Mehnat kodeksi 343-moddasi
Toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnomalar
Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida oʻziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlamaganlik uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladi. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish oʻz xizmat vazifasiga kirmaydigan xodim bilan tuzilgan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi. Pul va tovar qimmatliklari bilan muomala qilishga oid xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan ishga qabul qilinayotgan yoki ishni bajarayotgan oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxs ishga qabul qilinayotganda yoki keyinchalik mehnat shartnomasiga qoʻshimcha tariqasida ushbu shaxs bilan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilishi mumkin. Agar xodim talabgor boʻlgan ish (lavozim) toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzishni talab qilsa, xodim esa bunday shartnomani tuzishga rozi boʻlmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilishni rad etishga haqli. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim bilan ish beruvchi yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli, xodimlar oʻziga topshirilgan qimmatliklarni saqlash, ularga ishlov berish, ularni sotish (chiqarish), tashish, qoʻllash yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan alohida ish turlarini birgalikda bajarayotgan, har bir xodimning zarar yetkazganlik uchun javobgarligini chegaralash va u bilan yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzish imkoni boʻlmagan taqdirda esa ish beruvchi jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli. Yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnomaga binoan qimmatliklar ularning but saqlanishini taʼminlash uchun shaxsan javobgar boʻladigan aniq bir xodimga topshiriladi. Oʻzi bilan mazkur shartnoma tuzilgan xodim javobgarlikdan ozod boʻlish uchun oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berishi kerak. Jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnoma ish beruvchi va jamoaning (brigadaning) barcha aʼzolari oʻrtasida tuziladi. Jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq qimmatliklar ularning but saqlanishini taʼminlash uchun toʻliq moddiy javobgarlik oʻz zimmasiga yuklatiladigan, oldindan belgilangan shaxslar guruhiga, jamoaga (brigadaga) topshiriladi. Javobgarlikdan ozod boʻlish uchun jamoaning (brigadaning) ayrim aʼzosi oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berishi kerak. Yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik yoki jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnomada mehnat shartnomasi taraflarining xodimga, jamoaga (brigadaga) ishonib topshirilgan qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlashga doir vazifalari aniqlashtiriladi hamda ularning qoʻshimcha huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilab qoʻyiladi. Toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida oʻzi bilan shartnoma tuziladigan xodimlarning toifalari roʻyxati jamoa shartnomasida, agar jamoa shartnomasi tuzilmagan boʻlsa, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga binoan ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qiluvchi xodimlar tomonidan ishlar birgalikda bajariladigan, jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi joriy etilishi mumkin boʻlgan boʻlinmalar roʻyxati ham xuddi shunday tartibda belgilanadi. Xodim bilan toʻliq yakka tartibdagi moddiy javobgarlik yoki jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisida shartnoma tuzish boʻyicha tavsiyalar, ushbu shartnomalarning namunaviy shakli, shuningdek toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida oʻzi bilan yozma shartnomalar tuzilishi mumkin boʻlgan xodimlar egallaydigan lavozimlar va ishlarning namunaviy roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. (343-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 13-fevraldagi OʻRQ-1030-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2025-y., 03/25/1030/0144-son) Ushbu Kodeksning 346-moddasiga muvofiq ziyonning oʻrni ixtiyoriy ravishda qoplanganda jamoa (brigada) har bir aʼzosining aybdorlik darajasi jamoaning (brigadaning) barcha aʼzolari va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Sud tartibida ziyonni undirishda jamoa (brigada) har bir aʼzosining aybdorlik darajasi sud tomonidan belgilanadi. Qimmatbaho buyumlar bilan muomala qilishga oid xizmatlar koʻrsatish (ularni saqlash, realizatsiya qilish, tashish, qayta ishlash) bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga binoan kamomadlarning oʻrnini qoplashga yoʻl qoʻyiladigan tavakkalchilik fondi tuzilishi mumkin. Xodim bilan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida yozma shartnoma tuzilmagan, shuningdek bunday shartnoma pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish oʻz funksional majburiyatlariga kirmaydigan xodim, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxs bilan yoxud ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida koʻrsatilgan xodimlar toifasi roʻyxatiga kirmaydigan shaxs bilan tuzilgan hollarda ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun xodimning zimmasiga cheklangan moddiy javobgarlik yuklatilishi mumkin. Bunday hollarda toʻliq moddiy javobgarlik xodimning zimmasiga faqat ushbu Kodeks 342-moddasi birinchi qismining 2 — 8-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarning zimmasiga esa faqat ushbu Kodeksning 341-moddasi uchinchi qismida koʻrsatilgan hollardagina yuklatilishi mumkin.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Modda quyidagi hujjat tarkibida
O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022
← Oldingi modda
Modda 342. Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi hollari
Keyingi modda →
Modda 344. Ish beruvchining yetkazilgan zarar miqdorini va uning kelib chiqish sababini aniqlash majburiyati
Qoʻshni moddalar
- 339Ish beruvchining xodimdan zararni undirishdan voz kechish huquqi
- 340Xodimning moddiy javobgarligi doirasi
- 341Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi
- 342Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi hollari
- 344Ish beruvchining yetkazilgan zarar miqdorini va uning kelib chiqish sababini aniqlash majburiyati
- 345Yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash
- 346Xodim tomonidan zararning oʻrnini ixtiyoriy ravishda qoplash
- 347Xodimdan ish beruvchiga yetkazilgan zararni undirish tartibi
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.