VM qarori № 649, 26-boʻlim

V boʻlim. Yuqori darajada yongʻin xavfi mavjud ishlarni amalga oshirishni tashkil etish — 19-bob. Olovli ishlarga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari — 1-§. Umumiy qoidalar

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: yongʻin xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

219. Quyidagilar payvandlash va boshqa olovli ishlarni (keyingi oʻrinlarda — olovli ishlar) bajarish joylari boʻlishi mumkin: a) doimiy — ushbu maqsadlar uchun maxsus jihozlangan sexlarda, ustaxonalarda yoki ochiq maydonchalarda tashkil etiladigan; b) vaqtinchalik — bunday ishlarni amalga oshirishga moʻljallanmagan va maxsus jihozlanmagan tashkilot va turar joy binolari va inshootlarida (shu jumladan, qurilayotgan va foydalanilayotgan), shuningdek, ularning hududida (ochiq maydonchalarida) qurilmalarni taʼmirlash va qurilish tuzilmalarini oʻrnatish maqsadida bajariladigan. 220. Vaqtinchalik joylarda (qurilish maydonchalari va xususiy uylardan tashqari) olovli ishlarni bajarish uchun tashkilot rahbari yoki yongʻin xavfsizligi uchun javobgar shaxs tomonidan ushbu Qoidalarga 11-ilovaga muvofiq shaklda olovli ishni oʻtkazish uchun naryad-ruxsatnomasi rasmiylashtiriladi. 221. Qurilish maydonchalarida va yongʻin xavfi boʻlmagan joylarda faqat texnika xavfsizligi qoidalarini va ushbu Qoidalarning talablarini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga olovli ishlarni naryad-ruxsatnomasini rasmiylashtirmasdan bajarishga ruxsat beriladi. Yozma ruxsat olmasdan olovli ishlarni mustaqil bajarishga ruxsat berilgan mutaxassislar roʻyxati obyekt rahbari tomonidan tasdiqlanadi. 222. Doimiy olovli ishlar amalga oshiriladigan joylar tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan belgilanadi. 223. Olovli ishlar bajariladigan joyni yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari bilan (oʻt oʻchirgich yoki qum bilan toʻldirilgan quti, belkurak va suv toʻldirilgan chelak) taʼminlash lozim. Agar payvandlash ishlari amalga oshirilayotgan joy yaqinida ichki yongʻinni oʻchirish joʻmraklari mavjud boʻlsa, unda ushbu ichki yongʻinni oʻchirish joʻmraklariga yongʻinni oʻchirish yeng va dastaklari ulangan (foydalanishga tayyor) holatda boʻlishi zarur. 224. Binolar, inshootlar yoki boshqa joylarda olovli ishlar olib borilishida, ushbu joylarning yonida yoki ostida boʻlgan yonadigan konstruksiyalar metall toʻsiqlar bilan yoki suv toʻkilgan holda yonishdan ishonchli himoyalangan boʻlishi kerak, shuningdek, uchqunlarning tarqalishiga va ularning yonuvchan qismlari tushishi kerak boʻlmagan joy va qavatga tushishiga qarshi choralar koʻrilishi kerak. 225. Olovli ishlar tugagandan soʻng ishni bajaruvchi ushbu ishlar amalga oshirilgan joyni, shuningdek, olovli ishlar taʼsiri etishi kerak boʻlmagan joylar va qavatlarni sinchkovlik bilan tekshirishi, yonuvchan konstruksiyalarga suv quyishi va yongʻinga olib kelishi mumkin boʻlgan boshqa holatlarni bartaraf qilishi shart. 226. Obyekt rahbari yoki binodagi yongʻin xavfsizligi uchun masʼul boʻlgan boshqa mansabdor shaxs vaqtincha olovli ishlar oʻtkaziladigan joy ish tugaganidan keyin 3 — 5 soat ichida tekshirilishini taʼminlashi kerak. 227. Yongʻin va portlash xavfi mavjud joylarda payvandlash, gazli kesish, benzinli kesish va chilangarlik ishlari faqat portlovchi va yongʻin xavfi mavjud mahsulotlar, uskunalar va binolar yaxshilab tozalangach, portlovchi chang va moddalar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda ularning bugʻlari toʻliq tozalagandan soʻng amalga oshirilishi kerak. Xona doimiy ravishda shamollatilishi va gaz analizatorlari yordamida ekspress-tahlillarni oʻtkazish orqali havo muhitining holati nazorat qilinishi kerak. 228. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar saqlagan idishlarni (sisternalar, baklar va boshqalarni) payvandlashdan oldin tozalash, kaustik sodali issiq suv bilan yuvish, bugʻlash, quritish va havo muhitini laboratoriya tahlilidan yoki koʻchma gaz analizatorlari yordamida tekshirish (ekspress usul) hamda shamollatish kerak. Payvandlash ishlari ushbu idishlarning tuynuklari, lyuklari va tiqinlari ochiq holatda, shuningdek, koʻchma shamollatish orqali amalga oshirilishi kerak. 229. Vaqtinchalik olovli ishlar oʻtkaziladigan joylar va payvandlash moslamalari, gaz ballonlari va yonadigan suyuqlik bilan toʻldirilgan konteynerlar oʻrnatilgan joylar kamida 5 m radiusda yonuvchi materiallardan tozalangan boʻlishi kerak. 230. Olovli ishlarni bajarayotganda quyidagilar taqiqlanadi: a) nosoz boʻlgan apparatlarda ishga kirishish; b) yangi boʻyalgan konstruksiyalar va buyumlarni toʻliq qurimagunga qadar payvandlash, kesish yoki kavsharlash; v) olovli ishlarni bajarishda yogʻ-moy, benzin, kerosin boshqa yonuvchi suyuqliklar izlari qolgan kiyim va qoʻlqoplardan foydalanish; g) payvandlash joylarida kiyim, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni hamda boshqa yonuvchi materiallarni saqlash; d) oʻquvchilarga, shuningdek, malaka sertifikatiga ega boʻlmagan xodimlarga mustaqil ravishda ishlashga ruxsat berish; e) siqilgan, suyultirilgan va erigan gazlar ballonlariga elektr simlari tegib turishiga imkon berish; j) yonuvchan va zaharli moddalar bilan toʻldirilgan, shuningdek, bosim ostida yoki elektr kuchlanishida boʻlgan qurilmalar va apparatlarda ish olib borish; z) tomga gidroizolyatsiya va bugʻ izolyatsiyasini, yonuvchan va qiyin yonuvchan isitish panellarni oʻrnatish, pol qoplamalarini yopishtirish va yonuvchan loklar, yelimlar, mastikalar va boshqa yonuvchan materiallardan foydalangan holda binolarni pardozlash ishlari bilan bir vaqtda olovli ishlarni bajarish; i) yonuvchan va qiyin yonadigan issiqlik saqlovchi materiallari bilan qoplangan yengil metall konstruksiyalardan yasalgan binolarda (xonalarda) olovli ishlarni bajarish; k) xonada bolalar boʻlganda olovli ishlarni bajarish.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 649, 20.10.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.