Mehnat kodeksi 150-moddasi

Mehnat shartnomasini qonunga xilof ravishda oʻzgartirishning huquqiy oqibatlari

Mehnat shartnomasi oʻzgartirilganligini qonunga xilof deb hisoblovchi xodim oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi oʻzgartirilganligi ustidan shikoyat qilishga haqli. Mehnat sharoitlari qonunga xilof ravishda oʻzgartirilgan taqdirda, xodimning avvalgi mehnat sharoitlarini tiklash toʻgʻrisidagi talablari qanoatlantirilishi lozim. Agar mehnat sharoitlarining qonunga xilof deb eʼtirof etilgan oʻzgarishlari xodimning mehnatga haq toʻlash miqdori kamayishiga olib kelgan boʻlsa, xodimning oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash haqidagi talablari qanoatlantirilishi lozim. Xodim boshqa ishga qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan taqdirda, xodimning oʻzini avvalgi ishiga tiklash, boshqa ishga qonunga xilof ravishda oʻtkazilganligi sababli kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq toʻlanishi toʻgʻrisidagi talablari qanoatlantirilishi lozim. Agar xodim oʻzi qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan ishni bajarsa, lekin bu ishdagi mehnatiga haq toʻlash miqdori ushbu xodim bu ishga oʻtkazilishidan ilgari bajargan ishidagi mehnatiga haq toʻlash miqdoridan past boʻlsa, majburiy progul uchun haq toʻlash xodimga avvalgi ishidagi va xodim qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan ishdagi mehnatga haq toʻlash oʻrtasidagi farqning oʻrnini qoplashdan iborat boʻladi. Agar xodimning mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ish joyi ish beruvchi tomonidan xodimning roziligisiz avvalgi mehnat vazifasiga doir va avvalgi mehnat sharoitlaridagi ishini, shu jumladan mehnat haqini saqlab qolgan taqdirda oʻzgartirilgan boʻlsa, xodimning unga avvalgi ish joyini taqdim etish toʻgʻrisidagi talabi qanoatlantirilishi lozim. Agar mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda oʻzgartirilganligi munosabati bilan xodimga maʼnaviy yoki jismoniy azoblar yetkazilgan boʻlsa, xodimning oʻziga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.