24. Ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi huquqlarga ega:
xodimlardan mehnatni muhofaza qilish va ishlarni bexatar amalga oshirishga doir normalarga, qoidalarga hamda yoʻriqnomalarga rioya etilishini talab qilish;
alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
xodimlarning ishlab chiqarishda olgan jarohatlari ogʻir-yengilligi, ularda jarohatlanishga olib kelishi mumkin boʻlgan kasalliklar bor-yoʻqligi, shuningdek, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida boʻlgan-boʻlmagani toʻgʻrisida maʼlumotlar olish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishining davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga shikoyat qilish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etganlik uchun xodimlarni mukofotlash va moddiy ragʻbatlantirish choralarini koʻrish;
mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish.
25. Quyidagilar ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari hisoblanadi:
har bir ish joyidagi mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini taʼminlash;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini yaratish va uning ishlashini taʼminlash;
binolar, inshootlar, asbob-uskunalardan foydalanishda, texnologik jarayonlarni amalga oshirishda, shuningdek, xomashyo va materiallarni ishlab chiqarishda qoʻllash, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishda xodimlarning xavfsizligini taʼminlash;
ish joylaridagi mehnat sharoitlarining holatini, ayniqsa, zararli (oʻta zararli) ishlab chiqarish omillari va (yoki) xavfli (oʻta xavfli) ishlab chiqarish omillarini nazorat qilish;
xodimlarni mehnat sharoitlari, shu jumladan, kasb kasalliklari va boshqa kasalliklar xavfi mavjudligi, muayyan ish joylaridagi hamda ishlab chiqarishdagi mehnatni muhofaza qilish holati, shuningdek, shu munosabat bilan ularga beriladigan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilish;
belgilangan normalarga koʻra xodimlarni sut (shunga teng boʻlgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari), davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan tuzli suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun), maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal hamda boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlash;
qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq xodimlarga sanitariya-maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlash;
xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtishini taʼminlash;
xodimlarni oʻqitishni, qayta tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni va mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha bilimlarini tekshirishni taʼminlash;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻquvdan, yoʻl-yoʻriqdan oʻtmagan va bilimlari tekshirilmagan xodimlarni ishga qoʻymaslik;
zararli (oʻta zararli) va (yoki) xavfli (oʻta xavfli) boshqa mehnat sharoitlarida ishlayotgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanadigan, imtiyozli sharoitlarda pensiyaga chiqish huquqi beriladigan, nogironligi boʻlgan shaxslar band boʻlgan ish oʻrinlarini qonunchilikda belgilangan tartibda ulardagi mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish;
dastlabki (ishga qabul qilish chogʻida) yoki davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish;
majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud majburiy tibbiy koʻrik natijalariga koʻra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan boʻyin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirish;
xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarish uchun tibbiy xulosaga muvofiq qarshi koʻrsatmalar aniqlanganda, uni ishdan chetlashtirish;
tibbiy xulosaga muvofiq sogʻligʻining holatiga koʻra toʻrt oygacha muddatga vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishga muhtoj boʻlgan xodimni oʻtkazish rad etilganda yoxud ish beruvchida ish mavjud emasligi munosabati bilan bunday xodimga tegishli ishni taklif etish mumkin boʻlmaganda ishdan chetlashtirish;
xodim mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka yoki mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq foydalanilishi shart boʻlgan shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalaridan foydalanmaganda ishdan chetlashtirish;
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga qaratilgan samarali ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarga, shuningdek, kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlariga mehnatni muhofaza qilishni nazorat qilish, tekshirish va monitoring qilish, mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklarini tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va materiallarni taqdim etish;
avariya holatlarining oldini olish, bunday holatlar yuz berganda xodimlarning hayoti va sogʻligʻini saqlash, shu jumladan, jabrlanganlarga shifokordan oldingi birinchi yordam koʻrsatish choralarini koʻrish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarishi hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining taqdimnomalarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish;
xodimlarning mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasini, shuningdek, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishni taʼminlash;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini tekshirish, shuningdek, ularning hisobini yuritish.
26. Ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
tashkilotda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablari asosida sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha ishlarga rahbarlik qiladi va buning uchun javobgar hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi va “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni, mehnat xavfsizligi standartlari tizimi va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishni, shuningdek, davlat, kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi qarorlari, davlat nazorat organlarining koʻrsatmalari bajarilishini taʼminlaydi;
ishlab chiqarish jarayonlarining va alohida ishlarning, tashkilotning ombor, transport va boshqa yordamchi xoʻjaliklarida ishlab chiqarishning toʻgʻri va xavfsiz tashkil qilinishini taʼminlaydi;
qurilish meʼyorlari va qoidalariga muvofiq bino va inshootlardan foydalanishni, ularning meʼyorda ishlashini hamda sanitar-maishiy xona va qurilmalardan belgilangan maqsadlarda foydalanishni tashkil qiladi;
yangi va qayta qurilgan obyektlarni qurilish meʼyorlari va qoidalariga muvofiq faqat maxsus davlat komissiyasi tomonidan qabul qilingandan keyin foydalanishga kiritishni taʼminlaydi;
xavfsizlik texnikasi qoidalari, ishlab chiqarish sanitariyasi va mehnat intizomi meʼyorlariga rioya qilish uchun mehnatni muhofaza qilish boʻyicha belgilangan tadbirlarni hamda davlat va idoraviy nazorat organlari va kasaba uyushmasi tashkilotlarining koʻrsatmalarini (takliflarini) oʻz vaqtida bajarish uchun rahbarlar, mutaxassislar va xodimlarning javobgarligini belgilaydi;
SHHVni olish, saqlash, yuvish, tozalash, taʼmirlash, dezinfeksiya qilish va zararsizlantirishni tashkil etadi va nazorat qiladi;
mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlarga belgilangan normalar boʻyicha sut (shunga teng boʻlgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari), davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan tuzli suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun), maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal hamda boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bepul berilishini taʼminlaydi va nazorat qiladi;
mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holatining maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini oʻtkazish ishlarini tashkil etadi;
mehnatni muhofaza qilish talablari asosida sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi, ularning bajarilishi va belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi ustidan nazoratni tashkil etadi, tadbirlarni moliyalashtirishni va ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishini taʼminlaydi. Mehnat sharoitlarini yaxshilash va sogʻlomlashtirish rejasining bajarilishini har chorakda kamida bir marta koʻrib chiqadi;
xodimlarni kasbiy-texnik tayyorgarlikdan oʻtkazishga hamda ularga ishning xavfsiz uslublari va usullarini oʻrgatish boʻyicha umumiy rahbarlik qiladi;
xodimlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oʻz vaqtida va toʻgʻri tekshirilishini, qayd qilinishini, hisobga olinishini hamda belgilangan tartibda xabar berilishini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi;
mehnatni muhofaza qilish xonalarini tashkil qiladi va mehnatni muhofaza qilishga doir qonunchilik hujjatlari, oʻquv-koʻrgazmali qurollar, oʻqitish vositalari bilan jihozlash choralarini koʻradi.
27. Ish beruvchi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga quyidagi maʼlumotlar kiritilishini taʼminlaydi:
a) har yili 20-yanvarga qadar:
mehnat sharoiti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
zararli (oʻta zararli) va (yoki) xavfli (oʻta xavfli) ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun imtiyoz va kompensatsiyalar summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
baxtsiz hodisalardan jabrlanganlar va kasb bilan bogʻliq kasallik birinchi marotaba aniqlangan shaxslar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) doimiy ravishda:
ish oʻrinlarida mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan oʻtkazilgan attestatsiya natijalari;
Xizmat xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha malakasi oshirilgan va qayta tayyorgarlikdan oʻtgan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
doimiy faoliyat yurituvchi imtihon komissiyalari xodimlari oʻqitilib, ularning bilimlari tekshirilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
28. Bosh muhandis mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
tashkilotda sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va taʼminlash boʻyicha barcha tashkiliy va texnik ishlarni boshqaradi;
eng yangi fan-texnika yutuqlari va boshqa tashkilotlarning ilgʻor tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan yangi, xavfsiz texnologik jarayonlarni amaliyotga joriy etishni tashkil etadi. Ishlab chiqarish obyektlarini meʼyorlarga muvofiq moslamalar va qurilmalar bilan jihozlash choralarini koʻradi;
yangi texnologik jarayonlar va reglamentlar, obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, bino va inshootlarni kapital taʼmirlash loyihalarini koʻrib chiqishda ishtirok etadi. Texnologik uskunalar va obyektlarning rejali-ogohlantiruvchi taʼmirlash jadvallarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holatining maʼmuriy-jamoatchilik nazoratining uchinchi bosqichini oʻtkazish boʻyicha tashkilot rahbarining buyrugʻiga asosan doimiy faoliyat yurituvchi komissiyaga rahbarlik qiladi;
har chorakda kamida bir marta boʻlinma va boʻlimlarda (sex) mehnat sharoitlarining holatini, asbob-uskunalarning, saqlagich moslamalarning sozligini, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar takliflari, davlat nazorati organlari koʻrsatmalarining bajarilishini tekshiradi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tezkor choralar koʻradi;
boʻlinma va boʻlimlarning (sex) barcha rahbarlari, muhandis-texnik xodimlari tomonidan mehnatni muhofaza qilish qoidalari, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablari hamda ishlab chiqarish sanitariyasi meʼyorlari talablariga rioya etilishi, davlat nazorati organlarining va Xizmatning koʻrsatmalari, shuningdek, kasaba uyushmalarining takliflari bajarilishini nazorat qiladi;
muhandis-texnik xodimlar yigʻilishlarida mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda mehnat sharoitlarini yaxshilash rejasining bajarilishini har chorakda kamida bir marta koʻrib chiqadi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi;
tashkilot rahbarining buyrugʻiga binoan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi imtihon komissiyasiga rahbarlik qiladi;
xodimlarni kasbiy-texnik tayyorgarlikdan oʻtkazadi, ularni oʻqitish qoidalariga muvofiq xavfsiz ish uslublari va usullariga oʻz vaqtida hamda sifatli oʻrgatadi, xodimlarni oʻqitish jarayonining tashkil etilishini nazorat qiladi;
sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariyalarni bartaraf etish rejalari boʻyicha xodimlarni oʻqitish, shuningdek, instruktorlik vaxtalari bilan ishlashning xavfsiz uslublari va usullariga oʻqitishni nazorat qiladi;
mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi masalalari boʻyicha muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
yoʻl-yoʻriqlar dasturlarini, xodimlarning bilimini tekshirish uchun savolnomalarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqishga rahbarlik qiladi hamda ularni tasdiqlaydi;
muhandis-texnik xodimlarni mehnatni muhofaza qilishga doir normativ-huquqiy hujjatlar va yoʻriqnomalar bilan taʼminlash choralarini koʻradi;
mehnatni muhofaza qilish talablari asosida sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga rahbarlik qiladi, tasdiqlash uchun tashkilot rahbariga kiritadi va uning bajarilishini nazorat qiladi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida va toʻgʻri tekshirish hamda hisobga olishni taʼminlaydi;
guruhli, oqibati oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir va oʻlim bilan tugagan baxtsiz hodisalarni tekshirishda, ularning oldini olish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqishda qatnashadi, zarur hollarda tekshiruv materiallarini tegishli organlarga yuboradi;
baxtsiz hodisalar toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni (N-1 shaklda) koʻrib chiqadi va hujjatlarning nusxasini tegishli idoralarga yuborish uchun Xizmatga topshiradi;
baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarning nazoratini amalga oshiradi va samaradorligini tahlil qiladi;
ishlab chiqarish va sanitar-maishiy obyektlarni kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish loyiha hujjatlarining mehnatni muhofaza qilish qoida va meʼyorlari talablariga mosligini koʻrib chiqish va kelishishni tashkil etadi, xodimlarni belgilangan meʼyor asosida ishlab chiqarish va yordamchi xonalar bilan taʼminlash choralarini koʻradi;
obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish jarayonida mehnatni muhofaza qilish talablari bajarilishini nazorat qiladi, mehnatni muhofaza qilish qoida va meʼyorlari talablarini hisobga olgan holda yangi va rekonstruksiya qilingan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda rahbarlik qiladi;
davlat nazorati organlarining, kasaba uyushmalarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislari, texnik inspektorlari va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalari, tashkilot rahbarining buyruqlari va tasdiqlangan chora-tadbirlari ijrosini hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakili takliflari inobatga olinishini taʼminlaydi.
Tashkilotda bosh muhandis lavozimi mavjud boʻlmaganda, ushbu vazifalar tashkilot rahbarining buyrugʻiga asosan oʻrinbosarlardan yoki muhandislardan biri tomonidan amalga oshiriladi.
29. Yuridik xizmat boshligʻi (yuridik xizmat xodimi) mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
xodimlarni mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik va yetkazilgan moddiy zarar uchun javobgarlikka tortish yuzasidan taqdim etilgan materiallar boʻyicha huquqiy xulosalar beradi;
xavfsizlik qoidalarini buzish natijasida tashkilotga yetkazilgan zararlar uchun regress qiymatlarini aniqlaydi;
xodimlarga mehnat qonunchiligi boʻyicha maʼlumotlar va maslahatlar hamda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi tashkiliy-huquqiy masalalar boʻyicha tushuntirishlar beradi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisa va kasb kasalliklaridan jabrlanganlarga yetkazilgan moddiy zararni kompensatsiya qilish boʻyicha tashkilotga kiritilgan daʼvolarni koʻrib chiqadi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq holda xodimlarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash toʻgʻrisidagi shikoyat va arizalarni koʻrib chiqadi hamda moddiy zarar toʻlanishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar tayyorlanishini tashkil etadi;
sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish choralarini koʻradi;
ish vaqti va dam olish vaqtining davomiyligi boʻyicha mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, ayollar va voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish, korxona xodimlarini boshqa ishga oʻtkazish va ishdan boʻshatish toʻgʻri tashkil etilganini nazorat qiladi;
mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini aniqlasa, tashkilot rahbariyatiga qonunni buzgan xodimlarga nisbatan chora koʻrish boʻyicha takliflar beradi;
tashkilotning ichki hujjatlarida xodimlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olishga qaratilgan tartiblar belgilanishini taʼminlaydi;
davlat nazorati organlarining, kasaba uyushmalarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislari, texnik inspektorlari va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalari, tashkilot rahbarining buyruqlari va tasdiqlangan chora-tadbirlari ijrosini hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakili takliflari inobatga olinishini taʼminlaydi.
30. Bosh mexanik mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
bosh mexanik tashkilotdagi asbob-uskunalar va inshootlarning profilaktik koʻriklarini, rejali-ogohlantiruvchi taʼmirlashni toʻgʻri tashkil etish va oʻz vaqtida oʻtkazishni taʼminlaydi;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan sinovlarning toʻgʻri va xavfsiz, oʻz vaqtida oʻtkazilishini, yuk koʻtarish mexanizmlari, yuk ushlash va boshlangʻich moslamalar, bosim ostida ishlaydigan apparatlar va idishlar, elektr payvandlash apparatlari, atsetilen, kislorod va kompressor qurilmalari, abraziv doiralarni sinash qurilmalari texnik koʻrik va tekshirishdan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
barcha ishlab chiqarish asbob-uskunalari va sanoat inshootlarining texnik holati, ulardan foydalanilishi va oʻz vaqtida taʼmirlanishini nazorat qiladi;
mashinalar, qurilmalar, asbob-uskunalar va inshootlarning xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalariga muvofiqligini taʼminlaydi. Texnik hujjatlarning yuritilishini nazorat qiladi;
jihozlar, mexanizmlar va asbob-uskunalarning aniqlangan konstruktiv kamchiliklarini bartaraf etish hamda maʼnaviy eskirgan mashinalar, mexanizmlar va qurilmalarni oʻz vaqtida almashtirish choralarini koʻradi. Yangi texnika namunalarini sinashda ishtirok etadi;
ventilyatsiya qurilmalari va tizimlarining samarali ishlashini va oʻz vaqtida taʼmirlanishini taʼminlaydi;
bosh mexanik xizmati xodimlarini, shuningdek, yuk koʻtarish kranlarida, bosim ostida ishlaydigan idishlarda va boshqa murakkab mexanizmlarda xavfsiz ishlash uslublari va usullari boʻyicha ishlovchilarni oʻqitishni va ularning bilimlarini tekshirishni tashkil etadi. Xodimlarga ish joyidagi yoʻl-yoʻriqni oʻtkazishda boʻlinma va boʻlim (sex) rahbarlariga amaliy yordam koʻrsatadi;
bosh mexanik xizmati xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni oʻz vaqtida ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqishni tashkil etadi, boʻlinma va boʻlim (sex) rahbarlariga mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqishda amaliy yordam koʻrsatadi;
murakkab mexanizmlar va agregatlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha xodimlarning belgilangan tartibga rioya etishini taʼminlaydi;
asbob va uskunalarning tegishli detal va uzellari oʻz vaqtida defektoskopiya qilinishini taʼminlaydi;
mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holatining maʼmuriy-jamoatchilik nazorati uchinchi bosqichini oʻtkazishda, shuningdek, tashkilot obyektlarida oʻtkazilayotgan kompleks va maqsadli tekshiruvlarda ishtirok etadi;
yerusti uskunalari bilan sodir boʻlgan va baxtsiz hodisalarga olib kelmagan avariyalarni oʻz vaqtida tekshiradi va hisobga oladi;
boʻlinma va boʻlimlarda (sex) uskunalardan foydalanish, ularni taʼmirlash, montaj qilish va sozlashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishini taʼminlaydi;
davlat nazorati organlarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislari, texnik inspektorlari va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalari ijrosini hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakili takliflari inobatga olinishini taʼminlaydi.
Tashkilotda bosh mexanik lavozimi mavjud boʻlmaganda, ushbu vazifalar tashkilot rahbarining buyrugʻiga asosan mexaniklardan biri tomonidan amalga oshiriladi.
31. Bosh energetik (tashkilotning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs) mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
elektr va issiqlik energetikasi uskuna va qurilmalarining tuzilishi, xavfsizligi va texnik foydalanishi toʻgʻrisida amaldagi qoidalar asosida ishonchli va xavfsiz ishlashini hamda xavfsizlik texnikasi qoidalariga asosan ishlarni tashkil etishni taʼminlaydi;
elektr va issiqlik energetikasi qurilmalari, apparaturalari va tarmoqlarini rejali-ogohlantiruvchi taʼmirlash, profilaktik koʻrik va sinovni tashkil etish va oʻtkazishni taʼminlaydi. Ushbu qurilmalarning holati va ulardan foydalanilishini texnik nazorat qiladi hamda tegishli texnik hujjatlarning toʻgʻri yuritilishini nazorat qiladi;
elektr va texnologik uskunalarning yerga ulanishini, qoida va yoʻriqnomalar talablari asosida oʻz vaqtida tekshirilishini taʼminlaydi, statik elektr zaryadini chiqarib tashlash boʻyicha zarur choralarni koʻradi;
bugʻ va suv isitish qozonlarining ichki koʻriklarini, gidravlik sinovlarining oʻz vaqtida oʻtkazilishini, ularni texnik koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlashni taʼminlaydi;
elektr va issiqlik energetikasi asbob-uskunalari va qurilmalarining konstruktiv kamchiliklarini bartaraf etish, maʼnaviy eskirgan qurilmalarini oʻz vaqtida almashtirish choralarini koʻradi;
elektr qurilmalari va suv isitish qozonlariga xizmat koʻrsatadigan xodimlarni oʻqitish va bilimlarini tekshirishni tashkil qiladi;
elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli guruhga ega boʻlishi kerak boʻlgan kasb va lavozimlar roʻyxatini Xizmat bilan kelishilgan holda tuzadi hamda ularni oʻqitish, bilimlarini tekshirish va elektr xavfsizligi boʻyicha malaka guruhi berishni tashkil qiladi;
asbob-uskunalarni xavfsiz ishlatish va taʼmirlash boʻyicha yoʻriqnomalarning oʻz vaqtida ishlab chiqilishini tashkil etadi, ish joylarini ular bilan taʼminlaydi hamda ishlab chiqarish boʻlinma va boʻlim (sex) rahbarlariga mazkur yoʻriqnomalarni tuzishda amaliy yordam koʻrsatadi;
himoya vositalarining qoida va meʼyorlariga muvofiq ravishda oʻz vaqtida sinovdan oʻtkazilishini (tekshirilishini) taʼminlaydi;
boʻlinma va boʻlimlarda (sex) jihozlardan foydalanish, ularni taʼmirlash, oʻrnatish va sozlash jarayonida elektr-texnik xodimlarning mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablari asosida ishlashini taʼminlaydi;
energetika va elektr-texnika uskunalaridan foydalanish, ularni oʻrnatish va taʼmirlash jarayonida xodimlar tomonidan xavfsizlik texnikasi qoidalari hamda ishlab chiqarish sanitariyasi meʼyorlariga rioya etilishini taʼminlaydi;
tashkilotda mehnatni muhofaza qilish holatini nazorat qiluvchi maʼmuriy-jamoatchilik nazoratining uchinchi bosqichini oʻtkazishda, shuningdek, tashkilot obyektlarida oʻtkazilayotgan kompleks va maqsadli tekshiruvlarda hamda elektr xavfsizligini koʻrikdan oʻtkazishda ishtirok etadi;
elektr va issiqlik energetikasi uskunasidagi avariya va boshqa buzilishlarni oʻz vaqtida tekshiradi va hisobga oladi;
tashkilot obyektlarida elektr xavfsizligiga oid texnik hujjatlar, ogohlantiruvchi belgilar, koʻrgazmali plakatlar yoki videoroliklar, yozuvlar va yoʻriqnomalar bilan taʼminlash choralarini koʻradi;
davlat nazorati organlarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislari, texnik inspektorlari va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalari ijrosini hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakili takliflari inobatga olinishini taʼminlaydi.
Tashkilotda bosh energetik lavozimi mavjud boʻlmaganda, ushbu vazifalar tashkilot rahbarining buyrugʻiga asosan elektr xoʻjaligiga javobgar boʻlgan rahbar (muhandis) tomonidan amalga oshiriladi.
32. Bosh texnolog mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
texnologik va konstruktorlik hujjatlarining mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda xavfsizlik texnikasi talablariga muvofiqligini nazorat qiladi;
Xizmat bilan kelishgan holda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi, xavfsizlik texnikasi talablariga asosan texnologik jarayonlar bilan bogʻliq boʻlgan ichki standartlarni ishlab chiqadi hamda ish joylarida sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishda amaliy yordam koʻrsatadi;
texnologik ishlab turgan uskuna va jihozlarni modernizatsiya qilish va loyihalashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, texnologik jarayonlariga oʻzgartirishlar kiritish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda xavfsizlik texnikasi qoidalari asosida texnologik jihozlarni oqilona joylashtirishni taʼminlaydi;
sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida texnologik jarayonlar oqibatida kelib chiqishi mumkin boʻlgan zararli (oʻta zararli) va (yoki) xavfli (oʻta xavfli) mehnat sharoitlari omillarining (shovqin, tebranish, gazlanish, changlanish va boshqalar) xodimlarga zararli taʼsirlarini kamaytirish choralarini koʻradi;
xodimlarning SHHVni olish, saqlash, yuvish, tozalash, taʼmirlash, dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish boʻyicha tashkilotning ichki meʼyorlarini ishlab chiqadi, Xizmat, kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan kelishilgan holda tashkilot rahbariga tasdiqlash uchun kiritadi;
mehnat xavfsizligi standartlari tizimiga asoslanib, ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarni tekshirish jadvalini tuzadi va tekshiradi;
tashkilotda mehnatni muhofaza qilish holatini nazorat qiluvchi maʼmuriy-jamoatchilik nazoratining uchinchi bosqichini oʻtkazishda, shuningdek, tashkilot obyektlarida oʻtkazilayotgan kompleks va maqsadli tekshiruvlarda ishtirok etadi;
jihozlar, mexanizmlar va asbob-uskunalarning aniqlangan konstruktiv kamchiliklarini bartaraf etish hamda maʼnaviy eskirgan mashinalar, mexanizmlar va qurilmalarni oʻz vaqtida almashtirish choralarini koʻradi. Yangi texnika namunalarini sinashda ishtirok etadi;
xodimlar ish joyida yoʻl-yoʻriqni oʻtkazish, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqishda boʻlinma va boʻlim (sex) rahbarlariga amaliy yordam koʻrsatadi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislar, texnik inspektorlar va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalari bajarilishini taʼminlaydi.
Tashkilotda bosh texnolog lavozimi mavjud boʻlmaganda, ushbu vazifalar tashkilot rahbarining buyrugʻiga asosan texnolog tomonidan amalga oshiriladi.
33. Kadrlar boʻyicha (xodimlar bilan ishlash boʻlimi) inspektorlari mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
xodimlarni oʻqitish va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda bilimlarini tekshirish boʻyicha ishlarni tashkil qiladi;
ichki mehnat tartibi qoidalari va jamoa shartnomasi talablariga xodimlar tomonidan rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
tashkilotda xodimlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olish choralarini koʻradi;
mehnat sharoitlari zararli (oʻta zararli) va (yoki) xavfli (oʻta xavfli) ishlarda, tungi smenalardagi ishlarda band boʻlgan xodimlarning ish vaqti qonunchilikka asosan toʻgʻri tashkil etilishini nazorat qiladi;
xodimning majburiy tibbiy koʻrikdan koʻrik dastlabki (ishga qabul qilishda) yoki davriy (ish jarayonida) xususiyatga ega boʻlishidan qatʼi nazar, oʻtishi bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni tashkil qiladi va ularning tibbiy koʻrikdan oʻtkazilayotgani yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq holda xodimlarga yetkazilgan moddiy zarar toʻlanishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar tayyorlanishida ishtirok etadi;
ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan oʻz vaqtida oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatadi;
noqulay mehnat sharoitlarida band boʻlgan xodimlar uchun qoʻshimcha taʼtillar va imtiyozlar qonunchilikda belgilangan tartibda berilishini tashkil qiladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq imtiyozli pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻlgan xodimlar uchun hujjatlarni tayyorlaydi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha malaka oshirgan va qayta tayyorgarlikdan oʻtgan, oʻqitilgan va bilimlari tekshirilgan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilishini taʼminlaydi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislar, texnik inspektorlar va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalari bajarilishini taʼminlaydi.
Tashkilotda kadrlar boʻyicha (xodimlar bilan ishlash boʻlimi) inspektorlari mavjud boʻlmaganda, ushbu vazifalar tashkilot rahbarining buyrugʻiga asosan kadrlar xizmati vazifasi yuklatilgan xodim tomonidan bajariladi.
34. Bosh buxgalter (buxgalter) mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ajratilgan mablagʻlarni maqsadli sarflanishini nazorat qiladi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tadbirlarni (jamoa shartnomasida nazarda tutilgan tadbirlar, shaxsiy himoya vositalari, davolash-profilaktika, ovqatlanish, sut va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha boshqa xarajatlarni) oʻz vaqtida moliyalashtiradi;
ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta qilinishini, shu jumladan, noqulay va oʻziga xos mehnat sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar toʻgʻri va oʻz vaqtida berilishini nazorat qiladi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq holda xodimlarga yetkazilgan moddiy zarar toʻlanishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar tayyorlanishida ishtirok etadi va toʻlovlarni amalga oshiradi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislar, texnik inspektorlar va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalari bajarilishini taʼminlaydi.
Tashkilotda bosh buxgalter (buxgalter) mavjud boʻlmaganda, ushbu vazifalar tashkilot rahbarining buyrugʻiga asosan buxgalteriya xizmati vazifasi yuklatilgan xodim tomonidan bajariladi.
35. Boʻlinma va boʻlim (sex) rahbari mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
xavfsizlik qoidalari va ishlab chiqarish sanitariyasi meʼyorlari talablariga muvofiq ravishda ishlab chiqarishni va ishlarni tashkil etadi, texnologik jarayonlarning toʻgʻri amalga oshirilishini taʼminlaydi;
xavfsizlik qoidalariga muvofiq zaharli, oʻyuvchi, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan moddalarni saqlash, tashish, ishlatish va zararsizlantirishni tashkil etadi;
uskunalar, mexanizmlar, moslamalar, toʻsuvchi va saqlovchi qurilmalarning, shuningdek, ishlab chiqarish va yordamchi xonalarning soz holatda va xavfsiz ishlashini taʼminlaydi;
boʻlinma va boʻlimda (sex) mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning hamda mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olishga doir profilaktika ishlarini oʻtkazish;
boʻlinma va boʻlimda (sex) mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid hujjatlar, ogohlantiruvchi belgilar, koʻrgazmali plakatlar yoki videoroliklar, yozuvlar va yoʻriqnomalar bilan taʼminlash choralarini koʻradi;
maʼmuriy-jamoatchilik nazoratining ikkinchi bosqichini oʻtkazishga rahbarlik qiladi va jadvalini tasdiqlaydi;
boʻlinma va boʻlimda (sex) mehnatni muhofaza qilish holatini nazorat qiluvchi maʼmuriy-jamoatchilik nazoratining ikkinchi bosqichini oʻtkazadi, shuningdek, birinchi bosqichi toʻgʻri oʻtkazilishini nazorat qiladi;
muhandis-texnik xodimlarni va ishlarning bevosita bajaruvchilarini mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablari asosida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va taʼminlash ishlariga jalb qiladi;
mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlarning belgilangan normalar boʻyicha sut (shunga teng boʻlgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari), davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan tuzli suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun), SHHVga boʻlgan ehtiyojini aniqlash va oʻz vaqtida berilishini taʼminlash, shuningdek, xodimlarning SHHVni olish, saqlash, yuvish, tozalash, taʼmirlash, dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish ishlarini tashkil qiladi;
har haftada boʻlinma va boʻlimda (sex) mehnat sharoitlarining holatini va asbob-uskunalar, mexanizmlar, moslamalar va asboblardan, shamollatish qurilmalaridan, isitish va yoritish tizimlaridan, toʻsuvchi va saqlovchi qurilmalardan, avtomatik nazorat va ogohlantiruvchi qurilmalaridan toʻgʻri foydalanilayotganini tekshiradi;
har oyda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar, brigadirlar va muhandis-texnik xodimlarning ishtirokida ustalarning tezkor yigʻilishini oʻtkazadi, ushbu yigʻilishlarda tekshirishlar natijalari, ustalarning obyektlardagi ishlar holati toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitadi, alohida xavfsizlik qoidalari buzilishi holatlarini tahlil qiladi, shuningdek, xavfsizlik qoidalarining qoʻpol va takroran buzilishi holatlarini tegishli xodimlar (smena, vaxta ishchilari) ishtirokida koʻrib chiqadi;
har oyda tashkilot rahbariyatiga boʻlinma va boʻlimda (sex) mehnat sharoiti toʻgʻrisida axborot beradi;
oʻquv dasturlariga muvofiq xodimlar va ustalar ishlarning xavfsiz uslublari va usullariga oʻz vaqtida va sifatli oʻqitilishini tashkil etadi va amalga oshiradi;
ustalar (muhandis-texnik xodimlar va brigadirlar) tomonidan xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻz vaqtida va sifatli yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazilishini nazorat qiladi;
har bir boʻlinma va boʻlim (sex) uchun xavfsiz ishlash boʻyicha zarur yoʻriqnomalar roʻyxatini tayyorlaydi, kerakli yoʻriqnomalarni ishlab chiqadi va qayta koʻrib chiqadi;
xodimlarning ish joyidagi yoʻl-yoʻriq dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlangandan soʻng ularni yoʻl-yoʻriq oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxslarga taqdim etadi, shuningdek, xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini tekshirish uchun savolnomalar ishlab chiqadi;
mehnat sharoitlarini sogʻlomlashtirish, havo muhiti, yoritish, issiqlik va ichimlik suvi rejimining normativ holatini taʼminlash, shovqin va tebranish darajasini pasaytirish boʻyicha choralar koʻradi;
mehnat sharoitlarini yaxshilash va sogʻlomlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va tashkilot rahbariyatiga tegishli rejalarga kiritish uchun taqdim etadi hamda rejalashtirilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlaydi;
sodir boʻlgan baxtsiz hodisa toʻgʻrisida tashkilot rahbariyatiga, Xizmat va kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlariga zudlik bilan xabar qiladi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakil va Xizmat bilan birgalikda baxtsiz hodisa sabablarini aniqlash hamda bartaraf etish va ularning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi;
sodir boʻlgan baxtsiz hodisa haqida hodisa yuz bergan paytdan boshlab ikki kundan kechiktirmay, boʻlinma va boʻlimning (sex) barcha ustalarini (muhandis-texnik xodimlar va brigadirlar) xabardor qiladi;
belgilangan muddatlarda dalolatnomada (N-1 shaklda) koʻrsatilgan tadbirlarning bajarilishini taʼminlaydi va ularning bajarilgani toʻgʻrisida Xizmatga xabar qiladi;
boʻlinma va boʻlim (sex) ustalarini tashkilotning boshqa sexida, uchastkasida yoki boshqa boʻlinma va filiallarida yuz bergan baxtsiz hodisalar toʻgʻrisida xabardor qiladi, shunga oʻxshash baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha obyektlar va ish joylarida oʻrganishlarni tashkil qiladi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislar, texnik inspektorlar va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalari bajarilishini taʼminlaydi.
36. Usta mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
ishlarni toʻgʻri va xavfsiz tashkil etilishini, asbob-uskunalar, mexanizmlardan foydalanishni va ish joylarini zarur holatda saqlashni taʼminlaydi;
ish joyida detallar, ehtiyot qismlar va jihozlar toʻgʻri saqlanishini, piyodalar hamda transport vositalari oʻtish joylarining toʻsilishlari va ifloslanmasligini taʼminlaydi;
boʻlinma va boʻlimda (sex) mehnatni muhofaza qilish holatini nazorat qiluvchi maʼmuriy-jamoatchilik nazoratining birinchi bosqichi oʻtkazilishini tashkil etadi;
ish joylarda, uskuna, mexanizmlar, moslamalar, asboblarning soz holatdaligini doimiy nazorat qiladi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻradi;
murakkab va xavfli ishlarga oldindan ishlab chiqilgan ishlarni tashkil qilish rejasi, loyihasi yoki naryad-ijozatga asosan bevosita rahbarlik qiladi;
xodimlar tomonidan mehnat va ishlab chiqarish intizomiga, ishlarni xavfsiz amalga oshirish qoidalarga, yoʻriqnomalarga, texnologik rejimlarga va reglamentlarga rioya etilishini taʼminlaydi. Xodimlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻilgan taqdirda, ishlarni toʻxtatish choralarini koʻradi;
uskunalar, mexanizmlar, moslamalar va asboblarning soz holatdaligi va ulardan toʻgʻri foydalanishni, shuningdek, shamollatish qurilmalari va tizimlarining uzluksiz ishlashini, ish joylari normal yoritilishini, toʻsuvchi va saqlovchi qurilmalar mavjudligi va sozligini nazorat qiladi;
har kuni ish boshlanishidan oldin barcha ish joylarda uskunalar, mexanizmlar, moslamalar va asboblarning soz holatdaligini tekshiradi. Bunda tekshiruvni mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda, u boʻlmagan taqdirda, mustaqil ravishda oʻtkazadi;
har haftada mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda mehnat sharoitlarining holati toʻgʻrisida rahbariyatga axborot kiritib boradi;
ishlarni xavfsiz amalga oshirish boʻyicha belgilangan muddatlarda xodimlarga yoʻl-yoʻriq beradi hamda bu haqida yoʻl-yoʻriqlarni qayd etish jurnaliga tegishli yozuvlarni kiritadi;
yuqori xavfli ishlarni bajarish uchun naryad-ijozat berilayotganda yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazadi, yoʻl-yoʻriqni roʻyxatga olish jurnaliga va naryad-ijozatga tegishli yozuvni qayd qiladi;
yangi xodimlar stajirovkadan oʻtishini nazorat qiladi, xodimlarga yoʻriqnoma talablarini, xavfsiz ish uslublari va usullarini tushuntiradi va amalda koʻrsatib beradi;
boʻlinma va boʻlimda (sex) tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi;
jabrlanuvchiga shifokordan oldingi birinchi yordam koʻrsatilishini va uning tibbiyot muassasasiga yuborilishini tashkil etadi, yuz bergan baxtsiz hodisa toʻgʻrisida bevosita rahbariyatni darhol xabardor qiladi, ish joyidagi vaziyatni va asbob-uskunalarning holatini hodisa sodir boʻlgan paytda qanday boʻlsa, shunday saqlash chorasini koʻradi (agarda atrofdagi xodimlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf solmasa va avariyalar keltirib chiqarmasa);
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislar, texnik inspektorlar va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalari bajarilishini taʼminlaydi.
37. Brigadir mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
brigada aʼzolari tomonidan muhofaza qilish sohasida ishlarni bajarish, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha qoidalar va yoʻriqnomalarda nazarda tutilgan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablariga, texnologik jarayon va tashkiliy-texnik chora-tadbir va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishini taʼminlaydi;
ish boshlanishidan avval ish oʻrinlarining holatini tekshiradi, aniqlangan kamchiliklar brigada aʼzolari tomonidan bartaraf etilishini tashkil etadi va bu haqida ish yurituvchini, ustani xabardor qiladi;
mavjud dastgohlar, qurilmalar hamda asbob-uskunalarning soz holatdaligini doimiy nazorat qiladi;
brigada aʼzolari tomonidan mehnat intizomiga va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha qoida va yoʻriqnomalar talablariga rioya etilishini hamda SHHVdan toʻgʻri foydalanishni doimiy nazorat qiladi;
jabrlanganlarga shifokordan oldingi birinchi yordam koʻrsatishni tashkil etadi va baxtsiz hodisa haqida usta, ish yurituvchi yoki tashkilot rahbariyatiga darhol xabar beradi;
brigadaning ish oʻrinlari va sanitar-maishiy xonasi toza holda saqlanishini taʼminlaydi;
doimiy ravishda yangi xodimlarni stajirovka oʻtashi uchun malakali xodimlarga biriktirish boʻyicha takliflar kiritadi. Xodimlarga qoida va yoʻriqnomalar talablarini tushuntiradi, ishni toʻgʻri bajarish uslublari va usullarini oʻrgatadi;
brigadada mehnatni muhofaza qilish holatini nazorat qiluvchi maʼmuriy-jamoatchilik nazoratining birinchi bosqichini oʻtkazadi;
davlat nazorati organlarining, kasaba uyushmalarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislari, texnik inspektorlari va Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalari, tashkilot rahbari va bosh muhandisning buyruqlari bajarilishini va tasdiqlangan chora-tadbirlar amalga oshirilishini hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakili takliflari inobatga olinishini taʼminlaydi.
38. Xodim mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi huquqlarga ega:
mehnatni muhofaza qilishga doir normativ-huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga mos boʻlgan ish joyiga ega boʻlish;
ish beruvchidan, bevosita rahbaridan mehnat sharoitlari toʻgʻrisida, shu jumladan, kasb kasalliklari va boshqa kasalliklarga chalinish ehtimoli mavjudligi, shu munosabat bilan oʻziga berilishi lozim boʻlgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shuningdek, SHHV va jamoaviy himoya vositalari haqida axborot olish;
mehnatni muhofaza qilishga oid belgilangan normalar va talablarga muvofiq ish beruvchining mablagʻlari hisobidan shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanish;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat tomonidan majburiy ijtimoiy sugʻurta qilish;
mehnatni muhofaza qilish talablari buzilishi oqibatida oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavf yuzaga kelgan taqdirda, bunday xavf bartaraf etilguniga qadar ishlarni bajarishni rad etish;
tazyiq va zoʻravonlikka uchragan taqdirda ish beruvchiga, davlat nazorati organlariga hamda sudga shikoyat qilish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organ tomonidan oʻz ish joyidagi mehnat sharoitlarini va mehnatni muhofaza qilishni tekshiruvdan oʻtkazishni soʻrash;
ish beruvchining mablagʻlari hisobidan mehnatning xavfsiz uslublari va usullari boʻyicha oʻqish;
qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalar olish;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq holda mayib boʻlgani, kasb kasalligi yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilgani munosabati bilan xodimning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplanishi;
oʻz ish joyida mehnat qilish uchun xavfsiz sharoitlar taʼminlanishi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqilayotganda va oʻzi bilan sodir boʻlgan baxtsiz hodisa yoki uning kasb kasalligi tekshirilayotganda shaxsan oʻzi yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etishi;
tibbiy tavsiyalarga muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqtida oʻz ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlanib qolingan holda mazkur tibbiy koʻrikdan navbatdan tashqari oʻtish;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablar buzilishi oqibatida ish joyi tugatilgan taqdirda, ish beruvchining mablagʻlari hisobidan qayta tayyorgarlikdan oʻtish.
39. Xodimning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari:
mehnatni muhofaza qilishga doir normativ-huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga hamda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar talablariga rioya qilish;
ish joyini mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi, xavfsizlik texnikasi qoidalari, meʼyorlari, yoʻriqnomalari va koʻrsatmalari talablariga muvofiq saqlanishini tashkil qilish;
mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, ichki mehnat tartibi qoidalari, ishlab chiqarish va mehnat intizomi, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar talablariga rioya qilish;
shaxsiy va jamoaviy himoya vositalaridan foydalanishni bilish va ulardan toʻgʻri foydalanish;
shaxsiy gigiyena talablariga rioya qilish;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar olish, mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha oʻquvdan va malaka oshirishdan oʻtish;
baxtsiz hodisalar yuz berganda, jabrlanganlarga shifokordan oldingi birinchi yordam koʻrsatish qoidalarini bilish va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlish;
odamlarning hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiruvchi har qanday vaziyat toʻgʻrisida, shuningdek, ish jarayonida yoki u bilan bogʻliq holda sodir boʻlgan har qanday baxtsiz hodisa haqida ish beruvchini yoki oʻzining bevosita rahbarini darhol xabardor qilish;
tazyiq va zoʻravonlikka va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik;
Xizmat xodimlarining bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalarini, tashkilot rahbarining buyruqlarini bajarish va tasdiqlangan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakili takliflarini inobatga olish.