Mehnat kodeksi 450-moddasi

Kasanachining mehnatiga haq toʻlash

Kasanachilarning ishiga, qoida tariqasida, ishbay haq toʻlanadi. Haq toʻlash amalda bajarilgan ishlar (xizmatlar) uchun yoki sifati boʻyicha belgilangan talablarga javob beruvchi ishlab chiqarilgan mahsulot uchun amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar taraflarning kelishuviga koʻra tegishli ishlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqti hisobidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Ishbay haq toʻlanadigan muayyan ish uchun kasanachining ish haqi miqdori ish beruvchining oʻz ishlab chiqarishida band boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash shartlariga taqqoslanadigan boʻlishi kerak. Kasanachining ish haqi, basharti kasanachi mehnat normalarini va mehnat majburiyatlarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak va biron-bir eng yuqori miqdor bilan cheklanmaydi. Kasanachining mehnatiga har bir tugallangan ish topshirigʻi, ishlar hajmi topshirilayotganda yoki mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan muntazam vaqt oraligʻida haq toʻlanishi kerak. Mehnat shartnomasida kasanachining mehnatiga boʻnak tarzida haq toʻlash nazarda tutilishi mumkin. Agar kasanachi oʻz mehnatini bajaradigan joyda ish haqiga hudud koeffitsiyenti belgilangan boʻlsa, kasanachi mehnatiga haq toʻlash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.