Mehnat kodeksi 227-moddasi
Birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtilini berish tartibi
Birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan olti oy oʻtganidan keyin yuzaga keladi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra xodimga ishlagan olti oy oʻtguniga qadar ham mehnat taʼtili berilishi mumkin. Birinchi bor tashkil etilgan tashkilotlar uchun xodimlarga birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtili birinchi ish yili tugaguniga qadar ushbu taʼtilni berish sharti bilan olti oy ishlamasidan ilgari yoki undan keyin berilishi mumkin. Olti oy oʻtguniga qadar xodimning xohishiga koʻra quyidagilarga har yilgi mehnat taʼtili beriladi: ayollarga — homiladorlik va tugʻish taʼtilidan oldin yoki undan keyin; oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta yoki undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolgʻiz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga); oʻn sakkiz yoshdan kichik boʻlgan shaxslarga; rezervga boʻshatilganidan keyin uch oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni oʻtagan sobiq harbiy xizmatchilarga; 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga; I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga; ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotganlarga, agar ular oʻzining har yilgi mehnat taʼtilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasa; jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan boshqa hollarda boshqa xodimlarga. Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda har yilgi mehnat taʼtili toʻliq davomiylikda va toʻliq haq toʻlangan holda beriladi. Olti oydan kam ishlagan oʻrindoshlarga birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtili ularning xohishiga koʻra asosiy ish boʻyicha har yilgi mehnat taʼtili bilan bir vaqtda oʻrindoshlik asosida ishdagi taʼtil uchun ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda haq toʻlangan holda beriladi. Olti oy va undan ortiq ishlagan oʻrindoshlarga birinchi ish yili uchun oʻrindoshlik asosidagi ishda beriladigan har yilgi mehnat taʼtiliga, shuningdek ikkinchi va keyingi ish yillari uchun ushbu toifadagi xodimlarning mehnat taʼtiliga, ushbu taʼtil ish yili davomida qaysi vaqtda berilishidan qatʼi nazar, toʻliq haq toʻlanadi. Har yilgi mehnat taʼtili oʻquvchilarning yozgi taʼtili davrida beriladigan taʼlim tashkilotlarining oʻqituvchilar tarkibiga birinchi ish yilidagi har yilgi mehnat taʼtili oʻquvchilarning yozgi taʼtili davrida toʻliq davomiylikda, ular ushbu taʼlim tashkilotiga ishga kirgan vaqtidan qatʼi nazar, ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda haq toʻlangan holda beriladi. Mazkur toifadagi xodimlarga ikkinchi va keyingi ish yillari uchun beriladigan mehnat taʼtiliga, ushbu taʼtil ish yili davomida qaysi vaqtda berilishidan qatʼi nazar, toʻliq haq toʻlanadi.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Modda quyidagi hujjat tarkibida
O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022
← Oldingi modda
Modda 226. Har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqarish
Keyingi modda →
Modda 228. Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat taʼtilini berish tartibi
Qoʻshni moddalar
- 223Har yilgi mehnat taʼtili davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish hollari
- 224Har yilgi mehnat taʼtili davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish tartibi
- 225Ish yili
- 226Har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqarish
- 228Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat taʼtilini berish tartibi
- 229Har yilgi mehnat taʼtilini uzaytirish yoki uni boshqa muddatga koʻchirish
- 230Har yilgi mehnat taʼtilining bir qismini keyingi ish yiliga koʻchirish
- 231Har yilgi mehnat taʼtilini qismlarga boʻlish
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.