Tashkilot rahbari ushbu Kodeksga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, tashkilotning taʼsis hujjatlariga, ichki hujjatlarga muvofiq mazkur tashkilotga rahbarlikni amalga oshiruvchi, shu jumladan uning yagona ijro etuvchi organi vazifalarini bajaruvchi jismoniy shaxsdir. Ushbu paragrafdagi qoidalar, tashkilotlarning tashkiliy-huquqiy shakllaridan, mulk shakllaridan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, tashkilotlar rahbarlariga nisbatan tatbiq etiladi, bundan quyidagi hollar mustasno, agar: tashkilot rahbari yagona ishtirokchi (taʼsis etuvchi), tashkilot mol-mulkining yagona mulkdori boʻlsa; tashkilotni boshqarish boshqa tashkilot (boshqaruvchi tashkilot) bilan shartnoma asosida amalga oshirilsa. Tashkilot rahbarining oʻrinbosari rahbar yoʻqligida uning vazifasini vaqtincha bajarib turish yoki lavozim vazifalari taqsimoti asosida ayrim masalalar boʻyicha rahbar vazifasini bajarish oʻz xizmat vazifalari jumlasiga kiruvchi shaxsdir. Tashkilot bosh buxgalteri tashkilotda shtatdagi lavozimni egallab turgan, hisob siyosatini shakllantirish, buxgalteriya hisobini yuritish, toʻliq va haqqoniy buxgalteriya, soliq va statistika hisobotlari oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javob beruvchi, amalga oshirilayotgan xoʻjalik operatsiyalarining qonunchilikka muvofiqligini, tashkilot mol-mulkining harakati va majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlovchi shaxsdir. Tashkilotda bosh buxgalter lavozimi mavjud boʻlmagan taqdirda ushbu paragrafning qoidalari tashkilotda bosh buxgalter vazifasini amalga oshirayotgan mansabdor shaxsga nisbatan tatbiq etiladi. Tashkilotning alohida boʻlinmalari rahbarlari tarkibiy boʻlinmalarni tashkil etgan tashkilot tomonidan lavozimga tayinlanadigan va mazkur alohida boʻlinmani tashkil etgan tashkilot tomonidan berilgan ishonchnoma asosida faoliyat koʻrsatuvchi mansabdor shaxslardir. Tashkilot rahbarining, uning oʻrinbosarlarining, tashkilot bosh buxgalterining va tashkilot alohida boʻlinmasi rahbarining mehnatga oid munosabatlar sohasidagi huquq va majburiyatlari ushbu Kodeksda, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda, tashkilotning, alohida boʻlinmaning taʼsis hujjatlarida, mehnat shartnomasida belgilanadi. Qonunda tashkilotlar rahbarlarining mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning ushbu paragrafda nazarda tutilganidan tashqari boshqa oʻziga xos xususiyatlari ham belgilanishi mumkin.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.