VM qarori № 637, 68-boʻlim
2-bob. Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish va kasblarning birxilligini belgilash uchun hujjatlarni tayyorlash tartibi
3. Zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillariga ega boʻlgan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarni Roʻyxatga kiritish zarurati haqidagi xodimlarning takliflari ikki nusxada tayyorlanib, ish beruvchi hamda korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga yuboriladi. 4. Ish beruvchi tomonidan mehnat sharoitlarini oʻrganish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tashkil qilinib, uning tarkibi ish beruvchining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Komissiya tarkibiga ish beruvchining ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari, kadrlar boʻlimi boshligʻi yoki xodimi, mehnatni muhofaza qilish xizmatining boshligʻi va xodimlari, bosh muhandis (mavjud boʻlsa), korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakili yoki xodimlarning boshqa vakillik organi vakili kiritiladi. 5. Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni tayyorlash va ish beruvchiga taqdim qilish uchun Komissiya quyidagilarni tekshiradi: ish joyining rejasi ishlab chiqarishlar, ishlar va uskunalar joylashgan korxonaning bosh loyihasiga mosligini; texnologik jarayonga, uskunalarni ishlatish boʻyicha qoidalarga rioya etilganini, jihozlar, asboblar va uskunalar sozligini; jamoa va shaxsiy himoya vositalarining mavjudligi va yaroqliligi, himoya kiyimining mavjudligi va mosligini; mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha korxonaning (jamoa shartnomasida nazarda tutilgan) tashkiliy-texnik tadbirlar rejasining bajarilganini, texnologik jarayon, texnologik tartibning mukammalligini, ish oʻrinlari avtomatlashtirilganini, jihozlanganlik darajasi, mehnat sharoitlarini, xavfsizlik texnikasi va mehnat gigiyenasiga rioya etilganini. 6. Tekshirish vaqtida aniqlangan mehnat sharoitlarining belgilangan meʼyorlarga nisbatan buzilishi holatlari va kamchiliklar attestatsiya oʻtkazilishiga qadar bartaraf etiladi. 7. Tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilib, Komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi va ish beruvchiga yuboriladi. 8. Aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, tegishli choralar amalga oshiriladi. Tekshirishda aniqlangan xato va kamchiliklar bartaraf etilganidan soʻng, attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxati tuziladi hamda attestatsiyadan oʻtkaziladi. 9. Attestatsiya Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-son qarori bilan tasdiqlangan Ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiya oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq oʻtkaziladi. 10. Attestatsiya natijalari boʻyicha mehnat sharoitlarining amaldagi holati, yaʼni aniqlangan zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillari hajmi, ularning belgilangan meʼyorlaridan ogʻish darajasi aniqlanadi. 11. Attestatsiya natijalari Komissiya tomonidan korxonaning kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan birgalikda attestatsiya oʻtkazgan korxona vakillari ishtirokida muhokama qilinadi. 12. Muhokama natijasi boʻyicha bayonnoma va Roʻyxatga kiritilishi taklif etilayotgan mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlab chiqarishlar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxati tuziladi. 13. Attestatsiyadan oʻtkazish ishlari tugashi bilan ish beruvchi kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan birgalikda oʻzlarining yuqori turuvchi organiga (vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korporatsiyalar, uyushmalar, konsernlar) (keyingi oʻrinlarda — Tashkilot) quyidagilarni taqdim etadi: Roʻyxatga kiritish uchun attestatsiya natijalari boʻyicha taklif qilingan ishlab chiqarishlar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatini; attestatsiya hujjatlari davlat ekspertizasidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi xulosasini; attestatsiya natijalariga asosan ish oʻrinlarida aniqlangan zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarini bartaraf etish imkoni mavjud emasligi yuzasidan Komissiyaning xulosasi va qisqacha moliyaviy-iqtisodiy asoslarni. 14. Tashkilot tegishli kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan birgalikda: taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va oʻz korxonalarining 30 foizidan kam boʻlmagan analogik (oʻxshash) ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilishini taʼminlaydi; zarurat boʻlganda hujjatlarni taqdim qilgan tizimidagi korxonada nazorat oʻlchovlarini tashkil qiladi. 15. Tashkilot tomonidan tizimidagi murojaat qiluvchi korxonaning taklifi qanoatlantirilishi boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinsa, shunga oʻxshash korxonalarning kamida 30 foizida analogik (oʻxshash) ish oʻrinlarida qoʻshimcha attestatsiya oʻtkazilishini inobatga olgan holda, tegishli kasaba uyushmasi qoʻmitalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan birgalikda Roʻyxatning tegishli qismiga (boʻlimiga) qoʻshimchalar kiritish yoki ayrim kasblar, ishlar, lavozimlar va koʻrsatkichlarni chiqarish yuzasidan takliflarni tayyorlaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboradi. 16. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Tashkilotning takliflarini qabul qilish toʻgʻrisida yoki rad etish sabablarini yozma ravishda aniq koʻrsatgan holda 15 kun muddatda qaror qabul qiladi. 17. Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Tashkilotning takliflari qabul qilinganda, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bu yuzasidan tegishli Hukumat qarori loyihasini tayyorlaydi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, shuningdek, takliflarni taqdim qilgan Tashkilot bilan belgilangan tartibda kelishadi. Kelishilgan Hukumat qarori loyihasi qonunchilikda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Boʻlim quyidagi hujjat tarkibida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatini hamda roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori
Vazirlar Mahkamasining 637-son qarori, 10.10.2025
← Oldingi boʻlim
Boʻlim 67. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-oktabrdagi 637-son qaroriga 2-ILOVA. Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisida NIZOM — 1-bob. Umumiy qoidalar
Keyingi boʻlim →
Boʻlim 69. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-oktabrdagi 637-son qaroriga 3-ILOVA. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari ROʻYXATI
Qoʻshni boʻlimlar
- 643-SON ROʻYXATI. II QISM. NOGIRONLIGI BOʻLGAN BOLALAR UCHUN IXTISOSLASHTIRILGAN TAʼLIM BERISH TASHKILOTLARI, MEHRIBONLIK UYLARI, HARBIY AKADEMIK LITSEYLAR, TARBIYAVIY KOLONIYALAR OʻQITUVCHILARI
- 653-SON ROʻYXATI. III QISM. IXTISOSLASHGAN TIBBIY MUASSASALARNING SHIFOKORLARI VA OʻRTA TIBBIYOT XODIMLARI
- 663-SON ROʻYXATI. IV QISM. IJTIMOIY XODIMLAR
- 67Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-oktabrdagi 637-son qaroriga 2-ILOVA. Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisida NIZOM — 1-bob. Umumiy qoidalar
- 69Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-oktabrdagi 637-son qaroriga 3-ILOVA. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari ROʻYXATI
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.