Mehnat kodeksi 355-moddasi
Xodimning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Xodim quyidagi huquqlarga ega: normativ-huquqiy hujjatlar talablariga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga mos ish joyiga ega boʻlish; ish beruvchidan mehnat sharoitlari toʻgʻrisida, shu jumladan kasb kasalliklariga va boshqa kasalliklarga chalinish xavfi, shu tufayli oʻziga berilishi lozim boʻlgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shuningdek shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari haqida axborot olish; mehnatni muhofaza qilishning belgilangan normalariga va talablariga muvofiq ish beruvchining mablagʻlari hisobidan shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanish; qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtalanish; mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganligi oqibatida oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavf yuzaga kelgan taqdirda bunday xavf bartaraf etilguniga qadar ishlarni bajarishni rad etish; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organ tomonidan oʻz ish joyidagi mehnat sharoitlarini va mehnatni muhofaza qilishni tekshiruvdan oʻtkazishni soʻrash; ish beruvchining mablagʻlari hisobidan mehnatning xavfsiz uslublari va usullari boʻyicha oʻqish; qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalar olish; oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlganligi, kasb kasalligi yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilganligi munosabati bilan xodimning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplanishi; oʻz ish joyida xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishda, oʻzi bilan ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisani yoki oʻzining kasb kasalligini tekshirishda shaxsan ishtirok etish yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etish; tibbiy tavsiyalarga muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqtida oʻz ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlanib qolingan holda mazkur tibbiy koʻrikdan navbatdan tashqari oʻtish; mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganligi sababli ish joyi tugatilgan taqdirda ish beruvchining mablagʻlari hisobidan oʻqish va qayta tayyorgarlikdan oʻtish. Xodim qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Xodim: normativ-huquqiy hujjatlar talablariga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etishi; shaxsiy himoya vositalarini toʻgʻri qoʻllashi; mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtishi, mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha oʻqishi hamda malaka oshirishi; majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtishi; odamlarning hayoti va sogʻligʻiga bevosita tahdid solayotgan har qanday vaziyat toʻgʻrisida, shuningdek ish jarayonida yoki unga bogʻliq holda ishlab chiqarishda yuz bergan har qanday baxtsiz hodisa haqida ish beruvchini darhol xabardor qilishi shart. Xodimning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Modda quyidagi hujjat tarkibida
O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022
← Oldingi modda
Modda 354. Ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Keyingi modda →
Modda 356. Mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarni taʼminlash kafolatlari
Qoʻshni moddalar
- 351Mehnatni muhofaza qilish tushunchasi
- 352Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar
- 353Mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlar uchun ish beruvchi tomonidan ajratiladigan mablagʻlar va materiallar
- 354Ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
- 356Mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarni taʼminlash kafolatlari
- 357Xodimni ishga qabul qilish va boshqa ishga oʻtkazishda mehnatni muhofaza qilish huquqi kafolatlari
- 358Xodimning oʻz hayotiga va sogʻligʻiga tahdid solayotgan ishni bajarishni rad etish huquqi
- 359Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.