Mehnat kodeksi 244-moddasi
Xodimlarning mehnatiga haq toʻlash sohasidagi asosiy kafolatlar
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda xodimlarning mehnatiga haq toʻlash sohasidagi quyidagi asosiy kafolatlar nazarda tutiladi: mehnatga haq toʻlash sohasida kamsitishni taqiqlash; teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq toʻlanishini taʼminlash; mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilash; ish beruvchining oʻz moliyaviy ahvolidan qatʼi nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq toʻlashni amalga oshirish majburiyatini mustahkamlab qoʻyish; mehnatga natura shaklida haq toʻlanishini cheklash; ish haqini toʻlash tartibi va muddatlariga doir talablarni tartibga solish; normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik (ish vaqtidan tashqari, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari, tungi vaqtda ishlash) uchun mehnatga haq toʻlashning kafolatlangan miqdorlarini belgilash; ushbu Kodeks 100-moddasining oltinchi va yettinchi qismlariga muvofiq ish beruvchining faoliyati tugatilgan hamda u toʻlovga qobiliyatsiz boʻlgan taqdirda xodim tomonidan ish haqi olinishini taʼminlash; budjet tashkilotlari xodimlari uchun mehnatga haq toʻlashning davlat tariflarini belgilash; xodimning ish haqidan ushlab qolish miqdorini cheklash; xodimning ishlab topilgan mablagʻlarni erkin tasarruf etishini cheklashni taqiqlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno; xodimlarga ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash. Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda qonunchilikda belgilanganiga nisbatan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash sohasidagi qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilishi mumkin. Mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas. Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas. Jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari jamoa kelishuvida belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Modda quyidagi hujjat tarkibida
O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022
← Oldingi modda
Modda 243. Mehnatga haq toʻlash va ish haqi tushunchalari
Keyingi modda →
Modda 245. Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilash
Qoʻshni moddalar
- 240Ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil
- 241Ish haqi saqlanmaydigan taʼtil tushunchasi va uni berishning umumiy tartibi
- 242Xodimning talabiga koʻra majburiy tartibda ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berish
- 243Mehnatga haq toʻlash va ish haqi tushunchalari
- 245Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilash
- 246Mehnatga haq toʻlash shartlarini va miqdorini belgilash
- 247Mehnatga haq toʻlash shartlarini oʻzgartirish
- 248Ish haqining tuzilishi
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.