Ish beruvchining javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risidagi qonun 17-moddasi

Ish beruvchining huquq va majburiyatlari

Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega: ushbu Qonunga muvofiq ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasini tuzish uchun sugʻurtalovchini va annuitetlar shartnomasini tuzish uchun annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchini tanlash; sugʻurtalovchidan va (yoki) annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasining va (yoki) annuitetlar shartnomasining shartlarini tushuntirib berishni talab qilish; sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish; yillik ish haqi miqdori kamayganda sugʻurta mukofotining yillik ish haqi miqdorining kamayishiga va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasining tugallanmagan davriga mutanosib qismini olish. Ish beruvchi: oʻzi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran yoki ish beruvchilar — jismoniy shaxslar uchun mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzilgan sanadan eʼtiboran oʻn besh ish kunidan kechiktirmay oʻzining fuqarolik javobgarligini ushbu Qonunga muvofiq sugʻurtalashi; ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha va ayrim hollarda annuitetlar shartnomasi boʻyicha qonunchilikda belgilangan shartlar asosida va tartibda sugʻurta mukofotini toʻlashi; (17-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) yillik ish haqi miqdori oʻzgargan paytdan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay bu haqda sugʻurtalovchiga yozma shaklda xabar qilishi; ish beruvchi tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat turlarining xavflilik darajasi oʻzgargan paytdan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay bu haqda sugʻurtalovchiga yozma shaklda bildirishi va zarur boʻlgan hollarda, qoʻshimcha hisoblab chiqarilgan sugʻurta mukofotini toʻlashi; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yuz berganligi oʻziga ayon boʻlgan paytdan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda sugʻurtalovchiga yozma shaklda bildirishi; xodimlarni ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi shartlari bilan tanishtirishi, shu jumladan mazkur shartnoma boʻyicha taraflarning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi; sugʻurtalovchi va annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi haqidagi barcha zarur maʼlumotlarni jabrlanuvchi yoki naf oluvchi yozma shakldagi ariza bilan murojaat qilgan sanadan eʼtiboran ikki ish kuni ichida taqdim etishi; agar sugʻurta tovoni jabrlanuvchi yoki naf oluvchi tomonidan qilingan suiisteʼmolliklar oqibatida asossiz ravishda toʻlangan boʻlsa, ortiqcha toʻlangan sugʻurta tovoni haqida sugʻurtalovchiga xabar qilishi va ortiqcha toʻlangan mablagʻlarni sugʻurtalovchiga qaytarish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart. Ish beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin. (17-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining "Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida"gi Qonuni

Qonun № O'RQ-210, 16.04.2009

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.