Mehnat kodeksi 274-moddasi

Mehnat normalarini ishlab chiqish, joriy etish, almashtirish va qayta koʻrib chiqish

Mehnat normalarini ishlab chiqish ish beruvchi tomonidan mehnatning aniq tashkiliy-texnologik sharoitlarida xodimlarning mehnat vazifalarini bajarishi uchun mehnat sarflarini tahlil etish asosida amalga oshiriladi. Mehnat normalarini ishlab chiqishda quyidagilar taʼminlanishi kerak: mehnat normalarining sifati, ularni zarur mehnat sarflariga maqbul ravishda yaqinlashtirish; oʻxshash tashkiliy-texnik sharoitlarda bajariladigan ayni bir ish uchun bir xil mehnat normalarini belgilash; fan va texnika yutuqlari asosida mehnat normalarining ilgʻorligi; mehnat normalarini belgilash mumkin boʻlgan va maqsadga muvofiq hisoblanadigan ish turlarini mehnatni normalashtirish bilan qamrab olish; mehnat normalarining texnik (ilmiy) jihatdan asoslanganligi. Mehnat normalarini joriy etish, almashtirish va qayta koʻrib chiqish jamoa shartnomasida belgilanadi, jamoa shartnomasi boʻlmaganda esa ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Mehnat normalarining joriy etilishi, almashtirilishi va qayta koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida xodim ular joriy etiladigan, almashtiriladigan, qayta koʻrib chiqiladigan kundan kamida ikki oy oldin ogohlantirilgan boʻlishi kerak. Mehnat normalari ish oʻrinlarining ratsionalizatsiya qilinishiga, mehnat unumdorligining oʻsishini taʼminlovchi yangi texnika, texnologiyalarning joriy etilishiga va tashkiliy-texnik tadbirlar oʻtkazilishiga qarab almashtirilishi va qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Ayrim xodimlar yoki ularning jamoaviy tuzilmalari (brigadalari) tomonidan oʻz tashabbusi bilan mehnatning yangi yoʻllari va usullari qoʻllanilishi hamda ish oʻrinlarini takomillashtirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarishning (xizmatlar koʻrsatishning) yuqori darajasiga erishish ilgari belgilangan mehnat normalarini qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻla olmaydi. Namunaviy mehnat normalarini almashtirish va qayta koʻrib chiqish ularni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.