Mehnat kodeksi 356-moddasi

Mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarni taʼminlash kafolatlari

Davlat xodimlarga mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarda mehnat qilish huquqi himoya qilinishini kafolatlaydi. Mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat sharoitlari mehnatni muhofaza qilish talablariga mos kelishi kerak. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar buzilganligi tufayli ish beruvchining faoliyati toʻxtatilgan vaqtda xodimning ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi. Bu vaqtda xodim bajarayotgan ishi boʻyicha mehnatiga haq toʻlangan holda, lekin avvalgi ish boʻyicha oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda haq toʻlangan holda oʻz roziligi bilan ish beruvchi tomonidan boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin. Xodim oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavf yuzaga kelganda ishni bajarishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi bunday xavf bartaraf etilguniga qadar xodimga boshqa ish berishi shart. Agar xodimga obyektiv sabablarga koʻra boshqa ish berishning imkoni boʻlmasa, xodimning oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavf bartaraf etilguniga qadar bekor turib qolgan vaqti uchun ish beruvchi tomonidan ushbu Kodeks 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq haq toʻlanadi. Xodim belgilangan normalarga muvofiq shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari bilan taʼminlanmagan taqdirda, ish beruvchi xodimdan mehnat majburiyatlarini bajarishni talab qilishga haqli emas va shu sababdan ishda yuzaga kelgan bekor turib qolganlik uchun ushbu Kodeks 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq haq toʻlashi shart. Xodimning mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganligi oqibatida oʻz hayotiga va sogʻligʻiga xavf yuzaga kelgan taqdirda yoxud mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlarni bajarishni rad etishi uni intizomiy javobgarlikka tortishga sabab boʻlmaydi. Xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan hayotiga va sogʻligʻiga ziyon yetkazilgan taqdirda, ushbu ziyonning oʻrnini qoplash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida davlat mazkur talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi tashkil etilishini hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi va ish beruvchi hamda uning mansabdor shaxslarining mazkur talablarni buzganlik uchun javobgarligini belgilaydi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.