VM qarori № 649, 55-boʻlim

4-§. Paxta xom ashyosini yigʻish, tashish, quritish, saqlash va birlamchi qayta ishlashga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: yongʻin xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

599. Paxta yigʻim-terimi mavsumi boshlanishidan oldin unda ishtirok etuvchi barcha shaxslar yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriqdan oʻtishi kerak. Paxta terish mashinalari, traktorlar va paxta tashish avtomobillari yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari (paxta terish mashinalari — ikkitadan oʻt oʻchirgich, belkurak va 2x2 m kigiz, traktor va avtomobillar — bittadan oʻt oʻchirgich va belkurak) va soz holatdagi uchqun soʻndirgich bilan taʼminlangan boʻlishi, shuningdek, elektr taʼminoti va yonilgʻi-moylash tizimlari soz holatda boʻlishi kerak. Gidravlik tizimdan moy, yonilgʻi sizib chiqsa, shuningdek, uchqun soʻndirgich boʻlmasa, qishloq xoʻjalik mashinalarida paxta terish va tashishga ruxsat berilmaydi. 600. Paxta terimi davomida quyidagilar taqiqlanadi: a) paxta dalasida ochiq olovdan foydalanish va chekish; b) bunkeri paxta xom ashyosi bilan toʻldirilgan paxta terish mashinasini dalada qoldirish va unga paxta maydonida yonilgʻi quyish; v) nosoz elektr uskunalar bilan paxta terish mashinasidan foydalanish; g) paxtani quritish maydonchalarida paxta terish mashinalarini saqlash. 601. Paxta xom ashyosini texnikada tashish davrida uning usti brezent yoki qiyin yonadigan mato bilan yopilishi kerak. Avtomobil kuzovining polida yoki tirkama korpusida tirqishlar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. 602. Traktorlar, avtomobillar, paxta terish mashinalarini toʻxtatib turish, ularni taʼmirlash, moylash va yonilgʻi quyish, paxta xom ashyosini tabiiy quritish maydonlaridan kamida 50 m masofada amalga oshiriladi. 603. Paxta xom ashyosini tabiiy quritish maydonlari turar joy va jamoat binolaridan hamda taʼmirlash sexlaridan kamida 150 m, yuqori va past kuchlanishli elektr liniyalar tayanchlaridan ularning 1,5 ta balandligiga teng masofada joylashtiriladi. 604. Paxta xom ashyosini tabiiy quritish maydonlari yongʻinni oʻchirish maqsadida 50 m3 dan kam boʻlmagan miqdorda suv zaxirasi bilan taʼminlanadi. 605. Avtomobil yoʻllarida paxtani quritish taqiqlanadi. 606. Paxta xom ashyosini birlamchi qayta ishlash uskunalaridagi chang chiqishiga toʻsqinlik qiluvchi qurilmalar (zichlangan joyi, mahalliy soʻrish) soz holatda boʻlishi kerak. 607. Qurilish konstruksiyalari va uskunalarning ustiga tushgan paxta changi hamda toʻplanib qolgan paxta xom ashyosi zarur hollarda, lekin ish smenasida kamida bir marta tozalanishi kerak. 608. Tosh, metall va boshqa begona buyumlarni ushlab qoluvchi qurilmalar soz holatda saqlanadi. 609. Agregatlar avriyaviy toʻxtatilganda ulardagi nosozliklar bartaraf etilgandan soʻng qayta ishga tushiriladi. 610. Kardanli vallar va tasmalarning aylanuvchi qismlari paxta tushishining oldini olish maqsadida soz holatdagi himoya qopqoqlari bilan yopilishi kerak. 611. Paxta terish mashinalarining harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlari paxta changi va tolalardan tozalanishi lozim. 612. Elevatorlar statsionar maydoncha va narvonlar bilan taʼminlanadi. Maydoncha kamida 0,9 m balandlikda panjara toʻsiqlari bilan oʻraladi va pastki qismi 0,1 m balandlikdagi yaxlit qoplama bilan himoyalanadi. 613. Transportyorlar paxta xom ashyosini pastki tasmadan olib tashlash uchun moʻljallangan maxsus qurilmalar bilan jihozlanadi. 614. Lentali transportyorlar joylarini oʻzgartirish elektr taʼminoti oʻchirilgan holatda amalga oshiriladi. 615. Kichik mexanizmlar oʻt oʻchirgichlar bilan taʼminlanishi kerak. 616. Kabellar transport vositalarining gʻildiraklari bosib oʻtishidan himoyalangan boʻlishi kerak. 617. Koʻchma kichik mexanizmlar uchun qoʻllanadigan egiluvchan kabellar raqamlanadi va qobigʻining tok qarshiligi yiliga kamida bir marta sinovdan oʻtkaziladi. Sinovdan oʻtmagan kabellarni ishlatish taqiqlanadi. 618. Statsionar elektr taqsimlash uskunalarining elektr taʼminoti yer ostida joylashtirilgan kabellar orqali amalga oshiriladi. 619. Elektr uskunalariga javobgar boʻlgan shaxslar quyidagilarga majbur: a) elektr uskunalarini, apparatlarni va elektr tarmoqlarini oʻz vaqtida profilaktik koʻrikdan oʻtkazish va joriy taʼmirlash ishlarini tashkil qilish; b) apparatlar zoʻriqishdan hamda boshqa normal ish rejimidan, qisqa tutashuvlardan muntazam ravishda himoya qilinishini nazorat qilish; v) yongʻindan saqlovchi maxsus uskun a va vositalarning sozligini nazorat qilish. 620. Elektr tarmoqlari va apparatlarining uchqun chiqarishiga, qisqa tutashuvga, haddan ortiq qizib ketishiga olib kelishi mumkin boʻlgan barcha nosozliklar mutaxassis tomonidan zudlik bilan bartaraf etilishi kerak. 621. Pnevmotransport mashina va qurilmalarning yerga ulanish tizimi soz holatda saqlanishi lozim. Paxta xom ashyosini ventilyator yordamida mexanizatsiyalashgan holda yoyishga ruxsat berilmaydi. 622. Bitta gʻaramosti maydoni 25x14 m yoki 22x11 m boʻlganda — gʻaramlar soni oltitadan, gʻaramosti maydoni 65x14 m boʻlganda gʻaramlar soni ikkitadan koʻp boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda gʻaram balandligi 8 m dan oshmasligi lozim. 623. Guruhlardagi paxta gʻaramlari orasidagi masofa 15 m dan, guruhlar oʻrtasida masofa esa 30 m dan kam boʻlmasligi kerak. 624. Paxta gʻaramlarini titish davrida paxta tashuvchi mashinalar, mexanizmlar va avtopoyezdlar guruhlar orasidagi 30 m li masofani saqlagan holatda joylashtirilishi kerak. 625. Paxta tozalash va qabul qilish korxonalari hududlarida oʻtkazilgan elektr kabellar ustidan avtotransport va kichik mexanizmlarning oʻtishiga ruxsat etilmaydi. 626. Avtotransport vositalari va kichik mexanizmlar hamda agregatlarda yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf qilish, ular paxta gʻaramidan kamida 5 m uzoqlikdagi masofaga oʻtkazilib, oʻchirilgan holda amalga oshirilishi lozim. 627. Frezalar qoziqlarining uchlari uchqun chiqarmaydigan materialdan tayyorlanishi lozim. 628. Freza qoziqlarining yopiq ombor shifti va poliga hamda boshqa metall (beton) konstruksiyalariga tegmasligi uchun strelaning yuqoriga va pastga harakati chegaralanib qoʻyilishi lozim. 629. Quritish qurilmasidan foydalanishda quyidagilar taʼminlanishi lozim: a) issiqlik generatorlarining soz boʻlishi; b) issiqlik ishlab chiqaruvchi qurilmalarda oʻlchash vositalari va xavfsizlikning avtomatlashtirilgan tizimi ishlashi; v) quritish kamerasi eshigi va taʼminlagichining mahkamligi; g) baraban va shnek boʻlimlarini paxta xom ashyosidan davriy ravishda tozalanishi. 630. Paxta xom ashyosini quritish uchun ishlatiladigan issiqlik ishlab chiqaruvchi qurilmalar yonmaydigan konstruksiyalardan tayyorlangan alohida xonalarga oʻrnatiladi. 631. Quritish qurilmasining ishlashi doimiy nazorat qilinadi. Paxta xom ashyosi harorati chiqishda 70oC dan oshishiga yoʻl qoʻyilmaydi. 632. Quritish barabanidan sargʻaygan paxta chiqsa, darhol paxta va issiq havo berish hamda mexanizmlarning ishlashini toʻxtatish kerak. Agar quritish barabanidan kelayotgan paxta yonsa, quritgich darhol toʻxtatilib, choʻgʻlangan paxta oʻchirilishi va tozalanishi kerak. 633. Quritish boshlanishi faqat paxtaning qizib ketishi yoki yonishi sabablarini sinchiklab tekshirish va bartaraf etish orqali qayta tiklanishi mumkin. 634. Paxta xom ashyosi tozalagichlarning joyini oʻzgartirishda panjaralar orasidagi tirqishlar oʻzgarmasligi va teshikli toʻrlar yuzasi begona jism va oʻtlar bilan tiqilib qolmasligi uchun panjaraning holati kuzatib borilishi lozim. Panjaralarni tozalash va tola tozalagichlarning soʻrish kamerasidagi tiqilgan jismlarni bartaraf etish faqat yogʻoch tayoqchalar yordamida bajariladi. 635. Paxta tolasini saqlash faqat toylarda amalga oshiriladi. Barcha ochilib ketgan toylar har smena oxirida qayta ishlanadi. 636. Paxta toylarini shtabellarda ochiq maydonlarda saqlashda shtabelning oʻlchamlari uzunligi 22 m, kengligi 11 m va balandligi 8 m dan oshmasligi kerak. Shtabellar oʻlchami kamaytirilsa, ular orasidagi masofa eng baland shtabelning ikkita balandligidan kam boʻlmasligi kerak. 637. Ochiq maydonlardagi saqlanadigan paxta tolalari taxlangan barcha shtabellarning usti brezent bilan yopilgan boʻlishi lozim. 638. Bostirma ostida saqlanadigan paxta tolalari eni 2 m dan kam boʻlmagan koʻndalang yoʻlaklar qoldirib taxlanadi. Bunda yoʻlaklar soni: maydoni 300 dan 600 m2 gacha boʻlsa — bitta; maydoni 1200 kvadrat m2 gacha boʻlsa — uchta; maydoni 1800 m2 gacha boʻlsa — toʻrtta boʻlib, ular teng masofada boʻlishi kerak. Paxta tolasi balandligi boʻyicha esa tomning panjarasi yoki ferma shiftigacha kamida 1 m ochiq joy qoldirib taxlanadi. 639. Paxta toylarini yopiq omborlarda saqlaganda ular maxsus tagliklar ustiga taxlanadi. Bunda uzunligi kamida 2 m li bitta yoʻlak va har bir eshik toʻgʻrisida ushbu kenglikda koʻndalang yoʻlaklar qoldiriladi. Omborning perimetri boʻylab devor bilan orasida kamida 1 m boʻlgan yoʻlak qoldirilishi lozim. Omborlar ichida har qanday toʻsiqlarni oʻrnatish taqiqlanadi. 640. Yopiq omborlar va bostirma ostidagi pollar, shuningdek, ochiq maydonlardagi shtabellarning ostidagi asoslar yonmaydigan materiallardan ishlangan boʻlishi kerak. 641. Avtomobillar va traktorlar paxta tolasi boʻlgan yopiq omborlar, bostirmalar va shtabellarga faqat tutun chiqarish quvurining qarama-qarshi tomoni bilan haydab kelinadi. Bunda tutun chiqarish quvuri uchqun soʻndirgich bilan jihozlangan boʻlishi shart. Barcha hollarda avtomobillar, motovozlar, avtodrezina, avtokran va mototsikllar paxta tolalari boʻlgan bostirma va shtabellarga 3 m dan yaqinroq kirishiga ruxsat etilmaydi. 642. 2400 t dan koʻp paxta xom ashyosini saqlashga moʻljallangan paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash maskanlarida yuqori bosimli yongʻinga qarshi suv manbasi tashkil etilishi lozim. 643. 2400 t gacha paxta xom ashyosini saqlashga moʻljallangan paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash maskanlarida yongʻinni oʻchirish uchun yongʻinga qarshi suv havzalaridan foydalanishga ruxsat beriladi. 644. Suv havzalariga yoki tabiiy suv manbalariga borish uchun eni 3,75 m dan kam boʻlmagan qattiq qoplamali yoʻl va 12x12 m oʻlchamli maydon tashkil etiladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 649, 20.10.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.