VM qarori № 712, 73-boʻlim

3-§. Turli ishlar

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: elektr xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

214. Fazalar boʻyicha taʼmirlashda, oʻchirilgan fazaning simiga ish joyida faqat bitta yerga ulagich oʻrnatiladi. Ushbu simda yerga ulagichdan 20 metrgacha boʻlgan masofada ishlashga ruxsat etiladi. Bir necha brigadalar bir vaqtda ishlaganda, oʻchirilgan sim elektr jihatdan oʻzaro bogʻlanmagan uchastkalarga ajratib boʻlinishi zarur. Har bir brigada uchun bitta yerga ulagich oʻrnatilgan alohida uchastka ajratiladi. 215. Kuchlanishi 110 kV va undan yuqori boʻlgan HLda fazalar boʻyicha taʼmirlash ishlari bajarilganda, yerga ulagichni oʻrnatish yoki olishdan oldin razryad yoyi tarqalmasligi uchun yoy soʻndiruvchi moslama bilan jihozlangan shtanga yordamida simni oldindan yerga ulab qoʻyiladi. Shtanganing yerga ulovchi simi oldindan yerga ulagichga ulanadi. Bu shtanga faqat koʻchma yerga ulagich oʻrnatilgandan (yoki olingandan) soʻng olinishi mumkin. 216. Simlari gorizontal joylashgan HLni fazalar boʻyicha taʼmirlash ishlari bajarilganda, kuchlanish ostida turgan simlarni ushlab turuvchi traversalar uchastkalariga oʻtish taqiqlanadi. 217. Tayanchning yerga ulanish qarshiligini oʻlchash paytida yashin qaytaruvchi trosning yerga ulagichga ulovchi simini ulash yoki olib qoʻyish dielektrik qoʻlqopda yoki trosni oldindan yerga ulagichga ulab qoʻyilgandan keyin bajarilishi lozim. 218. Kesimi 240 mm2 dan kam boʻlmagan simlarda va kesimi 70 mm2 dan kam boʻlmagan troslarda xodimlarning harakatlanishiga ruxsat etiladi. Ajratilgan simlarda va trosslar boʻylab harakatlanganda, himoya kamari ilgaklari simlarga, maxsus aravachadan foydalanilganda esa, aravachaga mahkamlanishi zarur. 219. HLni yoki havo almashlab-ulash punktini koʻrikdan oʻtkazishda konstruksiya yoki tayanchga koʻtarilish taqiqlanadi. 220. Oʻtish qiyin boʻlgan joylarda va noqulay ob-havo sharoitida HLni koʻrikdan oʻtkazish ikki kishi tomonidan bajarilishi, bunda ularning biri elektr xavfsizligi boʻyicha kamida II guruhga ega boʻlishi kerak. Boshqa hollarda II guruhga ega boʻlgan shaxs koʻrikdan oʻtkazishni yakka oʻzi oʻtkazishi mumkin. Kunning qorongʻu vaqtlarida koʻrikni sim ostida yurib oʻtkazish taqiqlanadi. Shikastlangan joyni izlash paytida HLni koʻzdan kechiruvchi shaxslarda nosozlik topilgan joylarga oʻrnatish uchun ogohlantiruvchi plakatlar boʻlishi kerak. 221. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan HLning uzilib yerda yotgan simlariga 8 metrdan kam masofaga yaqinlashish taqiqlanadi. Bunday sim yaqinida odamlar va hayvonlarning yaqinlashishini oldini olish uchun nazoratchilar imkoni boʻlgan hollarda ogohlantiruvchi plakatlar qoʻyishi va bu haqda elektr tarmoqlari korxonasiga xabar berishi hamda taʼmirlash brigadasi yetib kelguncha kutib turish zarur. 222. Kuchlanish ostidagi 6 — 35 kV HLning temir-beton tayanchlariga, ularda izolyatorlarning ishdan chiqishi, simlarning tayanchga tegib turishi va boshqa sabablar natijasida yerga tok oʻtayotganlik alomati sezilsa (namlikning yerdan bugʻlanib koʻtarilishi, tayanchda va tayanchning yerga kirgan joyida elektr yoyining hosil boʻlishi va boshqa belgilar), tayanchlarga 8 metrdan kam masofaga yaqinlashish man etiladi. 223. HLning transport magistrallari (temir yoʻllar, kema qatnovchi daryolar va kanallar) bilan kesishgan uchastkalarida ish olib borish uchun vaqtincha transport harakatini toʻxtatish yoki transport harakati tufayli HLda olib borilayotgan ishlarni toʻxtatib turish talab qilinsa, naryad beruvchi shaxs ish joyiga transport magistrallari harakati xizmatining vakilini chaqirishi kerak. Bu vakil zarur muddatga transport harakati toʻxtatib turilishini taʼminlashi yoki tarmoqda ishlayotgan brigadani yaqinlashayotgan transport toʻgʻrisida ogohlantirishi shart. Transportni oʻtkazib yuborish uchun halaqit berayotgan simlar xavfsiz balandlikka koʻtarib qoʻyiladi. 224. HLning asosiy va qishloqlararo yoʻllar bilan kesishgan yoki bevosita yaqinlashgan uchastkalarida ish olib borilganda, transport haydovchilarini ogohlantirish yoki transport harakatini toʻxtatish uchun Davlat avtomobil nazorati bilan kelishilgan holda ish bajaruvchi asosiy va boshqa yoʻllarga signal beruvchilarni qoʻyishi, shuningdek, “Taʼmirlash ishlari” yoʻl belgisini oʻrnatishi zarur. Zarur boʻlganda, Davlat avtomobil nazoratining vakili chaqirtirilishi lozim. Signal beruvchilar HL bilan yoʻlning kesishgan yoki yaqinlashgan joyidan har ikki tomonda 100 metr uzoqlikda turishlari va ularda kunduzi qizil bayroqchalar, kechasi esa qizil chiroqlar boʻlishi kerak. 225. Barcha turdagi tayanchlarga yoki kronshteynlarga oʻrnatilgan, shuningdek, tortilgan troslarga osilgan barcha xildagi yoritgichlarni tozalash va lampalarini izolyatsiyalovchi boʻgʻini boʻlgan teleskopik minoradan turib almashtirish ishlari simlardan kuchlanishni olmasdan turib, farmoyish boʻyicha bajarilishi mumkin. Yerga ulagich simi yogʻoch tayanch boʻylab tushirilmagan va faza simidan pastda oʻrnatilgan yoritgichlarda bunday ishlar tayanchdan turib yoki yogʻoch narvonni qoʻyib bajarilishi mumkin. Ishni ish bajaruvchi elektr xavfsizligi boʻyicha kamida II guruhga ega boʻlgan bir yoki bir nechta brigada aʼzolari bilan birga bajarishi zarur. 226. Yerga ulagich simi tayanch boʻylab tushirilgan yogʻoch tayanchlardagi, temir-beton va metalldan yasalgan tayanchlardagi va kronshteynlardagi yoritgichlarni izolyatsiyalovchi boʻgʻini boʻlmagan teleskopik minoradan yoki tayanchdan turib yoxud yogʻoch narvonni qoʻyib tozalash va lampalarini almashtirish naryad boʻyicha, tayanchga osilgan barcha simlardan kuchlanishni olib tashlab, ularga yerga ulagich oʻrnatilgandan keyin bajarilishi zarur. Ushbu bandda va mazkur Qoidalarga 10-ilovaning 225-bandida koʻrsatilgan ishlarni bajarishda yoritgichlarga faqat ish bajaruvchi yoki elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga ega brigada aʼzosi koʻtarilishiga ruxsat etiladi. 227. Gazorazryadli lampalarning ishga tushirish-rostlash apparatlarida ishlaganda, uni yoritgichning umumiy sxemasidan oʻchirishdan oldin simni tarmoqdan uzib, statik kondensatorlarini (zaryadsizlovchi qarshiliklar boʻlishidan qatʼiy nazar) zaryadsizlash zarur.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 712, 11.11.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.