VM qarori № 649, 56-boʻlim

36-bob. Avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari — 1-§. Umumiy qoidalar

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: yongʻin xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

645. Avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida (keyingi oʻrinlarda — AYQSH) quyidagi hujjatlar boʻlishi kerak: a) obyekt rahbari tomonidan tasdiqlangan AYQSHda yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish rejasi (keyingi oʻrinlarda — ABER) ; b) obyekt rahbari tomonidan tasdiqlangan AYQSH hududidan odamlar va transport vositalarini evakuatsiya qilish rejasi; v) AYQSH ishchi-xizmatchilarining lavozim yoʻriqnomalari, AYQSHda yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun javobgarlarni tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma; g) ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq yongʻin xavfsizligi choralari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalar; d) yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriqni qayd qilish jurnali. 646. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarni saqlash rezervuarlarining toʻldirish darajasi rezervuarga oʻrnatilgan penogenerator va boshqa uskunalar joylashgan joydan kelib chiqqan xolda texnik pasportda koʻrsatilgan sathigacha boʻlishi, lekin 85 foizdan oshmasligi kerak. 647. Texnologik uskunalar statik elektr tokidan himoyalangan boʻlishi kerak. 648. AYQSHning lyuklari, eshiklari va texnologik quduqlarining lyuk qopqoqlari uchqunga xavfsiz boʻlishi kerak (rangli metallardan tayyorlangan yoki uchqun hosil qilmaydigan prokladkalar bilan taʼminlangan). 649. Siqilgan, suyultirilgan yoki erigan yonuvchi gazlar boʻlgan ballonlar metall shkaflarga joylashtirilishi kerak. Shkaflar shamollatib turiladigan boʻlishi kerak. 650. Shlamdan tozalash ishlari yakunlangandan soʻng shlamlarni darhol yonilgʻi quyish shoxobchalari hududidan chiqarib tashlash kerak. 651. Yonilgʻini quyish jarayonida yonilgʻi bugʻlarining retsirkulyatsiyasini amalga oshirish uchun rezervuarning deaeratsiya quvurini berkitish taqiqlanadi. 652. AYQSH hududida (bino, inshoot va texnologik tizimlarda) taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda obyekt rahbari tegishli yongʻin xavfsizligi choralarini taʼminlashi lozim. 653. Uchqun hosil boʻlishining oldini olish maqsadida neft mahsulotlarini tashuvchi sisternalar, koʻchma yonilgʻi quyish shoxobchalarining qopqoq va probkalarini burash maxsus kalitlar yordamida bajarilishi kerak. Ularni bolgʻalar, keskichlar va boshqa vositalar yordamida ochishga yoʻl qoʻyilmaydi. 654. Rezervuarlarni yonilgʻi bilan toʻldirish faqat yopiq usulda amalga oshirilishi kerak. 655. Yonilgʻi bugʻlarining atrof muhitga chiqarilishi rezervuarlarning deaeratsiya quvurlaridan tashqari yoki yonilgʻisi boʻlgan avtotsisternaning havo klapanlari orqali amalga oshirilishi kerak. 656. Har bir avtotsisterna neft mahsulotlarini toʻkish jarayoni boshlanishidan oldin alohida yerga ulanishi kerak. Yerga ulash moslamasini uzishga faqat toʻkish jarayoni yakunlangandan soʻng ruxsat etiladi. 657. Bir vaqtning oʻzida avtotsisternadan yonilgʻi saqlash rezervuarini toʻldirish va AYQSHning boshqa rezervuaridan transport vositalariga yonilgʻini quyish faqat ostki klapan bilan jihozlangan avtotsisternalar uchun alohida oʻtish joyi mavjud boʻlgan yonilgʻi quyish shoxobchalariga ruxsat beriladi. 658. Boshqa yonilgʻi quyish shoxobchalarida yonilgʻi saqlash rezervuarlarini toʻldirishda shoxobcha xodimlari tarkibiga kirmaydigan (avtotsisterna haydovchisi bundan mustasno) odamlarning hududda boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. 659. Yonilgʻini avtotsisternadan rezervuarga toʻkish jarayoni avtomobillarga yongilgʻi quyish shoxobchasi ishchilari va avtotsisterna haydovchisi tomonidan nazorat qilinishi kerak. Shu bilan birga, AYQSH hududida 2 va undan ortiq avtotsisternalarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. 660. AYQSHlarning pastki klapan bilan jihozlanmagan rezervuarlariga avtotsisternalardan yonilgʻini toʻldirishda quyidagilar bajarilishi lozim: a) avtotsisterna uchun moʻljallangan yonilgʻi quyish maydonchasida har biri kamida 100 L hajmli 2 ta transportirovka qilinadigan havo-koʻpikli oʻt oʻchirgichlarni oʻrnatish va shay holga keltirish; b) avtotsisterna uchun moʻljallangan yonilgʻi quyish maydonchasidagi neft mahsulotlari bilan ifloslangan atmosfera yogʻinlarini chiqarish uchun ariqlarni berkitish va toʻkilgan yoqilgʻini avariyaviy rezervuarga yuboruvchi quvurni ochish; v) avtotsisternani unga moʻljallangan maydonchaga oʻrnatish va yerga ulash. Yerga ulash oʻtkazgichini avtotsisternaning ifloslangan va boʻyalgan metall korpuslariga ulashga yoʻl qoʻyilmaydi. Har bir avtotsisterna undagi neft mahsuloti toʻliq toʻkib olinguncha alohida yerga ulangan boʻlishi lozim. 661. Transport vositalariga yonilgʻi quyishda quyidagi talablarga rioya qilinishi kerak: a) mototexnika vositalari yonilgʻi quyish kolonkalariga dvigatellari oʻchirilgan holda oʻrnatiladi, dvigatelni ishga tushirish va toʻxtatish yonilgʻi quyish kolonkalaridan kamida 15 m masofada amalga oshiriladi, avtomobillar esa — oʻzining harakati bilan; b) yerga toʻkilgan neft mahsulotlari ustiga qum sepib qoʻyiladi yoki maxsus shimdiruvchi vosita (adsorbent) bilan tozalanadi. Shimdirilgan qum, adsorbent va moylangan matolar ogʻzi mahkam yopiladigan metall idishga yigʻilib, ish kuni yakunlangandan soʻg yonilgʻi quyish shoxobchasi hududidan olib chiqib ketiladi; v) yonilgʻi quyilayotgan transport vositasi bilan undan keyingi transport vositasi orasidagi masofa kamida 3 m, navbatda turgan keyingi avtomobillar oʻrtasida esa kamida 1 m oraliq masofa boʻlishi kerak. Shu bilan birga, har bir transport vositasi shoxobcha hududidan chiqib ketish va harakatlanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak; g) yonilgʻini avtomobil bakika quyish jarayonida haydovchilar bevosita ishtirok etishi kerak. Och rangli neft mahsulotlarini shisha idishlar va polietilen idishlarga antistatik moslamalarsiz quyish taqiqlanadi. 662. AYQSHda quyidagilar taqiqlanadi: a) dvigateli ishlab turgan transport vositalariga yonilgʻi quyish; b) texnik va foydalanish hujjatlarda nazarda tutilgan hollardan tashqari transport vositalarining yer osti rezervuarlari ustidan harakatlanishi; v) momaqaldiroq va atmosferada zaryadlanish yuzaga kelishi xavfi mavjud boʻlgan vaqtlarda rezervuarlarga yonilgʻi toʻldirish va avtomobillarga yonilgʻi quyish; g) yonilgʻi va moylar bilan ifloslangan hamda statik razryad hosil qiluvchi kiyim-boshlarda ishlash; d) ichida yoʻlovchilari boʻlgan transport vositalariga yonilgʻi quyish (yengil avtomobillar bundan mustasno); e) 1 — 9-sinflarga mansub xavfli yuklar (portlovchi moddalar, siqilgan va suyultirilgan yonuvchi gazlar, yengil alangalanuvchi suyuqliklar va materiallar, zaharli va radioaktiv moddalar va boshqalar) ortilgan transport vositalariga yonilgʻi quyish (ushbu transport vositalari uchun moʻljallangan maxsus shoxobchalar bundan mustasno); j) shoxobchada benzinni toʻkib olish, saqlash yoki quyish-toʻkish jarayonlarida uchqun soʻndirgich bilan jihozlanmagan traktorlarning hududga kirishi; z) quyish-toʻkish jarayonlari olib borilayotgan joydan 20 m radiusda, shuningdek, bevosita shoxobchaning uskuna va binolariga (inshootlariga) taalluqli boʻlmagan taʼmirlash va yongʻin xavfi mavjud ishlarni amalga oshirish. 663. Harakatlanuvchi yonilgʻi quyish shoxobchalarining texnologik qurilmalari statsionar yonilgʻi quyish shoxobchalari uchun belgilangan yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiq jihozlangan maxsus maydonchalarga oʻrnatilishi kerak. 664. Harakatlanuvchi yonilgʻi quyish shoxobchalarini boshqa maqsadlarda hamda boshqa texnikalardan harakatlanuvchi yonilgʻi quyish shoxobchasi sifatida foydalanish taqiqlanadi. 665. AYQSH yongʻin chiqqan transport vositasini favqulodda evakuatsiya qilish uchun uzunligi 3 m dan kam boʻlmagan qattiq shatakka olish moslamasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak. 666. AYQSHlar loyihaga koʻra ostki klapan bilan jihozlanmagan avtotsisternadan foydalanishda har birining sigʻimi 100 L dan kam boʻlmagan, kamida 2 dona transportirovka qilinadigan havo-koʻpikli oʻt oʻchirgichlar bilan taʼminlanishi lozim. 667. AYQSH quyidagi yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari bilan jihozlanishi kerak: a) faqat yengil avtomobillarga moʻljallangan, 1 tadan 4 tagacha yonilgʻi tarqatish ustunlariga ega boʻlgan yonilgʻi quyish shoxobchasi — 1 dona havo-koʻpikli oʻt oʻchirgich (sigʻimi 10 L yoki oʻt oʻchirish moddasining ogʻirligi 9 kg) va bitta kukunli oʻt oʻchirgich (sigʻimi 5 L yoki oʻt oʻchirish moddasining ogʻirligi 4 kg), 5 tadan 8 tagacha yonilgʻi tarqatish ustunlari boʻlgan yonilgʻi quyish shoxobchasi — 2 ta havo-koʻpikli oʻt oʻchirgich (sigʻimi 10 L yoki oʻt oʻchirish moddasining ogʻirligi 9 kg) va 2 ta kukunli oʻt oʻchirgich (sigʻimi 5 L yoki har biridagi oʻt oʻchirish moddasining ogʻirligi 4 kg). Oʻt oʻchirgichlarni yonilgʻi toʻldirish kolonkasining yoniga joylashtirish lozim. Toʻldirish joylari orasidagi masofa 6 m dan oshmasa, 2 ta shunday toʻldirish joylari uchun 1 ta umumiy oʻt oʻchirgichlar jamlanmasi oʻrnatilishiga ruxsat beriladi; b) yuk mashinalari, avtobuslar, yirik qurilish va qishloq xoʻjaligi texnikalariga moʻljallangan yonilgʻi quyish shoxobchalari — 2 ta transportirovka qilinadigan kukunli oʻt oʻchirgichlar (har biri kamida 50 L sigʻimga ega) va yengil avtomobillarga moʻljallangan yonilgʻi quyish shoxobchalari uchun belgilangan miqdorda havo-koʻpikli koʻchma oʻt oʻchirgichlar bilan taʼminlanishi kerak; v) avtotsisternalar oʻrnatilgan maydon — 2 dona transportirovka qilinadigan kukunli oʻt oʻchirgichlar (har biri kamida 50 L sigʻimga ega) bilan taʼminlanishi lozim. 668. AYQSHda yongʻin chiqishi xavfi paydo boʻlsa, texnologik tizimlarning elektr taʼminoti oʻchirilib (avariyaga va yongʻinga qarshi himoya tizimlarining elektr taʼminotidan tashqari), obyekt ishi toʻxtatilishi, shoxobcha hududidagi transport vositalari va tashrif buyuruvchilar tashqariga chiqarilib, sodir boʻlgan holatni bartaraf etish choralari koʻrilishi lozim. Shoxobchada yongʻin sodir boʻlsa, darhol yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarini chaqirish, obyektning yongʻindan himoya qilish tizimlarini ishga tushirish va mavjud oʻt oʻchirish vositalari bilan yongʻinni oʻchirishni tashkil etish kerak. 669. Yonilgʻi toʻldirish joyi yoki avtotsisterna maydonida benzin sizib chiqishi (toʻkilishi) yuzaga kelsa, u yerda transport vositalari dvigateli oʻt oldirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Benzinning avariyaviy sizib chiqishi (toʻkilishi) sodir boʻlib, yerga yoyilgan yonilgʻida alangalanish kuzatilmayotgan boʻlsa, yonilgʻi toʻkilgan maydon oʻt oʻchirgichning havo-koʻpigi bilan toʻliq qoplanishi kerak. Avtotsisterna maydonida yuqoridagi kabi toʻkilish yuzaga kelganda, hosil qilingan koʻpik qatlami rezervuardagi yonilgʻi toʻliq toʻkilib boʻlguniga qadar saqlab turilishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 649, 20.10.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.