Mehnat kodeksi 305-moddasi

Komissiyaning huquq va majburiyatlari

Komissiya quyidagi huquqlarga ega: oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimlarga yozma shaklda tushuntirishlar taqdim etishni, shuningdek xizmat tekshiruvi masalalarining mohiyati yuzasidan boshqa axborotni maʼlum qilishni taklif etish; xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlanishi kerak boʻlgan holatlar haqida biror-bir maʼlumotdan xabardor boʻlishi mumkin boʻlgan xodimlarga ular yuzasidan yozma tushuntirishlar berishni taklif etish; agar xodimning ish joyida hozir boʻlishi xizmat tekshiruviga xalaqit berishi mumkin deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud boʻlsa, xizmat tekshiruvi vaqtida xodimni ishdan chetlatish toʻgʻrisida ish beruvchiga takliflar kiritish; xizmat tekshiruvini oʻtkazish uchun muhim boʻlgan hujjatlar bilan tanishish va zarurat boʻlganda ularning koʻchirma nusxalarini xizmat tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyish; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim foydalanadigan xizmat va ishlab chiqarish xonalarini, shu jumladan uning ish joyini, joy uchastkalarini, omborlarni, stollarni, javonlarni, papkalarni va maxfiy axborotni tashuvchi jism mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa predmetlarni ish beruvchining roziligi bilan koʻzdan kechirishni amalga oshirish, shuningdek ish beruvchidagi maxfiy axborot mavjud boʻlgan barcha jismlarni hamda ularning kelib tushishi va harakatlanishini aks ettiruvchi hisobga olish hujjatlarini (hisobga olish daftarlari va jurnallarini) ish beruvchining roziligi bilan tekshirish; inventarizatsiya, taftish, audit oʻtkazish haqida iltimosnoma kiritish; ilmiy, texnikaviy va boshqa maxsus bilimlarni talab etadigan masalalar boʻyicha mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritish hamda ulardan maslahat olish. Komissiya qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Komissiya: oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimning hamda xizmat tekshiruvida ishtirok etish uchun jalb qilingan boshqa shaxslarning huquq va erkinliklariga rioya etishi; xizmat tekshiruvi materiallarining but saqlanishini va maxfiyligini taʼminlashi, tekshiruv natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etmasligi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimga uning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi; xizmat tekshiruvi oʻtkazilishining borishi haqida ish beruvchini xabardor qilishi; intizomiy qilmish sodir etilganligi fakti aniqlangan taqdirda, ushbu intizomiy qilmish sodir etilgan sana va vaqtni, intizomiy qilmishni sodir etgan xodimning javobgarligi darajasi va xususiyatiga taʼsir qiladigan, uning aybini ham ogʻirlashtiradigan, ham yengillashtiradigan holatlarni hujjat bilan tasdiqlashi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimning shaxsiy, ishbilarmonlik va axloqiy sifatlarini tavsiflovchi hujjatlar va materiallarni toʻplashi; ilgari oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi materiallarini, shuningdek oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim tomonidan ilgari sodir etilgan intizomiy qilmish toʻgʻrisidagi axborotni oʻrganishi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimga oʻtkazilayotgan tekshiruvga bevosita aloqador boʻlgan masalalarning mohiyati yuzasidan tushuntirish berishni taklif qilishi, u tushuntirish berishni rad etgan taqdirda esa komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnoma tuzishi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligiga guvoh boʻlganlar xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlangan taqdirda, ularni soʻroq qilishi; xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan ish beruvchiga mehnat majburiyatlarining aniqlangan va bartaraf etilishi talab qilinadigan buzilishlari haqida darhol xabar berishi; xodimning intizomiy qilmishni sodir etishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashi hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan choralarni taklif qilishi; xizmat tekshiruvi oʻtkazishning ish beruvchi buyrugʻida ushbu Kodeksning 308-moddasiga muvofiq belgilangan muddatiga rioya etishi; xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisida dalolatnoma tayyorlashi va uni ushbu Kodeks 310-moddasining yettinchi qismida belgilangan muddatda ish beruvchiga taqdim etishi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan xodimni xizmat tekshiruvini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma bilan imzo qoʻydirib tanishtirishi, tanishish rad etilgan yoki tanishganlik toʻgʻrisida imzo qoʻyish rad etilgan taqdirda esa komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnoma tuzishi shart. Komissiyaning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.