Mehnat kodeksi 104-moddasi

Mehnat shartnomasining mazmuni

Mehnat shartnomasiga kiritilishi shart boʻlgan shartlar quyidagilardan iborat: ish joyi — xodim shartnomada shart qilib koʻrsatilgan mehnat vazifasiga koʻra mehnat faoliyatini amalga oshiradigan ish beruvchi (tashkilot, uning alohida boʻlinmasi yoki jismoniy shaxs), shuningdek xodim mehnat qilishi kerak boʻlgan joy; mehnat vazifasi — muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoxud lavozim boʻyicha ish, shuningdek xodimga topshiriladigan ishning aniq turi; ishning boshlanish sanasi — xodim mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishga kirishishi kerak boʻlgan kalendar sana; mehnatga haq toʻlash shartlari (shu jumladan xodimning tarif stavkasi yoki maoshi miqdori, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar); xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan taqdirda mehnat shartnomasining muddati, shuningdek ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq muddatli shartnomani tuzish uchun asoslar; ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, agar bu xodim uchun ushbu rejim mazkur ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshiradigan xodimlar uchun nazarda tutilgan ish vaqtining va dam olish vaqtining umumiy rejimidan farq qiladigan boʻlsa; ish joyidagi mehnat sharoitlarining xususiyatlari koʻrsatilgan holda normal sharoitlardan farq qiladigan sharoitlardagi ish uchun kafolatlar va kompensatsiyalar, agar xodim mazkur ishga qabul qilinayotgan boʻlsa; zarur boʻlgan hollarda ishning xususiyatini belgilaydigan shartlar (koʻchma, sayyor, yoʻldagi, ishning boshqa xususiyati); mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda boshqa shartlar. Agar mehnat shartnomasini tuzish chogʻida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan boʻlsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb eʼtirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Mehnat shartnomasi qoʻshimcha shartlar bilan toʻldirilishi kerak. Bunda qoʻshimcha shartlar mehnat shartnomasining ajralmas qismi boʻlgan, mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qoʻshimcha kelishuv bilan belgilanadi. Mehnat shartnomasida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan xodimning holatini yomonlashtirmaydigan qoʻshimcha shartlar, shu jumladan quyidagi shartlar nazarda tutilishi mumkin: ish joyini aniqlashtirish (tarkibiy boʻlinma va uning joylashgan yeri koʻrsatilgan holda) va (yoki) ish joyi toʻgʻrisida; ishga qabul qilish chogʻidagi dastlabki sinov haqida; bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik toʻgʻrisida; davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor qilmaslik haqida; agar oʻqitish ish beruvchining mablagʻlari hisobidan olib borilgan boʻlsa, xodimning oʻqishdan keyin shartnomada belgilangan muddatdan kam boʻlmagan muddatni ishlab berish majburiyati toʻgʻrisida; xodimni qoʻshimcha sugʻurta qilish turlari va shartlari haqida; xodimga va uning oila aʼzolariga taqdim etiladigan ijtimoiy-maishiy sharoitlar toʻgʻrisida; xodimning ish sharoitlariga nisbatan qoʻllaniladigan xodimning va ish beruvchining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlari va majburiyatlarini aniqlashtirish haqida. Xodimning va ish beruvchining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan biror-bir huquqlari va (yoki) majburiyatlarining mehnat shartnomasiga kiritilmasligi ushbu huquqlarni amalga oshirishni yoki bu majburiyatlarni bajarishni rad etish sifatida koʻrib chiqilishi mumkin emas.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.