VM qarori № 712, 39-boʻlim

2-§. Ishlarning xavfsiz bajarilishini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlar

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

51. Elektr qurilmalaridagi ishlarning xavfsizligini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlarga quyidagilar kiradi: a) ishlarni naryad-ijozat (keyingi oʻrinlarda matnda naryad deb yuritiladi), farmoyish yoki joriy ekspluatatsiya tartibida bajariladigan ishlar roʻyxati orqali rasmiylashtirish; b) ishga ijozat berish; v) ish jarayonida nazorat olib borish; g) ishdagi tanaffusni, boshqa ish joyiga oʻtkazishni, ish tugatilganligini rasmiylashtirish. Naryad, farmoyish va joriy ekspluatatsiya 52. Elektr qurilmalarida bajariladigan ishlar naryad, farmoyish va joriy ekspluatatsiya tartibida bajariladi. 53. Naryad — bu belgilangan shakldagi maxsus blankada rasmiylashtirilgan hamda ish mazmuni va joyini, uni boshlash va tamomlash vaqtini, xavfsiz bajarilish shartlarini, brigada tarkibini, xavfsiz bajarilishi uchun javobgar shaxslarni va boshqalarni belgilab beruvchi topshiriqdir. Naryad shakli mazkur Qoidalarga 6-ilovada keltirilgan. 54. Naryad boʻyicha elektr qurilmalarida quyidagi ishlar bajarilishi mumkin: a) kuchlanish olinib; b) kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida; v) kuchlanish olinmasdan, kuchlanish ostida boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlardan uzoqda bajariladigan ishlar. 55. Farmoyish — bu ishning mazmunini, joyini, vaqtini, xavfsizlik choralarini (agar zarur boʻlsa) va uning bajarilishi topshirilgan shaxslarni belgilovchi topshiriq. Farmoyish bevosita yoki keyinchalik tezkor jurnalga yozish sharti bilan aloqa vositalari yordamida berilishi mumkin. Farmoyish bir martalik xususiyatga ega va ijrochilarning ish vaqti bilan chegaralanadi. 56. Joriy ekspluatatsiya — bu tezkor (tezkor taʼmirlovchi) xodimlar tomonidan ularga biriktirilgan uchastkalarda mustaqil ravishda bir smena davomida mazkur Qoidalarning 123-bandida keltirilgan ishlarning bajarilishi. Ishlar xavfsizligi uchun javobgar shaxslar, ularning majburiyati va huquqlari 57. Ishlarning xavfsizligi uchun quyidagi shaxslar javobgardir: a) naryad va farmoyish beruvchi; b) ijozat beruvchi — tezkor xodimlar jumlasidan boʻlgan javobgar shaxs; v) ishning javobgar rahbari (keyingi oʻrinlarda — javobgar rahbar); g) ish bajaruvchi; d) kuzatuvchi; e) brigada aʼzolari. 58. Naryad, farmoyishni beruvchi shaxs ish hajmini va uning bajarilishi zarurligini belgilaydi. Uni xavfsiz bajarilishi mumkinligiga javob beradi va javobgar rahbar, ish bajaruvchi yoki kuzatuvchining, shuningdek, brigada aʼzolarining yetarli malakaga ega ekanligi uchun javob beradi. Naryad beruvchi shaxs mazkur Qoidalarda koʻzda tutilgan holatlarda naryadning “Alohida koʻrsatmalar” satrining mazmunini aniqlab berishga majbur. Naryad va farmoyishlar berish huquqi korxonaning (tashkilotning) elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsning farmoyishi bilan vakolatlangan, elektrotexnik xodimlar hisoblangan, bunga tayinlangan shaxslarga beriladi. Koʻrsatilgan shaxslar kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida elektr xavfsizligi boʻyicha kamida V guruhga, kuchlanishi 1000 Vgacha boʻlgan elektr qurilmalarida esa kamida IV guruhga ega boʻlishlari shart. Roʻyxati korxonaning elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsi tomonidan belgilangan bir qator ishlarni bajarish uchun farmoyish berish huquqi, shuningdek, tezkor xodimlar hisoblangan IV dan past boʻlmagan guruhga ega shaxslarga ham beriladi. 59. Ijozat beruvchi — tezkor xodimlar hisoblangan javobgar shaxs quyidagilar uchun javobgardir: a) ishga ijozat berish va ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan xavfsizlik choralarining toʻgʻri bajarilishi, ularni yetarli darajada va ish joyiga hamda uning xususiyatlariga muvofiqligi uchun; b) jurnallarda yoki naryadlarda rasmiylashtirilgan holda ishga ijozat berishni, ish tamomlanganidan keyin ish joyini qabul qilib olishning toʻgʻriligi uchun. Mazkur naryad, farmoyish boʻyicha ishlarni xavfsiz bajarish yoki ish joyini tayyorlash boʻyicha naryadda koʻrsatilgan choralarning yetarli ekanligi va toʻgʻriligiga shubha tugʻilgan paytda bunday tayyorgarlik toʻxtatilishi lozim. Ijozat beruvchi kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida ishlarni bajarishda elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlganda kamida III guruhga ega boʻlishi kerak. 60. Javobgar rahbar ijozat beruvchidan ish joyini qabul qilib olayotib hamda ishga qoʻyayotib ijozat beruvchi bilan bir qatorda ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan xavfsizlik choralarini yetarli darajada koʻrilgani va ish joyini toʻgʻri tayyorlangani, shu jumladan naryadning “Alohida koʻrsatmalar” ustunida koʻrsatilgan choralarning yetarli ekanligi uchun javobgardir. Javobgar rahbarning javobgar rahbar va ish bajaruvchi vazifalarini oʻrindoshlik bilan bajarishidan tashqari hollarda, naryad boʻyicha bajariladigan ishlarda bevosita ishtirok etishi taqiqlanadi. Javobgar rahbar etib elektr xavfsizligi boʻyicha kamida V guruhga ega boʻlgan elektr texnik xodim hisoblangan shaxs tayinlanadi. 61. Javobgar rahbarni tayinlash zarurati naryad beruvchi tomonidan ishning hajmi, sharoiti va murakkabligiga qarab belgilanadi. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarida ishlar naryad boʻyicha bajarilganida, javobgar rahbarni tayinlash talab qilinmaydi. 62. Ish bajaruvchi ijozat beruvchidan ish joyini qabul qilayotganda uni toʻgʻri tayyorlanganligi va ishni bajarish uchun zarur boʻlgan xavfsizlik choralari bajarilganligi uchun javob beradi. Ish bajaruvchi ish bajarish jarayonida rioya qilinishi zarur boʻlgan xavfsizlik choralari toʻgʻrisida brigadaga yoʻl-yoʻriq berishga va ularning brigada aʼzolari tomonidan bajarilishini taʼminlashga majburdir. Ish bajaruvchining oʻzi mazkur Qoidalarga rioya qiladi va oʻzining brigada aʼzolari tomonidan ularga rioya qilinishi uchun javobgar. U asbob-uskuna, takelaj va boshqa taʼmirlash jihozlari ishga yaroqli holatda ekanligini kuzatib turadi. Ish bajaruvchi, shuningdek, ish joyiga oʻrnatilgan toʻsiq, plakatlar, yerga ulagichlarning olinmasligini va oʻrni almashtirilmasligini kuzatib turishi shart. Ish bajaruvchi kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida naryad boʻyicha ish bajarilganda, elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarida esa kamida III guruhga ega boʻlishi kerak. Ish bajaruvchi farmoyish boʻyicha bajariladigan barcha elektr qurilmalaridagi ishlarda kamida III guruhga ega boʻlishi kerak. Mazkur Qoidalarning 119-bandi “b” kichik bandi va 10-ilovaning 61-bandida keltirilgan ishlar bundan istisno. 63. Kuzatuvchi, quruvchi ishchi brigadalari, turli ishchilar, takelaj ishini bajaruvchilar va elektrotexnik xodimlarga mansub boʻlmagan boshqa shaxslar elektr qurilmalarida naryad yoki farmoyish boʻyicha ishlashganida ular ustidan nazorat oʻrnatish uchun tayinlanadi. Korxonaning elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsi tomonidan oʻta xavfli deb topilgan elektr qurilmalarida ishlar bajarilganda, bunday sharoitlardagi elektrotexnik xodimlar ustidan, shu jumladan xizmat safaridagi xodimlar ustidan kuzatuvchi tayinlanadi. Kuzatuvchi ish joyida oʻrnatilgan yerga ulagichlar, toʻsiqlar, plakatlar, qulflash qurilmalarining mavjudligini nazorat qiladi va elektr qurilmasining elektr toki bilan jarohatlanishdan brigada aʼzolarining xavfsizligini taʼminlash uchun javob beradi. Ish texnologiyasi bilan bogʻliq boʻlgan xavfsizlik uchun brigadaga boshchilik qilayotgan shaxs javobgardir. U, albatta, uning tarkibiga kiritilgan va doimo ish joyida boʻlishi shart. Kuzatuvchining ish paytida brigadani nazoratsiz qoldirishi va nazoratni boshqa ishlar bilan oʻrindoshlik asosida amalga oshirishi hamda brigadani nazoratsiz qoldirishi taqiqlanadi. Kuzatuvchi etib kamida III guruhga ega boʻlgan shaxs tayinlanadi. 64. Naryad va farmoyishlar boʻyicha bajariladigan ishlarda javobgar rahbarlar va ish bajaruvchilar hamda kuzatuvchilar etib tayinlanishi mumkin boʻlgan shaxslarning roʻyxati elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsning farmoyishi bilan belgilanadi. 65. Brigadaning har bir aʼzosi ishlarni bajarishda mazkur Qoidalarga va ishga quyilayotganda va ish jarayonida olgan yoʻriq koʻrsatmalariga hamda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mahalliy yoʻriqnoma talablariga rioya etishi shart. 66. Korxona rahbariyatining yozma farmoyishi (buyrugʻi) bilan uning xodimlariga: naryad, farmoyish beruvchi; javobgar rahbar, ijozat beruvchi (tezkor taʼmirlovchi xodimlar hisoblangan; kuzatuvchi, shuningdek, elektr qurilmasi yakka oʻzi koʻrikdan oʻtkazish huquqini berilishi rasmiylashtirilishi lozim. 67. Bir shaxsga oʻrindoshlik yoʻli bilan quyidagi ikki shaxs vazifalarini bajarishga ruxsat beriladi: a) naryad beruvchi; b) javobgar rahbar; v) ish bajaruvchi; Ushbu shaxsning elektr xavfsizligi boʻyicha guruhi oʻrindoshlik vazifasi talab etadigan guruhdan kam boʻlmasligi kerak. Doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlari boʻlmagan, kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida ishlar naryad asosida bajarilganida, tezkor-taʼmirlash xodimlar jumlasidan boʻlgan shaxslarga javobgar rahbar va ishga quyuvchi vazifalarini oʻrindoshlik asosida bajarishlariga ruxsat etiladi. Kuchlanishi 1000Vgacha boʻlgan elektr qurilmalarida ish bajaruvchi bilan ishga quyuvchi shaxs vazifalarini yoki ijozat beruvchi bilan brigada aʼzosi vazifalarini oʻrindoshlik asosida bajarishga ruxsat beriladi. 68. HLda ish joyini tayyorlashda faqat kuchlanish borligini tekshirish va koʻchma yerga ulagichni kommutatsiya apparatlaridan foydalanmasdan oʻrnatish zarur boʻlgan hollarda,javobgar rahbar yoki taʼmirlash brigadasi tarkibidan tayinlangan ish bajaruvchi, oʻrindoshlik asosida ijozat beruvchi vazifalarini bajarishi mumkin. Naryad berish va rasmiylashtirish tartibi 69. Ishlash uchun naryad ikki nusxada yoziladi. Ikkala nusxasini ham aniq va tushunarli yozilishiga rioya etilganda, u koʻchirgich qogʻoz (kopirka) qoʻyilib toʻldiriladi. Yozilgan yozuvni oʻchirish yoki tuzatishga yoʻl qoʻyilmaydi. 70. Naryadni naryad beruvchi shaxs tomonidan javobgar rahbarga yoki ushbu obyektning tezkor xodimidan hisoblangan katta xodimga telefon orqali berilishiga ruxsat etiladi. Bunda naryad uch nusxada toʻldiriladi: bir nusxasini naryad beruvchi shaxs toʻldiradi, ikkita nusxani esa telefon orqali qabul qilayotgan shaxs toʻldiradi. Elektr qurilmalarida ishlar doimiy tezkor xodimlari boʻlmagan va tezkor yoki tezkor taʼmirlovchi xodim hisoblangan shaxs tomonidan ijozat beruvchi va javobgar rahbar vazifasini oʻrindoshlik asosida bajarganda naryad ikki nusxada yoziladi. Ulardan biri ish bajaruvchiga beriladi, ikkinchisi esa naryad beruvchi shaxsda qoladi. Naryad telefon orqali berilganda, naryad beruvchi shaxs uning matnini (telefonogramma shaklida) aytib yozdiradi. Matnni qabul qilayotgan shaxs esa naryad blankasini toʻldirib, qayta tekshirib koʻradi. Bunda naryad beruvchi shaxsning imzosi oʻrniga uning familiyasi koʻrsatiladi va matnni qabul qilayotgan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanadi. Telefon orqali qabul qilingan naryad asosidagi ishga ijozat berish umumiy tartibda amalga oshiriladi. 71. Naryad bitta brigadali bitta ish bajaruvchiga (kuzatuvchiga) yoziladi. Ish bajaruvchining qoʻliga faqat bitta naryad beriladi. Bitta brigada tomonidan kuchlanishni olmasdan bir nechta ulanmalarda, bir yoki xar hil TQlarda, podstansiyaning har xil xonalarida bajariladigan bir xil turdagi ishlarga navbat bilan ketma-ket bajarish uchun bitta umumiy naryad berilishi mumkin. Bir ish joyidan boshqa ish joyiga oʻtishni faqat bir TQdan boshqasiga, TQning bir qavatidan boshqa qavatiga oʻtilgan taqdirda, rasmiylashtirish talab qilinadi. 72. Bitta javobgar rahbarga bir paytda beriladigan naryadlar soni har bir alohida holatda naryad beruvchi shaxs tomonidan belgilanadi. Naryad tezkor xodimga bevosita ish joyini tayyorlash oldidan beriladi. Naryadni ish bajaruvchiga ishni boshlash arafasida berishga ruxsat etilmaydi. 73. Barcha tok oʻtkazuvchi qismlardan, shu jumladan, HL va kabel liniyalarining (keyingi oʻrinlarda — KL) ning chiqishlaridan kuchlanish olingan va qoʻshni elektr qurilmalariga kirish yopiq (1000 V gacha boʻlgan yigʻma va shchitlar kuchlanish ostida qolishi mumkin) boʻlsa, elektr qurilmasining barcha ulanmalarida bir vaqtning oʻzida ishlash uchun bitta naryad berilishiga ruxsat etiladi. 74. Ish joyi kengaytirilgan yoki ish joylarining soni oʻzgargan taqdirda, yangi naryad berilishi lozim. 75. Brigada tarkibini naryad beruvchi shaxs belgilaydi. 76. Brigada aʼzolarining soni va malakasi boʻyicha tarkibi hamda ish bajaruvchining (kuzatuvchi)malakasi, ish bajaruvchining (kuzatuvchi)brigada aʼzolari ustidan yetarlicha nazoratni taʼminlash imkonidan kelib chiqib, ishlarni bajarish sharoitini hisobga olgan holda belgilanadi. 77. Naryad muddatini naryad beruvchi yoki ushbu elektr qurilmasida ishlashga naryad berish huquqiga ega boʻlgan boshqa xizmatchi uzaytirishi mumkin. Naryad muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ruxsatnomani ijozat beruvchiga, javobgar rahbarga yoki ish bajaruvchiga telefon, radio yoki kuryer orqali berilishi mumkin. Bunday hollarda ushbu xodim oʻz imzosi bilan naryad muddatini uzaytirgan xizmatchining ismi va familiyasini yozib koʻrsatadi. 78. Naryadlar boʻyicha ishlar bajarib tugatilgandan soʻng ular 30 kun davomida saqlanishi kerak, keyin esa ularni saqlash talab etilmaydi. Agar naryad boʻyicha ishlarni bajarishda avariya yoki elektrdan jarohatlanish sodir boʻlgan boʻlsa, bu naryadlar korxonaning arxivida saqlanishi shart. 79. Naryad boʻyicha ish bajarilganda brigada kamida ikki kishidan — ish bajaruvchi va brigada aʼzosidan iborat boʻlishi kerak. Ish bajaruvchi rahbarlik qiladigan brigada tarkibiga elektr xavfsizligi boʻyicha III guruhga ega boʻlgan har bir brigada aʼzosiga I guruhga ega boʻlgan bitta elektrotexnik yoki elektrotexnologik xodim kiritilishi mumkin. Ammo brigadadagi I guruhga ega boʻlgan xodimlarning umumiy soni ikki kishidan oshmasligi kerak. 80. Navbatchilik vaqtida tezkor xodimlar yuqori turuvchi shaxsning ruxsati va tezkor jurnalga yozish sharti bilan naryadga kiritilmasdan, taʼmirlash brigadasida ishlash uchun jalb etilishi mumkin. Brigadani naryad boʻyicha ishga quyish 81. Ishga ijozat berishdan oldin javobgar rahbar va ish bajaruvchi ijozat beruvchi bilan birgalikda ish joyini tayyorlash boʻyicha texnik chora-tadbirlar bajarilganligini tekshirishlari kerak. Ish joyining tayyorligini tekshirgandan va brigadaga yoʻriq berishdan keyin javobgar rahbar naryad varagʻining orqa tarafidagi imzo chekishga moʻljallangan satrga (faqat birinchi marta ijozat berishda) imzo qoʻyishi kerak. Javobgar rahbar tayinlanmagan hollarda, ish joyi tayyorligini ish bajaruvchi tekshiradi va naryadga imzo chekadi. Naryadda koʻzda tutilgan ish joylarini tayyorlash chora-tadbirlarini oʻzgartirish taqiqlanadi. 82. Texnik chora-tadbirlarning bajarilganligi tekshirilganidan soʻng brigadani ishga qoʻyishga ijozat beriladi. Bunda ijozat beruvchi quyidagi ishlarni bajarishi shart: a) brigada tarkibini va unga kiritilgan shaxslar malakalarining naryaddagi yozuvga muvofiqligini tekshiradi. Agar ijozat beruvchi naryadga kiritilgan brigada tarkibidagi shaxslarning familiyalarini va ularning elektr xavfsizligi boʻyicha guruhlarini bilmasa, ularni shaxsiy guvohnomalari orqali tekshirishi kerak; b) naryad boʻyicha javobgar rahbarning, ish bajaruvchining, brigada aʼzolarining familiyalarini va topshirilgan ish mazmunini oʻqib chiqishi; kuchlanish qaysi joylardan olinganini, yerga ulagichlar qayerda oʻrnatilganini, taʼmirlanayotgan qurilma va qoʻshni ulanmalarning qaysi qismlari kuchlanish ostida qolganini va ishlarni bajarish jarayonida qanday alohida shartlarga rioya etish zarurligini brigadaga tushuntirishi; brigadaga ish joyining chegarasini koʻrsatib berishi; u tomondan barcha bayon etilganlar brigada tomonidan tushunilganiga ishonch hosil qilishi shart; v) kuchlanishi 35 kV dan yuqori boʻlgan qurilmalarda oʻrnatilgan yerga ulagichlarni koʻrsatib berishi, kuchlanishi 35 kV va undan past boʻlgan qurilmalarda, agar oʻrnatilgan yerga ulagichlar ish joyidan koʻrinmaydigan hollarda shtanga yoki kuchlanish koʻrsatkichi orqali kuchlanish yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, tok oʻtkazuvchi qismlarga qoʻl tegizib kuchlanish yoʻqligini brigadaga isbotlab berishi kerak. Bevosita ish joyi yaqinida oʻrnatilgan yerga ulagich boʻlgan hollarda tok oʻtkazuvchi qismlarga qoʻl tegizib koʻrish talab etilmaydi; g) naryadni har ikkala blankasida sana va vaqtni koʻrsatgan, shuningdek, uning “Kundalik ishga ijozat berish va ishni tugashi” jadvalida ish bajaruvchi va ijozat beruvchining imzolari bilan rasmiylashtirgan holda ish joyini ish bajaruvchiga topshiradi. Naryadlar boʻyicha ishga ijozat berish bevosita ish joyida amalga oshirilishi shart. 83. Ishga ijozat berish amalga oshirilgan naryadning bir nusxasi ish bajaruvchida, ikkinchisi ishlar bajarilayotgan vaqtda tezkor xodim hisoblangan ijozat beruvchida turishi kerak. Ishdagi tanaffusda, ishdan ketishda va shunga oʻxshash hollarda naryad amaldagi naryadlar jildida saqlanishi kerak. Brigadaning ishga ijozat berilgan va ishlar tugallangan vaqti naryadning tartib raqami va ishlar mazmuni koʻrsatilishi bilan tezkor jurnalga kiritib qoʻyiladi. 84. Agar naryadni olayotganida ish bajaruvchi yoki tezkor xodimda biron-bir shubha tugʻilsa, ular javobgar rahbardan yoki naryad beruvchi shaxsdan tushuntirib berishni talab qilishi kerak. 85. Tezkor xodim, ish bajaruvchi va javobgar rahbarga maʼlum qilmasdan, qurilma sxemasiga xavfsizlik texnikasi borasida ishlarni bajarish shartlari bilan bogʻliq boʻlgan oʻzgartirishlarni kiritish huquqiga ega emas, Mazkur Qoidalarning 95-bandidagi holat bundan mustasno. 86. Doimiy tezkor xodimi boʻlmagan podstansiya va taqsimlash qurilmalarida naryad boʻyicha ishlar uchun ish joyi birinchi kunda tezkor chiqish yoki tezkor taʼmirlovchi xodimlar tomonidan tayyorlanadi va ular brigadani ishlashi uchun odatdagi tartibda ishga qoʻyadi. Keyingi kunlarda ushbu naryadlar boʻyicha ikkinchi bor ishga ijozat berish huquqi javobgar rahbarlarga, ular boʻlmagan taqdirda ish bajaruvchilarga beriladi. Ish jarayonida nazorat olib borish, brigada tarkibini oʻzgartirish 87. Brigada ishiga ijozat berilgan paytdan boshlab, xavfsizlik texnikasi talablari buzilishining oldini olish maqsadida uning ustidan nazorat olib borish ish bajaruvchi yoki kuzatuvchi zimmasiga yuklanadi. Ish bajaruvchi va kuzatuvchi oʻz ishini shunday tashkil etishi kerakki, brigadaning hamma aʼzolari ustidan nazorat qila olishi va imkoni boricha xavfli ishlar bajarilayotgan ish joyida boʻlishi kerak. Kuzatuvchiga nazorat bilan birga boshqa bir ishni oʻrindoshlik asosida bajarish taqiqlanadi. Ish bajaruvchi va brigada aʼzolari naryad boʻyicha koʻzda tutilgan ish joyi maydonidan tashqaridagi boshqa brigada oʻz ishini tamomlashi yoki elektr qurilmasini ulash sxemasi oʻzgarishi oqibatida uning naryadda koʻzda tutilgan ish joyidan tashqarida boʻlgan qismlari xohlagan paytda kuchlanish ostida boʻlib qolishi mumkinligini yodda saqlashlari kerak va shuning uchun ularga yaqinlashish taqiqlanadi. Ish bajaruvchining ruxsati bilan brigada aʼzolaridan biri yoki bir nechtasini qisqa muddatga tashqariga chiqishiga ijozat beriladi. Ish joyida qoladigan brigada aʼzolari soni ish bajaruvchini qoʻshib hisoblaganda ikki kishidan kam boʻlmasligi shart. Qaytib kelgan brigada aʼzolari faqat ish bajaruvchining ruxsati bilan ishga kirishishlari mumkin. Chiqib ketgan brigada aʼzolari qaytib kelishiga qadar ish bajaruvchi (kuzatuvchi) ish joyidan chiqib ketish huquqiga ega emas. III guruhli brigada aʼzolari ish joyidan yakka oʻzlari chiqishi va qaytishlari, I — II guruhli brigada aʼzolari esa faqat III guruhli brigada aʼzosi kuzatuvida chiqishi va qaytishlari mumkin. 88. Yopiq yoki ochiq TQlar ichida ish bajaruvchining yakka oʻzi yoki brigada aʼzolarini ish bajaruvchisiz qolishlariga ruxsat etilmaydi, quyidagi holatlar bundan mustasno: a) brigada aʼzolaridan elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhli bir yoki bir nechta xodim ishlarni bajarish sharoitlari boʻyicha (masalan, uzatmalari boshqa xonaga chiqarilgan oʻchirgich yoki ajratkichlarni rostlash, ikkilamchi zanjirlarni tekshirish, taʼmirlash yoki montaj qilish, kabellarni oʻtkazish, uskunalarni sinash, himoyani tekshirish va shunga oʻxshashlar) bir ulanmaning turli ish joylarida, turli xonalarida boʻlishlari zarur boʻlgan taqdirda. Bunda, ish bajaruvchi alohida turgan brigada aʼzolarini ish joylariga olib borib qoʻyishi va ularga xavfsizlik texnikasi boʻyicha zarur koʻrsatmalar berishi shart; b) bir brigada tomonidan ishlar turli ulanmalarda bajarilgan hollarda (shinalarning differensial himoyasini tekshirish, ajratkich bilan blokirovkalangan oʻchirgichlar zanjirini tekshirish, zaxirani avtomatik ulash (keyingi oʻrinlarda — ZAU) qurilmasini sozlash va rostlash va boshqalar). Bunday ishlarga, ularni bir vaqtning oʻzida turli ulanmalarda bajarishga bitta naryad yoki ishlarning xususiyatiga qarab, umumiy tartibda rasmiylashtirilgan holda bir ulanmadan boshqa ulanmaga oʻtishga naryad berilishi mumkin. Kuchlanish olingan TQlarda brigada tarkibidan bittasi ish joyida qolishi va ishni davom ettirishi mumkin. 89. Ish bajaruvchi (kuzatuvchi) qisqa muddatga ish joyidan ketishi zarur boʻlganda, agar bu vaqtga javobgar rahbar yoki ushbu naryadni bergan shaxs yoki tezkor xodim hisoblangan shaxs uni almashtira olmasa, u brigadani taqsimlash qurilmasidan chiqarishi va oʻzi chiqqanidan soʻng eshiklarni qulflashi, naryadda tanaffus rasmiylashtirishi zarur. Agar ish bajaruvchi oʻrnida javobgar rahbar yoki naryad bergan shaxs qolsa, ish bajaruvchi oʻzining ish joyidan ketish vaqtida naryadni unga qoldirishi zarur. 90. Javobgar rahbar va tezkor xodimlar vaqti-vaqti bilan ishlayotganlar tomonidan xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilayotganligini tekshirib turishlari zarur. Xavfsizlik texnikasi qoidalarining buzilishi yoki ishlayotganlar xavfsizligiga xavf soladigan boshqa holatlar aniqlangan taqdirda, naryad ish bajaruvchidan olib qoʻyiladi va brigada ish joyidan chiqarib yuboriladi. Aniqlangan buzilishlar va kamchiliklar bartaraf etilgandan soʻng tezkor xodim tomonidan umumiy tartibda ishga ijozat berish rasmiylashtirilib, brigada javobgar rahbar ishtirokida ishlashiga ruxsat berilishi mumkin. 91. Brigada tarkibidagi oʻzgarishlar naryad bergan shaxs, u boʻlmagan taqdirda esa, ushbu elektr qurilmasi boʻyicha naryad berish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan naryadda rasmiylashtirishi zarur. Ushbu oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar zarur boʻlgan taqdirda telefon orqali berilishi mumkin. Ishdagi tanaffuslarni rasmiylashtirish 92. Ish kuni davomida ishdagi tanaffusda (ishlarni bajarish shartlari boʻyicha tushlikka chiqqanda) brigada TQdan chiqarilishi kerak. Naryad ish bajaruvchining (kuzatuvchi) qoʻlida qolishi kerak. Plakatlar, toʻsiqlar va yerga ulagichlar oʻz joyida qoldiriladi. Tanaffusdan keyin ish bajaruvchi yoki kuzatuvchi yoʻqligida, brigada aʼzolaridan hech biri TQga kirishga haqli emas. Bunday tanaffusdan soʻng tezkor xodim tomonidan brigadani ishlashiga ijozat berilmaydi. Ish bajaruvchining (kuzatuvchi) oʻzi brigadaga ish joyini koʻrsatib beradi. 93. Naryad ish bajaruvchi tomonidan ishni toʻliq tamomlanganligi toʻgʻrisidagi belgi bilan qaytarib berilishiga qadar, tezkor xodim taʼmirlashga chiqarilgan elektr qurilmasini ulash yoki sxemaga ishlarni bajarish shartlariga taʼsir koʻrsatadigan oʻzgartirishlarni kiritish huquqiga ega emas. Tezkor xodimlar avariya holatlarida, zarur boʻlganda, quyidagi shartlarga rioya etgan holda brigada yoʻqligida, naryad qaytarilishiga qadar qurilmani tarmoqqa ulashi mumkin: a) vaqtincha toʻsiqlar, yerga ulagichlar va plakatlar olib qoʻyilishi, doimiy toʻsiqlar oʻz oʻrniga oʻrnatilishi, “SHU YERDA ISHLANSIN!” plakati “TOʻXTA! KUCHLANISH!” plakati bilan almashtirilishi shart; b) ish bajaruvchining qaytib kelishi va u naryadni qaytarishiga qadar ishni bajarish joylariga brigada aʼzolarini va ish bajaruvchini qurilma ulangani va ishlarni tiklab boʻlmasligi haqida ogohlantirish uchun xabar beruvchi odamlar qoʻyilishi shart. 94. Ishlar toʻliq tugatilishiga qadar elektr uskunalarini ishchi kuchlanishida sinab koʻrish uchun ulash quyidagi shartlar bajarilganidan soʻng amalga oshirilishi mumkin: a) brigada TQdan chiqarilishi, ish bajaruvchidan naryad olib qoʻyilishi va naryadning “Kundalik ishga ijozat berish va ishni tugashi” jadvalida (3-jadval) tanaffus rasmiylashtirilishi shart; b) vaqtincha toʻsiqlar, yerga ulagichlar va plakatlar olib qoʻyilishi, doimiy toʻsiqlar esa oʻz oʻrniga oʻrnatilishi zarur. Koʻrsatilgan ishlar tezkor xodimlar tomonidan bajarilishi kerak. Sinab koʻrilgandan soʻng ish joyini tayyorlash va brigadani ishlashiga ijozat berish umumiy tartibda,javobgar rahbar ishtirokida amalga oshiriladi va bu naryadning “Kundalik ishga ijozat berish va ishni tugashi” jadvalida (3-jadval) ish bajaruvchining imzosi qoʻyiladigan ustunda uning imzosi bilan rasmiylashtiriladi. Agar javobgar rahbar tayinlanmagan boʻlsa, ishga ijozat berish ish bajaruvchi ishtirokida amalga oshiriladi. 95. Ish kunining oxirida ish joyi tartibga keltirilishi, plakatlar, yerga ulagichlar va toʻsiqlar joyida qoldirilishi kerak. Har kungi ish tamomlanishi naryadning “Kundalik ishga ijozat berish va ishni tugashi” jadvalida (3-jadval) ish bajaruvchining imzosi bilan rasmiylashtiriladi. Doimiy tezkor xodimlari boʻlgan elektr qurilmalarida har kuni ish tamomlanganidan soʻng naryad ularga topshirilishi kerak. Doimiy tezkor xodimlari boʻlmagan elektr qurilmalarida ish tamomlanganidan soʻng naryad amaldagi naryadlar jildida qoldirilishi kerak. 96. Keyingi kuni toʻxtatib qoʻyilgan ishlarga, ish joyi ijozat beruvchi yoki javobgar rahbar va ish bajaruvchi tomonidan koʻrikdan oʻtkazilganidan hamda xavfsizlik choralarining bajarilganligi tekshirilganidan soʻng kirishish mumkin. Javobgar rahbarning qayta ishga ijozat berishda ishtiroki shart emas. 97. Keyingi kuni ishga ijozat berish naryadning “Kundalik ishga ijozat berish va ishni tugashi” jadvalida (3-jadval) ijozat beruvchining yoki javobgar rahbarning va ish bajaruvchining imzolari bilan ishni boshlash sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda rasmiylashtiriladi. Brigadani yangi ish joyiga koʻchirish 98. Quyidagi shartlarga rioya etilgan boʻlsa, bir ulanmaning bir nechta ish joylarida ishlar bitta naryad boʻyicha bajarilishi mumkin: a) ushbu ulanmaning barcha ish joylari tezkor xodimlar tomonidan tayyorlangan hamda ish bajaruvchi va javobgar rahbar tomonidan ish boshlanishiga qadar qabul qilingan boʻlsa; b) ish bajaruvchi brigada bilan birga ulanma ish joylaridan biriga ishga qoʻyilgan boʻlsa; v) doimiy tezkor xodimlari boʻlgan elektr qurilmalarida brigadani boshqa ish joyiga oʻtkazish ijozat beruvchi tomonidan amalga oshirilsa; g) doimiy tezkor xodimlari boʻlmagan elektr qurilmalarida ijozat beruvchi boʻlmagan holda, brigadani boshqa ish joyiga oʻtkazish javobgar rahbar tomonidan amalga oshirilsa; d) brigadani yangi ish joyiga oʻtkazish naryadning “Kundalik ishga ijozat berish va uning tugashi” jadvalida (3-jadval) rasmiylashtirilsa va oʻtkazish javobgar rahbar tomonidan amalga oshirilsa, u jadvalda ijozat beruvchining oʻrniga imzo qoʻysa. 99. Kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda ishlar bajarilganda boshqa ish joyiga ishga ijozat berishni rasmiylashtirish faqat brigada bir kuchlanish ostidagi OTQdan boshqa kuchlanish ostidagi OTQga yoki YOTQning bir xonasidan boshqasiga koʻchirilganida talab etiladi. Ishni tugatish, ish joyini topshirish va qabul qilib olish. Naryadni yopish va uskunalarni tarmoqqa ulash 100. Ish toʻliq tugallanganidan soʻng ish joyi tartibga keltiriladi va javobgar rahbar tomonidan qabul qilib olinadi. Ish bajaruvchi brigadani ish joyidan chiqarganidan soʻng ish tugallangani haqida naryadga imzo chekadi va uni tezkor xodimga topshiradi yoki u boʻlmagan taqdirda amaldagi naryadlar jildida qoldiradi. Agar javobgar rahbar tayinlanmagan boʻlsa, ish bajaruvchi naryadni tezkor xodimlarga topshiradi. 101. Naryadning yopilishi tezkor jurnalda tegishli yozuv bilan rasmiylashtiriladi. Naryad faqat tezkor xodimlar tomonidan ish joyi va qurilma koʻrikdan oʻtkazilib, begona jismlar, asbob-uskunalar, odamlar yoʻqligi tekshirilgandan va tegishli tozalik taʼminlangandan keyingina yopilishi mumkin. Bir ulanmada bir nechta brigada ish bajarganda, bir brigadaning ishi tugallanganini naryadda “Yerga ulagichlar _______-son naryad boʻyicha bajarilayotgan ishlar uchun qoldirildi” deb koʻrsatib, naryadni toʻliq yopish mumkin. 102. Naryadni yopish, quyidagi ketma-ketlikdagi ishlar bajarilgandan: a) vaqtincha toʻsiqlar olib tashlangan va “Shu yerda ishlansin!”, “Shu yerdan chiqilsin!” plakatlari olinganidan; b) amaldagi hisobga olish tartibiga muvofiq tekshirgan holda yerga ulagichlar olingandan, mazkur Qoidalarning 103-bandida koʻrsatilgan holat bundan istisno; v) doimiy toʻsiqlar oʻz oʻrniga oʻrnatilganidan va ish boshlanishidan avval osilgan plakatlar olib qoʻyilgandan keyin amalga oshiriladi. Taʼmirlangan uskunalar izolyatsiyasini bevosita ulashdan oldin tekshirishni, agar bunga zarurat boʻlgan boʻlsa, vaqtincha toʻsiqlar va ogohlantiruvchi plakatlar olinishidan avval, koʻchma yerga ulagichlar olingan zahotiyoq amalga oshiriladi. Uskuna naryad yopilgandan keyin ulanishi mumkin. Agar oʻchirilgan ulanmada ishlar bir nechta naryad boʻyicha amalga oshirilgan boʻlsa, u faqat barcha naryadlar yopilgandan keyingina ishga tushirilishi mumkin. 103. Naryadning amal qilish muddati 5 sutkagacha belgilanadi, mazkur Qoidalarga 8-ilovaning 7-bandida koʻrsatilgan ishlar bundan istisno. Ishdagi tanaffuslarda, agar bu vaqt ichida sxemalar tiklanmagan va ishni bajarish sharoitlari oʻzgarishsiz qolgan boʻlsa, naryad amalda hisoblanadi. Naryad uzaytirilgan kundan boshlab 5 kalendar kunidan oshmagan muddatga bir marta uzaytirilishi mumkin. 104. Naryadlarning toʻgʻri rasmiylashtirilishi ustidan nazorat uni beruvchi shaxslar va rahbar elektrotexnik xodimlar hisoblangan shaxslar tomonidan, davriy ravishda tanlov asosida tekshiruv yoʻli bilan amalga oshiriladi. Ishlarni farmoyish boʻyicha va joriy ekspluatatsiya tartibida bajarish 105. Elektr qurilmalarida naryadsiz bajariladigan barcha ishlar: a) buning uchun vakolatli shaxslarning (mazkur Qoidalarning 60-bandi) farmoyishi boʻyicha tezkor jurnalda rasmiylashtirgan holda; b) joriy ekspluatatsiya tartibida,keyinchalik tezkor jurnalga yozgan holda bajariladi. 106. Ishni takrorlash yoki davom ettirish zarurati boʻlsa, uning shart-sharoitlari yoki brigada tarkibi oʻzgargan taqdirda, farmoyish tezkor jurnalda rasmiylashtirilgan holda yangidan berilishi lozim. 107. Farmoyish boʻyicha quyidagi ishlar bajarilishi mumkin: a) kuchlanish olinmasdan, kuchlanish ostida boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlardan uzoqda bajariladigan davomiyligi bir smenadan ortiq boʻlmagan ishlar; b) ishlab chiqarish zaruratidan kelib chiqqan holda, davomiyligi 1 soatgacha boʻlgan ishlar; v) kuchlanishi 1000 Vgacha boʻlgan elektr qurilmalarida kuchlanish olingan holda, davomiyligi bir smenadan ortiq boʻlmagan ishlar. 108. Farmoyish boʻyicha bajariladigan ishlar xavfsizligini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlar naryad boʻyicha bajariladigan ishlar xavfsizligini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlar (mazkur Qoidalarning 53-bandi) bilan bir xil. Farmoyish boʻyicha bajarilishi koʻzda tutilgan ishlar naryad beruvchi shaxsning ixtiyoriga koʻra naryad boʻyicha bajarilishi mumkin. 109. Farmoyish beruvchi shaxs ish bajaruvchini (kuzatuvchini) tayinlaydi. Ishlarni xavfsiz bajarish imkonini aniqlaydi hamda buning uchun kerakli texnik va tashkiliy chora-tadbirlarni koʻrsatib beradi. 110. Farmoyish uni beruvchi shaxs yoki uning bevosita yoki aloqa vositasi orqali bergan koʻrsatmasi boʻyicha tezkor xodim tomonidan tezkor jurnalga yoziladi. Tezkor xodimning oʻzi bergan farmoyish ham tezkor jurnalga yoziladi. Tezkor jurnalda farmoyish kim tomonidan berilganligi, ish joyi va mazmuni, xavfsizlik choralariga koʻra ish bajarilishining toifasi, tashkiliy va texnik chora-tadbirlar roʻyxati, ishni bajarish vaqti, ish bajaruvchi (kuzatuvchi) va brigada aʼzolarining familiyalari, ismi, otasining ismi, elektr xavfsizligi boʻyicha guruhlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Farmoyish boʻyicha ishlash jarayonida ushbu ishlarni bajarayotgan brigada tarkibini oʻzgartirish taqiqlanadi. 111. Tezkor xodim ish bajaruvchiga farmoyishni maʼlum qiladi, ishning bajarilishiga tayyorligi tasdiqlanganidan soʻng ish joyini tayyorlashga kirishadi (agar u talab etilsa) va tezkor jurnalga ishlarning xavfsiz amalga oshirilishini taʼminlash uchun bajarilgan barcha texnik chora-tadbirlarni yozib qoʻyadi. 112. Ish bajaruvchi ishni boshlashdan avval ish joyini qabul qilib oladi va ishning boshlanish vaqtini koʻrsatgan holda, farmoyishni ijroga qabul qilganligi toʻgʻrisida tezkor jurnalga imzo qoʻyadi. 113. Farmoyish boʻyicha bir smena davomida kuchlanish olinmasdan, kuchlanish ostida boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlardan uzoqda bajariladigan ishlarga quyidagilar kiradi: a) xizmat xonalari va yoʻlaklarni, YOTQlarni doimiy toʻsiqlargacha, boshqaruv shchiti xonalarini, shu jumladan rele, oʻlchov va boshqa turli apparaturalar joylashgan panellar ortini tozalash; b) OTQ hududini obodonlashtirish va tozalash, oʻt oʻrish, yoʻl va yoʻlkalarni qordan tozalash, avtomashnalarni OTQ hududidan oʻtkazish, yuklarni tashish, tushirish, ortish va boshqalar; v) kameralar va yacheykalardan tashqarida joylashgan yoritish apparaturasini (yoritish tarmogʻining ishlar bajarilayotgan uchastkasidan kuchlanishni olgan holda) taʼmirlash va lampalarni almashtirish; telefon aloqasi apparaturasini taʼmirlash; elektr dvigatellarning choʻtkalarini holatiga qarab turish va ularni almashtirish, elektr mashinalarining kollektor va halqalari holatiga qarab turish, toʻsiqlar va jihozlar qobigʻidagi yozuvlarni yangilash va hokazolar; g) YOTQ binosining qurilish qismini va OTQ hududida joylashgan binolarni taʼmirlash, poydevor va portallarni, kabel kanallari bostirmasini, yoʻllar va devorlarni va shunga oʻxshashlarni taʼmirlash; d) ulash sxemasidan vaqtincha chiqarilgan transformator va boshqa uskunalarning quritilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, sxemadan chiqarilgan uskunalardagi moyni tozalash va quritishda moy tozalovchi hamda boshqa yordamchi apparaturaga xizmat koʻrsatish; e) havo qurituvchi filtrlarni tekshirish va ulardagi sorbentlarni almashtirish. 114. Mazkur Qoidalarning 115-bandda koʻrsatilgan ishlar elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega boʻlgan elektrotexnik xodim hisoblangan shaxs yakka oʻzi tomonidan bajarilishi mumkin. Mazkur Qoidalarning 115-bandi: “a” kichik bandi boʻyicha ishlarni elektrotexnik xodimlardan boʻlgan I guruhga ega boʻlgan shaxslar; “a” , “b” kichik bandlar boʻyicha ishlarni joriy ekspluatatsiya tartibida tezkor xodimlar; “g” kichik bandi boʻyicha ishlarni tezkor xodimlar yoki elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega maxsus ajratilgan kuzatuvchining kuzatuvi ostida elektrotexnik boʻlmagan xodimlar tomonidan bajarilishiga ruxsat etiladi. 115. Farmoyish boʻyicha bajariladigan ishlarga, shuningdek, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalaridagi oʻlchov asboblari, elektr energiyasini hisobga olish asboblari, aloqa, telemexanika, avtomatika, releli himoya qurilmalarini montaj qilish, tekshirish, rostlash, taʼmirlashga yechib olish va oʻrnatish ishlari, kommutatsiya apparatlarning uzatmalarida, ikkilamchi zanjirlarida hamda masofadan va avtomatik boshqaruv sxemalarining elektr uzatmalari zanjirida bajariladigan quyidagi: a) kuchlanishi 1000 V dan yuqori tok oʻtkazuvchi qismlari boʻlmagan xonalardagi; b) kuchlanishi 1000 V dan yuqori tok oʻtkazuvchi qismlari doimiy yaxlit yoki toʻrli toʻsiqlar orqasida joylashgan xonalardagi, shuningdek, komplekt taqsimlash qurilmalari (keyingi oʻrinlarda — KTQ) va komplekt transformator podstansiyalarning (keyingi oʻrinlarda — KTP) nazorat va oʻlchov asboblari oʻrnatilgan boʻlinmalaridagi; v) 1000 Vdan yuqori kuchlanishli toʻsilmagan tok oʻtkazuvchi qismlar 35 kV va ungacha boʻlgan kuchlanishda oʻtish joyidan 2,75 metrdan kam boʻlmagan balandlikda, 110 kV kuchlanishda — 3,5 metrdan kam boʻlmagan balandlikda joylashganida, YOTQni boshqarish yoʻlaklaridagi; g) OTQning toʻrli toʻsiq tashqarisiga chiqarilgan releli himoya shkaflaridagi, agregat shkaflari va oʻchirgichlar uzatmalaridagi ishlar kiradi. Bunda kuchlanish zanjirini oʻchirib qoʻyish va tok zanjirlarini shuntlash imkonini beruvchi maxsus qisqichlar yoki sinov bloklari bilan jihozlanmagan oʻlchov transformatorlari orqali ulangan elektr oʻlchov asboblari va elektr energiyasini hisobga olish asboblari zanjirlaridagi ishlar naryad boʻyicha bajariladi. 116. Mazkur Qoidalarning 117-bandida koʻrsatilgan ishlar elektr xavfsizligi boʻyicha IV guruhga ega boʻlgan tezkor xodimning yakka oʻzi tomonidan yoki taʼmirlash xodimlari yoki ixtisoslashtirilgan xizmatlarning xodimlari hisoblangan kamida ikki shaxs tomonidan bajarilishi lozim. Ulardan bittasi elektr xavfsizligi boʻyicha IV dan past boʻlmagan guruhga, ikkinchisi esa elektr xavfsizligi boʻyicha III dan past boʻlmagan guruhga ega boʻlishi kerak. 117. Ishlab chiqarish zaruratiga koʻra, davomiyligi 1 soatgacha boʻlgan rejadan tashqari quyidagi ishlarni tezkor (tezkor taʼmirlovchi) xodimlarga yoki ularning kuzatuvi ostida boshqa elektrotexnik xodimlarga farmoyish boʻyicha bajarishga ruxsat etiladi: a) kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida kuchlanish olinib, yerga ulagichlar oʻrnatib bajariladigan ishlar. Bunday ishlarga alohida turgan elektr dvigatelga kabelni ulash va yechib olish, saqlagichlarni almashtirish, kuch transformatorining shoxobchalarini qayta ulash, uskunalar va shinalarning ayrim kontaktlarini tozalash va tortib mahkamlash, moy toʻldirilgan kirishlarga moy quyish va ulardagi sizib chiqishni bartaraf etish, alohida apparatlarga moy quyish ishlari kiradi. Bu ishlar elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega tezkor xodimlar jumlasidan boʻlgan kuzatuvchini qoʻshib hisoblanganda,kamida ikki kishi tomonidan bajariladi. Ishga ijozat berishda, bunday ishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan, TQda ish joyini toʻsishdan tashqari barcha texnik tadbirlar bajarilishi shart, Bunda TQda ish joyini toʻsishni mazkur Qoidalarga 9-ilovaning 15-bandi talablaridan chekingan holda bajarmasa ham boʻladi; b) kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan, yerga ulagich oʻrnatilishini talab qilmaydigan ishlar. Bunday ishlarga: uskunalarning gʻilofida bajariladigan ishlar, gʻilof armaturasini tozalash va mayda taʼmirlash, transformatorlarning kengaytirgichlaridagi moy sathini koʻrsatuvchi oynalarni va kuchlanish ostida boʻlmagan oʻchirgich baklari va shunga oʻxshashlarni tozalash va mayda taʼmirlash, moyni tozalash va quritish uchun apparaturani ulash, elektr oʻlchov qisqichlari bilan oʻlchashlar, saqlagichlarni almashtirish, shtanga bilan kontaktlar qizishini tekshirish, shinalarning titrayotgan joylarini shtanga bilan aniqlash, fazalashtirish, izolyatorlarni va ulovchi qismalarda shtanga yordamida bir marta nazorat operatsiyasini bajarish, kuchlanishi 1000 V dan yuqori HLga oʻrnatilgan yuqori chastotali kanallarning ulama filtrlarini tekshirishdagi oʻlchashlar, agar uskunalarning tuzilishi bu ishlarni xavfsiz bajarish imkonini beradigan boʻlsa, ularga moy quyish va tekshirish uchun moy olish va shunga oʻxshash ishlar kiradi. Bu ishlarni elektr xavfsizligi boʻyicha kamida IV guruhga ega boʻlgan tezkor xodim hisoblangan shaxsni qoʻshib hisoblaganda, kamida ikki kishi bajarishi shart. Bunda tezkor xodim ishlovchilar ustidan uzluksiz nazoratni amalga oshiradi. Ikkinchi shaxs kamida III guruhga ega boʻlishi mumkin. 118. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalaridan kuchlanish olinib, bir smena davomida farmoyish boʻyicha bajariladigan ishlarga: magnitli ishga tushirgichlar, ishga tushirish tugmalari, avtomatik oʻchirgichlar, rubilniklar, reostatlar, kontaktorlar hamda shchit va yigʻilmalardan tashqarida oʻrnatilgan shularga oʻxshash kommutatsiya apparatlarini taʼmirlash; alohida turgan elektr qabul qilgichlarni (elektr dvigatellarni, elektr kaloriferlarni va shunga oʻxshash), alohida joylashgan magnit stansiyalar va boshqaruv bloklarini taʼmirlash; saqlagichlarni almashtirish; yoritish simlarini taʼmirlash ishlari, elektr taʼminoti bir tomonlama boʻlgan elektr qurilmalarda bajariladigan ishlar kiradi. Koʻrsatilgan ishlarni, odatda taʼmirlash xodimlaridan ikki kishi bajarishi, ulardan biri elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga, ikkinchisi kamida II guruhga ega boʻlishi lozim. Alohida hollarda farmoyish beruvchining roziligi bilan taʼmirlovchi xodimlardan III guruhga ega boʻlgan bitta shaxsga ushbu ishlarni bajarishga ruxsat etiladi. Ushbu bandda koʻrsatilgan ishlar tezkor taʼmirlovchi xodimlar tomonidan joriy ekspluatatsiya tartibida amalga oshiriladi. 119. Ish bajaruvchi (kuzatuvchi) farmoyish boʻyicha ishlarni bajarish uchun ruxsat olgan vaqtdan boshlab, brigada tarkibiga kiruvchi shaxslar tomonidan xavfsizlik texnikasi qoidalarining rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi. Ishlar tugallanganidan keyin ish bajaruvchi: a) ishlar kuchlanish olinib yoki kuchlanish olinmasdan, tok oʻtkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajarilganda, brigadani ish joyidan chiqarib, tezkor xodimlar hisoblangan shaxs bilan birgalikda ish joyini tekshirib chiqishi va shundan soʻng tezkor jurnalga imzo chekib, ish tugallanganini rasmiylashtirishi shart; b) ishlar kuchlanish olinmasdan, kuchlanish ostida boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlardan uzoqda bajarilganda, ish joyini shaxsan koʻrib chiqishi, brigadani chiqarishi va bajarilgan ishlar hajmi hamda ularning tugallangan vaqti toʻgʻrisida tezkor xodimlardan boʻlgan shaxsga xabar berishi shart. Ish bajaruvchining ushbu xabari tezkor xodimlardan boʻlgan shaxs tomonidan tezkor jurnalga ish tugalangan vaqtni koʻrsatib yozib qoʻyilishi kerak. 120. Farmoyish boʻyicha bajarilgan ishlarning tugallangani toʻgʻrisida tezkor xodim bevosita yoki aloqa vositalari orqali farmoyish bergan shaxsga maʼlum qiladi. 121. Joriy ekspluatatsiya tartibida quyidagi ishlar bajarilishi mumkin: a) mazkur Qoidalar 115-bandining “a”, “b”, “v” kichik bandlarida koʻrsatilgan, kuchlanish olinmasdan, kuchlanish ostida boʻlgan tok oʻtkazuvchi qismlardan uzoqda bajariladigan ishlar; b) kuchlanish olinib,mazkur Qoidalarning 120-bandida koʻrsatilgan, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarda bajariladigan ishlar. 122. Shuningdek, joriy ekspluatatsiya tartibida korxona hududida, yashash va xizmat xonalari, omborlar, ustaxonalar va shunga oʻxshash joylardagi tashqi va ichki yoritish qurilmalariga nominal toki 20 A gacha himoya apparatlari bilan jihozlangan guruh liniyalariga ulangan elektr qabul qilgichlarga maxsus biriktirilgan xodimlar tomonidan xizmat koʻrsatish ish joyi, ishning boshlanishi va tugallanishi haqida tezkor xodimlarni xabardor etib, u esa bu haqida tezkor jurnalga tegishli yozuv kiritib, amalga oshirilishi mumkin. 123. Elektr qurilmalarida joriy ekspluatatsiya tartibida bajariladigan ishlar xavfsizligini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlar quyidagilardan iborat: a) elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs tomonidan mazkur Qoidalar 115-bandining “a”, “b”, “v” kichik bandlari va 120-bandida belgilangan va mahalliy sharoitlarga qarab toʻldirilgan ishlar roʻyxati tuzilishi va uni korxona bosh muhandisi (rahbari) tomonidan tasdiqlanishi; b) ish bajaruvchi tomonidan aniq ish bajarilishi zarurati va uning xavfsiz bajarilishi imkoniyati aniqlanishi. 124. Mazkur Qoidalarning 125-bandiga muvofiq roʻyxatga kiritilgan ishlar turlari doimo ruxsat etilgan va yana qoʻshimcha farmoyishlar rasmiylashtirilishini talab qilmaydigan ishlar boʻlib hisoblanadi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.