Mehnat sharoitlari bo'yicha ish joylarini attestatsiya qilish tartibi to'g'risidagi Nizom

O'zR Vazirlar Mahkamasi qarori № 263, 15.09.2014

Mehnat sharoitlari bo'yicha ish joylarini attestatsiya qilish tartibini belgilovchi asosiy hujjat.

Eslatma: Ushbu matn axborot maqsadlarida taqdim etilgan. Rasmiy versiyani olish uchun lex.uz dagi asosiy manbaga murojaat qiling.

Moddalar

Modda 1. Tartibga solish predmeti

Ushbu Nizom mehnat sharoitlari, mehnat jarayonining ogʻirligi va tigʻizligi, asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish, uning natijalarini rasmiylashtirish hamda ulardan foydalanish, shuningdek attestatsiyadan oʻtkazuvchi tashkilotlarga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.

Modda 2. Ish beruvchilar uchun majburiyligi

Ushbu Nizom barcha ish beruvchilar — korxonalar, muassasalar, tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda korxonalar deb ataladi) uchun majburiy hisoblanadi.

Modda 3. Asosiy tushunchalar

Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

ish oʻrni — xodimlarning mehnat faoliyati jarayonida doimo yoki vaqtincha boʻlish joyi;

oʻxshash ish oʻrinlari — quyidagi belgilarning jami: bir nomdagi kasb yoki lavozim; bir xildagi ish rejimida bir tipdagi texnologik jarayonni yuritishda aynan bir xil kasb vazifalarini bajarish; bir tipdagi ishlab chiqarish uskunasi, asboblar, moslamalar, materiallar va xom ashyodan foydalanish; bir yoki bir necha tipdagi binolarda yoki ochiq havoda ishlash; ventilyatsiya, konditsiyalashtirilgan havo, isitish va yoritishning bir tipdagi tizimlaridan foydalanish, ish joyida obyektlarning (ishlab chiqarish uskunasi, transport vositalari va shu kabilarning) bir xil joylashishi; bir klass va darajadagi zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarining bir xildagi toʻplami; yakka tartibdagi himoya vositalari bilan bir xilda taʼminlanganlik bilan tavsiflanadigan ish oʻrinlari;

ish zonasi — xodimlar doimo yoki vaqtincha boʻladigan joylar joylashgan pol yoki maydonchan darajasidan 2 metrgacha balandlikdagi sath;

turgun boʻlmagan ish oʻrinlari — hududiy oʻzgarib turadigan ish zonalaridagi ish oʻrinlari, bunda bir yoki bir necha xodimlar xususiyatiga koʻra oʻxshash ish yoki operatsiyani bajaradigan ishlab chiqarishning zarur vositalari bilan jihozlangan ish oʻrnining bir qismi ish zonasi deb hisoblanadi;

kasb kasalligi — ushbu kasb uchun xos boʻlgan hamda ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining zararli va xavfli omillari taʼsiri natijasida xodim chalingan kasallik;

ish qobiliyati — insonning talab etiladigan vaqt oraligʻida topshirilgan sifatida ishning aniq miqdorini bajarish qobiliyatini tavsiflaydigan organizmning fiziologik va psixologik funksiyalari imkoniyatlari bilan belgilanadigan insonning holati;

ishlab chiqarish muhiti — mehnat faoliyati jarayonida xodimga taʼsir koʻrsatuvchi kimyoviy, biologik, fizik va ijtimoiy omillarning yigʻindisi;

mehnat sharoitlari — xodimning ish layoqati va sogʻligʻiga taʼsir koʻrsatuvchi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillari yigʻindisi;

zararli ishlab chiqarish omili — taʼsiri xodimning kasallikka chalinishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish omili;

xavfli ishlab chiqarish omili — taʼsiri xodimning jarohat olishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish omili. Miqdoriy tavsifiga va amal qilishining davomiyligiga bogʻliq ravishda ayrim zararli ishlab chiqarish omillari xavfli boʻlishi mumkin;

mehnatning xavfsiz shart-sharoitlari — zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarining xodimga taʼsiri istisno etiladigan yoxud ularning taʼsiri darajasi belgilangan normativlardan ortiq boʻlmagan mehnat sharoitlari holati;

ishlab chiqarish faoliyati — xom ashyoning har xil turlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni, qurishni, har xil xizmatlar koʻrsatishni oʻz ichiga oladigan xatti-harakatlar yigʻindisi;

YaTHV (yakka tartibdagi himoya vositalari) — zararli yoki xavfli ishlab chiqarish omillarining xodimlarga taʼsirining oldini olish yoki kamaytirish, shuningdek ifloslanishdan himoya qilish uchun foydalaniladigan texnik vositalar (maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibdagi himoyaning boshqa vositalari);

mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish (attestatsiya) — ish joylarida mehnat sharoitlarini, mehnat jarayonlarining ogʻirligi va tigʻizligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini baholash, shuningdek mehnat sharoitlarini, mehnat jarayonining ogʻirligi va tigʻizligini qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqlashtirish maqsadida oʻtkaziladigan kompleks tadbirlar;

attestatsiya komissiyasi — attestatsiyaning barcha bosqichlarida mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etish, unga rahbarlik qilish va uni nazorat qilish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarning butun kompleksini amalga oshirish uchun korxona rahbarining qarori bilan tashkil etiladigan komissiya;

attestatsiyadan oʻtkazuvchi tashkilot — ushbu Nizomda belgilangan mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun talablarga javob beradigan va fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma asosida ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillarini oʻlchaydigan va mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini baholaydigan yuridik shaxs.

Modda 4. Attestatsiya maqsadi

Attestatsiya fuqarolarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga javob beradigan sogʻligʻi va mehnatning xavfsiz shart-sharoitlariga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish maqsadida ish oʻrinlaridagi mehnat sharoitlarini baholash hamda noqulay, zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlash uchun oʻtkaziladi.

Modda 5. Attestatsiya natijalaridan foydalanish

Attestatsiya natijalaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi va:

mehnat sharoitlarini mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiqlashtirish tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

ogʻir ishlarda, noqulay, zararli va (yoki) xavfli ishlarda va mehnatning boshqa alohida shart-sharoitlarida band boʻlgan xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va kompensatsiyalarni belgilash;

xodimlarni ish joylaridagi mehnat sharoitlari, sogʻliqqa shikast yetkazishning mavjud xavfi, zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillari taʼsiridan himoya qilish chora-tadbirlari hamda ogʻir ishlarda, noqulay, zararli va (yoki) xavfli ishlarda va boshqa alohida mehnat sharoitlarida ishlovchi xodimlarga berilishi kerak boʻlgan kompensatsiyalardan xabardor qilish;

ish joylarida mehnat sharoitlarini nazorat qilish;

kasbiy xavfni baholash;

xodimlarni yakka tartibdagi va jamoaviy himoya vositalari bilan taʼminlash;

mehnat sharoitlarining holati toʻgʻrisida statistika hisobotini tayyorlash;

mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishning mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini tasdiqlash;

kasb kasalligiga shubha tugʻilganda kasallikning kasb bilan bogʻliqligi toʻgʻrisidagi masalani hal etish, shuningdek kasb kasalligi tashxisini aniqlash;

xodimlar mehnatining xavfsiz shart-sharoitlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish;

mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiq xodimlarni sanitariya-maishiy va tibbiy taʼminlash;

xodimlarning ayrim toifalari uchun mehnatni cheklashlarni asoslash, ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarni imtiyozli pensiya taʼminoti huquqini beruvchilarga tegishli deb topish;

shu jumladan mehnatni muhofaza qilish fondi mablagʻlari hisobiga korxonada mehnat sharoitlari va muhofazasini yaxshilash tadbirlarini rejalash­tirish va moliyalashtirish;

xizmatchilar va ishchi kasblari lavozim nomlarini Xizmatchilar va ishchi kasblari asosiy lavozim Klassifikatorida hamda xizmatchilar lavozimlari va ishchi kasblarining tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomalarida koʻrsatilgan nomlar bilan muvofiqlashtirish;

korxonada mehnat sharoitlari va muhofazasining holati toʻgʻrisidagi axborotlarni toʻplash va qayta ishlash uchun asos hisoblanadi.

Modda 6. Attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari

Quyidagi:

xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanadigan noqulay, zararli va (yoki) xavfli hamda boshqa alohida mehnat sharoitlariga ega boʻlgan;

ularda nogironligi boʻlgan shaxslar band boʻlgan;

imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatlarida koʻrsatilgan;

xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi barcha ish oʻrinlari va kasblar attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak.

Ushbu bandda koʻrsatilmagan ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish korxona rahbarining xohishi boʻyicha oʻtkaziladi.

Modda 7. Qonuniy asos

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari, ushbu Nizom, Xizmatchi lavozimlari va ishchi kasblari asosiy tasniflagichi, shuningdek sanitariya normalari, qoidalari va gigiena meʼyorlari, qurilish normalari va qoidalari, mehnatni muhofaza qilish standartlari tizimi, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar, boshqa qonun hujjatlari attestatsiyadan oʻtkazishning huquqiy asosi hisoblanadi.

Modda 8. Oʻtkazish davriyligi

Attestatsiyani oʻtkazish davriyligini korxonaning oʻzi belgilaydi, lekin har 5 yilda kamida bir marta oʻtkazilishi kerak.

Attestatsiyani oʻz vaqtida oʻtkazish masʼuliyati korxona rahbari zimmasiga yuklatiladi.

Modda 9. Attestatsiya materiallarini saqlash

Attestatsiya materiallari qatʼiy hisobot materiallari hisoblanadi va 50 yil davomida saqlanishi kerak.

Qayta tashkil etilganda attestatsiya materiallari toʻliq hajmda qayta tashkil etilayotgan korxonaning huquqiy vorisi — korxonaga topshirilishi lozim, tugatilgan taqdirda — belgilangan tartibda davlat arxiviga topshiriladi.

Modda 10. Attestatsiya oʻtkazish

Attestatsiya ish beruvchi tomonidan ish beruvchi attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha ishlarni bajarish uchun fuqarolik-huquqiy xarakterdagi shartnoma asosida jalb qilinadigan attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot bilan birgalikda oʻtkaziladi.

Modda 11. Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotga qoʻyiladigan talablar

Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish sohasida faoliyat yuritish uchun quyidagi talablarga javob berishi kerak:

Oʻzbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi Qonuniga, ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;

shtatida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassisning malaka sertifikatiga ega boʻlgan va faqat ushbu attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot shtatida faoliyat yuritayotgan kamida uchta xodimi boʻlishi;

mulk huquqi, xoʻjalik yuritish, operativ boshqarish huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillarini oʻlchash uchun moʻljallangan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan laboratoriyasi (bundan buyon matnda — akkreditatsiyalagan sinov laboratoriyasi) boʻlishi;

mehnatni muhofaza qilish boʻyicha amal­dagi normativ-huquqiy hujjatlar maʼlumotlar bazasiga, shuningdek attestatsiya oʻtkazish uchun zarur boʻlgan maʼlumotnoma hujjatlariga ega boʻlishi;

attestatsiya oʻtkazilganda olingan axborotning maxfiyligini taʼminlashi;

attestatsiya oʻtkazish boʻyicha shartnoma majburiyatlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarishi;

attestatsiya oʻtkazishda mustaqillikni taʼminlashi;

attestatsiya toʻgʻrisida ishonchli hisobot taqdim etishi kerak.

Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot rahbari faqat mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha mutaxassisning malaka sertifikatiga ega shaxs boʻlishi mumkin.

Modda 12. Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotning mustaqilligi

Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot ish oʻrinlarida ushbu attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot tomonidan attestatsiya oʻtkaziladigan korxonaga nisbatan mustaqil shaxs boʻlishi kerak.

Korxona attestatsiya oʻtkazish boʻyicha ishlarni bajarish uchun bir nechta attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotlarni jalb qilishga haqli. Bunda attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotlar oʻrtasida attestatsiya boʻyicha ish attestatsiya oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari soni boʻyicha ham, ushbu ish oʻrinlarida bajariladigan ishlar turlari boʻyicha ham taqsimlanishi mumkin.

Modda 13. Attestatsiya oʻtkazishda korxonaning huquqlari

Attestatsiya oʻtkazishda korxona attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotdan quyidagilarni talab qilishga haqli:

attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot ushbu Nizomda belgilangan mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun talablarga toʻliq javob berishini hujjat bilan tasdiqlash;

oʻlchovlar va baholashlarni normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq oʻtkazish.

Modda 14. Attestatsiya oʻtkazishda korxonaning majburiyatlari

Attestatsiya oʻtkazishda korxona:

attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotga attestatsiyani oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazishda koʻmaklashishi, zarur axborot va hujjatlarni taqdim etishi, attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotning soʻroviga koʻra attestatsiya maqsadlariga taalluqli masalalar boʻyicha ogʻzaki va yozma shaklda tushuntirishlar berishi;

attestatsiya oʻtkazishda tahlil qilinishi va baholanishi kerak boʻlgan masalalar doirasini toraytirishga, shuningdek attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot tomonidan soʻralayotgan, attestatsiya maqsadlariga taalluqli masalalar boʻyicha axborot va hujjatlarni yashirish (ularga kirishni cheklash)ga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlarni amalga oshirmasligi;

attestatsiya komissiyasi tarkibiga kiruvchi attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot vakillari imzolamagan, ushbu Nizomning 62-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni oʻz ichiga olgan attestatsiya toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlamasligi kerak.

Modda 15. Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotning huquq va majburiyatlari

Attestatsiya oʻtkazishda attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot:

normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan ushbu Nizom asosida oʻlchov va baholashlar oʻtkazish usullarini, shuningdek oʻlchov va baholash oʻtkazayotgan mutaxassislarning miqdoriy va personal tarkibini belgilaydi;

ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilayotgan korxonada mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablarini taʼminlash boʻyicha ishlarni tashkil etish bilan bogʻliq hujjatlarni toʻliq hajmda oʻrganadi;

attestatsiya davomida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha korxonadan tushuntirishlarni soʻraydi va oladi;

ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilayotgan korxona zarur hujjatlarni taqdim etmagan taqdirda yoki korxona normativ hujjatlarda talab qilingan oʻlchov va baholashlar oʻtkazish shartlarini taʼminlashdan bosh tortganda attestatsiya oʻtkazishdan voz kechadi.

Attestatsiya oʻtkazishda attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot korxonaning talabiga koʻra attestatsiya natijalari boʻyicha attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot tomonidan chiqarilgan xulosalarning asoslarini taqdim etishi shart.

Modda 16. Attestatsiya komissiyasini tuzish

Attestatsiyani tashkil etish va oʻtkazish uchun ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilayotgan korxona rahbarining yozma qarori bilan doimiy faoliyat yurituvchi attestatsiya komissiyasi (bundan buyon matnda — attestatsiya komissiyasi) tuziladi, shuningdek attestatsiya oʻtkazish boʻyicha ishlar jadvali belgilanadi.

Zarurat tugʻilganda korxonaning tarkibiy boʻlinmalari boʻyicha attestatsiya komissiyalarini tuzishga yoʻl qoʻyiladi.

Modda 17. Attestatsiya komissiyasining tarkibi

Attestatsiya komissiyasi tarkibiga majburiy tartibda bosh muhandis (mavjud boʻlgan taqdirda), mehnatni muhofaza qilish xizmati rahbarlari va xodimlari, kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki korxona xodimlarining boshqa vakillik organi vakillari, attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot vakillari kiritiladi.

Qonun hujjatlariga muvofiq kichik tadbirkorlik subyektlariga kiritilgan korxonalarda attestatsiya oʻtkazilganda attestatsiya komissiyasi tarkibiga majburiy tartibda rahbar, attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot vakillari, shuningdek mavjud boʻlgan taqdirda mehnatni muhofaza qilish xizmati rahbarlari va xodimlari, kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki korxona xodimlarining boshqa vakillik organi vakillari kiritiladi.

Modda 18. Attestatsiya komissiyasiga rahbarlik qilish

Attestatsiya komissiyasiga ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilayotgan korxona rahbari yoki korxona rahbarining tegishli yozma qarori bilan vakolat berilgan shaxs rahbarlik qiladi.

Attestatsiya komissiyasining tarkibi, shuningdek attestatsiya oʻtkazish boʻyicha ishlar jadvali korxona rahbarining yozma qarori bilan tasdiqlanadi.

Modda 19. Attestatsiya komissiyasining vazifalari

Attestatsiya komissiyasi (korxonaning tarkibiy boʻlinmalari boʻyicha attestatsiya komissiyasi):

attestatsiyani uning barcha bosqichlarida oʻtkazishni tashkil etadi, unga rahbarlik qiladi va nazorat qiladi;

attestatsiya oʻtkazish uchun zarur boʻlgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, tashkiliy-farmoyish va uslubiy hujjatlar toʻplamini shakllantiradi va ularni oʻrganishni tashkil etadi;

xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlarini Xizmatchi lavozimlari va ishchi kasblari asosiy tasniflagichida koʻrsatilgan nomlarga muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar shakllantiradi;

ish oʻrniga mehnat sharoitlari kartalari bilan tanishadi va ularni imzolaydi;

xodimni YaHV bilan taʼminlash boʻyicha korxonaning majburiyatlari, tegishli mehnat va dam olish rejimini belgilash, shuningdek zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan boshqa kafolatlar va preferentsiyalar qismida mehnat shartnomasi­ga oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (zarurat tugʻilganda) takliflar kiritadi;

attestatsiya natijalari boʻyicha mehnat sharoitlarini mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.

Modda 20. Ish oʻrinlari roʻyxatini tayyorlash

Korxonaning mehnatni muhofaza qilish xizmati ushbu Nizomga 1-ilova shakliga muvofiq attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari roʻyxati loyihasini tayyorlaydi.

Attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari roʻyxatini tuzishda:

analog ish oʻrinlari alohida ajratiladi;

texnologik jarayon tavsiflari, ishlab chiqarish asbob-uskunalarining tarkibi, qoʻllanilayotgan xom ashyo va materiallar, zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillari koʻrsatkichlarining oldin oʻtkazilgan oʻlchovlari natijalari, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar talablari, shuningdek ushbu oʻlchovlarni oʻtkazish joylaridan kelib chiqqan holda oʻlchash va baholash zarur boʻlgan ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillari, jarohatlash xavfliligi va xodimning YaHV bilan taʼminlanganligi koʻrsatiladi.

Attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari roʻyxati korxonaning tarkibiy boʻlinmalari kesimida tuzilishi kerak.

Attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari roʻyxati korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Modda 21. Har bir ish oʻrni boʻyicha maʼlumotlar

Har bir ish oʻrni boʻyicha quyidagilar koʻrsatiladi:

attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan noyob tartib raqami (6 belgidan koʻp emas: 000 001 dan 999 999 gacha). Analog ish oʻrinlari «a» harfi bilan belgilanadi (berilgan raqam oxiriga «a» harfi qoʻshiladi);

Xizmatchi lavozimlari va ishchi kasblari asosiy tasniflagichiga muvofiq xizmatchi lavozimi yoki ishchi kasbi nomi va tegishli kod;

ushbu ish oʻrnida ishlayotgan xodimlar soni, shu jumladan ayollar soni;

tegishli ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omili taʼsirining davomiyligi (% yoki soatlarda), yoki ish oʻrnida ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining ushbu omili mavjud boʻlmagan holda «–» belgisi qoʻyiladi.

Bunda, zararli moddalar (kimyoviy omillar) va (yoki) asosan fibrogen taʼsirga ega aerozollar mavjud boʻlganda va ularni oʻlchash zarurati tugʻilganda tegishli ravishda «P1a» va (yoki) «P1b» belgisi qoʻyiladi, qoʻshimcha axborot esa ushbu Nizomga 1a va 1b-ilovalar shakllariga muvofiq alohida varaqlarda keltiriladi.

Modda 22. Mehnat sharoitlari kartasi

Mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini baholash uchun asosiy mexanizm va axborot manbai ushbu Nizomga 2-ilova shakliga muvofiq toʻldiriladigan ish oʻrniga mehnat sharoitlari kartasi (bundan buyon matnda — Mehnat sharoitlari kartasi) hisoblanadi.

Mehnat sharoitlari kartasi ish oʻrnidagi amaldagi mehnat sharoitlari, belgilangan kafolatlar va preferentsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek ushbu ish oʻrni yoki analog ish oʻrinlari guruhida mehnat sharoitlarini yaxshilash va sogʻlomlashtirish boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan hujjat hisoblanadi.

Modda 23. Mehnat sharoitlari kartasini toʻldirish

Mehnat sharoitlari kartasi attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari roʻyxatiga kiritilgan har bir ish oʻrni boʻyicha toʻldiriladi. Bitta nomdagi barcha analog ish oʻrinlari uchun analog joylar roʻyxatidan birinchi ish oʻrniga bitta karta tuziladi.

Modda 24. Mehnat sharoitlari muvofiqligini baholash tarkibi

Mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini baholash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiqligini baholash;

ish oʻrinlarining jarohatlash xavfliligini baholash;

xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligini baholash;

ish oʻrinlaridagi mehnat sharoitlarini kompleks baholash.

Modda 25. Gigiena meʼyorlariga muvofiqligini baholashni oʻtkazish

Mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiqligini baholash attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot mutaxassislari tomonidan oʻtkaziladi.

Modda 26. Baholanishi kerak boʻlgan omillar

Attestatsiyadan oʻtkazishda ushbu ish oʻrnida qoʻllaniladigan texnologik jarayon va asbob-uskunalar uchun xos boʻlgan, ish oʻrnida mavjud boʻlgan ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining barcha omillari baholanishi kerak.

Baholanishi kerak boʻlgan ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillari roʻyxati mehnatni muhofaza qilish talablari, texnologik jarayon va ishlab chiqarish asbob-uskunalarining tavsiflari, qoʻllanilayotgan xom ashyo va materiallar, zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillari koʻrsatkichlarining oldin oʻtkazilgan oʻlchovlari natijalari, shuningdek xodimlarning takliflaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Modda 27. Baholash oʻtkazish usullari

Mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiqligini baholash shtatdagi ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlari va (yoki) korxonaning shtatdagi faoliyatini amalga oshirish davomida ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillari darajalarini asboblar yordamida oʻlchash va baholash yoʻli bilan oʻtkaziladi.

Baholash oʻtkazishda normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarda nazarda tutilgan oʻlchash usullari, shuningdek belgilangan tartibda qiyoslangan oʻlchash vositalari qoʻllanilishi kerak.

Modda 28. Baholash mezonlari

Mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiqligini baholash ishlab chiqarish muhiti omillarining zararliligi va xavfliligi, mehnat jarayonining ogʻirligi va tigʻizligi koʻrsatkichlari boʻyicha Mehnat sharoitlarining gigiyenik tasnifi bilan belgilanadigan mezonlarga muvofiq oʻtkaziladi.

Modda 29. Oʻlchovlar natijalarini kartaga kiritish

Mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiqligini oʻlchash va baholash natijalari Mehnat sharoitlari kartasining I boʻlimi «Mehnat sharoitlari sinfi» ustunining tegishli satriga (ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillari kichik sinfiga) kiritiladi. Xususan:

a) ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillarining har bir kichik sinfiga berilgan mehnat sharoitlari sinflari asosida ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omiliga baho beriladi: eng yuqori sinf va zararlilik darajasi boʻyicha; agar 3 va undan ortiq omil 3.1 sinfiga tegishli boʻlsa, u holda mehnat sharoitlarining umumiy bahosi 3.2 sinfiga mos keladi; 3.2, 3.3, 3.4 sinflaridan ikki va undan ortiq omil mavjud boʻlganda mehnat sharoitlari mos ravishda bir daraja yuqori baholanadi;

b) ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining har bir omiliga berilgan mehnat sharoitlari sinflari asosida mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiqligiga umumiy baho beriladi: eng yuqori sinf va zararlilik darajasi boʻyicha; agar 3 va undan ortiq omil 3.1 sinfiga tegishli boʻlsa, u holda mehnat sharoitlarining umumiy bahosi 3.2 sinfiga mos keladi; 3.2, 3.3, 3.4 sinflaridan ikki va undan ortiq omil mavjud boʻlganda mehnat sharoitlari mos ravishda bir daraja yuqori baholanadi;

v) zararli ishlab chiqarish omillari bilan aloqa vaqtini qisqartirganda (vaqt bilan himoya qilish) mehnat sharoitlari kamroq zararli deb baholanishi mumkin, lekin 3.1 sinfidan past emas;

g) attestatsiyadan oʻtkazilayotgan ish oʻrnida mavjud boʻlmagan ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillarini (kichik sinflarni) Mehnat sharoitlari kartasida aks ettirmaslikka yoʻl qoʻyiladi. Bunda ushbu Nizom bilan belgilangan ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillarining (kichik sinflarining) tartib raqamlari saqlanishi kerak.

Modda 30. Oʻlchovlar bayonnomasi

Mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiqligini baholash doirasida attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot tomonidan oʻtkaziladigan oʻlchovlar oʻlchovlar bayonnomasi bilan rasmiylashtirilishi kerak. Oʻlchovlar bayonnomalari ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining har bir omili boʻyicha rasmiylashtiriladi va baholanishi kerak boʻlgan mehnat sharoitlari kartasining ajralmas qismi hisoblanadi.

a) bayonnoma quyidagi axborotni oʻz ichiga olishi kerak: korxonaning toʻliq yoki qisqartirilgan nomi; korxona yoki uning tegishli tarkibiy boʻlinmasi joylashgan yerning amaldagi manzili; bayonnomaning identifikatsiya raqami; ish oʻrnining nomi, shuningdek xodimning kasbi; oʻlchov va baholashlar oʻtkazilgan sana; korxonaning tarkibiy boʻlinmasining nomi; attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotning nomi; sinov laboratoriyasining texnik kompetentliligini maʼqullash toʻgʻrisidagi guvohnomaning sanasi va tartib raqami; oʻlchanayotgan omilning nomi; qoʻllanilayotgan oʻlchash vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; normativ hujjatlarni koʻrsatgan holda oʻlchov va baholashlarni oʻtkazish usullari; RYK, RYD ni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning rekvizitlari; ish oʻrnining nomini koʻrsatgan holda oʻlchovlar oʻtkazish joyi; oʻlchanayotgan omil darajasining normativ va amaldagi qiymati; ushbu omil boʻyicha mehnat sharoitlari sinfi; omilning amaldagi darajasi boʻyicha xulosa;

b) bitta konkret omil boʻyicha oʻlchovlar natijalarini ish oʻrinlari guruhi uchun bitta yigʻma bayonnomada rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi;

v) oʻlchov va baholashlar bayonnomasini ularni oʻtkazgan attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot mutaxassislari, shuningdek attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotning masʼul mansabdor shaxsi imzolaydi.

Modda 31. Jarohatlash xavfliligini baholashni oʻtkazish

Ish oʻrinlarining jarohatlash xavfliligini baholash attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot mutaxassislari tomonidan korxona xodimlari bilan birgalikda oʻtkaziladi.

Modda 32. Jarohatlash xavfliligini baholash obyektlari

Ish oʻrinlarining jarohatlash xavfliligini baholash obyektlari quyidagilar hisoblanadi:

ishlab chiqarish asbob-uskunalari;

texnologik jarayonlarni amalga oshirishda foydalaniladigan moslama va asboblar;

xodimlarni mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha tayyorlashning belgilangan talablarga muvofiq­ligi.

Modda 33. Jarohatlash xavfliligini baholash uchun talablar

Ish oʻrinlarining jarohatlash xavfliligini baholash ushbu Nizomning 32-bandida koʻrsatilgan obyektlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiq­ligi yuzasidan oʻtkaziladi, ularga rioya qilmaslik xodimlarning jarohatlanishiga olib kelishi mumkin, shu jumladan:

mexanik taʼsirlardan himoya qilish boʻyicha talablar;

elektr toki taʼsiridan himoya qilish boʻyicha talablar;

yuqori yoki past haroratlar taʼsiridan himoya qilish boʻyicha talablar;

kimyoviy moddalarning toksik taʼsiridan himoya qilish boʻyicha talablar.

Modda 34. Ishlab chiqarish asbob-uskunalarini tekshirish

Ishlab chiqarish asbob-uskunalarining jarohatlash xavfliligini baholashda quyidagilarning mavjudligi va normativ talablarga muvofiq­ligi tekshiriladi: ekspluatatsiya hujjatlari toʻplami; xodimlarni ishlab chiqarish asbob-uskunalarining harakatlanuvchi qismlari taʼsiridan, shuningdek uchib ketayotgan buyumlardan himoya qilish vositalari; ishlab chiqarish asbob-uskunalari elementlarining toʻsiqlari, ularning shikastlanishi xavf tugʻilishi bilan bogʻliq, shu jumladan fiksatorlar, blokirovkalar, germetiklashtiruv­chi va boshqa elementlarning mavjudligi; signal boʻyogʻi va xavfsizlik belgilari; ishlab chiqarish asbob-uskunalarining normal ishlashi buzilgani toʻgʻrisidagi signalizatorlar, avariya vaqtida toʻxtatish vositalari, shu jumladan energiya bilan taʼminlash toʻliq yoki qisman toʻxtaganda va keyinchalik tiklanganda, shuningdek energiya bilan taʼminlashni boshqarish zanjiri shikastlanganda xavfli vaziyatlar yuzaga kelishini istisno qilish imkonini beruvchi qurilmalarning mavjudligi; elektr asbob-uskunalari, elektr simlarining turli taʼsirlardan himoyalanganligi.

Modda 35. Asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash usullari

Ishlab chiqarish asbob-uskunalarining jarohatlash xavfliligini baholash ishlarni bajarishda xavfsizlik talablarini oʻz ichiga olgan texnik hujjatlarni tahlil qilish, shtatdagi ish davomida ishlab chiqarish asbob-uskunalarini uning holatining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq­ligi yuzasidan tashqi koʻzdan kechirish yoʻli bilan oʻtkaziladi.

Modda 36. Asboblarning jarohatlash xavfliligini baholash

Asboblar va moslamalarning jarohatlash xavfliligini baholash tashqi koʻzdan kechirish va ularning holatining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq­ligini tekshirish yoʻli bilan oʻtkaziladi.

Modda 37. Muvofiqlik sertifikatlarini tekshirish

Ishlab chiqarish asbob-uskunalari, shuningdek asboblar va moslamalarning jarohatlash xavfliligini baholashda xavfsizlik talablariga muvofiq­lik sertifikatlari (deklaratsiyalari)ning mavjudligi ham tekshirilishi mumkin.

Modda 38. Mehnat sharoitlarini jarohatlash xavfliligi boʻyicha tasniflash

Jarohatlash xavfliligini baholash natijalari boʻyicha mehnat sharoitlari quyidagicha tasniflanadi: jarohatlash xavfliligining 1-sinfi — maqbul (ish oʻrnida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga nomuvofiq­lik aniqlanmagan; ishlab chiqarish asbob-uskunalari, binolar va inshootlarni taʼmirlash bilan bogʻliq ishlar, xavfi yuqori boʻlgan ishlar va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maxsus oʻqitishni talab qiladigan boshqa ishlar bajarilmaydi yoki ishlab chiqarish asbob-uskunalari va asboblar mavjud emas); jarohatlash xavfliligining 2-sinfi — ruxsat etiladigan (ish oʻrnida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga nomuvofiq­lik aniqlanmagan; ishlab chiqarish asbob-uskunalari, binolar va inshootlarni taʼmirlash bilan bogʻliq ishlar, xavfi yuqori boʻlgan ishlar va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maxsus oʻqitishni talab qiladigan boshqa ishlar bajariladi; xizmat muddati oʻtgan (resursi ishlatilgan) ishlab chiqarish asbob-uskunalari ekspluatatsiya qilinadi, biroq bu ushbu asbob-uskunaga maxsus xavfsizlik talablari bilan taqiqlanmagan; himoya vositalarining himoya funktsiyalarini pasaytirmaydigan shikastlanishlari va (yoki) nosozliklari aniqlangan); jarohatlash xavfliligining 3-sinfi — xavfli (ish oʻrnida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga bir yoki undan ortiq nomuvofiq­lik aniqlangan).

Modda 39. Jarohatlash xavfliligini baholash natijalarini kiritish

Ish oʻrnining jarohatlash xavfliligini baholash natijalari Mehnat sharoitlari kartasining tegishli boʻlimiga (II boʻlim) kiritiladi.

Modda 40. YaHV bilan taʼminlanganlikni baholashni oʻtkazish

Xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligini baholash attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot mutaxassislari tomonidan oʻtkaziladi.

Modda 41. YaHV bilan taʼminlanganlikni baholashni oʻtkazish shartlari

Xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligini baholash mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiq­ligini baholash va ish oʻrnining jarohatlash xavfliligini baholash natijalari mavjud boʻlganda oʻtkaziladi.

Modda 42. YaHV bilan taʼminlanganlikni baholash tartib-taomillari

Xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligini baholash quyidagi tartib-taomillarni ketma-ket amalga oshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi: amalda berilgan YaHV nomenklaturasini xodimlarga YaHVni bepul berish tegishli namunaviy normalari bilan taqqoslash; xodimlarga berilgan YaHVning muvofiq­lik sertifikatlari (deklaratsiyalari) mavjudligini tekshirish; xodimlarni YaHV bilan taʼminlashning belgilangan tartibini tekshirish; berilgan YaHVning ish oʻrnidagi mehnat sharoitlarining amaldagi holatiga muvofiq­ligini baholash. Xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligini baholashda qoʻshimcha ravishda xodimlarga berilgan YaHVning samaradorligini baholash oʻtkazilishi mumkin.

Modda 43. YaHV talablariga muvofiqlik mezonlari

Ish oʻrni ushbu Nizom talablariga rioya qilingan shartda xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligi talablariga muvofiq deb hisoblanadi. Bir va undan ortiq nomuvofiq­lik mavjud boʻlganda ish oʻrni xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligi talablariga muvofiq emas deb hisoblanadi.

Modda 44. YaHVni baholash natijalarini kiritish

Ish oʻrnida xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligi natijalari Mehnat sharoitlari kartasining tegishli boʻlimiga (III boʻlim) kiritiladi, bundan YaHV berish xodimlarga YaHVni bepul berish namunaviy normalari bilan nazarda tutilmagan va mehnat sharoitlarining amaldagi holati boʻyicha talab qilinmaydigan hollar mustasno.

Modda 45. Kafolatlar va preferentsiyalar toʻgʻrisidagi axborotni tayyorlash

Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot qonun hujjatlari talablari asosida, shuningdek ish oʻrinlari attestatsiyadan oʻtkazilayotgan xodimlarni soʻrov qilish asosida noqulay, zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun qonun hujjatlari bilan belgilangan va attestatsiyadan oʻtkazilayotgan ish oʻrniga mos keladigan kafolatlar va preferentsiyalar toʻgʻrisida axborot tayyorlaydi. Bunda noqulay mehnat sharoitlarida va ishning alohida xarakterida ishlaganlik uchun har yilgi qoʻshimcha taʼtilning davomiyligi ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq belgilanadi. Xodimlarning ayrim toifalari uchun qoʻshimcha taʼtil 33 kungacha belgilanishi mumkin. Imtiyozli pensiya taʼminotiga boʻlgan huquqni baholash ushbu Nizomga 3a-ilovaga muvofiq belgilanadi. Tayyorlangan axborot Mehnat sharoitlari kartasining tegishli boʻlimiga (IV boʻlim) kiritiladi.

Modda 46. Kompleks baholash tarkibi

Ish oʻrnidagi mehnat sharoitlari holatini kompleks baholash quyidagi baholashlar natijalarini oʻz ichiga oladi: mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiq­ligini baholash natijalari boʻyicha belgilangan mehnat sharoitlari sinfi; jarohatlash xavfliligi boʻyicha mehnat sharoitlari sinfi; xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligi.

Modda 47. Kompleks baholashni rasmiylashtirish

Ish oʻrnidagi mehnat sharoitlari holatini kompleks baholash attestatsiya komissiyasining xulosasi shaklida rasmiylashtiriladi, u Mehnat sharoitlari kartasining tegishli boʻlimida (V boʻlim) aks ettiriladi. Ish oʻrnidagi mehnat sharoitlari gigiena meʼyorlariga muvofiq boʻlganda, ish oʻrnining jarohatlash xavfliligini baholashda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga nomuvofiq­lik aniqlanmaganda va ish oʻrni xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligi talablariga muvofiq boʻlganda, ish oʻrni mehnat sharoitlarini kompleks baholash bilan «mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiq keladi» deb attestatsiyadan oʻtgan hisoblanadi. Ish oʻrnidagi mehnat sharoitlari gigiena meʼyorlariga muvofiq boʻlmaganda va (yoki) ish oʻrnining jarohatlash xavfliligini baholashda ish oʻrnining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga nomuvofiq­ligi aniqlanganda, va (yoki) xodimlarning YaHV bilan taʼminlanganligi talablariga muvofiq boʻlmaganda, ish oʻrni mehnat sharoitlarini kompleks baholash bilan «mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiq kelmaydi» deb attestatsiyadan oʻtgan hisoblanadi.

Modda 48. Xavfli mehnat sharoitlarida choralar

Ish oʻrnidagi mehnat sharoitlari xavfli mehnat sharoitlariga kiritilganda, ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilayotgan korxona tomonidan darxol ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining xavfli omillari taʼsiri darajasini pasaytirishga yoki ularning taʼsir etish vaqtini qisqartirishga qaratilgan choralar majmuasi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Modda 49. Attestatsiya natijalari boʻyicha hujjatlar

Attestatsiya komissiyasi oʻtkazilgan attestatsiya natijalari boʻyicha quyidagilarni tuzadi: a) ushbu Nizomga 4-ilova shakliga muvofiq mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalarining yigʻma vedomosti. Mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalarining yigʻma vedomosti korxonaning tarkibiy boʻlinmalari kesimida tuziladi; b) ushbu Nizomga 5-ilova shakliga muvofiq mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalari boʻyicha belgilangan mehnat sharoitlari sinflari va shu munosabat bilan xodimlarga belgilanishi kerak boʻlgan kafolatlar va preferentsiyalarning yigʻma jadvali. Mehnat sharoitlari sinflarining yigʻma jadvali korxonaning tarkibiy boʻlinmalari kesimida tuziladi. Agar ish oʻrnida ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omilini oʻlchash oʻtkazilmagan boʻlsa, u holda ushbu omilga mos keluvchi ustun va oʻlchov hamda baholashlar oʻtkazilgan ish oʻrni raqamiga mos keluvchi satr boʻsh qoldiriladi (bunda ushbu ish oʻrnidagi ushbu omil boʻyicha mehnat sharoitlari maqbulga mos keladi deb tushuniladi).

Modda 50. Mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi

Attestatsiya natijalari boʻyicha attestatsiya komissiyasi ushbu Nizomga 6-ilova shakliga muvofiq Mehnat sharoitlarini mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiq­lashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi. Mehnat sharoitlarini mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiq­lashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi korxonaning tarkibiy boʻlinmalari kesimida ishlab chiqiladi. Mehnat sharoitlarini mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normalar, qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga muvofiq­lashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi korxona rahbari tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Mehnat sharoitlarining gigiena meʼyorlariga muvofiq­ligini baholash doirasida chora-tadbirlar rejasida ish oʻrinlarida mavjud omillar tomonidan tegishli normalardan oshib ketishning har bir holati boʻyicha ularni pasaytirish choralari belgilanishi kerak.

Modda 51. Attestatsiya materiallarining davlat ekspertizasi

Ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilayotgan korxonaning attestatsiya materiallari mehnat organlarida davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi kerak. Attestatsiya materiallari mehnat organlariga attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot tomonidan kiritiladi.

Modda 52. Davlat ekspertizasi tartibi

Davlat ekspertizasi belgilangan tartibda tegishli ariza kiritilgan sanadan boshlab yigirma besh kalendar kundan oshmaydigan muddatda pullik asosda amalga oshiriladi. Koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha mehnat organi ijobiy xulosa beradi yoki kiritilgan attestatsiya materiallarini konkret normativ-huquqiy hujjatlarga havolalar bilan rad etish sabablarini koʻrsatgan holda qaytaradi. Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot rad etish sabablarini bartaraf etishga va yozma xabarnoma olingan kundan boshlab oʻn ish kunidan oldin boʻlmagan holda attestatsiya materiallarini qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli.

Modda 53. Davlat ekspertizasi tartibini belgilash

Davlat ekspertizasini oʻtkazish va xulosa berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan belgilanadi.

Modda 54. Davlat ekspertizasini amalga oshiruvchi organlar

Davlat ekspertizasi va xulosa berish Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Agar attestatsiya xodimlarining umumiy soni 100 kishidan kam boʻlgan korxonalarda oʻtkazilgan boʻlsa, u holda davlat ekspertizasini amalga oshirish va xulosa berishni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik va kambagʻallikni qisqartirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi. Xulosa ushbu Nizomga 7-ilova shakliga muvofiq tegishli himoya darajasiga ega boʻlgan va markazlashtirilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Kambagʻallik va mehnat bozorini tadqiq qilish instituti tomonidan tayyorlanadigan maxsus blankada rasmiylashtiriladi. Xulosa blanki qatʼiy hisobot hujjati hisoblanadi, hisobga olish seriyasi, raqami va himoyalanganlik darajasiga ega. Blanklar buyurtma boʻyicha «Davlat belgisi» Davlat ishlab chiqarish birlashmasida bosma usulida tayyorlanadi.

Modda 55. Attestatsiya komissiyasining yakuniy majlisi

Mehnat organlarining ijobiy xulosasi olinganda attestatsiya komissiyasining raisi attestatsiya komissiyasining yakuniy majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Korxonaning alohida tarkibiy boʻlinmalarida attestatsiya natijalarini rasmiylashtirish uchun attestatsiya komissiyasining oraliq-yakuniy majlislarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.

Modda 56. Yakuniy majlis bayonnomasi

Attestatsiya komissiyasining yakuniy (oraliq-yakuniy) majlisi ushbu Nizomga 8-ilova shakliga muvofiq attestatsiya komissiyasi majlisi bayonnomasi shaklida rasmiylashtiriladi. Attestatsiya komissiyasining yakuniy (oraliq-yakuniy) majlisi bayonnomasi korxona rahbari tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Modda 57. Analog ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish

Analog ish oʻrinlaridagi zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarini baholash analog ish oʻrinlarining umumiy sonidan 20 foizini, lekin kamida ikkitasini attestatsiyadan oʻtkazishda olingan maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi. Kamida bitta ish oʻrni analoglik belgilariga javob bermasligi aniqlanganda ushbu ish oʻrinlarining 100 foizi baholanadi. Ushbu baholashdan keyin oʻlchov va baholashlar natijalarini hisobga olgan holda ish oʻrinlarining yangi roʻyxati belgilanadi. Analog ish oʻrinlariga bitta Mehnat sharoitlari kartasi toʻldiriladi. Analog ish oʻrinlarining 20 foizidan bitta ish oʻrni uchun belgilangan mehnat sharoitlari va ularni yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar barcha analog ish oʻrinlari uchun yagonadir.

Modda 58. Nogironligi boʻlgan shaxslarning ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish

Nogironligi boʻlgan shaxslar band boʻlgan ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladi. Bunda attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari Roʻyxatiga qoʻshimcha ravishda attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan nogironligi boʻlgan shaxslarning ish oʻrinlari roʻyxati tuziladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish doirasida: nogironligi boʻlgan shaxslar ishlashi uchun maxsus moslamalarning mavjudligi, ishlab chiqarish binolarining nogiron aravachasidan foydalanuvchi shaxslar, koʻrish qobiliyati zaiflashgan va eshitish buzilgan shaxslar uchun tegishli qurilmalar bilan jihozlanganligi, shuningdek ish jihozining antropometrik talablarga muvofiq­ligi baholanadi; attestatsiya komissiyasi nogironligi boʻlgan har bir shaxs boʻyicha nogironlik guruhlari va sabablari boʻyicha belgilangan tartibda (vrachlik-mehnat ekspert komissiyasi tomonidan) berilgan hujjatlar va maʼlumotnomalarni tayyorlashi shart.

Modda 59. Sanitariya-texnik holatni pasportlashtirish

Nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatidan foydalanayotgan korxonalar oʻtkazilgan attestatsiya natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda sanitariya-texnik holatni pasportlashtirishni oʻtkazishi shart.

Modda 60. Nostatsionar ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish

Nostatsionar ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarining barqaror toʻplami va qiymatiga ega boʻlgan tipik texnologik operatsiyalarni oldindan belgilash va keyinchalik ushbu operatsiyalarni baholash yoʻli bilan oʻtkaziladi. Har bir operatsiyani bajarish vaqti ekspert yoʻli bilan, xodimlar va ularning bevosita rahbarlarini soʻrov qilish yoʻli bilan belgilanadi.

Modda 61. Qoʻshimcha ishlarni baholash

Ish oʻrnida konkret kasb (lavozim)ning malaka tavsifida mavjud boʻlmagan, lekin korxona rahbarining yozma qarori yoki mehnat shartnomasi bilan ushbu kasb (lavozim) xodimining lavozim majburiyatlariga kiritilgan ishlar bajarilganda xodim tomonidan ushbu ish oʻrnida bajariladigan ishlarning barcha turlari baholanishi kerak.

Modda 62. Attestatsiya toʻgʻrisida hisobot

Attestatsiya natijalari attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot tomonidan attestatsiya toʻgʻrisida hisobot shaklida rasmiylashtiriladi, unga quyidagilar ilova qilinadi: attestatsiya komissiyasini tuzish va attestatsiya oʻtkazish boʻyicha ishlar jadvalini tasdiqlash toʻgʻrisidagi buyruq; attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari roʻyxati; attestatsiyadan oʻtgan korxona xodimlarining, shu jumladan ayollar va nogironligi boʻlgan shaxslarning umumiy soni toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma; oʻlchov bayonnomalaribilan mehnat sharoitlari kartalari; mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalarining yigʻma vedomosti; attestatsiya natijalari boʻyicha belgilangan mehnat sharoitlari sinflari va shu munosabat bilan xodimlarga belgilanishi kerak boʻlgan kafolatlar va preferentsiyalarning yigʻma jadvali; mehnat sharoitlarini yaxshilash va sogʻlomlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi; mehnat organlarining ijobiy xulosasi; attestatsiya komissiyasining yakuniy (oraliq-yakuniy) majlis(lar)i bayonnoma(lar)i; attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilot toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan sinov laboratoriyasining texnik kompetentliligini maʼqullash toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxalari.

Modda 63. Hisobotni olgandan keyin attestatsiya komissiyasining harakatlari

Attestatsiya komissiyasi attestatsiya toʻgʻrisidagi hisobot kelib tushgan sanadan boshlab oʻn kalendar kun ichida: attestatsiya toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqadi va uni korxona rahbariga tasdiqlash uchun kiritadi; ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilgan xodimlarni imzo qoʻydiribi ularning ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalari bilan tanishtiradi; jamoa shartnomasi va jamoa bitimiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlaydi.

Modda 64. Attestatsiya toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash

Attestatsiya toʻgʻrisidagi hisobot kelib tushgan sanadan boshlab oʻn ish kuni ichida korxona rahbari attestatsiyani yakunlash va attestatsiya toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash toʻgʻrisida yozma qaror qabul qiladi.

Modda 65. Attestatsiya materiallarini saqlash

Attestatsiya materiallari ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilgan korxonada ushbu Nizomning 9-bandida belgilangan muddat davomida saqlanadi.

Modda 66. Rejadan tashqari attestatsiya oʻtkazish hollari

Rejadan tashqari attestatsiya quyidagi hollarda oʻtkaziladi: xodim, kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi korxona rahbariga tegishli ish oʻrnida attestatsiya oʻtkazish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan holda; attestatsiya oʻtkazish sifatini baholash maqsadida oʻtkazilgan mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi natijalari boʻyicha; mehnat organlari tomonidan korxona rahbariga berilgan koʻrsatmaga muvofiq.

Modda 67. Rejadan tashqari attestatsiya natijalarini rasmiylashtirish

Rejadan tashqari attestatsiya natijalari ushbu Nizomning attestatsiyaga qoʻyiladigan talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi. Bunda har bir ish oʻrni uchun oʻzgartirish va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda yangi mehnat sharoitlari kartasi rasmiylashtiriladi.

Modda 68. Attestatsiya sohasida nazorat

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish sohasida nazoratni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Kambagʻallik va mehnat bozorini tadqiq qilish instituti mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish sohasida ilmiy-uslubiy muassasa hisoblanadi. Attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotlar tomonidan mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish sohasida faoliyatni amalga oshirish talablariga rioya qilishni tekshirishlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Modda 69. Attestatsiya oʻtkazish uchun javobgarlik

Attestatsiya oʻtkazish uchun javobgarlik korxona rahbari zimmasiga yuklatiladi. Oʻlchov va baholashlarni oʻtkazishning ishonchliligi uchun javobgarlik attestatsiya komissiyasi va shaxsan attestatsiya oʻtkazuvchi tashkilotning mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha mutaxassislari zimmasiga yuklatiladi.

Modda 70. Talablarni buzganlik uchun javobgarlik

Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Ushbu qonunga rioya qilishda yordam kerakmi?

Tashkilotingizni qonunchilik talablariga muvofiqlashtlrishda yordam beramiz.