VM qarori № 649, 9-boʻlim

8-bob. Texnologik jarayonni tashkil etishga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: yongʻin xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

49. Texnologik jarayonlar reglamentlar, texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va boshqa belgilangan tartibda tasdiqlangan normativ-texnik va foydalanish hujjatlariga muvofiq tashkil etilishi kerak. 50. Ishlab chiqarish binolarida, xonalarida texnologik jarayonda ishlatiladigan va oʻzaro aloqada ekzotermik reaksiyalarga kirishishi mumkin boʻlgan moddalar va materiallar maxsus ajratilgan, avariya holatlarida ham ushbu moddalar bilan aloqa qilishga imkon bermaydigan joylarga joylashtirilishi kerak. Moddalar va materiallarni tashishda ushbu Qoidalarga 10-ilovaga muvofiq ularning agregat holati, bir-biriga toʻgʻri (mos) kelishi, shuningdek, yongʻinni oʻchiruvchi vositalarning bir xilligini hisobga olish kerak. 51. Texnologik jarayonda ishlatiladigan yonuvchi moddalar va materiallarni xonada bevosita qurilmalar va jihozlarning yonida texnologik reglamentlarda (kartalar va boshqalarda) nazarda tutilgan miqdorda saqlashga ruxsat etiladi. Ushbu miqdor bir smenada ishlatiladigan meʼyordan oshmasligi kerak. 52. Maxsus shkaflarda kiyimlarni quritganda belgilangan harorat rejimini nazorat qilish kerak. Kiyimlarni quritish xonalarida yogʻlangan kiyimlarni, matolarni, shuningdek, gugurt, chaqnatgichlar (yondiruvchilar) va yonuvchi materiallari boʻlgan kiyimlarni saqlash taqiqlanadi. 53. Uskunalarga, quvurlarga, sigʻimli qurilmalarga, kommunikatsiyalarga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, sinovdan oʻtkazish, tekshirish va diagnostika qilish belgilangan muddatlarda hamda ularning foydalanish boʻyicha tegishli texnik hujjatlarida nazarda tutilgan yongʻin xavfsizligi choralarini koʻrgan holda amalga oshirilishi kerak. 54. Mashina va uskunalarning qismlarini (detallarini) yuvish (moydan tozalash) uchun yonmaydigan texnik suyuqliklar va tarkiblar, shuningdek, yongʻin taʼsiriga xavfsiz qurilmalar va usullardan foydalanish kerak. 55. Yongʻin keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan nosozliklari mavjud uskunalar va qurilmalarda, shuningdek, oʻlchov vositalari, avtomatlashtirish, nazorat qilish va harorat, bosim, konsentratsiya va yonuvchan bugʻlar, suyuqliklar, gazlarning boshqa texnologik parametrlarini belgilovchi avariya holatlariga qarshi himoya tizimlari oʻchirilganda ishlab chiqarish ishlarini oʻtkazish taqiqlanadi. 56. Yengil alangalanadigan va yonuvchi moddalar va materiallarni qayta ishlash va saqlash uskunalari va idishlari germetik zich boʻlishi kerak. Germetiklik (zichlanish) holati vaqti-vaqti bilan tekshirilishi va shikastlanganda, eskirganda tiklanishi kerak. 57. Ochiq olov va elektr isitish moslamalari yordamida ishlar olib boriladigan stollarda va havo tortuvchi shkaflarda portlovchi reaktivlarni, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni saqlashga, ularni toʻkishga va qurilmalarga kuyishga ruxsat etilmaydi. Yengil alangalanuvchi suyuqliklarni qizdirish paytida, suyuqlikning avariya holatida toʻkilishining oldini olish uchun qurilma tagida xandaq (kyuvet) oʻrnatilgan boʻlishi kerak. 58. Portlab yonish va yongʻin xavfi boʻyicha “A” va “B” toifali ishlab chiqarish xonalarida uskunaning ishlashi paytida uchqun paydo boʻlishi ehtimoli oldi olinishi kerak. Ushbu xonalarning pollari zarba va ishqalanish taʼsirida uchqun chiqarmaydigan materiallardan ishlangan boʻlishi kerak. Konteynerning (idishning) ichki qismi quruq va toza, korroziya izlarisiz boʻlishi kerak. Texnologik uskunalar, shuningdek, quvurlar statik elektrdan himoyalangan boʻlishi lozim. Xavfli hududlarda ishlatiladigan toʻqimachilik matolariga antistatik vositalar bilan ishlov berilgan boʻlishi kerak. 59. Portlash va yongʻin xavfi mavjud boʻlgan hududlardagi barcha ishlar har qanday ishlash sharoitlarida ham portlashlardan himoyalangan harakatlar bilan uchqun chiqarmaydigan vositalar va jihozlardan foydalangan holda bajarilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlaydigan xodimlar antistatik vositalar bilan ishlov berilgan himoya kiyimlari bilan taʼminlanishi lozim. 60. Portlovchi moddalarni ushlab qolishga moʻljallangan tozalash vositalarini ishlatishda quyidagilar talab qilinadi: a) filtrlash moslamalarini tozalashni chiqindilar toʻplanishiga koʻra amalga oshirish; b) siklonlardan changni tushirish ishlarini ventilyator oʻchirilgan holda bajarish; v) filtrlash moslamalarini tozalash va taʼmirlash paytida ochiq olov yoki uchqun chiqaradigan vositalardan foydalanmaslik; g) xavfsizlik va olovushlash vositalarining (klapanlar, membranalar, olovtoʻsqichlar) sozligini nazorat qilish; d) oʻz-oʻzidan yonib ketishga moyil boʻlgan chiqindilarni yigʻishda ularning haroratini doimiy ravishda nazorat qilib borish. Oʻz-oʻzidan yonib ketadigan oʻchoqlar paydo boʻlganda, ularni yoʻq qilish boʻyicha chora-tadbirlarni darhol koʻrish va texnologik qoidalarga muvofiq chiqindilar va kullarni olib tashlash. 61. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda boshqarish, nazorat qilish va avariyadan himoyalash tizimlarini oʻchirib qoʻyishga ruxsat etilmaydi. Zarur hollarda tekshirish, sinash va sozlash uchun alohida qurilmaning oʻchirilishiga texnologik jarayonning xavfsizligini taʼminlash boʻycha buyruqda koʻrsatilgan mansabdor shaxsning yozma topshirigʻiga koʻra texnologik jarayonning xavfsizligi taʼminlangan holda ruxsat etilishi mumkin. 62. Boʻyash, yogʻsizlantirish va yuvish sexlari, uchastkalar va qurilmalarni ishlatishda quyidagi talablarga rioya qilish kerak: a) boʻyash shkaflari, kameralari va kabinalaridan ulardagi havo tortish tizimi, purkagichlar (gidrofiltrlar) hamda texnik hujjatlarda nazarda tutilgan yonuvchan boʻyoq va loklar zarrachalarini ushlash uchun boshqa samarali moslamalari nosoz boʻlganda foydalanish taqiqlanadi; b) boʻyash moslamalarini yonuvchan qoldiqlardan tozalash ishlari har kuni smena tugaganidan keyin ventilyatsiya ishlab turgan holatda amalga oshirilishi kerak. Qirgʻichlar (skreboklar) uchqun chiqarmaydigan materialdan tayyorlanishi lozim; v) lok-boʻyoq materiallari ish joylariga smena talabidan koʻp boʻlmagan miqdorda tayyor holatda olib kelinishi kerak (kunu tun ishlaydiganlar uchun — bir sutkaga yetadiganidan koʻp boʻlmagan miqdorda). 63. Quvurlardagi qotib qolgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar, muzli tiqinlar yongʻinga xavfsiz tarzda (issiq suv, bugʻ, qizdirilgan qum va boshqalar yordamida) qizdirilishi kerak. Isitish uchun ochiq olovdan va qizdirilgan buyumlardan foydalanish taqiqlanadi. 64. Olovtoʻsqichlarsiz (gidravlik qulflarsiz) yoki ular oʻchirilganda quyidagilarni ishlatishga ruxsat berilmaydi: a) yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bilan idishlar va apparatlarning nafas olish tarmoqlarini; b) toʻliq boʻlmagan yoki davriy oqim bilan ishlaydigan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar tarmoqlarini; v) gaz va bugʻ-havo tarmoqlarini, agar ularda portlovchi konsentratsiyadagi aralashmalar paydo boʻlganda. 65. Olovtoʻsqichlar va gidravlik qulflarini oʻrnatish joylarini tekshirish va taʼmirlash uchun ushbu joylarga erkin kirish imkoniyati boʻlishi kerak. Olovtoʻsqichlarni tekshirish va zarur holatlarda ularni tozalash grafikga muvofiq, lekin 3 oyda bir martadan kam boʻlmagan tarzda amalga oshirilishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 649, 20.10.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.