Mehnat kodeksi 237-moddasi

Qonunchilikda belgilangan ijtimoiy taʼtillar

Ushbu Kodeksga muvofiq xodimlar quyidagi ijtimoiy taʼtillarni olish huquqidan foydalanadi: homiladorlik va tugʻish taʼtillari (ushbu Kodeksning 404-moddasi); bola parvarishlash taʼtili (ushbu Kodeksning 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari); oʻquv taʼtili (ushbu Kodeksning 385-moddasining birinchi qismi); ijodiy taʼtillar (ushbu Kodeksning 387-moddasining birinchi qismi). Xodimlarga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ijtimoiy taʼtillarni berish xodimning mehnat stajiga, u bajaradigan ishning joyi va xususiyatiga, ish beruvchining tashkiliy-huquqiy shakliga bogʻliq emas. Xodim oʻquv taʼtilida (ushbu Kodeks 385-moddasining birinchi qismi) yoki ijodiy taʼtilda (ushbu Kodeks 387-moddasining birinchi qismi) boʻlgan vaqtida uning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi. Bundan oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirganda beriladigan ish haqi saqlanmaydigan taʼtil mustasno. Ayol tugʻishdan oldingi va tugʻishdan keyingi taʼtilda boʻlgan vaqtida (ushbu Kodeksning 404-moddasi) unga qonunchilikda belgilangan miqdorda hamda tartibda homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlanadi. Bola ikki yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash taʼtilida boʻlgan davrida bolani haqiqatda parvarishlayotgan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga), buvisiga, bobosiga yoki boshqa qarindoshiga qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda bolani parvarishlash nafaqasi toʻlanadi. Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq nafar bola yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biri (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxs) davomiyligi toʻrt kalendar kun boʻlgan har yilgi ijtimoiy taʼtilda boʻlgan davrida uning ushbu taʼtil davri uchun oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi (ushbu Kodeksning 401-moddasi). Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan ijtimoiy taʼtillar, bundan Kodeks 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan bolani parvarishlash taʼtillari mustasno, navbatdagi har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiritiladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.