Mehnat kodeksi 11-moddasi
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilish sohasi
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi: xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarga; yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini ish beruvchi tomonidan taʼminlashda xodimning mehnat vazifasini ichki mehnat tartibiga boʻysungan holda haq evaziga shaxsan bajarishi haqidagi, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga asoslangan munosabatlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridir. Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tartibga soladigan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar tuzish taqiqlanadi. Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlar jumlasiga quyidagilar kiradi: xodimni ish beruvchida ishga joylashtirishga oid munosabatlar; xodimni ish beruvchida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va uning malakasini oshirishga oid munosabatlar; mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik jarayonida shakllanadigan jamoaviy mehnat munosabatlari; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratga oid munosabatlar; mehnat nizolarini koʻrib chiqishga oid munosabatlar. Agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida yoki xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilangan qoidalar chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirokidagi, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan tashkilotlar yoxud ushbu fuqarolar, shaxslar ishtirokidagi, xalqaro tashkilotlar va chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi mehnatga oid munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi davlat xizmatchilariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi davlat muassasalariga (diplomatik, konsullik muassasalariga va boshqa muassasalarga) ishga yuborilgan xodimlarga va muqobil xizmatni oʻtayotgan shaxslarga nisbatan qonunlarda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda tatbiq etiladi. (11-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 13-fevraldagi OʻRQ-1030-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2025-y., 03/25/1030/0144-son) Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi boʻyicha tatbiq etiladi. (11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 13-fevraldagi OʻRQ-1030-sonli Qonuniga asosan yettinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2025-y., 03/25/1030/0144-son) Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga, shuningdek ichki ishlar va davlat bojxona xizmati organlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatida, Milliy gvardiyasida xizmat oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) va ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning maxsus qonunchilikka zid boʻlmagan qismi tatbiq etiladi. Sudyalarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning sudlar toʻgʻrisidagi qonunchilikda tartibga solinmagan qismi boʻyicha tatbiq etiladi. Prokuratura organlari xodimlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning prokuratura organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka zid boʻlmagan qismi tatbiq etiladi. Qutqaruv xizmatlarining va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotganlar jumlasidan boʻlgan qutqaruvchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi boʻyicha tatbiq etiladi. Jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmi bilan hukm qilinganlarning mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida nazarda tutilgan istisnolar va cheklovlar hisobga olingan holda tatbiq etiladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik quyidagi shaxslarga nisbatan (agar ular ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bir vaqtning oʻzida ish beruvchilar yoki ularning vakillari sifatida ish yuritmasa) tatbiq etilmaydi: muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga; tashkilotlarning kuzatuv kengashlari aʼzolariga; mazkur tashkilotning xodimlari boʻlmagan taftish komissiyalari aʼzolariga (taftishchilarga); fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida ishlarni bajarayotgan (xizmatlar koʻrsatayotgan) shaxslarga; agar qonunda belgilangan boʻlsa, boshqa shaxslarga. Agar shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlar fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan boʻlsa, biroq keyinchalik ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan tartibda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etilgan boʻlsa, bunday munosabatlarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar qoidalari qoʻllaniladi.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Modda quyidagi hujjat tarkibida
O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022
← Oldingi modda
Modda 10. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik
Keyingi modda →
Modda 12. Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar
Qoʻshni moddalar
- 7Mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi prinsipi
- 8Xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi prinsipi
- 9Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash
- 10Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik
- 12Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar
- 13Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning oʻzaro nisbati
- 14Jamoa kelishuvlarining oʻzaro nisbati va ichki hujjatlar bilan oʻzaro nisbati
- 15Ichki hujjatlarning oʻzaro nisbati
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.