Mehnat kodeksi 359-moddasi

Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari

Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega: xodimlardan mehnatni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borishga doir normalarga, qoidalarga hamda yoʻriqnomalarga rioya etilishini talab qilish; alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish; xodimlarning ishlab chiqarishda olgan jarohatlarining ogʻir-yengilligi, ularda jarohatlanishga olib kelishi mumkin boʻlgan kasalliklar bor-yoʻqligi, shuningdek alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida boʻlgan-boʻlmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olish; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga shikoyat qilish; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etganlik uchun xodimlarni mukofotlash va moddiy ragʻbatlantirish choralarini koʻrish; mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish. Ish beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Ish beruvchi: har bir ish joyidagi mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini taʼminlashi; mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini yaratishi va uning ishlashini taʼminlashi; binolar, inshootlar, asbob-uskunalardan foydalanishda, texnologik jarayonlarni amalga oshirishda, shuningdek xom ashyo va materiallarni ishlab chiqarishda qoʻllashda, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishda xodimlarning xavfsizligini taʼminlashi; ish joylaridagi mehnat sharoitlarining holati ustidan, ayniqsa zararli ishlab chiqarish omillari va xavfli ishlab chiqarish omillari ustidan nazoratni amalga oshirishi; xodimlarni mehnat sharoitlari, shu jumladan kasb kasalliklari va boshqa kasalliklar xavfi mavjudligi, muayyan ish joylaridagi hamda ishlab chiqarishdagi mehnatni muhofaza qilish holati, shuningdek shu munosabat bilan ularga berilishi lozim boʻlgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilishi; mehnatni muhofaza qilish xizmatini va yoʻl harakati xavfsizligi xizmatini qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etishi; belgilangan normalarga koʻra xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan shoʻr suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, shuningdek jamoaviy himoya vositalari bilan taʼminlashi; qonunchilik hujjatlariga, shuningdek mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq xodimlarga sanitariya-maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlashi; xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtishini, oʻqitishni, qayta tayyorlashni, malakasini oshirishni va mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha bilimlarini tekshirishni taʼminlashi; mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻquvdan, yoʻl-yoʻriqdan oʻtmagan va bilimlari tekshirilmagan xodimlarni ishga qoʻymasligi; zararli, xavfli va boshqa mehnat sharoitlarida ishlayotgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanadigan, imtiyozli sharoitlarda pensiyaga chiqish huquqi beriladigan, nogironligi boʻlgan shaxslar band boʻlgan ish joylarini qonunchilikda belgilangan tartibda ulardagi mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazishi; dastlabki (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etishi; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarga, shuningdek kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlariga mehnatni muhofaza qilishning holati ustidan nazorat qilish, tekshirish va monitoring qilish, ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklarini tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va materiallarni taqdim etishi; avariya holatlarining oldini olish, bunday holatlar yuz berganda xodimlarning hayoti va sogʻligʻini saqlash, shu jumladan jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish choralarini koʻrishi; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarishi hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining taqdimnomalarini oʻz vaqtida koʻrib chiqishi; xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasini, shuningdek ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishni taʼminlashi; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari tekshiruvini amalga oshirishi, shuningdek ularning hisobini yuritishi shart. Ish beruvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.