Mehnat kodeksi 310-moddasi

Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma

Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma tegishli qarorni qabul qilish uchun ovoz bergan komissiya aʼzolari tomonidan imzolanishi kerak. Xizmat tekshiruvining natijalari haqidagi qarordan rozi boʻlmagan komissiya aʼzosi xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaga ilova qilinadigan oʻzining alohida fikrini yozma shaklda bayon etishga haqlidir. Xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak: oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan xodim toʻgʻrisidagi (xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, u bajarayotgan ish (egallagan lavozim), ushbu ish beruvchidagi ish staji, ilgari sodir etilgan intizomiy huquqbuzarliklar uchun intizomiy jazoning mavjudligi yoki mavjud emasligi haqidagi maʼlumotlar); xizmat tekshiruvini oʻtkazgan komissiya tarkibi toʻgʻrisidagi; xizmat tekshiruvini oʻtkazish asoslari haqidagi; xodim intizomiy qilmish sodir etganligi faktining mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi; intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar haqidagi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan xodimning tushuntirishlarida koʻrsatilgan vajlar toʻgʻrisidagi; xodimning intizomiy qilmish sodir etganligi holatlari va uning oqibatlari haqidagi; xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun uning aybdorligini tasdiqlovchi yoki istisno etuvchi materiallar toʻgʻrisidagi; intizomiy qilmish sodir etilganligi natijasida xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning xususiyati va miqdori haqidagi (agar shunday zarar mavjud boʻlsa). Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida xizmat tekshiruvi natijasida komissiya kelgan xulosalar shakllantirilgan boʻlishi kerak. Xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi fakti tasdiqlangan taqdirda, xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnomada xodimni intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida, xodim ish beruvchiga haqiqatdan toʻgʻridan-toʻgʻri zarar yetkazganligi fakti aniqlangan taqdirda esa moddiy javobgarlikka ham tortish haqida ish beruvchiga yoʻllangan takliflar, shuningdek mehnat intizomini kuchaytirishga, xodimlar tomonidan intizomiy qilmishlar sodir etishga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan, profilaktika xususiyatiga ega boʻlgan tavsiyalar mavjud boʻlishi kerak. Agar xizmat tekshiruvini oʻtkazish natijasida xodimning intizomiy qilmish sodir etganligi faktining mavjud emasligi yoxud xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun aybi yoʻq ekanligi aniqlansa, xizmat tekshiruvining natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida xodimga nisbatan asossiz shubhalanish uchun imkon bergan sabablar yoxud xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilayotgan haqiqiy sabablar koʻrsatilishi kerak. Agar komissiya xizmat tekshiruvini oʻtkazish uchun xodimning shaʼniga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi notoʻgʻri maʼlumotlar asos boʻlganligini aniqlasa, xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida ushbu maʼlumotlarni rad etish haqidagi tavsiyalar boʻlishi kerak. Agar xizmat tekshiruvi natijalari boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik yoxud jinoyat alomatlari aniqlansa, xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada tekshiruv materiallarini tegishli davlat organlariga yuborish haqidagi takliflar koʻrsatiladi. Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma komissiya toʻplagan boshqa materiallar bilan birga ish beruvchiga komissiya majlisida oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi haqida qaror qabul qilinganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmay topshirilishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.