Mehnat kodeksi 153-moddasi

Xodimni ishdan chetlashtirishni rasmiylashtirish

Xodimni ishdan chetlashtirish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtirilib, buyruq ushbu Kodeks 151-moddasining ikkinchi yoki uchinchi qismida nazarda tutilgan, xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan aniq sabab koʻrsatilishi kerak. Ish beruvchining ishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi buyrugʻi ishdan chetlashtirilgan xodimga imzo qoʻydirib yetkaziladi. Xodimning ishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi bunda hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi buyruqning tasdiqlangan koʻchirma nusxasini unga xodim murojaat qilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay xodimning talabiga koʻra berishi shart. Xodimni ishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishtirish imkoni boʻlmagan taqdirda, ish beruvchi xodimga tegishli buyruq chiqarilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida buyruqning koʻchirma nusxasini bildirish xati bilan yuborishi shart. Ishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi buyruqda chetlashtirish amalga oshirilayotgan muddat belgilanishi kerak. Xodimni ishdan chetlashtirish davri tugaydigan aniq sanani oldindan aniqlash imkoni boʻlmagan hollarda, qaysi hodisa boshlanishi bilan xodimni ishdan chetlashtirish muddati tugaydigan boʻlsa, oʻsha hodisa (xodimning majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi va boshqalar) ish beruvchining buyrugʻida koʻrsatiladi. Ishdan chetlashtirilgan xodim chetlashtirish muddati yoki chetlashtirish qaysi holatlar sababli amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha holatlar tamom boʻladigan muddat tugaganidan keyingi birinchi ish kunida ishga kirishishi shart.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.