Mehnat kodeksi 551-moddasi

Yakka tartibdagi mehnat nizosini mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqish tartibi

Mehnat nizolari boʻyicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini xodim ariza bergan kundan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida koʻrib chiqishi shart. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarda koʻriladigan yakka tartibdagi mehnat nizolari, zarur hollarda, xodimning ishdan tashqari vaqtida koʻrib chiqilishi mumkin. Mehnat nizosi ariza bergan xodim yoki uning vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi. Xodim yoki uning vakili yoʻqligida mehnat nizosini koʻrib chiqishga faqat xodimning yozma arizasi asosida yoʻl qoʻyiladi. Xodim yoxud uning vakili mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisida hozir boʻlmagan taqdirda, mehnat nizosini koʻrib chiqish keyinga qoldiriladi. Xodim yoki uning vakili uzrli sabablarsiz ikkinchi marta majlisda hozir boʻlmagan taqdirda, komissiya masalani koʻrib chiqishdan olib tashlash toʻgʻrisida qaror chiqarishi mumkin, bu esa xodimni ushbu Kodeksda belgilangan muddat doirasida mehnat nizosini koʻrib chiqish haqida takroran ariza berish huquqidan mahrum etmaydi. Komissiyaning arizani koʻrib chiqishdan olib tashlash toʻgʻrisidagi qarori arizani koʻrib chiqishdan olib tashlash sababi albatta koʻrsatilgan holda xodimga yozma shaklda yetkaziladi. Xodim mehnat nizosini mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqishning har qanday bosqichida ushbu nizoni tugatishga haqlidir. Oʻn besh yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan xodimlarning yakka tartibdagi mehnat nizolari ota-onasidan birining yoki vasiysining ishtirokida mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqiladi. Xodim, kasaba uyushmasi qoʻmitasi mehnat nizosini koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun advokatni, ekspertni yoki boshqa uchinchi shaxsni taklif etish huquqiga ega. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya oʻz majlisiga guvohlarni chaqirish, mutaxassislarni taklif etish huquqiga ega. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning talabiga binoan ish beruvchi (uning vakillari) komissiyaga zarur boʻlgan hujjatlarni komissiya tomonidan belgilangan muddatda taqdim etishi shart. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisi, agar har bir tarafdan komissiya aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisida ish beruvchining va kasaba uyushmasi qoʻmitasining teng miqdordagi vakillari ishtirok etishi kerak. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning vakolatga ega boʻlmagan tarkibi tomonidan qabul qilingan qaror gʻayriqonuniydir. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning har bir majlisida raisning vazifalari ish beruvchining va kasaba uyushmasi qoʻmitasining vakillari tomonidan navbatma-navbat bajariladi. Bunda raisning va kotibning vazifalari ayni bir majlisning oʻzida bir taraf vakillari tomonidan bajarilishi mumkin emas. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning birinchi majlisida komissiya aʼzolarining (xodimlar va ish beruvchilar vakillarining) kelishuviga koʻra ushbu majlisning raisi va kotibi belgilanadi. Komissiyaning keyingi majlislarida har bir keyingi majlis uchun rais va kotib tayinlanib, majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni chaqirish ularning zimmasiga yuklatiladi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisini rais ochib, qaysi nizo koʻrib chiqilishi lozimligini, komissiya tarkibini eʼlon qiladi. Rais taraflarning hozir boʻlgan-boʻlmaganligini, vakillarning vakolatini tekshiradi, shundan soʻng komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrilayotgan yakka tartibdagi mehnat nizosining taraflari: dalillarni taqdim etishga; dalillarni tekshirishda ishtirok etishga; komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga, komissiya majlisiga taklif qilingan guvohlarga, mutaxassislarga va boshqa shaxslarga savollar berishga; iltimosnoma berishga; komissiyaga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish; komissiya majlisida ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning iltimosnomalariga va vajlariga qarshi eʼtiroz bildirishga; komissiyaning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishga; komissiya majlisida audio va video uskunalardan foydalanishga haqli. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini mohiyatiga koʻra koʻrib chiqar ekan, avval xodimning bildirilgan talablari xususidagi tushuntirishlarini eshitadi. Shundan soʻng ish beruvchining vakili eshitiladi, taraflarning dalillari tekshiriladi, nizoni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun chaqirilgan (taklif etilgan) mutaxassislar, guvohlar va boshqa shaxslar eshitiladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.