi. 35. Ushbu qurilmada elektr maydon taʼsirida kuchlanish paydo boʻlmaslik sharti bilan va begona manbadan yoki teskari transformatsiya yoʻli bilan bu qurilmaga kuchlanish berilishi mumkin boʻlgan simlar, kabellar va shinalar barcha tarafdan ajratib qoʻyilgan hollarda, ushbu elektr qurilmalarida ishlarni bajarishda yerga ulagich oʻrnatish talab etilmaydi. Ajratilgan kabellarning uchlari bunday hollarda bir-biri bilan qisqa tutashtirilgan va yerga ulangan boʻlishi shart. 36. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarida TQning, shchitlarning yigʻma shinalarida va ushbu shinalarning yigʻmalarida (izolyatsiya bilan qoplangan simlardan yasalgan shinalardan tashqari) kuchlanish olinib ishlanganda, bu shinalarga yerga ulagich oʻrnatilishi kerak. Ushbu TQ, shchitlar, yigʻmalarning ulanmalariga va ulardan taʼminlanuvchi uskunalarga yerga ulagich oʻrnatish zarurati va imkoni naryad, farmoyish beruvchi shaxs tomonidan belgilanadi (mazkur Qoidalarning 60-bandi). 37. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida: yerga ulovchi pichoqlarni tezkor yoki tezkor-taʼmirlovchi xodimlar jumlasidan boʻlgan kamida IV guruhga ega boʻlgan bitta shaxs yakka oʻzi bajarishiga ruxsat etiladi; koʻchma yerga ulagichlarni oʻrnatish elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV va III guruhga ega boʻlgan tezkor yoki tezkor-taʼmirlovchi xodimlardan boʻlgan ikki shaxs tomonidan bajarilishi kerak. Kamida III guruhga ega boʻlgan ikkinchi shaxs taʼmirlovchi xodimlar jumlasidan boʻlishi va u elektr qurilmasining sxemasi bilan tanishib chiqqan hamda yoʻl-yoʻriq olgan boʻlishi kerak; yerga ulovchi pichoqlarni uzish va koʻchma yerga ulagichni olish tezkor yoki tezkor-taʼmirlovchi xodimlar jumlasidan boʻlgan kamida III guruhga ega bitta shaxs tomonidan bajarilishi mumkin. 38. 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarida yerga ulagichni oʻrnatish va olib tashlash boʻyicha barcha operatsiyalarni tezkor yoki tezkor-taʼmirlash xodimlaridan boʻlgan, elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan bitta shaxs bajarishiga ruxsat etiladi. 39. Agar bajarilayotgan ishning xususiyatiga koʻra talab etilsa (masalan, izolyatsiya qarshiligini oʻlchash va shunga oʻxshash), ish joyini tayyorlash vaqtida oʻrnatilgan yerga ulagichlarni vaqtincha olib turishga ruxsat etiladi. Bunda ish joyi mazkur Qoidalarning talablariga toʻla mos ravishda tayyorlanishi kerak va faqat ishni bajarish vaqtida xalaqit berishi mumkin boʻlgan yerga ulagichlar olib qoʻyiladi. Yerga ulagichlarni vaqtincha olib turish va qayta oʻrnatish tezkor xodim yoki uning kuzatuvi ostida elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan brigada aʼzosi tomonidan bajariladi. Mahalliy tezkor xodimlari boʻlmagan kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida yerga ulagichni vaqtincha olib turish va qayta oʻrnatish ijozat beruvchi shaxs boʻlmagan hollarda javobgar rahbar yoki ish bajaruvchi, yoki uning kuzatuvi ostida kamida III guruhga ega boʻlgan brigada aʼzosi tomonidan bajarilishi mumkin. Naryadni topshirish paytida yerga ulagichni vaqtincha olib turishga ruxsat, uning “Alohida koʻrsatmalar” satrida bu operatsiya qayerda va qaysi maqsadlar uchun talab qilinishi toʻgʻrisida yozib qoʻyiladi. 6-§. Elektr uzatish havo liniyalarini yerga ulash 40. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori HL taqsimlovchi qurilmalarning barcha uzilgan joylarida va seksiyaga ajratadigan kommutatsiya apparatlari oldida yerga ulanishi kerak. Quyidagi hollarda: shoxoblangan 35 kV va undan yuqori kuchlanishli HLning ikkala uchidan yerga ulanishiga va shu podstansiyalarda yerga ulagichlar tarmoqdan uzilgan liniya ajratkichlaridan keyin (podstansiya tomonidan) oʻrnatilishi sharti bilan yerga ulamaslikka ruxsat etiladi; 6 — 20 kV kuchlanishli HLni faqat bitta TQda yoki seksiyaga ajratuvchi bitta apparat oldida yoki bu qurilmaga yaqin joyda yerga ulagich qurilmasi boʻlgan tayanchdagi seksiyaga ajratuvchi apparat oldida yerga ulashga ruxsat etiladi. Ushbu kuchlanishdagi boshqa TQda va havo liniyasi tarmoqdan uzilgan joydagi seksiyalarga ajratuvchi kommutatsiya apparatlari oldida HLga ish joyi bilan TQ oʻrtasida yoki seksiyaga ajratuvchi kommutatsiya apparatlari oraligʻida yerga ulagich oʻrnatish sharti bilan HLni yerga ulamaslikka ruxsat etiladi. Yerga ulagichlar yerga ulash qurilmasi boʻlgan tayanchlarda oʻrnatiladi. 1000 V gacha kuchlanishli HL uchun yerga ulagich faqat ish joyida oʻrnatilishi yetarlidir. 41. HLning alohida fazalarini taʼmirlashda TQda oʻchirilgan faza simini yerga ulash taqiqlanadi. 42. 40-bandda koʻrsatilgan yerga ulagichlarga qoʻshimcha ravishda har bir brigadaning ish joyidagi simlar, zarur boʻlganda esa troslar ham yerga ulanishi kerak. Tarmoqdan uzilgan va yerga ulangan 35 kV va undan yuqori kuchlanishli HLning bir fazasida yoki navbat bilan har bir fazasida ishlanganda, ish joyida faqat ish bajarilayotgan faza simini yerga ulashga ruxsat etiladi. Bunda qolgan yerga ulanmagan fazalarga mazkur Qoidalarga 7-ilovaning 1-jadvali 2-ustunida koʻrsatilgandan kam masofaga yaqinlashish taqiqlanadi. 35 kV va yuqori kuchlanishli HLlardagi boshqa ishlarda, shuningdek, kuchlanishi 35 kV dan past HLlardagi barcha ishlarda hamma fazalarning simlari ish joyida yerga ulanishi kerak. 43. Bir zanjirli HLlarda ish joyidagi yerga ulagichni ish bajarilayotgan tayanchga yoki unga qoʻshni tayanchga oʻrnatish zarur. Yerga ulagichlarni ularning orasidagi masofa 2 km dan oshmasligi sharti bilan brigada ishlayotgan HL uchastkasining ikkala tomonidan oʻrnatishga ruxsat etiladi. 44. Kuchlanish ostidagi boshqa HL bilan kesishgan oraliqdagi HL simlarida ishlar bajarilganda (mazkur Qoidalarning 46-bandi), yerga ulagich ish bajarilayotgan tayanchga oʻrnatilishi lozim. Agar bu oraliqda sim yoki tros almashtirilayotgan yoki yangidan tortilayotgan boʻlsa, almashtirilayotgan sim ham, tros ham, yangidan tortilayotgan sim ham kesishgan joyning ikkala tarafidan yerga ulanishi shart. 45. Tayanchdan izolyatsiyalangan yashin qaytargich troslarida yoki ushbu trossga 1 metrdan kam masofaga yaqinlashish talab etiladigan tayanch konstruksiyalaridagi ishlarni bajarishda tros yerga ulanishi kerak. Yerga ulagich tayanchdan turib tros izolyatsiya qilingan tarafdagi oraliqqa qaratib yoki ushbu oraliqda oʻrnatilishi zarur. Agar ushbu oraliqda muz eritish koʻzda tutilgan boʻlsa, unda ish boshlashdan oldin tros tarmoqdan uzilishi va unga qaysi tomondan kuchlanish berilishi mumkin boʻlsa, shu tomonlardan yerga ulanishi zarur. 46. Ish joyidagi elektr zanjirini uzishdan avval (simlarni, troslarni boʻlaklab olish, seksiyaga ajratuvchi ajratkichni uzish) uziladigan joyning ikkala tomonidan yerga ulagich oʻrnatilishi kerak. 47. Koʻchma yerga ulagichlarni quyidagilarga ulash kerak: metalldan yasalgan tayanchlarda — uning elementlariga; yerga ulash simi bilan jihozlangan temir-beton yoki yogʻoch tayanchlarda yerga ulovchi simlarga, ularning butunligi tekshirilganidan soʻng. Temir-beton tayanchlarda koʻchma yerga ulagichni tayanchning armaturasiga yoki tayanchning armatura bilan bogʻliq boʻlgan metall elementlariga ulashga ruxsat etiladi. Neytrali yerga ulangan 1000 V gacha kuchlanishli elektr tarmoqlarida nol simni qayta yerga ulash bajarilgan hollarda, koʻchma yerga ulagichlarni nol simga ulashga ruxsat etiladi. Koʻchma yerga ulagichlarning yerga ulovchi simlariga yoki konstruksiyaga ulash joylari boʻyoqdan tozalangan boʻlishi lozim. Barcha HLlarda ish joyidagi koʻchma yerga ulagichlarni chuqurligi 0,5 metrdan kam boʻlmagan chuqurlikda yerga kiritilgan maxsus yerga ulagichga yoki mahalliy sharoitlarga qarab boshqa turdagi yerga ulagichlarga ulash mumkin. 48. 1000 V gacha kuchlanishli HLlarda ishlar tayanchlardan yoki izolyatsiyalovchi boʻgʻini boʻlmagan teleskopik minoralardan turib bajarilganda, yerga ulagichlar taʼmirlanayotgan simlar bilan bir qatorda, ushbu tayanchlarga osilgan barcha simlarga, shu jumladan telemexanika va radiotranslyatsiya simlariga ham oʻrnatilishi kerak. 49. HL simlari turli balandliklarda osilgan boʻlsa, yerga ulagich eng pastdagi simdan boshlab, pastdan yuqoriga qarab oʻrnatilishi, gorizontal osilganida esa — eng yaqin turgan simdan boshlab oʻrnatilishi kerak. 50. Ilashgan kuchlanish zonasidan oʻtadigan yoki boshqa zanjirlari kuchlanish ostida turgan koʻp zanjirli liniyaning uzilgan zanjiridagi simlarda (troslarda) tayanchda turib olib boriladigan ishlarda, yerga ulagich ishlar bajarilayotgan har bir tayanchga oʻrnatilishi kerak. Ilashgan kuchlanish zonasi — bu HL oʻqidan 110 kV kuchlanishli HL uchun — 100 metr, 220 kV kuchlanishli HL uchun — 150 metr, 500 kV kuchlanishli HL uchun 200 metr masofada XL boʻylab ikki tarafidan vertikal tekislik bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo fazosidagi 110 kV va undan yuqori kuchlanishli oʻzgaruvchan tok HLning uzunasi boʻyicha zona. 51. Ilashgan kuchlanish zonasida izolyatsiyalovchi boʻgʻini boʻlmagan teleskopik minoradan yoki odamlarni koʻtarish uchun ishlatiladigan boshqa mexanizmlardan turib simlarda (trosslarda) ishlar bajarilganda, ularning ishchi maydonchalari koʻchma yerga ulagich yordamida sim (tross) bilan ulanishi, minora yoki mexanizmning oʻzi esa yerga ulanishi kerak. Bunda sim (tross) yaqin turgan tayanchda yerga ulanishi kerak. 52. HLda koʻchma yerga ulagichlarni oʻrnatish va tayanchlarga oʻrnatilgan yerga ulagich pichoqlarni ulash 1000 V dan yuqori kuchlanishli HLda elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga va 1000 V gacha kuchlanishli HLda kamida III guruhga ega boʻlgan tezkor yoki tezkor-taʼmirlovchi xodimlar jumlasidan boʻlgan shaxslar, ulardan biri ish bajaruvchi, ikkinchisi esa elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega brigada aʼzosi tomonidan bajarilishi kerak. Koʻchma yerga ulagichlarning kamida III guruhga ega boʻlgan ikki shaxs tomonidan yechib olinishiga ruxsat beriladi. Yerga ulagichni oʻrnatishda va yechib olishda bu operatsiyalarni bajaruvchi ikki shaxsdan biri, shu jumladan ish bajaruvchi ham yerda turishi mumkin. Yerga ulagich pichoqlarni uzishni tezkor yoki tezkor-taʼmirlovchi xodimlardan boʻlgan, elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan bitta shaxs amalga oshirishiga ruxsat etiladi. 7-§. Yerga ulagichlarni saqlash va hisobini yuritish 53. Koʻchma yerga ulagichlar komplekti raqamlangan boʻlishi va ular uchun ajratilgan joyda saqlanishi lozim. Koʻchma yerga ulagichlarni ilib qoʻyish yoki taxlab qoʻyish uchun ajratilgan maxsus joylar ularning komplektlarida koʻrsatilgan raqamlarga mos raqamlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. 54. Koʻchma yerga ulagichlarni oʻrnatish va yechib olish, yerga ulagich pichoqlarni ulash va uzish tezkor yoki mnemonik sxemalarda, tezkor jurnalda va naryadda aks ettirilishi shart. Barcha koʻchma yerga ulagichlar ularning turgan joylari koʻrsatilgan holda raqamlari boʻyicha hisobga olinishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.