Mehnat kodeksi 472-moddasi

Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq toʻlash, kafolatlar va kompensatsiyalar

Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq toʻlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi: vaxta vaqtida bajarilgan ish uchun haq toʻlashni; vaxtada ortiqcha ishlangan vaqt uchun vaxtalar oraligʻidagi qoʻshimcha dam olish kunlariga haq toʻlashni; vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama haqni va mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa hujjatlarda nazarda tutilgan oʻzga toʻlovlarni. Agar jamoa shartnomasida, ichki hujjatda yoki mehnat shartnomasida yuqoriroq haq toʻlash belgilanmagan boʻlsa, vaxtadagi ish jadvali doirasidagi ish vaqtida ortiqcha ishlaganlik munosabati bilan har bir dam olish kuni (vaxtalar oraligʻidagi dam olish kuni) uchun kunlik tarif stavkasi, kunlik stavka (bir kunlik ish uchun maoshining bir qismi) miqdorida haq toʻlanadi. Vaxta usulida ishlovchi shaxslar uchun vaxta davrida ishlarni bajarish joylarida boʻlgan har bir kalendar kun uchun, shuningdek ish beruvchining joylashgan yeridan (yigʻilish punktidan) ish joyigacha borish va orqaga qaytish chogʻida yoʻlda boʻlingan haqiqiy kunlar uchun sutkalik oʻrniga vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama toʻlanadi. Budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama miqdori va toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Boshqa ish beruvchilarda vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama miqdori va toʻlash tartibi jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatda yoki mehnat shartnomasida belgilanadi. Hududida ish haqiga hududiy koeffitsiyentlar qoʻllaniladigan tumanlarga vaxta usulida ishlarni bajarish uchun chiqadigan xodimlarga bu koeffitsiyentlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi huquqiy hujjatlarga muvofiq hisoblanadi. Vaxtada ishlash jadvalida nazarda tutilgan, ish beruvchining joylashgan yeridan (yigʻilish punktidan) ish bajariladigan joygacha borish va u yerdan qaytish chogʻida yoʻlda boʻlish vaqti uchun, shuningdek meteorologik sharoitlar yoki transport tashkilotlarining aybi tufayli yoʻlda qolib ketish vaqti uchun xodimga oʻtgan oy uchun hisoblangan ish haqi asosida aniqlanadigan oʻrtacha kunlik stavka miqdoridan kelib chiqqan holda kompensatsiya toʻlanadi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.