3. Mehnat sharoitining zararlilik darajasi SanQvaN “Ish oʻrni havosidagi zararli moddalarning ruxsat etilgan konsentratsiyalarining gigiyenik normativlari” 0294-11-son talablariga binoan zararli moddalarni gigiyenik normativlardan oshib ketish darajalari boʻyicha belgilanadi.
4. Ish oʻrni havosida bir vaqtning oʻzida bir xil taʼsirga ega bir nechta zararli moddalar va biologik omillar meʼyori quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
| K1 | K2 | Kn |
| --------- | + | --------- | + | ............ | + | --------- | ≤1 |
| REK1 | REK2 | REKn |
bu erda:
K1, K2,…, Kn — ish oʻrni havosidagi zararli moddalarning haqiqiy miqdori;
REK1, REK2, .., REKn — ish oʻrni havosidagi zararli moddalarning ruxsat etilgan konsentratsiyasi.
5. Ish oʻrni havosida bir vaqtning oʻzida turli xil taʼsir qiluvchi ikki va undan ortiq zararli moddalar boʻlsa, mehnat sharoitini baholash quyidagi tarzda oʻtkaziladi:
zararlilikni eng yuqori sinfiga va darajasiga mos keladigan moddalar konsentratsiyasi boʻyicha;
3.1-sinfiga mos keladigan darajadagi moddalarni xohlagan miqdorda boʻlishi mehnat sharoitini zararlilik darajasini oshirmaydi;
3.2-sinfi darajasidagi uch va undan ortiq moddalar mehnat sharoitlarini 3.3-sinfi darajasiga oʻtkazadi;
3.3-sinfi darajasidagi ikki va undan ortiq zararli boʻlgan moddalar mehnat sharoitlarini 3.4-sinfiga oʻtkazadi. Xuddi shu tarzda 3.4-sinfdan 4-sinfga oʻtkazish amalga oshiriladi.
6. Agarda biror modda bir yoki undan koʻp boʻlgan maxsus samara koʻrsatish taʼsiriga (kanserogen, mutagen, allergen, qoʻzgʻatuvchi, fibrogen taʼsir) ega boʻlsa mehnat sharoiti bir pogʻona yuqori darajaga oʻtkaziladi. Ish oʻrni havosida zararli moddalar miqdorining darajasiga bogʻliq boʻlgan mehnat sharoitlari sinflari 1-ilovada, biologik omillarning ish oʻrni havosidagi miqdoriga koʻra mehnat sharoitlari sinflari 2-ilovada keltirilgan koʻrsatkichlarga muvofiq baholanishi lozim.
7. Ish kuni (smenasi) davomida xodimga turli davriy (doimiy va doimiy boʻlmagan (tebranuvchi, impulsli, shovqin) va spektral (tonal shovqin) tavsifga ega boʻlgan shovqin taʼsir qilsa, ekvivalent tovush darajasi oʻlchanishi yoki hisoblanishi zarur. Impuls va tonal shovqinning hisoblangan yoki oʻlchangan ekvivalent tovush darajasi 5 dBA ga orttiriladi, shundan soʻng olingan natijani RED bilan taqqoslash mumkin.
8. Xodimga doimiy tebranish (umumiy va mahalliy) taʼsir qilganda, mehnat sharoitlarini baholash vibrotezlanishning ekvivalent tuzatilgan darajasini oʻlchash yoki hisoblash orqali amalga oshirilishi kerak. Xodimga doimiy boʻlmagan tebranish (umumiy va mahalliy) taʼsir qilganda, mehnat sharoitlarini baholash tebranishning ekvivalent (energiya boʻyicha) darajasini integral baholash usuli bilan amalga oshirilishi zarur. Xodimga ish kuni (smenasi) davomida ham doimiy, ham doimiy boʻlmagan tebranish (umumiy va mahalliy) taʼsir qilganda, mehnat sharoitlarini baholash vibrotezlanishning ekvivalent tuzatilgan darajasini oʻlchash yoki hisoblash (ularning taʼsir qilish davomiyliginini hisobga olgan holda) orqali amalga oshirilishi kerak.
9. Xodimga ish kuni (smenasi) davomida ham doimiy, ham doimiy boʻlmagan infratovush taʼsir qilganda, mehnat sharoitlarini baholash ekvivalent umumiy tovush bosimi darajasini (ekvivalent dBLin) oʻlchash yoki hisoblash (ularning taʼsir qilish davomiyligini hisobga olgan holda) orqali amalga oshirilishi zarur. Shovqin, infratovush, ultratovush, tebranish, havo ionizatsiyasi darajalariga bogʻliq holda mehnat sharoiti sinflari 3-ilovada, ionlanmagan elektromagnit maydonlari va nurlanishlari taʼsir qilganda zararlilik va xavflilik sinfi 4-ilovada, optik diapazonda ionlanmagan elektromagnit nurlanishlar taʼsir qilganda zararlilik va xavflilik sinfi 5-ilovada keltirilgan koʻrsatkichlarga muvofiq baholanishi kerak.