VM qarori № 712, 30-boʻlim

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 7-ILOVA. Kondensator qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda texnik talablar

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

1. Kompensatsiyalovchi qurilmalarning quvvati, turi, oʻrnatish joyi va ishlash rejimi loyiha tashkiloti yoki maxsus xizmat tomonidan isteʼmolchilar elektr qurilmalarini tarmoqqa ulash uchun energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning texnik shartlariga muvofiq tanlanadi. Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori boʻlgan tarmoqlarda kondensatorlarni joylashtirish, qabul qilgichlar qisqichlarida kuchlanish darajasini saqlab turish talablari hisobga olingan holda, reaktiv yuklamadan aktiv quvvat yoʻqolishining maksimal kamayishi sharti qondirilishi kerak. 2. Buyurtmachi yangi kondensator qurilmasini olganda, texnik holatini tashqi nazoratdan oʻtkazishi va qabul qilish dalolatnomasini tuzishi kerak. Bunda mahsulot qadoqlanishi holatining butligi, yukning markirovkasi, mexanik shikastlanishlar yoʻqligi, qurilmaning, korpusining, izolyatorlarning, kontakt oʻzaklarining, korpusni yerga ulash uchun boltning (korpus bilan biriktirish uchun chiqarishga ega boʻlmagan kondensatorlar uchun) sozliligi, texnik maʼlumotlar keltirilgan ishlab chiqaruvchi zavod yorligʻi borligi, shuningdek, shimuvchi suyuqlik oqmayotganligi tekshiriladi. Ushbu kondensator qurilmasining pasporti va ishlab chiqaruvchi zavodning ekspluatatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalari borligiga ishonch hosil qilishi kerak. 3. Kondensator batareyalari xonalarida (ularning joylashishidan qatʼi nazar) quyidagilar boʻlishi shart: alohida kondensatorlarni, ularning bir qismini yoki butun kondensator qurilmasini himoyalovchi saqlagichlarning eruvchan kirgizmalaridagi nominal toki koʻrsatilgan kondesatorli qurilmaning bir chiziqli prinsipial sxemasi, agar himoya relesi qoʻllanilgan boʻlsa, shuningdek, maksimal tok relesining oʻrnatma toki; atrofdagi havo haroratini oʻlchash uchun termometr yoki boshqa asbob; kondensatorlarni nazorat uchun razryadlash maxsus shtangasi; yongʻin oʻchirishning birlamchi vositalari — oʻt oʻchirgich, qumli quti va belkurak. Termometr yoki uning datchigi batareyalarning orasidagi eng issiq joyga shunday joylashtiriladiki, bunda kondensatorni oʻchirmasdan va toʻsiqlarni olmasdan uni koʻrsatkichlarini kuzatish imkoniyati taʼminlanishi kerak. 4. Kondensator batareyasining pasportida, ishlab chiqaruvchi zavod va kondensator batareyasi yorligʻida koʻrsatilgan maʼlumotlarga mos boʻlgan, kondensatorlarning tartib raqami, zavod raqami, oʻrnatish sanasi, nominal kuchlanishi, har bir kondensatorning nominal quvvati hamda sigʻimi koʻrsatilgan kondensatorlar roʻyxati boʻlishi shart. 5. Quvvati 200 kVAr dan ortiq boʻlgan kondensatorli batareyalar uchun kondensatorlar quvvatini avtomatik rostlovchi qurilma oʻrnatilishi majburiydir. 6. Elektr energiyasini individual qabul qilgichi bilan umumiy kommutatsiya apparatiga ega kondensatorli qurilmani boshqarish qoʻl bilan bir vaqtning oʻzida elektr energiyasi qabul qilgichini ulash yoki oʻchirish bilan amalga oshirilishi mumkin. 7. Ikki smenada ishlaydigan korxona kondensator qurilmalarini kechki soatlarda va dam olish kunlarida, uch smenada ishlaydigan korxona dam olish kunlarida ishda qoldirishi, agar bu energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning maxsus talablari bilan belgilangan boʻlmasa, man etiladi. Ushbu talab uzluksiz ish rejimiga ega korxonalarga taalluqli emas. 8. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan kondensator qurilmalarida razryadlagich qurilmalari doimo kondensatorlarga ulangan boʻlishi shart, shuning uchun rezistorlar va kondensatorlar orasidagi zanjirda kommutatsion apparatlar boʻlmasligi kerak. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan kondensator qurilmalarida elektr energiyasini tejash maksadida razryadlagich qurilmalari doimo ulanmasdan, ularni kondensatorlarni oʻchirish vaqtida avtomatik ravishda ulash bilan ishlatilishi tavsiya etiladi. Kondensator batareyalarini seksiyalash uchun ularning alohida seksiyalarini kuchlanish ostida oʻchiradigan kommutatsion apparatura qoʻllanilganda, har bir seksiyada alohida komplekt razryadlash qurilmasi oʻrnatiladi. Ichida zaryadsizlantiruvchi rezistor mavjud kondensatorlar uchun qoʻshimcha tashqi razryadlagich qurilmalari talab etilmaydi. 9. Kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan kondensator qurilmalarini ajratgichlar yordamida ulash va oʻchirish man etiladi. Kondensator batareyalarini ulash va oʻchirish boʻyicha barcha operatsiyalar mazkur Qoidalar va Istemolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Yigʻma shinalardagi kuchlanish, ushbu turdagi kondensatorlar uchun ruxsat etilgan eng katta qiymatdan ortgan vaqtda kondensator batareyalarini ulash man etiladi. 10. Kondensator qurilmasini oʻchirishdan oldin tashqi koʻrik yoʻli bilan razryadlovchi qurilmaning ishga yaroqliligiga ishonch hosil qilish kerak. 11. Oʻchirilgan kondensator qurilmasining tok oʻtkazuvchi qismlariga tegish imkoniyati boʻlgan biron-bir ishlarni bajarish, xavfsizlik texnikasining umumiy talablari bajarilguncha va kondensator batareyasida umumiy razryadlovchi qurilma boʻlishidan qatʼi nazar kondensatorlar nazorat uchun razryadlantirilmaguncha man etiladi. 12. Kondensatorlarni nazorat uchun razryadlash izolyatsiyalovchi shtangaga ishonchli mahkamlangan razryadlovchi metall oʻzak bilan oʻtkaziladi. Ushbu shtanganing oʻlchamlari tezkor almashlab ulashlar uchun kondensator qurilmasidagi kuchlanishga mos kuchlanishda ishlatiladigan izolyatsiyalovchi shtanga oʻlchamlaridek boʻlishi shart. 13. Alohida kondensatorni, uning qismini yoki butun kondensator qurilmasini himoya qiluvchi saqlagichlar eruvchan kirgizmalarining nominal toki ular himoya qilayotgan kondensatorlar nominal toklari yigʻindisining 160 foizidan oshmasligi shart. 14. Maksimal tok relesi yoki avtomat ajratgichining tok boʻyicha oʻrnatmasi kondensator qurilmasi nominal tokining 130 foizidan oshmasligi shart. 15. Yuqori garmonikalar mavjudligida kondensator qurilmalarining montaj qilinishi maqsadga muvofiqligi har bir holda alohida aniqlanadi. 16. Kuygan yoki ishga yaroqsiz saqlagichlarni almashtirish, oʻchirilgan kondensator batareyalarida, maxsus shtanga bilan barcha kondensator batareyalari nazorat uchun razryadlangandan keyin amalga oshiriladi. 17. Individual himoya qilishda nazorat uchun razryadlash oʻchirilgan batareya tarkibiga kiruvchi har bir kondensatorning barcha chiqishlarini navbatma-navbat qisqa tutashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Guruhli himoyada kondensatorlarning har bir guruhi razryadlanadi, bitta faqat umumiy himoyada esa batareya shinalaridagi tegishli shinalar qisqa tutashtiriladi. 18. Kondensator qurilmalari himoya tomonidan takror avomatik oʻchirilganda, kondensatorlarni ulashga faqat oʻchirishlarni yuzaga keltirgan sabablar aniqlangandan va bartaraf etilgandan keyingina ruxsat beriladi. Kondensator batareyalarini qayta ulashga kuchlanishi 660 V dan yuqori kondensatorlar uchun ular avvalgi oʻchirilgandan soʻng kamida 5 daqiqadan keyin, kuchlanishi 660 V va undan past kondensatorlar uchun esa kamida 1 daqiqadan keyin, agar batareyada qoldiq kuchlanish 50 V dan koʻp boʻlmaganda ruxsat beriladi. 19. Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori boʻlgan kondensator qurilmalarini koʻrikdan (oʻchirmasdan) mahalliy yoʻriqnomalarda belgilangan muddatlarda — quvvati 500 kVAr dan kam boʻlgan qurilmalar uchun oyda kamida 1-marta va quvvati 500 kVAr dan yuqori boʻlgan qurilmalar uchun oʻn kunda 1-marta oʻtkaziladi. 20. Kondensator qurilmasini koʻrikdan oʻtkazishda quyidagilar tekshirilishi shart: toʻsiqlar va qulflarning sozligi, begona predmetlarning yoʻqligi; kuchlanish, tok va atrof-havo harorati qiymatlari, alohida fazalar yuklamalarining bir xildaligi; apparatlar, uskunalar, kontaktli ulanmalarning texnik holati, izolyatsiyaning butunligi va ifloslanish darajasi; shimdirilgan suyuqlikning tomchilab oqishi va kondensator korpusi devorlari ruxsat etilmagan darajada boʻrtib shishganligi yoʻqligi; oʻt oʻchirish vositalarining mavjudligi va holati. Koʻrikdan oʻtkazish natijalari haqida tezkor hujjatlarga tegishli yozuv kiritilishi shart. 21. Kondensator qurilmalarini navbatdan tashqari koʻrikdan kondensatorlarda razryadlanish (chirsillash) paydo boʻlganda, qisqichlardagi kuchlanish yoki atrof-havo harorati ruxsat etilgan eng yuqori qiymatlarga yaqin darajagacha koʻtarilganda va shunga oʻxshash hollarda oʻtkaziladi. 22. Kondensator batareyalarining barcha koʻrikdan oʻtkazishlari va aniqlangan nosozliklar haqida tezkor hujjatlarda tegishli yozuvlar qilinadi. 23.Ulangan kondensator qurilmasini koʻrikdan oʻtkazishda toʻsuvchi qurilmalarni olish yoki ochish man qilinadi. 24. Izolyatorlar, kondensatorlar, apparaturalar va karkaslar sirtlarini chang va boshqa ifloslardan tozalash, batareya oʻchirilgan holatda zarurat boʻyicha, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan belgilagan muddatlarda oʻtkaziladi. 25. Quyidagi holatlarda kondensatorlarni ekspluatatsiya qilish man etiladi: kondensatorlar ulangan shinalardagi kuchlanish kondensatorlar nominal kuchlanishining 110 foizidan ortiq boʻlganda; atrof-havoning harorati kondensatorning ushbu turi uchun ruxsat etilgan eng yuqori va eng past haroratdan ortiq boʻlganda; kondensatorlar devorlari boʻrtib shishganda; kondensator qurilmasining fazalar boʻyicha yuklanganligi tokning oʻrtacha qiymatidan 10 foizdan ortiq notekis boʻlganda; batareya toki nominal qiymatning 30 foizidan ortganda; shimdiruvchi suyuqlik tomchilab oqqanda; chinni izolyator shikastlanganda. 26. Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori boʻlgan kondensator qurilmalarining joriy taʼmiri yilda kamida 1-marta, albatta, qurilmani oʻchirib oʻtkaziladi. 27. Kondensator qurilmalarini joriy taʼmirlashda quyidagilar bajariladi: kontaktli ulashlarda gaykalarning tortilish darajasini tekshirish; megoommetr (ommetr) bilan eruvchan birikmalarning butunligini va kondensatorlarning zaryadsizlanish zanjirini tekshirish; yerga ulash konturiga tarmoqlanishning ulanishi sifatini tashqi koʻrikdan oʻtkazish bilan tekshirish; izolyatorlar yuzasini, kondensatorlar, apparaturalar va karkas korpuslarini changdan va boshqa ifloslanishlardan tozalash; har bir kondensatorning sigʻimini tekshirish va qiyoslash (1000 V dan yuqori kuchlanishli kondensatorlar uchun) mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi; izolyatsiyalangan chiqarmalar va korpus orasida tegib qolgan joylar yoʻqligi holatini tekshirib, kondensatorlar sigʻimini oʻlchash; shimdiruvchi suyuqlik sizib chiqqan joylarni, shu jumladan kondensatorlar qopqoqlaridagi oʻtish izolyatorlari oʻrnatilgan joylarni yumshoq kavshar bilan kavsharlash; kondensator batareyalarining nosoz seksiyalarini yoki alohida kondensatorlarini almashtirish; avtomatik boshqarish va rostlash qurilmalarini, releli himoyani va oʻchirgichlar yuritmalari harakatlarini sinab koʻrish. 28. Kondensator qurilmalarini kapital va joriy taʼmirlash davriyligi Elektr uskunalarini SQ va M talablariga muvofiq boʻlishi shart. 29. Asinxron elektr dvigatelni, kuch transformatorini va shunga oʻxshash elektr qabul qilgichning asosiy uskunasini koʻrikdan oʻtkazganda yoki taʼmirlaganda (kapital yoki joriy), agar ushbu uskunalar qisqichlariga kondensator yoki kondensatorlar guruhi bevosita ulangan va mazkur uskunalar bilan bir xonada oʻrnatilgan boʻlsa, bir vaqtning oʻzida ushbu kondensatorlarni ham koʻrikdan oʻtkazish yoki taʼmirlash (mos ravishda kapital yoki joriy) kerak. 30. Kondensator qurilmasi alohida elementlarining sigʻimi Elektr uskunalarini SQ va Mda keltirilgan qiymatlardan oshmasligi shart. Kondensatorlar sigʻimini oʻlchash natijalari bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi kerak. Sigʻim quyidagi qiymatlargacha yoki undan koʻpga ortganda, kondensatorni oʻchirish va almashtirish zarur:

KondensatorKondensator sigʻimini ortishi, %, uning nominal kuchlanishida, V
630010500

Sintetik suyuqliklar bilan shimdirilganda:

0 gabaritli2514
I gabaritli2020
II gabaritli1010

Mineral moy bilan shimdirilganda:

I gabaritli2020
II gabaritli1010

Quvvati saqlagichlarni kuyishi natijasida kamaygan, kuchlanishi 1050 V va undan past boʻlgan kondensatorni qoʻllash texnik maqsadga muvofiqlikni hisobga olib, mahalliy yoʻriqnomalar bilan aniqlanadi. 31. Sanoat chastotali yuqori kuchlanish bilan profilaktik sinovlar kapital taʼmirlash vaqtida oʻtkaziladi. Sinov kuchlanishi Elektr uskunalarni SQ va Mda keltirilgan qiymatlardan ortmasligi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.