Mehnat kodeksi 361-moddasi

Ish joylariga qoʻyiladigan talablar

Ish joylari joylashtiriladigan binolar (inshootlar) tuzilishiga koʻra ularning belgilangan funksional maqsadiga hamda mehnat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish talablariga mos boʻlishi kerak. Ishlash uchun moʻljallangan asbob-uskunalar mazkur turdagi asbob-uskunalar uchun belgilangan xavfsizlik normalariga mos boʻlishi, tegishli texnik pasportlarga (sertifikatga), ogohlantiruvchi belgilarga ega boʻlishi va ish joylarida xodimlar xavfsizligini taʼminlash uchun toʻsiqlar yoki himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Xodimlarning binodan chiqishi uchun avariya yoʻllari va chiqish joylari belgilangan boʻlishi, boʻsh qolishi hamda ochiq havoga yoxud xavfsiz hududga olib chiqishi kerak. Xavfli zonalar aniq belgilangan boʻlishi kerak. Agar ish joylari ishning xususiyati tufayli xodim uchun xavf mavjud boʻlgan xavfli zonalarda joylashgan boʻlsa, bunday joylar begona kishilarning bu zonalarga kirishiga toʻsiq boʻladigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak. Tashkilot hududida piyodalar va texnologik transport vositalari xavfsiz sharoitlarda harakatlanishi kerak. Ish vaqti davomida ish oʻrinlari joylashgan xonada harorat, yorugʻlik, shuningdek ventilyatsiya sanitariya normalari va qoidalariga mos boʻlishi kerak. Quyidagilar mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlari attestatsiyasidan oʻtkaziladi: qonunchilikda belgilangan tartibda xodimlarga mehnat sharoitlariga koʻra imtiyozlar va kompensatsiyalar nazarda tutilgan ish oʻrinlari; nogironligi boʻlgan shaxslar band boʻlgan ish oʻrinlari; imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatlarida koʻrsatilgan ish oʻrinlari; xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi ish oʻrinlari. Qonunchilikda, shuningdek jamoa kelishuvlarida va jamoa shartnomasida mehnat sharoitlariga koʻra boshqa ish oʻrinlarini ham attestatsiyadan oʻtkazish nazarda tutilishi mumkin.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.