VM qarori № 712, 38-boʻlim
2-bob. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda asosiy xavfsizlik talablari — 1-§. Tezkor xizmat koʻrsatish va ishlarni bajarish Tezkor xizmat koʻrsatish
Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.
12. Elektr qurilmalariga tezkor xizmat koʻrsatish ushbu elektr qurilmalari yoki elektr qurilmalari guruhi biriktirilgan mahalliy tezkor yoki tezkor taʼmirlovchi xodimlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Doimiy tezkor xodimlarsiz eksplutatsiya qilinadigan elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatuvchi tezkor taʼmirlash xodimlardan boʻlgan shaxslarga mazkur Qoidalar va TEQQga muvofiq elektr qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish, tezkor almashlab ulash, ish joyini tayyorlash va brigadalarga ishga ijozat berishda tezkor xodimning barcha huquq va majburiyatlari beriladi. Tezkor xizmat koʻrsatish turi — smenadagi yoki elektr qurilmasidagi tezkor xodimlardan boʻlgan shaxslarning soni elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs tomonidan korxona maʼmuriyati bilan kelishilgan holda belgilanadi va mahalliy yoʻriqnomalarda koʻrsatib qoʻyiladi. 13. Elektr qurilmalariga tezkor xizmat koʻrsatish uchun ruxsat tezkor sxemalarni, lavozim va eksplutatsiya qilish yoʻriqnomalarini hamda uskunalarning oʻziga xos xususiyatlarini biladigan va ushbu Qoidalarning koʻrsatmalariga muvofiq belgilangan tartibda oʻqitilgan hamda bilimlar sinovidan oʻtgan shaxslarga beriladi. 14. Elektr qurilmalariga biriktirilgan va ularga xizmat koʻrsatuvchi brigada yoki smenadagi katta xodimlar hamda elektr qurilmasiga yakka xizmat koʻrsatuvchi tezkor xodimlardan boʻlgan shaxslar kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan qurilmalarda elektr xavfsizligi boʻyicha IV dan, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan qurilmalarda esa III dan past boʻlmagan guruhga ega boʻlishi shart. 15. Tezkor xodim korxonaning (tashkilotning) yoki uning tarkibiy boʻlinmasining elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan ish jadvali boʻyicha ishlashi kerak. Zarur boʻlganda,ish jadvalini tasdiqlagan shaxsning ruxsati bilan bir navbatchini boshqasiga almashtirish mumkin. Tezkor xodimlardan boʻlgan shaxs navbatchilikka kelib, oʻzidan oldingi navbatchidan smenani qabul qilib olishi, ish tugallanganidan soʻng esa smenani ish jadvaliga muvofiq oʻzidan keyingi navbatchiga topshirishi kerak. Smenani topshirmasdan turib navbatchilikdan ketish taqiqlanadi. Alohida hollarda, tezkor xodimlar jumlasidan boʻlgan yuqori turuvchi shaxsning ruxsati bilan ish joyidan ketish mumkin. 16. Tezkor xodim smenani qabul qilishda quyidagilarga majbur: a) oʻz uchastkasidagi uskunalarning holati va ishlash rejimini sxema boʻyicha yoʻriqnomada belgilangan hajmda shaxsan koʻrikdan oʻtkazish yoʻli bilan tanishib chiqishga; b) navbatchilikni topshirayotgan xodimdan avariya yoki nosozlikning oldini olish maqsadida eʼtibor bilan kuzatish zarur boʻlgan uskunalar, shuningdek, zaxiradagi yoki taʼmirdagi uskunalar haqida maʼlumot olishga; v) asbob-uskunalar, materiallar, xonalarning kalitlari, himoya vositalari, tezkor hujjat va yoʻriqnomalarni tekshirib qabul qilib olishga; g) oʻzining oldingi navbatchiligidan boshlab oʻtgan vaqt ichidagi barcha yozuv va koʻrsatmalar bilan tanishib chiqishga; d) smena qabul qilinganligini jurnalda, qaydnomada yozuv bilan, shuningdek, tezkor sxemada smenani qabul qiluvchi va topshiruvchining imzosibilan rasmiylashtirishga; e) navbatchilikka kirgani va smenani qabul qilish vaqtida koʻrgan nosozlik va kamchiliklar haqida smena boʻyicha katta xodimga maʼlum qilishga. 17. Avariyani bartaraf etish, almashlab ulash yoki uskunani oʻchirish va ulash ishlarini bajarish vaqtida smenani topshirish hamda qabul qilish taqiqlanadi. Avariyani bartaraf etish vaqti uzoq muddatga choʻzilib ketgan taqdirda, smenani topshirish maʼmuriyatning ruxsati bilan amalga oshiriladi. 18. Uskunalar ifloslangan hamda xizmat koʻrsatilayotgan hudud va ish joyi tozalanmagan hollarda smenani topshirish va qabul qilish taqiqlanadi. Uskuna nosoz boʻlganda yoki u normal boʻlmagan rejimda ishlayotgan hollarda, faqat mazkur qurilma uchun javobgar shaxsdan yoki undan yuqori turuvchi shaxsdan ruxsat olib smenani topshirish va qabul qilish mumkin. Bu haqda tezkor jurnalga belgi qoʻyiladi. 19. Tezkor xodim hisoblanadigan shaxs oʻz navbatchiligi davrida unga topshirilgan uchastkadagi barcha uskunalarning avariyasiz ishlashi va ularga toʻgʻri xizmat koʻrsatilishi uchun javobgardir. 20. Tezkor xodimlar hisoblanadigan smena boʻyicha katta xodim yakka oʻzi yoki uchastka, sex, korxona (tashkilot) maʼmuriyati bilan birgalikda energiya tizimi dispetcherining oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan va shartnomada nazarda tutilgan “Yuklamani cheklash va pasaytirish jadvallari” asosida elektr yuklamalarini pasaytirish, elektr energiyasi isteʼmoli sarfini kamaytirish toʻgʻrisidagi talablarini bajarishi shart. Shuningdek, tranzit va taʼminlovchi elektr uzatish liniyalarini almashlab ulash haqidagi va energiya taʼminoti tashkilotida avariya holatlarida alohida liniyalarni oʻchirib qoʻyish toʻgʻrisidagi energiya tizimi dispetcherining talablarini bajarishi shart. 21. Tezkor xodim hisoblanadigan smena boʻyicha katta xodim korxonani taʼminlovchi bir yoki bir necha elektr uzatish liniyasining oʻchishiga olib kelgan avariyalar haqida energiya tizimi dispetcherini zudlik bilan xabardor etishi shart. Energiya tizimi bilan tezkor muloqot olib borish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxatini elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs belgilashi va uni har yili elektr tarmoqlari korxonasining tegishli tezkor xizmatiga taqdim etishi kerak. 22. Elektr uskunasining ishlash rejimi buzilgan, shikastlangan yoki avriya boʻlgan holatlarda tezkor xodim mustaqil ravishda va zudlik bilan oʻz qoʻl ostidagi xodimlar yordamida maʼqul ish rejimini tiklashi hamda bu haqda bevosita smena boʻyicha katta xodimga yoki elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsga xabar berishi shart. Avariyani bartaraf etish paytida tezkor xodim notoʻgʻri harakat qilganda, yuqori turuvchi shaxs tezkor jurnalga yozgan holda,navbatchini ishdan chetlashtirishga qadar aralashishi va avariyani bartaraf etish boʻyicha keyingi ishlar boʻyicha javobgarlik va rahbarlikni oʻz zimmasiga olishi zarur. 23. Tezkor xodim oʻziga biriktirilgan uchastkaning ishlab chiqarish xonalarini va uskunalarini aylanib chiqishi va koʻrikdan oʻtkazishi shart. Quyidagilar elektr qurilmalarini yakka oʻzi koʻrikdan oʻtkazishi mumkin: a) maʼmuriy-texnik xodim hisoblanadigan elektr xavfsizligi boʻyicha V guruhga ega boʻlgan shaxs kuchlanishi 1000 V dan yuqori qurilmalarda va IV guruhga ega boʻlgan shaxs kuchlanishi 1000 V gacha qurilmalarda; b) mazkur elektr qurilmasiga xizmat koʻrsatuvchi tezkor xodim hisoblangan elektr xavfsizligi boʻyicha guruhi III dan past boʻlmagan shaxs. Yakka oʻzi koʻrikdan oʻtkazish huquqi berilgan maʼmuriy-texnik xodimlar hisoblangan shaxslarning roʻyxati elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsning farmoyishi bilan belgilanadi. 24. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan TQni, shchitlarni, shinali oʻtkazgichlarni, yigʻmalarni koʻrikdan oʻtkazishda biron-bir ishlarni bajarish, shu jumladan ogohlantiruvchi plakatlar va toʻsiqlarni olish, ularning ichkarisiga kirish, tok oʻtkazuvchi qismlarga tegish hamda ularni artish yoki tozalash, aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish man etiladi. 25. Ishlab chiqarish elektr uskunalariga (elektr dvigatellari, elektr pechlari va boshqalar) hamda kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan turli texnologik uskunalarning elektrotexnik qismlariga xizmat koʻrsatuvchi tezkor xodimlar hisoblangan shaxslarga koʻrikdan oʻtkazish uchun shchitlar, ishga tushirish qurilmalari va boshqaruv pultlarining eshiklarini yakka oʻzi ochishiga ruxsat beriladi. 26. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarini yakka tartibda koʻrikdan oʻtkazishda: toʻsiqlar orqasiga oʻtish, TQlarning kamerasiga kirish, biron-bir ishlarni bajarish taqiqlanadi. Kameralarni faqat toʻsiq oldidan yoki ostonadan turib koʻrikdan oʻtkazish mumkin. Yopiq taqsimlovchi qurilmalar (keyingi oʻrinlarda — YOTQ) kameralarini zarur boʻlganda, faqat elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga ega boʻlgan xodimga izolyatorning pastki flanetsidan polgacha boʻlgan oʻtish masofasi 2 metrdan kam boʻlmagan hollarda, toʻsilmagan tok oʻtkazuvchi qismlargacha: kuchlanish 10 kV gacha boʻlganda — 2,5 metrdan, kuchlanish 35 kV gacha boʻlganda — 2,75 metrdan va kuchlanish 220 kV gacha boʻlganda — 4,2 metrdan kam boʻlmagan toʻsiq ortiga oʻtib, koʻrikdan oʻtkazishga ruxsat beriladi. Bunday yacheykalar va kameralarning roʻyxati elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsning farmoyishi bilan belgilanadi. Masofa koʻrsatilgandan kam boʻlgan taqdirda, toʻsiq ortiga oʻtish uchun faqat mazkur Qoidalarga 7-ilovadagi 1-jadval talablariga rioya etilgan holda, kamida III guruhga ega boʻlgan ikkinchi shaxs ishtirokida amalga oshirilishiga ruxsat etiladi. 27. Doimiy navbatchi xodimlari boʻlmagan elektr qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish, nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish markazlashtirilgan tartibda obyekt boʻyicha nazoratni va ishlarni amalga oshiruvchi xodimlar tomonidan bajariladi. Uning davriyligi mahalliy sharoitlarga qarab, elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs tomonidan belgilanadi. Koʻrikdan oʻtkazish natijalari tezkor jurnalda qayd etiladi. 28. Mazkur elektr qurilmasiga xizmat koʻrsatmaydigan xodimlar tomonidan qurilmani koʻrikdan oʻtkazishlariga korxona (tashkilot), sex, uchastkani elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsning ruxsati bilan ijozat berishdan oldin jurnalga yozib qoʻygan holda ruxsat etiladi. 29. Elektr qurilmalari xonalarining (shchitlar, yigʻmalar va boshqalar) eshiklari doimo qulflangan boʻlishi kerak. Har bir elektr qurilmalari xonasi uchun kamida 2 toʻplam kalit boʻlishi kerak. Ulardan bittasi zaxira toʻplami boʻlib hisoblanadi. Kalitlar raqamlangan boʻlishi lozim. TQlar xonalarining kalitlari yacheykalarva kameralarning eshiklariga toʻgʻri kelmasligi shart. 30. Kalitlar tezkor xodimlar hisobida turishi zarur. Doimiy tezkor xodimlari boʻlmagan elektr qurilmalarida kalitlar boshqaruv punktida tezkor xodimlar hisoblangan smena boʻyicha katta xodimda boʻlishi kerak. Kalitlar tilxat asosida: a) yakka oʻzi koʻrikdan oʻtkazishga ruxsat berilgan xodimlarga — koʻrikdan oʻtkazish vaqtiga, tezkor taʼmirlovchi, shu jumladan smenada ishtirok etmayotgan shaxslarga — elektr xonalarida ishlarni bajarayotgan vaqtga; b) naryad yoki farmoyish boʻyicha ishlar bajarilganda,javobgar rahbar, ish bajaruvchi yoki kuzatuvchiga ish bajarilayotgan vaqtda berilishi lozim. Kalitlar har kuni ishga ijozat berishni rasmiylashtirish paytida berilishi va ishlar tamomlanganidan soʻng naryad bilan birgalikda qaytarilishi shart. Doimiy tezkor xodimlari boʻlmagan elektr qurilmalarida ish bajarilganda kalitlar ish toʻliq tamomlangan kunning ertasidan kechiktirmay topshirilishi shart. Kalitlarning berilishi va qabul qilib olinishi ixtiyoriy shakldagi jurnalda yoki tezkor jurnalda hisobga olinishi zarur. Jurnal betlari raqamlangan, varaqlari ip bilan tikilib, korxonaning muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. 31. Elektr xonalariga kirish uchun shaxsiy kalitlarga ega boʻlish faqat tezkor xodimlardan hisoblangan shaxsga smenani telefon orqali qabul qiluvchi va topshiruvchiga ruxsat etiladi. Ishlarni bajarish 32. Elektr qurilmalaridagi ishlar xavfsizlik choralariga qarab quyidagilarga boʻlinadi: kuchlanish olinib bajariladigan ishlar; kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan ishlar; kuchlanish olinmasdan, kuchlanish ostida boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlardan uzoqda bajariladigan ishlar. Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida ishlar bir vaqtda bajariladigan boʻlsa, ishlarning toifasi kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalariga nisbatan belgilanadi. 33. Kuchlanish olinib, bajariladigan ishlar jumlasiga elektr qurilmasining (yoki uning qismining) tok oʻtkazuvchi qismidan kuchlanish olinib bajariladigan ishlar kiritiladi. 34. Kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan ishlar jumlasiga bevosita ushbu qismlarda hamda ularning yaqinida bajariladigan ishlar kiradi. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida, hamda kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uzatish havo liniyalarida (keyingi oʻrinlarda — HL) bunday ishlar jumlasiga, tok oʻtkazuvchi qismlardan mazkur Qoidalarga 7-ilovaning 1-jadvalida koʻrsatilgan masofadan kam masofada bajariladigan ishlar kiradi. Kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida ishlarni kamida ikki kishi bajarishi, ulardan biri ish bajaruvchi — elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga, qolganlari — kamida III guruhga ega boʻlishi kerak. 35. Kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan ishlarga ish bajarayotgan odamlar hamda ular ishlatayotgan asbob va taʼmirlash jihozlarini tok oʻtkazuvchi qismlardan mazkur Qoidalarga 7-ilovaning 1-jadvalida koʻrsatilgandan kam masofaga bexosdan yaqinlashish ehtimoli boʻlmagan hamda bunday yaqinlashishning oldini olish uchun tashkiliy yoki texnik tadbirlarni (masalan, uzluksiz nazorat qilish) qoʻllash zarurati boʻlmagan hollardagi ishlar kiradi. 36. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida tok oʻtkazuvchi qismlardan kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan ishlar odamni tok oʻtkazuvchi qismlardan yoki yerdan izolyatsiya qilish uchun himoya vositalaridan foydalangan holda bajarilishi shart. Odamni yerdan izolyatsiyalab bajariladigan ishlar zarur xavfsizlik choralari koʻzda tutilgan maxsus yoʻriqnomalar yoki texnologik kartalarga muvofiq bajarilishi kerak. 37. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarida kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlar va ularning yaqinida bajariladigan ishlarda quyidagilar zarur: bexosdan tegib ketish mumkin boʻlgan, kuchlanish ostida turgan ish joyi yaqinida joylashgan boshqa tok oʻtkazuvchi qismlar toʻsib qoʻyilishi; ishlar dielektrik kalishlarda yoki izolyatsiyalovchi taglikdan turib yoxud dielektrik gilamchada turib bajarilishi; dastaklari izolyatsiyalangan asboblardan foydalanish (bundan tashqari otvertkaning oʻzagi izolyatsiyalangan boʻlishi shart). Bunday asboblar boʻlmagan taqdirda, dielektrik qoʻlqoplardan foydalanish zarur. 38. Kuchlanish olinmasdan, izolyatsiyalovchi himoya vositalari yordamida tok oʻtkazuvchi qismlarda ishlar amalga oshirilganda quyidagilar shart: himoya vositalari dastaklarining izolyatsiyalovchi qismini cheklaydigan xalqasiga qadar ushlash; himoya vositalarining izolyatsiyalovchi qismini shunday joylashtirish kerakki, bunda tok oʻtkazuvchi qismlarning ikki fazasi orasida izolyatsiya yuzasi boʻylab tutashish yoki yerga ulanish xavfi paydo boʻlmasligi; faqat izolyatsiyalovchi qismi quruq va toza boʻlgan, lak bilan qoplangan yuzasi shikastlanmagan hamda oʻz vaqtida sinovdan oʻtgan himoya vositalaridan foydalanish. Himoya vositalarining lak bilan qoplamasi buzilganligi yoki izolyatsiyalovchi qismlarida boshqa nosozliklar hamda oʻz vaqtida sinovdan oʻtkazilmaganligi aniqlangan taqdirda, ulardan foydalanish zudlik bilan toʻxtatilishi kerak. 39. Elektr himoya vositalaridan (izolyatsiyalovchi shtanga va qisqich, elektr oʻlchov qisqichi, kuchlanish koʻrsatkichlari) foydalanib ishlar bajarilganda, odamni tok oʻtkazuvchi qismlarga ushbu vositalarning himoyalovchi qismi uzunligida belgilangan masofagacha yaqinlashishiga ruxsat etiladi. 40. Kuchlanish ostidagi elektr qurilmasining izolyatorlariga elektr himoya vositalarini qoʻllamasdan tegish taqiqlanadi. 41. Elektr qurilmalarida egilib ishlash man etiladi. Agar tik turganda tok oʻtkazuvchi qismlargacha boʻlgan masofa mazkur Qoidalarga 7-ilovaning 1-jadvali 2-ustunida koʻrsatilgandan kam boʻlsa. Toʻsilmagan tok oʻtkazuvchi qismlarning oldida ishlarni bajarishda, ushbu qismlar orqa tomonda yoki ikki yon tarafda boʻlib qoladigan holatda boʻlish taqiqlanadi. 42. Ayrim qismlari toʻsilmagan va bexosdan tegib ketish ehtimoli boʻlgan TQlarga uzun jismlarni (quvur, narvon va boshqalar) olib kirish va ular bilan bajariladigan ishlar ikki shaxs ishtirokida, alohida ehtiyotkorlik bilan ish bajaruvchining doimiy kuzatuvi ostida amalga oshirilishi kerak. Taʼmirlash ishlari uchun qoʻllaniladigan narvon va hovozalar davlat standartlari yoki ular uchun texnik shartlar asosida yasalgan boʻlishi shart. Tekis yuzalarda oʻrnatiladigan narvonning asosi rezina bilan qoplanishi, yerga oʻrnatiladigan narvonning asoslarida esa oʻtkir metall uchlar boʻlishi kerak. Narvonning yuqori uchlari mustahkam tayanchga ishonchli tayanib turishi kerak. Agar narvon simga tayanishi zarur boʻlsa, unda narvon yuqori qismida ilgak bilan taʼminlangan boʻlishi shart. Bogʻlangan narvonlarni qoʻllash taqiqlanadi. Tirama narvonlar kran osti balkalarga, metall konstruksiyalarning elementlariga va boshqalarga oʻrnatilganda, ularning pastki va yuqori qismlari konstruksiyalarga ishonchli mahkamlanishi kerak. Elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatishda, shuningdek, ularni taʼmirlashda metall narvonlarni qoʻllash taqiqlanadi. Narvon bilan bajariladigan ishlarni ikki kishi bajarishi va ularning biri pastda turishi shart. Yashik va boshqa begona narsalar ustida turib ishlash man etiladi. 43. Ochiq taqsimlash qurilmalari (keyingi oʻrinlarda — OTQ) hududida joylashgan elektr uzatish havo liniyasining oxirgi tayanchlarida bajariladigan ishlar mazkur Qoidalarga 10-ilovaning 7-bobi talablariga muvofiq bajarilishi kerak. OTQga kirishdan oldin liniyani taʼmirlovchi xodimlarga tezkor xodimlar hisoblangan elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan shaxs tomonidan yoʻl-yoʻriq berilishi va ish joyiga kuzatib qoʻyilishi lozim. Ish tugatilganidan soʻng yoki tanaffus vaqtida xodimlarni OTQdan ish bajaruvchining kuzatuvi ostida chiqishiga ruxsat etiladi. 44. OTQda va HLning tayanchlari oraligʻidagi kesishish joylarida kuchlanish ostida boʻlgan simlardan pastda joylashgan troslarni, simlarni va ularga tegishli boʻlgan izolyator va armaturalarni almashtirishda, almashtirilayotgan tros, sim ustidan sintetik yoki oʻsimlik tolasidan yasalgan arqon tashlanishi kerak. Arqonlar ikki joydan — kesishgan joyning ikkala tarafidan tashlanib, uchlari konstruksiyalar va langarlarga mahkamlanishi zarur. Simni (trosni) koʻtarish sekin-asta va ravon amalga oshirilishi kerak. Kuchlanish ostida turgan simlardan yuqorida joylashgan simlar, troslar va ularga tegishli boʻlgan izolyatorlar, armaturalardagi ishlarni bajarishga simlarning pastga tushishining oldini olish, hamda ilashgan kuchlanishdan himoyalash choralari koʻzda tutilgan, korxonaning bosh muhandisi tasdiqlagan ishlarni bajarish loyihasi boʻlishi sharti bilangina yoʻl qoʻyilishi mumkin. Bunday ishlarda kesishayotgan simlardan kuchlanishni olmay, simlar va troslarni almashtirish taqiqlanadi. 45. Ilashgan kuchlanish zonasidagi HLdagi ishlar, tayanchdan yerga qadar tushirilgan simga (trosga) tegish bilan bogʻliq boʻlsa, bunday ishlarni elektr himoya vositalarini (shtanga, qoʻlqop) qoʻllab yoki potensiallarni tenglashtirish uchun ushbu sim (tros) oʻtkazgich bilan ulangan metall maydonchadan turib bajarish zarur. Ishlarni yerdan turib, elektr himoya vositalarini va metall maydonchani qoʻllamasdan, simni (trosni) har bir tegish joyining bevosita yaqinida, ammo ishlayotgan odamlardan 3 metrdan uzoq boʻlmagan masofada yerga ulash sharti bilan bajarishga ruxsat etiladi. 46. Momaqaldiroq yaqinlashayotganda HL va OTQda barcha ishlar, YOTQda esa havo liniyalariga bevosita ulangan kommutatsiya apparatlari va ularning kirishlaridagi ishlar toʻxtatilishi shart. Tuman va yomgʻir vaqtida izolyatsiyalovchi himoya vositalarini qoʻllashni talab qiladigan ishlarni bajarish taqiqlanadi. 47. Yerga tutashuv aniqlangan taqdirda, tutashuv joyiga yopiq TQlarda 4 metrdan, ochiq TQlarda 8 metrdan kam masofaga yaqinlashish taqiqlanadi. Ushbu joyga koʻrsatilgan masofadan kamroq masofaga yaqinlashishga,faqat yerga tutashuvni bartaraf etish uchun kommutatsiya apparatida oʻchirish-ulash ishlarini bajarish uchun, shuningdek, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish zarurati boʻlganda ruxsat etiladi. Bunday holatlarda asosiy elektr himoya vositalari bilan birga qoʻshimcha elektr himoya vositalaridan ham foydalanish zarur. 48. Xodimlar elektr qurilmalardan olingan kuchlanish ogohlantirishsiz qayta berilishi mumkinligini har doim yodlarida tutishlari shart. 49. Saqlagichlarni olish va oʻrnatish odatda kuchlanish olinib bajariladi. Saqlagichlarni kuchlanish ostida, ammo yuklamasiz olish va oʻrnatish sxemasida kommutatsiya apparatlari boʻlmagan ulanmalarda amalga oshirilishi mumkin. 1000 V gacha kuchlanishli shchitlar va yigʻmalarda ulanmaning saqlagichlari vertikal boʻyicha, birini ustida boshqasi joylashtirilgan (fazalar vertikal joylashtirilganda) hamda kommutatsiya apparatlari boʻlmagan sxemalarda, saqlagichlarni yuklama ostida olish va oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda koʻzni himoya qilish vositalari oʻrniga yuzni himoya qilish vositalarini qoʻllash tavsiya etiladi. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarida yopiq turdagi saqlagichlarni va kuchlanish transformatorlari saqlagichlarini kuchlanish hamda yuklama ostida olish va oʻrnatishga ruxsat etiladi. 50. Saqlagichlarni kuchlanish ostida olish va oʻrnatishda quyidagilardan: kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida izolyatsiyalovchi qisqich (shtanga), dielektrik qoʻlqop va himoya koʻzoynagidan (niqobdan); kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarida izolyatsiyalovchi ombirlar yoki dielektrik qoʻlqoplar, ochiq eruvchan oʻrnatma boʻlgan taqdirda esa, ularga qoʻshimcha himoya koʻzoynagidan (niqobdan) foydalanish shart.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020
← Oldingi boʻlim
Boʻlim 37. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qaroriga 2-ILOVA. Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi QOIDALARI — 1-bob. Umumiy qoidalar
Keyingi boʻlim →
Boʻlim 39. 2-§. Ishlarning xavfsiz bajarilishini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlar
Qoʻshni boʻlimlar
- 34Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 11-ILOVA. Releli himoya, elektr avtomatika, telemexanika va ikkilamchi zanjirlarni ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
- 35Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 12-ILOVA. Elektr oʻlchash vositalarini ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
- 36Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 13-ILOVA. Yerga ulash qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
- 37Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qaroriga 2-ILOVA. Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi QOIDALARI — 1-bob. Umumiy qoidalar
- 392-§. Ishlarning xavfsiz bajarilishini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlar
- 403-§. Avariyalarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish ishlarini amalga oshirish
- 414-§. Xizmat safaridagi xodimlar bajaradigan ishlar
- 423-bob. Yakunlovchi qoida
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.