13. Tashkilotda MMQB tizimi ichki audit natijasida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar asosida takomillashtiriladi.
Aniqlangan nomuvofiqliklar yuzasidan ogohlantirish xabarnomasi rasmiylashtiriladi va tashkilotning tarkibiy boʻlinmalariga tarqatiladi.
Aniqlangan nomuvofiqliklarning sabablarini bartaraf etish uchun ularning qayta yuzaga kelishi oldini olish maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
14. Ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi qoidalariga va (yoki) MMQB tizimi talablariga rioya etilmaslik sabablarini aniqlash va tahlil qilish;
ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar tashabbusi bilan chiqish, rejalashtirish, amalga oshirish, samaradorligini tekshirish va hujjatlashtirish;
MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish.
15. Nomuvofiqlik aniqlanganda uning sabablari va ahamiyatiga qarab quyidagi ogohlantirish va chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
ishlab chiqarish jarayonini toʻxtatish;
uskunalardan foydalanishni taqiqlash;
xodimlarni ishdan chetlashtirish hamda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha navbatdan tashqari yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish hamda bilimlarini tekshirish;
tegishli malakaga va ish tajribasiga ega boʻlgan xodimlarni ishga qabul qilish;
xodimlarga mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish, bilimlarini tekshirish, malakasini oshirish va qayta tayyorlash tartibini qayta koʻrib chiqish;
nomuvofiqlikni bartaraf etish boʻyicha texnik harakatlar (taʼmirlash, texnik xizmat koʻrsatish);
mavjud texnologik jarayonlarni oʻzgartirish;
manfaatdor tomonlarni xabardor qilish (favqulodda va avariya holatida);
favqulodda va avariya holatlarini bartaraf etish choralarini koʻrish;
yetkazib beruvchilar va pudratchi tashkilotlarga nisbatan faoliyatni qayta koʻrib chiqish;
MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomni hamda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha tashkilotning siyosatini qayta koʻrib chiqish.
16. MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomda aniqlangan nomuvofiqliklarning sabablarini bartaraf etish boʻyicha ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish tartibi koʻrsatiladi.
Ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar rejalarini amalga oshirish, shuningdek, nomuvofiqliklarning yuzaga kelish sabablarini aniqlash mehnat xavfsizligi va gigiyenasini taʼminlashga masʼul boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar rejalarining natijadorligi va samaradorligi MMQB tizimi ichki auditi jarayonida samaradorlikni baholash natijalariga koʻra aniqlanadi.
17. Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda va avariya holatlari, baxtsiz hodisalar, kasb kasalliklari va zaharlanishlarning oldini olish usullari MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomda aks ettiriladi.
Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda va avariya holatlari, baxtsiz hodisalar, kasb kasalliklari va zaharlanishlarning oldini olish usullarini ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni, foydalanilayotgan xomashyo hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning xususiyatlarini, iqlim, seysmik va boshqa tabiiy jarayonlarni tahlil qilish hamda kasbiy xavflarni baholash natijalari, ilgari sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar, favqulodda hamda avariya holatlarida aniqlangan nomuvofiqliklar asosida ishlab chiqiladi.
18. Tashkilot rahbariyati mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha tashkilotning siyosati va maqsadlari MMQB tizimiga muvofiqligining doimiy ravishda tahlilini amalga oshiradi.
Tahlil quyidagi harakatlarni oʻz ichiga oladi:
ichki audit natijalari boʻyicha xulosalar va nazorat qiluvchi organlarning koʻrsatmalarini koʻrib chiqish;
mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bilan bogʻliq dolzarb masalalarni tashkilotning yigʻilishlarida muhokama qilish.
Tahlilni amalga oshirish tartibi tashkilotning MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomida belgilanadi.
19. Tashkilotda mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holatini sifatli tahlil qilish, kasbiy xavflarni identifikatsiyalash, baholash va boshqarish, shuningdek, ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha hujjatlar mehnatni muhofaza qilish xizmati (muhandis) tomonidan yuritiladi.
Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha hujjatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tashkiliy-farmoyish beruvchi va belgilovchi tusdagi hujjatlar (buyruqlar, nizomlar, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar, tartiblar, reglamentlar, dasturlar, rejalar, roʻyxatlar, qoidalar, normalar, standartlar);
tashkilotning iqtisodiy faoliyat turiga muvofiq mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar;
qayd etish xususiyatiga ega hujjatlar (dalolatnomalar va bayonnomalar, ruxsat berish naryadlari, farmoyishlar, baxtsiz hodisalarni tekshirish boʻyicha materiallar, ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish va kasbiy tavakkalchiliklarni baholash hujjatlari);
axborot tusidagi hujjatlar (statistik hisobotlar, mansabdor shaxslar tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv dalolatnomalari, yozma koʻrsatmalar, taqdimnomalar, xulosalar);
hisobot hujjatlari (xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish dalolatnomalari, xodimlar salomatligi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hisobi, ishlab chiqarish uskunalarini sinovdan oʻtkazish dalolatnomalari, MMQB tizimi faoliyatini joriy nazorat qilish va tahlil qilish natijalari, rasmiy statistika hisoboti shakllari).
MMQB tizimi hujjatlari doimiy ravishda yangilab boriladi va besh yil davomida saqlanadi hamda ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi hujjatlari qabul qilingandan keyin oʻn ish kuni mobaynida tegishli xodimlarga tanishtiriladi.
20. MMQB tizimining samarali faoliyat yuritishi tashkilotda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holati toʻgʻrisidagi ishonchli statistik hisobotlarni sifatli yuritish va oʻz vaqtida taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Statistik hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
noqulay mehnat sharoitlarida band boʻlgan xodimlar soni toʻgʻrisidagi yillik hisobot;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari toʻgʻrisidagi hisobot.
Ish beruvchi davlat organlariga ularning yozma soʻroviga asosan, tashkilotning mehnat sharoitlari, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holati toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadi.