Mehnat kodeksi 118-moddasi

Ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladigan yosh

Ishga qabul qilishga ushbu Kodeksning 20-moddasiga muvofiq shaxslar mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega boʻlishi bilan, oʻn olti yoshdan yoʻl qoʻyiladi. Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilarini ularning sogʻligʻiga hamda maʼnaviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, oʻqitish jarayonini buzmaydigan yengil mehnatni oʻqishdan boʻsh vaqtida bajarishi uchun ishga qabul qilishga — ular oʻn besh yoshga toʻlishi bilan ota-onadan birining (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. (118-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 13-fevraldagi OʻRQ-1030-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2025-y., 03/25/1030/0144-son) Madaniy-tomosha tashkilotlarida, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida, shuningdek professional sportchilar bilan ota-onaning har ikkisining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) roziligi hamda vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan, sogʻligʻiga va maʼnaviy kamol topishiga ziyon yetkazmasdan asarlarni yaratish va (yoki) ijro etishda (koʻrgazmaga qoʻyishda) ishtirok etish uchun oʻn besh yoshga toʻlmagan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishga yoʻl qoʻyiladi. Koʻrsatilgan yoshga toʻlgan shaxslar qabul qilinishi mumkin boʻlgan ishlar, kasblar, lavozimlar roʻyxatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Bunday holda xodimning nomidan mehnat shartnomasini uning ota-onasi (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxs) imzolaydi. Vasiylik va homiylik organining ruxsatnomasida har kunlik ishning eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan davomiyligi hamda ish bajarilishi mumkin boʻlgan boshqa shartlar koʻrsatiladi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarni ishga qabul qilish va ularning mehnatini qoʻllash ushbu Kodeksning 411 — 422-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.