VM qarori № 712, 37-boʻlim

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qaroriga 2-ILOVA. Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi QOIDALARI — 1-bob. Umumiy qoidalar

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

1. Ushbu Qoidalar elektr energiyasi isteʼmolchilari (keyingi oʻrinlarda — isteʼmolchilar)elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish jarayonida ishlayotgan xodimlarning xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, ishlab chiqarishdagi xavfli omillar taʼsirining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan. 2. Ushbu Qoidalarda quyidagi tushunchalar va atamalardan foydalanilgan: elektr uzatish havo liniyasi (keyingi oʻrinlarda — HL) — simlari yer ustida izolyator va tayanchlar yordamida koʻtarilib turadigan elektr uzatish liniyasi; elektr xavfsizligi boʻyicha guruh — xodimning elektr qurilmalarida ishlarni xavfsiz bajarish uchun tayyorgarlik saviyasini belgilovchi malaka darajasi. Xavfsizlik texnikasi qoidalari boʻyicha bilimlari hajmi va ish tajribasiga qarab, elektr xavfsizligi boʻyicha guruhlar I, II, III, IV va V guruhlarga boʻlinadi. Xodimlarga malaka guruhini berish uchun qoʻyiladigan talablar mazkur Qoidalarga 1-ilovada belgilab berilgan; kommutatsiya apparati — elektr zanjirining kommutatsiyasi va tok oʻtkazish uchun moʻljallangan elektr apparat (oʻchirgich, yuklama oʻchirgichi, boʻlgich, ajratkich, avtomat, rubilnik, paketli oʻchirgich va boshqalar); mexanik qulf — kalit, olinadigan dastak va boshqalar bilan qulflanadigan qulf; ish joyini tayyorlash — ish joyida ishning xavfsiz oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha texnik tadbirlarni bajarish; ulanma — elektrostansiya, podstansiya va boshqalar chegarasida joylashgan, taqsimlovchi qurilma(keyingi oʻrinlarda — TQ), generator, shchitlar, yigʻmalar shinalariga ulangan, kuchlanishi, nomi va maqsadi bir boʻlgan elektr zanjir (uskuna va shinalar). Bitta kuch transformatorining (choʻlgʻamlar sonidan qatʼiy nazar), ikki tezlikli bitta elektrodvigatelning har xil kuchlanishli elektr zanjirlari bitta ulanma hisoblanadi. Koʻp burchakli, bir yarim va boshqa burchakli sxemalarda liniyani, transformatorni TQga bevosita ulaydigan barcha kommutatsion apparatlar va shinalar ushbu liniya yoki transformator ulanmasiga tegishli; ish joyi — xodimlar ishlarni bajarishi uchun ijozat beriladigan elektr qurilmasining qismi; tok uzatuvchi qism — normal holatda kuchlanish ostida boʻladigan elektr qurilmasining qismi; tok oʻtkazmaydigan qism — elektr qurilmasining ishniavariya rejimlarida kuchlanish ostida boʻlishi mumkin boʻlgan qismi, masalan, elektr mashina korpusi; elektr qurilmasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish yoki energiyani boshqa turga aylantirish, uzatish, taqsimlash yoki isteʼmol qilish uchun moʻljallangan oʻzaro bogʻlangan uskunalar va inshootlar majmuasi; ishlab turgan elektr qurilmasi — kuchlanish ostida boʻlgan yoki kommutatsion apparatlarni ulash bilan kuchlanish berilishi mumkin boʻlgan elektr qurilmasi yoki uning qismi. 3. Mazkur Qoidalarning talablari — mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼiy nazar, barcha elektr energiyasi isteʼmolchilari (axolidan tashqari), shuningdek, isteʼmolchilar elektr qurilmalarida taʼmirlash, qurilish-montaj, sozlash va sinash ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi. Ulardan chetga chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi. Har bir xodim, agar Qoidalarning talablari buzilishini oʻzi bartaraf qilish chorasini koʻra olmasa, darhol oʻzining bevosita rahbariga, agar u boʻlmasa, yuqori turuvchi rahbarlarga aniqlangan, inson hayoti uchun xavfli boʻlgan barcha Qoidalar buzilishlari, shuningdek, uskunalarning va ish jarayonida ishlatilayotgan mashina, mexanizmlar, asbob-uskunalar hamda himoya vositalarining nosozligi haqida xabar berishi shart. Maʼmuriy-texnik xodimlar mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda, ishlarning xavfsizligini oshiruvchi qoʻshimcha chora-tadbirlarni koʻzda tutishlari lozim. Ushbu chora-tadbirlar mazkur Qoidalarga zid boʻlmasligi kerak. 4. Mazkur Qoidalar isteʼmolchilarning ishlab turgan elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qiluvchi, ularda tezkor almashlab ulash ishlarini amalga oshiruvchi, taʼmirlash, montaj, sozlash yoki sinash ishlarini bajaruvchi va tashkil etuvchi xodimlarga taalluqlidir. 5. Ishlab turgan elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish, ularda tezkor almashlab-ulashni oʻtkazish, taʼmirlash, montaj qilish yoki sozlash ishlari va sinovlarni tashkil etish hamda bajarish mazkur Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli guruhga ega boʻlgan, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan elektrotexnik xodimlar tomonidan amalga oshiriladi. Har bir korxonada mazkur Qoidalar elektrotexnik xodimlar tomonidan bajarilishi uchun javobgarlik oʻrnatilgan tartibda ushbu korxona rahbariyati yoki yuqori tashkiloti tomonidan tasdiqlangan lavozim yoʻriqnomalari va nizomlari bilan belgilab beriladi. 6. Har bir xodimning bilimlar sinovi Energetika ishlab chiqarish korxonalarida xodimlar bilan ishlash toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda oʻtkaziladi va rasmiylashtiriladi. Bilimlar sinovining natijalari mazkur Qoidalarga 3-ilovada oʻrnatilgan shakldagi jurnalga kiritiladi. Bilimlar sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan har bir xodimga bilimlar sinovidan oʻtganligi, elektr xavfsizligi boʻyicha (II — V) guruh berilganligi haqida mazkur Qoidalarga 4-ilovada oʻrnatilgan shakldagi guvohnoma beriladi. Guvohnoma u yoki bu elektr qurilmalari tezkor, taʼmirlovchi, tezkor taʼmirlovchi huquqiga ega boʻlgan maʼmuriy-texnik xodim sifatida; tezkor, taʼmirlovchi, tezkortaʼmirlovchi, shuningdek, elektr xavfsizligi boʻyicha II va undan yuqori guruhga ega boʻlgan elektrotexnik xodim sifatida xizmat koʻrsatish huquqini beradi. Agar bilimlar sinovidan oʻtayotgan xodim bir vaqtning oʻzida maxsus ishlarni bajarish boʻyicha bilim sinovidan ham oʻtgan boʻlsa, bu haqida bilim sinovidan oʻtish jurnalida hamda guvohnomaning “ Maxsus ishlarni olib borish huquqi” ustunida yozib qoʻyiladi. Elektr qurilmalarini nazarot qiluvchi xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandislar, elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs oʻtadigan komissiyada elektr xavfsizligi boʻyicha IV guruh hajmida bilimlar sinovidan oʻtishlari kerak. Bunda ularga ushbu korxonani elektr qurilmalarini nazorat qilish huquqini beruvchi, mazkur Qoidalarga 5-ilovada oʻrnatilgan shakldagi guvohnoma beriladi. Ushbu Qoidalar, Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari (keyingi oʻrinlarda — TEQQ) va yoʻriqnomalar boʻyicha bilimlar sinovidan oʻtmagan xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandislarga elektrotexnik xodimlarga hech qanday koʻrsatma berishga ruxsat etilmaydi. 7. Noelektrotexnik xodimlarga elektr xavfsizligi boʻyicha I guruh xizmat koʻrsatilayotgan qurilmada xavfsiz ishlash usullari boʻyicha har yillik bilim sinovidan oʻtgandan soʻng korxona, tashkilot, sex va uchastkaning elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs tomonidan yoki uning yozma koʻrsatmasi boʻyicha elektr xavfsizligi boʻyicha III guruhdan past boʻlmagan shaxs tomonidan beriladi. I guruhni berilganligi mazkur Qoidalarga 2-ilovada oʻrnatilgan shakldagi maxsus jurnalda tekshiruvchi va tekshiriluvchining imzolari bilan rasmiylashtiriladi. Ish jarayonida I guruh xodimlari xar yilgi bilim sinovidan tashqari, belgilangan tartibda davriy yoʻriqlaroladi. 8. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qiluvchi elektrotexnik xodimlarga qoʻyiladigan umumiy talablar TEQQda bayon etilgan. 9. Mazkur Qoidalarga muvofiq qoʻllaniladigan himoya vositalari amaldagi Elektr qurilmalarida foydalaniladigan himoya vositalarini qoʻllash va sinash qoidalari talablarini qanoatlantirishi lozim. 10. Odamlar bilan baxtsiz hodisalar roʻy berganda, jarohatlanganni elektr toki taʼsiridan qutqarish uchun oldindan ruxsat olmasdan turib, darhol kuchlanishni olishni amalga oshirish zarur. 11. Mazkur Qoidalarning talablariga zid boʻlgan farmoyish va topshiriqlarni bajarish man etiladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.