VM qarori № 649, 24-boʻlim

17-bob. Yongʻinga qarshi suv taʼminoti

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: yongʻin xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

185. Har bir obyektdagi yongʻin oʻchirish nasos stansiyasida va yongʻin oʻchirish stansiyasining xonasida yongʻinga qarshi suv rezervuarlari (suv olish mumkin boʻlgan joylar), gidrantlar, klapanlar, suv quvurlari tarmogʻi qismlaridagi quvurlar diametrlari koʻrsatilgan yongʻinga qarshi suv taʼminoti umumiy sxemasi boʻlishi kerak. Yongʻin oʻchirish nasos stansiyasi xonasida yongʻinga qarshi suv taʼminotining umumiy chizmasi hamda nasoslarning bir-biriga ulanish chizmasi osib qoʻyilishi lozim. 186. Yongʻinga qarshi suv taʼminotini tashkil etishda quyidagilar taqiqlanadi: a) suv taʼminoti tarmogʻining qismlarini yongʻin oʻchirish gidrantlari va ularga oʻrnatilgan kranlardan oʻchirish, shuningdek, yongʻinni oʻchirish uchun zarur boʻlgan tarmoqdagi bosimni pasaytirish (nasos stansiyalarining ishlamay qolishi, taʼmirlash ishlari yoki avariya yuz bergan taqdirda, tegishli yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari bu haqda darhol ogohlantirilishi kerak); b) loyihalash hujjatlarini ishlab chiqmasdan va kerakli oqimni taʼminlash uchun tashqi sinovlarni oʻtkazmasdan, suv sarfini koʻpaytirish va tarmoqdagi bosimning pasayishi bilan bogʻliq boʻlgan yongʻinga qarshi suv taʼminoti tarmogʻiga qoʻshimcha ulanishlarni amalga oshirish; v) yongʻinni oʻchirish gidrantlari va kranlarini demontaj qilish; g) yongʻinni oʻchirish gidrantlari lyukining qopqogʻini asfalt, beton va boshqa qoplamalar bilan qoplash. 187. Obektdagi tashqi va ichki yongʻinga qarshi suv taʼminoti tizimining holatini tekshirish kamida 6 oyda bir marta (tashqi tizim uchun — bahor-yoz va kuzning boshlanishida, suv chiqarish yoʻli bilan tekshirish), shuningdek, har bir mukammal taʼmirdan soʻng rekonstruksiya qilingan yoki yangi isteʼmolchilar dalolatnoma tuzilgan holda komissiya orqali suv taʼminotiga ulanganda oʻtkazilishi kerak. 188. Tashqi va ichki yongʻinga qarshi suv taʼminoti tizimining holatini nazorat qilish masʼul shaxslar tomonidan quyidagilar amalga oshirilishi lozim: a) yongʻinni oʻchirish joʻmraklarining toʻplamni tashqi koʻrikdan oʻtkazish hamda suvning chiqishini (yongʻinni oʻchirish sprinkler purkagich moslamasining taʼminot quvurlariga ulangan kranlardan tashqari) tekshirish; b) ixtiyoriy shakldagi dalolatnomani tuzgan holda berkitish armaturalarini koʻzdan kechirish, yongʻinni oʻchirish yenglari oʻramalarini quritish (zarur hollarda) va qayta oʻrash; v) yongʻinni oʻchirish gidrantlari (lyuk, quduq, yongʻinga qarshi gidrant) korpusi mavjudligi, ishga yaroqliligi va holatini, oʻrnatilgan yongʻin xavfsizligi belgilarining mavjudligini tekshirish; g) yongʻinga qarshi nasoslar zarur bosimni ushlab turishi va asosiydan zaxira nasosga (agar mavjud boʻlsa) oʻtishning ishonchliligini har oyda kamida bir marta dalolatnoma tuzish orqali tekshirish; d) yongʻinga qarshi rezervuarlarni, sigʻimlarni zarur suv sathini, suv olish vositalari mavjudligi va ularning sozligi, qiyaliklar, yongʻin-qutqaruv mashinalari, shamollatish moslamalari va boshqa jihozlarni oʻrnatish uchun kirish yoʻllari va maydonlar mavjudligini tekshirish, suv havzasini (rezervuarni) atrof muhitning salbiy haroratida ishlatilishini taʼminlash choralarini koʻrish. 189. Yongʻinni oʻchirish moslamasi oʻrnatilgan suv taʼminoti tizimi zarur bosimni va yongʻinni oʻchirish uchun suvning yetarli miqdorini taʼminlashi kerak. 190. Klapanlar va nasoslar korxonaning yongʻinga qarshi suv taʼminotining umumiy sxemasiga mos keladigan raqamlarga ega boʻlishi kerak. Texnik qayta jihozlash, rekonstruksiya qilish va boshqa ishlar bilan bogʻliq suv taʼminoti tizimidagi oʻzgarishlar tegishli texnik hujjatlar va sxemalarda aks ettirilishi kerak. 191. Yongʻinni oʻchirish nasos stansiyasining kirish eshiklari yopiq holatda saqlanishi kerak. Eshiklarda kalitlarning joylashuvi haqida maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim. 192. Yongʻinga qarshi rezervuarlar (yer osti va yarim yer osti) ikki qopqoqli lyuk bilan jihozlangan boʻlishi kerak, ularning orasidagi boʻshliq qishki mavsumda issiqlikni izolyatsiyalovchi materiallar bilan toʻldirilishi kerak (qipiq, mayda boʻlaklar, siqilgan somon va boshqalar). 193. Suv minoralari yilning barcha fasllarida yongʻin-qutqaruv texnikalariga suv olish uchun moslashtirilgan boʻlishi kerak. Suv minorasidan suvni avtotsisternalar va yongʻin-qutqaruv texnikalariga olish uchun suv olish moslamasi qishda isitilishi kerak. 194. Yongʻinni oʻchirish gidrantlari, suv xavzalari raqamlangan boʻlishi kerak, amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq koʻrsatkich belgilariga ega boʻlishi kerak. Yongʻinni oʻchirish gidrantlari va suv xavzalari joylashgan joylarini tungi vaqtda aniqlash uchun moʻljallangan yorugʻlik yoki lyuminessent koʻrsatgichlar koʻrinadigan joylarga 2,0 — 2,5 m balandlikda joylashtirilishi kerak. 195. Yongʻinni oʻchirish gidrantlari qish sharoitida ishlashga tayyorlanishi kerak (gidrant va quduqdan cuv chiqarilan, quduqlarning qopqoqlari doimo qor va muzdan tozalangan va isitilgan boʻlishi kerak). 196. Yongʻinni oʻchirish kolonkasi yongʻinni oʻchirish gidrantlariga toʻsqinliklarsiz oʻrnatilishi kerak. Gidrant qudugʻi quruq, chiqindilardan tozalangan boʻlishi va uning qopqogʻi oson ochilishi kerak. Yongʻinni oʻchirish gidrant quduqlarining qopqogʻida (qopqoqning tepasida) transport vositalarini toʻxtatish taqiqlanadi. 197. Obyektning hududida va uning tashqarisida joylashgan yongʻinni oʻchirishga moʻljallangan suv manbalariga yongʻinni oʻchirish texnikalarini oʻrnatish va ulardan yilning barcha fasllarida suv olish uchun kirish yoʻllari va qattiq qoplamali maydon tashkil etilishi kerak. Yongʻinni oʻchirish gidrantlari, suv xavzalari, rezervuarlari, suv minoralari va boshqa yongʻinga qarshi suv taʼminoti manbalariga hamda quruq quvurlarga kirish va oʻtish yoʻlaklari doimo boʻsh boʻlishi kerak. 198. Yongʻinni oʻchirish yoki oʻquv mashgʻulotlari uchun ishlatilgan suv zaxirasi zudlik bilan qayta toʻldirilishi kerak. 199. Yongʻinga qarshi rezervuarlardan suv oqishi aniqlanganda ularni zudlik bilan taʼmirlash va suv bilan toʻldirish choralarini koʻrish kerak. 200. Gradirnyalarga borish yoʻllari qattiq qoplamaga ega boʻlishi va uning hovuzidagi suvdan yongʻin oʻchirish maqsadida ishlatish imkoniyati yaratilgan boʻlishi kerak. 201. Ichki yongʻinga qarshi suv taʼminoti tizimidagi yongʻinni oʻchirish joʻmraklari yongʻinga qarshi shkaflar ichiga oʻrnatilgan, yongʻinni oʻchirish yenglari va dastaklari bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Ichki yongʻinni oʻchirish joʻmraklaridagi yongʻinni oʻchirish yenglari quruq, juft oʻramaga oʻralgan, joʻmrakka va dastakka ulangan boʻlishi lozim. 202. Yongʻinni oʻchirish joʻmraklaridan doimo foydalanish sharoiti mavjud boʻlishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 649, 20.10.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.