Mehnat kodeksi 240-moddasi

Ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil

Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida xodimga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berish imkoniyati nazarda tutilishi va bunday taʼtilning kalendar yil davomidagi eng koʻp davomiyligi belgilanishi mumkin. Xodimga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berish va uning davomiyligi toʻgʻrisidagi masala har bir muayyan holda mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra hal etiladi. Xodimning unga bunday taʼtil berilishiga roziligi ish beruvchiga yozma ariza berish orqali bildiriladi. Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida ish beruvchi xodimning iltimosiga koʻra unga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berishi shart boʻlgan hollar nazarda tutilishi mumkin. Xodimning qisman saqlanadigan ish haqining miqdori va har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtilni qoʻshish yoki qoʻshmaslik toʻgʻrisidagi masala jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi. Bunda xodimning saqlanib qoladigan ish haqi miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas. Agar xodim ish haqi qisman saqlanadigan taʼtilda boʻlgan davrida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oshirilgan boʻlsa, ushbu oshirilishni hisobga olgan holda xodimga tegishli ish haqi miqdori qayta hisob-kitob qilinishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.