Mehnat kodeksi 107-moddasi

Mehnat shartnomasining rekvizitlari

Mehnat shartnomasida mehnat shartnomasi tuzilgan sana va joy, mehnat shartnomasining raqami va uning taraflarining rekvizitlari koʻrsatiladi. Xodimning mehnat shartnomasida koʻrsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat: familiyasi, ismi va otasining ismi; shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; yashash yoki turgan joyining manzili va u bilan bogʻlanishga doir maʼlumotlar; (107-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 13-fevraldagi OʻRQ-1030-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2025-y., 03/25/1030/0144-son) jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami; (107-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 13-fevraldagi OʻRQ-1030-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2025-y., 03/25/1030/0144-son) shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻi raqami. Ish beruvchining mehnat shartnomasida koʻrsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat: mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchining nomi: tashkilotning nomi, agar ish beruvchi tashkilotning alohida boʻlinmasi boʻlsa, — ushbu boʻlinmaning nomi, ish beruvchi jismoniy shaxs boʻlgan hollarda, — jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasport maʼlumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari), yakka tartibdagi tadbirkor boʻlgan ish beruvchi uchun esa uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport maʼlumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari), shuningdek davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning raqami va berilgan sanasi; ish beruvchining mehnat shartnomasini imzolagan vakili haqidagi maʼlumotlar va, agar tashkilot yoki uning alohida boʻlinmasi ish beruvchi boʻlsa, vakilga tegishli vakolatlar berilganligining asosi; ish beruvchi tashkilotning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki tashkilotning alohida boʻlinmasi xodim bilan mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchi boʻlgan hollarda, ushbu alohida boʻlinmaning joylashgan yeri (pochta manzili) yoxud jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchining yashash yoki turgan joyi manzili; soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻlmagan jismoniy shaxslar boʻlgan ish beruvchilar mustasno); tashkilotlar yoki ularning alohida boʻlinmalari boʻlgan ish beruvchilarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank rekvizitlari; ish beruvchining aloqa maʼlumotlari (telefon raqamlari, elektron pochta manzili va boshqalar). Agar mehnat shartnomasini tuzishda ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan rekvizitlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan boʻlsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb eʼtirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Mehnat shartnomasi yetishmayotgan rekvizitlar bilan toʻldirilishi kerak. Bunda yetishmayotgan rekvizitlar mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qoʻshimcha kelishuv bilan belgilanadi, ushbu kelishuv mehnat shartnomasining ajralmas qismidir. Rekvizitlar oʻzgargan taqdirda, mehnat shartnomasining tarafi ular oʻzgartirilgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida bu haqda boshqa tarafga yozma shaklda xabar qilishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.