VM qarori № 649, 52-boʻlim
35-bob. Qishloq xoʻjaligi obyektlariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari — 1-§. Qayta ishlash obyektlariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: yongʻin xavfsizligi
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.
505. Elevatorlarda quyidagilar taqiqlanadi: a) bitta silosda (bunkerda) turli mahsulotlarni birgalikda saqlash; b) ishlab chiqarish xonalarida joylashgan bunker va siloslarda aspiratsion chiqindilar va sanoat changlarini yigʻish va saqlash. 506. Sholi, tariq va grechixa poʻchoqlari don zavodining ikki kun ishlashi uchun sigʻimga ega bunker tipidagi omborlarda saqlanishi kerak. Poʻchoqlarni ochiq joylarda va ayvonlar ostida saqlash taqiqlanadi. 507. Shrot va kunjaralarning harorati 35°C dan yuqori boʻlganda, ulardagi namlikning massa ulushi va erituvchining qoldiq miqdori texnologik yoʻriqnomalarda belgilangandan ortiq boʻlganda ularni omborxonalarga joylashtirish taqiqlanadi. Saqlanayotgan shrot va kunjaralarning harorati har kuni oʻlchab turilishi kerak. Oʻz-oʻzidan yonish holatlarining oldini olish uchun shrot, kunjara va boshqa unli xom ashyolarni vaqti-vaqti bilan egallab turgan sigʻimlardan boʻshlariga koʻchirib turish kerak. Ushbu ishlarni bunker va siloslarda uzluksiz saqlashning ruxsat etilgan muddatlari asosida ishlab chiqilgan jadvallarga muvofiq amalga oshirish lozim. 508. Suyuq yonilgʻida ishlaydigan boʻr va tuzlarni quritish qurilmalarida yonilgʻi baki quritish va ishlab chiqarish xonalarining tashqi tomoniga oʻrnatilishi kerak. 509. Oʻt qalash joyi mavjud boʻlgan quritish qurilmalari joylashgan xonalarda begona materiallar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni hamda qattiq yoqilgʻilarni (bir marta toʻldirish uchun zarur boʻlgan miqdordan ortiq boʻlmagan) saqlash taqiqlanadi. 510. Quritish qurilmalarida yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarning sizib chiqishi aniqlanganda qurilma darhol toʻxtatilishi kerak. Quritish qurilmasi ishlashi vaqtida aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish taqiqlanadi. 511. Un ishlab chiqarish sanoati korxonalarining soyabon va soʻruvchi quvurlarining ichki yuzasidagi yonuvchan chiqindilarni tegishli dalolatnomalar tuzgan holda muntazam (yarim yilda kamida bir marta) tozalab turish kerak. 512. Suyuq yonilgʻida ishlaydigan non pishirish pechlari va qovurish barabanlarida yonilgʻini uzatish va oʻt oldirish tizimlari blokirovkalanadigan boʻlishi kerak. Quvurlar, salnik va joʻmraklarning ulangan joylaridan yonilgʻining sizib chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydi. 513. Makaron va un ishlab chiqarish korxonalarida quyidagilar taqiqlanadi: a) pishirish kamerasida ushoq va non mahsulotlari toʻplanib qolishi (toʻplangan ushoqlar metall idishlarga yigʻib olinishi va muntazam ravishda tozalab turilishi kerak); b) unni boshqa yonuvchi materiallar bilan birga saqlash (un chiqindilari va boʻsh qoplar alohida xonalarda saqlanishi kerak). 514. Qandolat mahsulotlari joylangan qutilar taxlanishida ularning balandligi 3,5 m dan oshmasligi kerak. 515. Don quritish qurilmalarining yonilgʻi tizimi ulagichlari va armaturalari zavodda ishlab chiqarilgan boʻlishi hamda yonilgʻining oqib chiqishiga yoʻl qoʻymasligi kerak. Yer ustidagi yonilgʻi saqlash sigʻimi yerga ulangan boʻlishi kerak. 516. Don quritish qurilmalarining xonalari bir smena davomida kamida ikki marta tozalanib turilishi lozim, ularda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda boshqa yonuvchi materiallarni saqlash taqiqlanadi. Yigʻilgan chiqindi va changlarni xonalardan tashqarida maxsus tashkil etilan joylarga chiqarib tashlash kerak. 517. Quritish qurilmasi ishlashi paytida chiqarish mexanizmlarining sozligini doimiy ravishda kuzatib borish va ularning tiqilib qolishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Donni uzluksiz chiqarib turadigan quritgichlarda quritish agentini quritish kamerasiga yetkazib berishni toʻxtatmasdan uning chiqarilishini kechiktirish taqiqlanadi. 518. Quritgich kunu tun ishlaganda har 10 kunda kamida bir marta uning shaxtalari ichidagi dondan boʻshatib tozalanishi, havo taqsimlash qurilmalari, chiqaruvchi mexanizmlari, quritgich va oʻt qalash joyining boshqa uskunalari koʻzdan kechirilishi kerak. Koʻzdan kechirishda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishi kerak. 519. Don quritish qurilmalarini yonish jarayonini, quritish agentining haroratini, donni qizdirish va sathini oʻlchash datchiklarini nazorat qiluvchi avtomatika tizimisiz ishlatish hamda ishlab turgan oʻt qalash joyini nazoratsiz qoldirish taqiqlanadi. Mashʼala oʻchib qolganda qayta yoqishdan oldin oʻt qalash joyi 5 min davomida shamollatilishi kerak. Pechda yoqilgʻi yoki gaz bugʻlari toʻplanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. 520. Don quritish qurilmalarining texnologik ehtiyojlari uchun yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarning saqlash sigʻimlaridan foydalanishda quyidagilarga eʼtibor qaratish zarur: a) obyektning binolari (inshootlari) konstruksiyalari (orqali) yonilgʻi quvurlarining tranzit oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik; b) faqat germetik boʻlgan sigʻimlardan foydalanish, agar sizib chiqish aniqlansa, sigʻim boʻshatilishi va taʼmirlanishi kerak; v) sigʻimlarni yonilgʻi bilan toʻldirishda maxsus nasoslar yoki yonilgʻi quyish moslamalaridan foydalanish. Bunda ochiq idishlardan foydalanish taqiqlanadi; d) yonilgʻining toʻkilib ketishiga yoʻl qoʻymaslik; e) yonilgʻi uzatish quvurlari uchun kamida ikkitadan yopuvchi joʻmraklar boʻlishi (sigʻim va quritish xonalarida). 521. Suyuq va gazsimon yonilgʻilarda ishlovchi quritish agregatlarini oʻt oldirish faqat elektr oʻt oldirish tizimi orqali bajarilishi kerak. Bunda mashʼalalardan foydalanish taqiqlanadi. 522. Aspiratsion va pnevmotransport tizimlarning siklonlarini don quritish xonalari va qozonxonalarning moʻrikonlariga qaratilgan holda bino devoriga joylashtirish man etiladi. 523. Soatiga 12 t dan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga ega don quritish majmualari quritish zonasidagi yongʻin oʻchoqlarini avtomatik aniqlovchi, yongʻin toʻgʻrisida xabar beruvchi ovozli va nurli signalizatsiyalar, issiqlik oqimidagi uchqunlarni ushlovchi uchqun ushlagichlar hamda quritish zonasidagi alangani oʻchirish uchun suv uzatuvchi kompleks himoya tizimli qurilmalar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. 524. Qattiq yoqilgʻida ishlaydigan issiqlik generatorlari bilan jihozlangan don quritish majmualarini oʻrnatish va ishlatishda quyidagi talablar bajarilishi kerak: a) qattiq yoqilgʻida ishlaydigan issiqlik generatorlarining oʻt qalash joylari ularning zich yopilishiga toʻsqinlik qiluvchi deformatsiyaga uchramagan boʻlishi kerak; b) issiqlik generatorlarining dudburonlari uchqun soʻndirgichlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak; v) oʻlchamlari issiqlik generatorining oʻt qalash joyidan katta boʻlgan qattiq yoqilgʻidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi; g) dudburonlarni qurumdan tozalashni issiqlik generatorini ishga tushirishdan oldin, mavsumiy konservatsiyadan soʻng va foydalanish davrida bir oyda kamida bir marta amalga oshirilishi kerak; d) issiqlik generatoriga tutash hududni yonuvchi chiqindilardan va issiqlik generatorlarining uchqun ushlovchi moslamalarini har smenada kamida bir marta tozalash lozim. Elektrdvigatellar, yoritkichlar va kabellar haftasiga kamida bir marta yonuvchi changlardan tozalanishi kerak; e) kul, shlak va koʻmirni maxsus belgilangan joylarga chiqarib tashlash kerak. Bunday toʻplash joylarini binolardan (inshootlardan) 15 m dan va don quritish konstruksiyalaridan 30 m dan kam boʻlgan masofada joylashtirish mumkin emas; j) don quritgichning ishlash jarayonida operator issiqlik generatorining ishlashini doimiy kuzatib borishi kerak; z) issiqlik generatorida yoqilgʻini yoqish uchun yengil alangalanuvchi suyuqliklardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi; i) issiqlik generatori uchun yoqilgʻi mahsulotlari texnik hujjatlarda koʻrsatilgan fizik-kimyoviy xususiyatlarga mos kelishi kerak. 525. Don yonishi aniqlanganda, zudlik bilan agregatni toʻxtatish, donni sovitish uchun tushirish va yongan izlari boʻlgan joylarni olib tashlash kerak. 526. Qattiq yoqilgʻini taxlashda quyidagilar bajarilishi lozim: a) taxlash uchun faqat qatʼiy belgilangan maydonlardan foydalanish. Quritgich yaqinida qattiq yoqilgʻi zaxirasini saqlashda uning miqdori bir martada yuklanadigan hajmdan oshmasligi kerak; b) yongʻin oʻchirish texnikasi oʻtishi uchun talab etiladigan yongʻinga qarshi oraliqlariga rioya qilish; v) qattiq yoqilgʻini oʻt qalash joyidan 3 m dan yaqin saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi. 527. Quyidagi holatlarda qattiq yoqilgʻida ishlaydigan issiqlik generatorlaridan foydalanish taqiqlanadi: a) issiqlikni almashtirib beruvchi qurilmasisiz; b) tegishli hujjatlarsiz qayta jihozlanganda; v) issiqlikni almashtirib beruvchi qurilmaning devorlarida shikastlanish (teshiklar) mavjud boʻlganda. 528. Yongʻin alomatlari aniqlanganda oʻt qalash joyiga yoqilgʻi berishni toʻxtatish va quritish kamerasiga qurituvchi agentni yetkazib beruvchi ventilyatorni elektr manbadan oʻchirish, zudlik bilan yongʻin-qutqaruv boʻlinmasiga yongʻin haqida xabar berish va yongʻinni bartaraf etish choralarini koʻrish lozim. 529. Moyli oʻsimliklarning yertoʻla va yarim yertoʻla omborlari, moyli oʻsimliklarni tashish uchun moʻljallangan galereyalar va tunnellar mexanik shamollatish va yoritish tizimlari bilan jihozlanishi kerak. Chuqurligi 0,5 m dan ortiq boʻlgan moyli oʻsimliklarni tashish uchun oʻrnatilgan qurilmalar joylashgan chuqurchalar mexanik shamollatish tizimi bilan jihozlangan, qopqoqlar bilan yopilgan yoki oʻralgan boʻlishi kerak. 530. Moyli oʻsimliklarni saqlash yertoʻla va yarim yertoʻla omborlarida, ularni tashish galereyalarida, tunnellar va chuqurchalarda havo muhitini nazorat qilish tasdiqlangan jadval asosida amalga oshirilishi kerak. Jadval obyekt rahbari tomonidan belgilanadi. 531. Shrot omborining silos qutilari lyuk-qopqoqlari va panjaralari zarba va ishqalanish vaqtida uchqun hosil qilmaydigan materiallardan tayyorlanishi kerak. 532. Oʻz-oʻzidan qizish va alangalanishni, shuningdek, elevatorning silos qutilar va bunker omborlarida tiqilib qolishining oldini olish uchun moyli oʻsimliklarni taxlashdan oldin ularni tozalash va quritish zarur. Omborlarga joylashtirishda urugʻning namligi meʼyor talablariga muvofiq boʻlishi lozim. Urugʻlarning harorati 40°C dan oshmasligi kerak, agar tashqi havo harorati 35°C dan ortiq boʻlsa, uning harorati 5°C dan oshmasligi kerak. 533. Deflegmatorlar va sirtqi kondensatorlarining tizimlarida hamda yogʻni absorbsiyalashda havo-bugʻ aralashmasidan erituvchilarni rekuperatsiya qilish jarayonlari havo va eritmalarning bugʻlari aralashmasi alangalanishiga olib keluvchi yondirish manbalarini istisno qiladigan sharoitlarda bajarilishi kerak. 534. Quritish qurilmalaridan foydalanishda quritish jarayoni rejimi va nazorat hamda signalizatsiya jihozlarining sozligini doimiy ravishda nazorat qilish kerak. Purkash mexanizmining dvigatelini avariyaviy toʻxtashida quritish kamerasining avtomatik yongʻin oʻchirish tizimi bugʻning hisoblangan miqdori bilan taʼminlanishi kerak. 535. Quritish qurilmalarini (kameralar, siklonlar va boshqalarni) va yongʻinga qarshi texnik himoya vositalarining (ogohlantirish, texnologik va shoshilinch) sozligi kundalik nazorat qilinishi lozim. Xabar berishdan tashqari avtomatika qizdirish harorati keskin oshganda yoki yongʻinlarda quritish agenti yoki yoqilgʻini pechga yetkazib berish butunlay toʻxtatilishini taʼminlashi kerak. 536. Quritgichlarda pech ustiga panjaralar oʻrnatilishiga ruxsat berilmaydi. Pech tomonida panjaralar pechning shiftiga qadar toʻsilgan boʻlishi kerak. 537. Har ish smenasidan soʻng quritgichning oʻt qalash joyi, kul toʻplanish kamerasi, uchqun soʻndirgich sikloni va aralashtirish kamerasi kuldan tozalanishi lozim. 538. Quritish kameralariga yangi donlarni solishdan oldin ular kamera va lotoklarga tushgan somon va turli chiqindilardan tozalanishi kerak. Quritish xonalarida boshoqli don ekinlari zaxirasini saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi. 539. Boshoqli don ekinlari yuklangandan soʻng panjara ostiga tushgan va unda osilib qolgan poyalarni olib tashlash hamda pechni, devorlarni va polni tozalash kerak. Boshoqli don ekinlarini quritish binosining devorlariga taqagan holda saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi. 540. Zigʻir, kanop va boshqa ekinlarga ishlov berish xonalari mashina boʻlinmasidan ajratilgan holda boʻlishi kerak. Mashina boʻlinmasiga oʻrnatilgan ichki yonish dvigatelining tutun chiqarish quvurlari uchqun soʻndirgichlar bilan jihozlanishi kerak. Yonuvchi konstruksiyalardan oʻtgan tutun chiqarish quvurlarining chiqish joyiga yongʻinga qarshi ajratma (razdelka) oʻrnatilishi lozim. 541. Ekinlar xom ashyosini gʻaramlarda, bostirmalar ostida, yopiq omborlarda, tola va kanoplarni esa — faqat yopiq omborlarda saqlash kerak. 542. Ekinlarga birlamchi ishlov berish vaqtida quyidagilar taqiqlanadi: a) zigʻirni xoʻjaliklar hududida xirmonlarda va taʼmirlash sexlari, garaj va boshqa joylarda saqlash; b) avtomobillar va traktorlar ishlab chiqarish binolariga, tayyor mahsulot omborlari va bostirmalar ostiga kirishi. Belgilangan binolar, gʻaramlar va bostirmalargacha avtomobillar 5 m dan va traktorlar 10 m dan kam boʻlmagan masofada toʻxtashi; v) ezish-titish sexida isitish pechlarini oʻrnatish. 543. Zigʻirni qayta ishlash punkti hududiga kiruvchi avtomobillar, traktorlar va boshqa oʻziyurar transport vositalari soz holdagi uchqun soʻndirgich bilan jihozlanishi kerak. 544. Dagʻal yem-xashak va tolali oʻsimliklar joylashgan gʻaram, shtabel va bostirmalarga transport vositalari faqat tutun chiqarish quvurining qarama-qarshi tomoni bilan haydab kelinishi lozim. Bunda tutun chiqarish quvuri uchqun soʻndirgich bilan jihozlangan boʻlishi va gʻarmalardan 3 m dan kam boʻlmagan masofada toʻxtatilishi lozim. 545. Boshoqli don ekinlarini tabiiy quritish maxsus belgilangan maydonlarda amalga oshirilishi kerak. Boshoqli don ekinlarini sunʼiy quritish faqat maxsus quritgichlarda, riglarda (ovinlarda) bajarilishi kerak. 546. Boshoqli don ekinlarini quritish uchun riglarda (ovinlarda) joylashtirilgan pech konstruksiyalaridan uchqunlar xona ichiga tushishini oldi olingan boʻlishi kerak. Quritgich va riglarda (ovinlarda) zigʻirni yoyish uchun pechning ustiga panjara oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi. Pechdan yonuvchi konstruksiyalargacha boʻlgan masofa kamida 1 m boʻlishi kerak. Pech tomonidagi panjaralar pechning shiftiga qadar yonmaydigan materiallardan ishlangan toʻsiqlarga ega boʻlishi kerak. 547. Quritgich va riglarda (ovinlarda) quyidagi talablarga rioya qilish kerak: a) boshoqli don mahsulotini quritishda issiqlik harorati 80°C dan, boshoqlarni quritganda esa 50 °C dan koʻp boʻlmasligi kerak; b) ventilyator oʻt qalash boshlanishidan bir soatdan keyin yoqilishi kerak. 548. Ezish-titish agregatlari joylashgan xonalar havo tortuvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi va titish agregatlari esa zontlar bilan jihozlanishi kerak. 549. Ishlab chiqarish xonalarida joylashgan boshoqli don ekinlari bir smena ehtiyojidan ortiqcha boʻlmagan miqdordan oshmasligi kerak. Shtabellardagi boshoqli don ekinlarini mashinalarga 3 m ga yaqin taxlanishi taqiqlanadi. 550. Xonalardan tayyor mahsulotlar omborxonaga smenada kamida 2-marta olib chiqilishi kerak. 551. Har ish kuni tugagandan soʻng ezish-titish sexi xonalari chang, tola va boshqa chiqindilardan tozalanishi kerak. Dastgohlar, devorlar va sexning ichki yuzalari supurilgan va tozalangan boʻlishi kerak. 552. Tamaki ekinlarini quritishda ishlatiladigan tokchalar va javonlar yonmaydigan materiallardan tayyorlanini lozimi. Issiqlik quvurlari ustidagi olovli quritgichlarga tamaki tushishidan himoyalaydigan metall soyabonlar oʻrnatilishi kerak. 553. Moy va yoqilgʻini sizib chiqayotgan qurilmalarga kimyoviy moddalarni qoʻshish uchun tayyorlash va boshqa yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. 554. Soatiga 50 t dan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga ega noriyalar tasmalarning toʻxtash joylarida teskari ishlashdan himoya qiladigan avtomatik toʻxtash uskunalari bilan jihozlanadi. Noriyalarni va boshqa alohida detallarni yogʻochdan yoki boshqa yonuvchi materiallardan yasash taqiqlanadi. 555. Tozalanmagan don uchun shneklar yirik aralashmalarni ushlab qolish uchun moʻljallangan panjaralar va mahsulot bosimi ostida ochiladigan saqlovchi klapanlar bilan jihozlanishi kerak. Panjaralarni tozalash davriyligi tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. 556. Barcha tasmali uzatmalarning tasmalarini tarangligi bir xil boʻlishi kerak. Toʻliq boʻlmagan kamarlar toʻplami bilan ishlash yoki shkifli ariqchalari profiliga toʻgʻri kelmaydigan profilli kamarlardan foydalanish taqiqlanadi.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida
Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 649, 20.10.2020
← Oldingi boʻlim
Boʻlim 51. 34-bob. Ibodatxonalarning bino va inshootlariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
Keyingi boʻlim →
Boʻlim 53. 2-§. Parrandachilik va chorvachilik obyektlariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
Qoʻshni boʻlimlar
- 485-§. Videoyozish blokiga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
- 496-§. Televideniye va radioning harakatlanuvchi texnik vositalariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
- 5033-bob. Hammomlarga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
- 5134-bob. Ibodatxonalarning bino va inshootlariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
- 532-§. Parrandachilik va chorvachilik obyektlariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
- 543-§. Oʻrim-yigʻim va saqlash obyektlariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
- 554-§. Paxta xom ashyosini yigʻish, tashish, quritish, saqlash va birlamchi qayta ishlashga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari
- 5636-bob. Avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari — 1-§. Umumiy qoidalar
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.