VM qarori № 649, 80-boʻlim

Yongʻin xavfsizligi qoidalariga 4-ILOVA. Obyektning yongʻin xavfsizligi pasporti

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: yongʻin xavfsizligi

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

1. Yongʻin xavfsizligi pasporti (keyingi oʻrinlarda — pasport) — obyektning (binoning) mavjud yongʻin xavfsizligi darajasini tavsiflovchi va yongʻin xavfini kamaytirish boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan, belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan hujjat. 2. Yongʻin xavfsizligi pasporti quyidagi obyektlar uchun ishlab chiqilishi lozim: a) yongʻin va portlash xavfi mavjud ishlab chiqarishlar: 500 m2 dan ortiq ishlab chiqarish maydoniga ega yogʻochni qayta ishlash va sellyuloza-qogʻoz sanoati korxonalari; kuniga 50 mln m3 ortiq gazni haydash (oʻtkazish) korxonalari; kuniga 20 ming t dan ortiq neftni haydash (oʻtkazish) korxonalari; kuniga 15 ming t dan ortiq neftni qayta ishlash korxonalari; kuniga 100 t dan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga ega kimyoviy tola ishlab chiqarish korxonalari; kuniga 20 t dan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga ega asosi yonuvchan boʻlgan lok-boʻyoq mahsulotlari korxonalari; umumiy sigʻimi 20 000 m3 dan ortiq boʻlgan neft, neft mahsulotlari omborlari; belgilangan quvvati 100 MV dan ortiq boʻlgan elektr stansiyalar va issiqlik elektr markazlari; sigʻimi 15 ming t dan ortiq boʻlgan don mahsulotlarini saqlash va ularni qayta ishlash elevatorlari; quvvati kuniga 1 000 t dan ortiq shakar ishlab chiqarish korxonalari; portlash va yongʻin xavfliligi boʻyicha A, B va V toifaga kiruvchi maydoni 10 000 m2 dan ortiq boʻlgan ishlab chiqarish va (yoki) omborxona binolari; b) belgilangan vazifasi yoki loyihasiga muvofiq bir vaqtning oʻzida 800 dan ortiq kishi boʻlishi mumkin boʻlgan izolyatsiya qilingan xonaga ega binolar va (yoki) inshootlar: shifoxonalar, gospitallar, davolash stansionarlari, tugʻruqxonalar, reabilitatsiya markazlari; mehmonxonalar, sanatoriylar, profilaktoriylar, dam olish uylari; konsert zallari, teatrlar, amfiteatrlar, kinoteatrlar, madaniyat uylari, sport (koʻngilochar) saroylari, markazlar; davlat boshqaruv organlari, taʼlim, ilmiy va loyihalash tashkilotlarini joylashtirish uchun foydalaniladigan binolar va (yoki) inshootlar, kutubxonalar; bozorlar, savdo markazlari va doʻkonlar, koʻngilochar va dam olish maskanlari; aeroportlar va temir yoʻl vokzallari; teleradio markazlari; koʻp funksiyali bino va inshootlar. 3. Yongʻin xavfsizligi pasporti xoʻjalik va tezkor boshqaruvida obektlarga ega boʻlgan yuridik shaxslar uchun ishlab chiqiladi. Obyektlarni shartnoma asosida obyektning yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun javobgarlikni zimmasiga olish bilan boshqa yuridik shaxsga (ijara, begʻaraz foydalanish va hakazo) foydalanishga berilganda, pasport ushbu obyektdan foydalanayotgan yuridik shaxs uchun ishlab chiqiladi. 4. Pasport obyekt rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Pasport kamida uch nusxada ishlab chiqiladi va bir nusxasi davlat yongʻin nazorati organiga taqdim etiladi. Obyektning funksional vazifasi, texnologik jarayoni, xajmiy-rejalashtirish va loyihalash yechimlarini oʻzgartirishda pasport yangilanishi shart. 6. Pasport obyektning xususiyatlarini oʻz ichiga olishi va sarlavha sahifasi, pasportning qisqacha tavsifi, mazmuni, foydalanilgan manbalar roʻyxati va quyidagi boʻlimlarni oʻz ichiga olishi kerak: a) obyektning yongʻin xavfsizligini taʼminlashning tashkiliy-funksional sxemasi; b) obyektning yongʻin xavfi xususiyatlari; v) yongʻindan himoyalanish xususiyatlari; g) portlashga qarshi himoya xususiyatlari; d) yongʻin sodir boʻlganda odamlar xavfsizligini taʼminlash; e) muhandislik tizimlarining yongʻin xavfsizligi xususiyatlari; j) yongʻinga qarshi himoya vositalari va yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalarining xususiyatlari; z) yongʻin xavfsizligi darajasini baholash; i) obyektning yongʻin xavfini kamaytirish choralari. Har bir boʻlim (roʻyxatdan oxirgi ikkitasi bundan mustasno) obyektdagi yongʻin xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi holatni tavsiflovchi oraliq xulosalar bilan tugaydi. Pasportga texnologik jarayonni tasvirlovchi chizmalar, shuningdek, quyidagi rejalar ilova qilinadi: a) yongʻin oʻtish joylari koʻrsatilgan holda obyektning binolar, inshootlar, ochiq qurilmalarini joylashtirish; b) obyektning yongʻinga qarshi suv taʼminoti; v) binolar va tashqi qurilmalarga yongʻinga qarshi himoya uskunalarini joylashtirish. Funksional vazifasi yoki loyihasiga muvofiq bir vaqtning oʻzida 800 dan ortiq kishilar boʻlishi mumkin boʻlgan izolyatsiya qilingan xonaga ega binolar va (yoki) inshootlar uchun koʻrsatilgan xonaning joylashish tartibi belgilanadi. 7. Pasportning qisqacha tavsifi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak: barcha ishlab chiquvchilar imzosi bilan ular tomonidan ishlab chiqilgan boʻlimlarni koʻrsatgan holda tuzuvchi tashkilot haqida qisqacha maʼlumot, ishlab chiqqan tashkilot toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot, pasportni ishlab chiqish uchun asoslar, pasport ishlab chiqilgan binolar va hudud chegaralarining toʻliq roʻyxati, ilgari ishlab chiqilgan pasportga kiritilgan oʻzgarishlar va qoʻshimchalar haqida maʼlumotlar (mavjud boʻlsa). 8. “Obyektning yongʻin xavfsizligini taʼminlashning tashkiliy-funksional sxemasi” boʻlimiga obyektning yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun xodimlarning oʻzaro hamkorligi, boʻysunishi va javobgarligi, obyektda tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish, koʻrilayotgan chora-tadbirlarning izchilligi va sifati haqidagi maʼlumotlar kiritilishi lozim. 9. “Obyektning yongʻinga xavfli xususiyatlari” boʻlimida jadval shaklidagi quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: a) texnologik jarayonlarda ishlatiladigan barcha modda va materiallarning yongʻinga xavfli koʻrsatkichlari, ularning oʻziga xos xususiyatlari (mavjud boʻlsa), yongʻin-portlash xavfi mavjud modda va materiallarni saqlash (foydalanish) sharoitlari, ehtimoliy yondirish manbalarining tahlili natijalari, yongʻinning (portlashning) sodir boʻlish, rivojlanish ssenariylari va yetkazilishi mumkin boʻlgan zararlar; b) portlash va yongʻin xavfi mavjud barcha xonalarning toifalari, Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari boʻyicha zonalar sinfi, portlovchi aralashmalarning tasnifi (toifasi, guruhi); v) barcha binolarning portlash va yongʻin xavfililigi toifalari; g) barcha tashqi qurilmalarning portlash va yongʻin xavfliligi toifalari, ularning atrofidagi Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari boʻyicha zonalar sinfi, portlovchi aralashmalarning toifalari va guruhlari, portlovchi zonalarning oʻlchamlari; d) ishlatiladigan modda va materiallarning birga saqlanishi mos kelishi. 10. “Yongʻinga qarshi himoyaning xususiyati” boʻlimida jadval shaklidagi quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: a) bino va inshootlarning yongʻin xavfliligi va olovga bardoshliligi, ularning maydoni va qavtliligi; b) bino va inshootlarda foydalaniladigan asosiy qurilish konstruksiyalarning olovga bardoshlik chegaralari va yongʻinga xavflilik sinflari; v) yongʻin-texnik xususiyatlarini koʻrsatgan holda yongʻinga qarshi toʻsiqlar va ulardagi teshiklar toʻldirilishi. 11. “Portlashga qarshi himoyaning xususiyatlari” boʻlimida portlashlarning oldini olish uchun qoʻllaniladigan yechimlar, portlash mumkin boʻlgan xonalarning binolarda joylashishi, portlashga qarshi himoya elementlari, inshootlarning yengil tashlab yuboruvchi konstruksiyalari va xususiyatlariga oid maʼlumotlar boʻlishi kerak. 12. “Yongʻin sodir boʻlganda odamlar xavfsizligini taʼminlash” boʻlimida jadval shaklidagi quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: a) binolarda, qavatlarda, xonalardagi odamlar soni; b) xonalar, qavatlar va binolar evakuatsiya va chiqish yoʻllari bilan taʼminlanganligi, ularning parametrlari baholanishi; v) yongʻinda evakuatsiyani boshqarish va foydalanilayotgan xabar berish tizim qurilmalarining mavjudligi va xususiyatlari; g) binoning tutunga qarshi himoya elementi qurilmalarining mavjudligi va xususiyatlari. 13. “Muhandislik tizimlarining yongʻin xavfsizligi xususiyatlari” boʻlimida elektr uskunalar, isitish va shamollatish tizimlarining xususiyatlari, portlash xavfi boʻlgan bino va xonalarda yashinga qarshi himoya vositalarining xususiyatlari, ularning yongʻin xavfsizligiga taʼsir qiluvchi hamda holatini baholash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar jadval shaklida boʻlishi kerak. 14. “Yongʻinga qarshi texnik himoya vositalari va yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari xususiyatlari” boʻlimida jadval shaklidagi quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: a) avtomatik yongʻin oʻchirish va yongʻin signalizatsiyasi qurilmalarining mavjudligi va xususiyatlari; b) ichki va tashqi yongʻinga qarshi suv taʼminoti tizimlarining mavjudligi va xususiyatlari; v) obyektning yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari bilan taʼminlanganligi. 15. “Yongʻin xavfsizligi darajasini baholash” boʻlimi oldingi boʻlimlar orasidagi xulosalar asosida tuziladi (zarur hollarda yongʻin xavfini baholash) va obyektning yongʻin xavfsizligi holati haqida batafsil xulosani oʻz ichiga olishi kerak. 16. “Obyektning yongʻin xavfini kamaytirish choralari” boʻlimiga amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish uchun obyektda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asoslangan chora-tadbirlar jadval shaklida kiritilishi lozim. 17. Pasport boʻlimlarining roʻyxati va ularning mazmuni obyektning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda oʻzgartirilishi mumkin. Pasportni ishlab chiqishda yongʻin xavfini baholash tavsiya etiladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida

Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 649, 20.10.2020

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.