Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida

OʻzR Vazirlar Mahkamasi qarori № 53, 11.02.2026

Yuk koʻtarish qurilmalarini (kranlar, koʻtargichlar va boshqalar) texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi: dastlabki, davriy va navbatdan tashqari texnik koʻrik, natijalarni rasmiylashtirish va qurilma yorligʻi.

Ushbu hujjat boʻyicha xizmat: Oʻqitish: yuk koʻtarish mexanizmlari

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.

Narxni hisoblash

Eslatma: Ushbu matn axborot maqsadlarida taqdim etilgan. Rasmiy versiyani olish uchun lex.uz dagi asosiy manbaga murojaat qiling.

Hujjat boʻlimlari

Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, yuk koʻtarish qurilmalarining texnik soz holatda saqlanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin: yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazuvchi ixtisoslashgan tashkilotlarga qoʻyiladigan talablar; tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi. 2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi uch oy muddatda: barcha xavfli ishlab chiqarish obyektlarida mavjud boʻlgan yuk koʻtarish qurilmalarini xatlovdan oʻtkazsin; manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin. 3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi. 4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A.V. Rafiqov zimmasiga yuklansin. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh., 2026-yil 11-fevral, 53-son

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-fevraldagi 53-son qaroriga ILOVA. Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida NIZOM — 1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini belgilaydi. 2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi: vakolatli organ — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi; dinamik sinov — yuk koʻtarish qurilmalarining mexanizmlari, xavfsizlik qurilmalari va tormoz tizimi sozligini aniqlash; dastlabki texnik koʻrik — yangi oʻrnatilgan yuk koʻtarish qurilmasini ishga tushirishdan avval uning (shu jumladan, mexanizmlari va uzellarini) mustahkam va sozligini aniqlash; davriy texnik koʻrik — yuk koʻtarish qurilmasidan foydalanish jarayonida uning mustahkam va soz holatda saqlanishini aniqlash; ixtisoslashgan tashkilot — yuk koʻtarish qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish uchun malakali mutaxassislar va zarur moddiy-texnik bazaga ega boʻlgan hamda belgilangan tartibda vakolatli organning ruxsatnomasini olgan yuridik shaxs; koʻchmas asosga oʻrnatilgan yuk koʻtarish qurilmasi — asosi poydevor yordamida joyiga harakatsiz holatida qotirilgan yoki rels yoʻlagida harakatlanuvchi yuk koʻtarish qurilmalari (temir yoʻl kranlari bundan mustasno); modernizatsiya (rekonstruksiya) — yuk koʻtarish qurilmasi pasporti koʻrsatkichlarini oʻzgartirishga olib keladigan (masalan, yuritma xili, strela uzunligi, minora balandligi, yuk koʻtarish quvvati ortishi yoki kamayishi) kran konstruksiyasini oʻzgartirish, yuk koʻtarish qurilmalarini va ularning elektr sxemasini qayta jihozlash; navbatdan tashqari texnik koʻrik — yuk koʻtarish qurilmalarida nosozliklar yuzaga kelganda, unda oʻtkazilgan taʼmirlash ishlaridan soʻng uning soz holatda ekanini aniqlash; pasport — yuk koʻtarish qurilmasini ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan berilgan, uning texnik xususiyatlarini ifodalovchi hujjat; statik sinov — yuk koʻtarish qurilmalarini yoki ularning alohida uskunalarini mustahkamligi va konstruktiv jihatdan barqarorligini tekshirish; taʼmirlash — buzilgan, yemirilgan yoki nosoz holatga kelgan yuk koʻtarish qurilmalarining uzellarini ishchi holatga keltirib, qayta tiklash; toʻliq texnik koʻrik — qisman texnik koʻrikka qoʻshimcha ravishda dinamik va statik sinovlarni oʻtkazish; yuk koʻtarish qurilmalari — yuklarni koʻtarish, tushirish, bir joydan boshqa joyga koʻchirish ishlarini amalga oshiruvchi koʻchmas asosga oʻrnatilgan yoki harakatlanuvchi kranlar, telferlar va tallar; yuk koʻtarish qurilmasi mulkdori — yuk koʻtarish qurilmasiga nisbatan egalik huquqi boʻlgan yoki yuk koʻtarish qurilmasi oʻrnatilgan bino va inshootga egalik qiluvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar; qisman texnik koʻrik — yuk koʻtarish qurilmasining asosi, koʻtarish, harakatlantiruvchi va toʻxtatish qismlarini toʻliq koʻzdan kechirish hamda xavfsizlik moslamalarining ishlash holatini amalda ishlatib koʻrish orqali tekshirish.

2-bob. Umumiy talablar

3. Yangi oʻrnatilgan, modernizatsiya (rekonstruksiya) qilingan yoki mukammal taʼmirlangan yuk koʻtarish qurilmalari foydalanishga topshirilgunga qadar toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazilishi shart. Foydalanishda boʻlgan yuk koʻtarish qurilmalari bir yilda kamida bir marta qisman texnik koʻrikdan va uch yilda bir marta toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak. 4. Yuk koʻtarish qurilmalarining texnik koʻrigi yuk koʻtarish qurilmasining pasporti yoki yuk koʻtarish kranlari tuzilishi va ularni xavfsiz ishlatish qoidalari talablariga muvofiq oʻtkaziladi. 5. Yuk koʻtarish qurilmalarining texnik koʻrigi ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish sxemasiga muvofiq oʻtkaziladi.

3-bob. Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi

6. Yuk koʻtarish qurilmalarining texnik koʻrigi mulkdorning yozma yoki elektron tarzdagi murojaatiga asosan, ixtisoslashgan tashkilot tomonidan oʻtkaziladi. 7. Yuk koʻtarish qurilmalari dastlabki, davriy va navbatdan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. 8. Dastlabki, davriy va navbatdan tashqari texnik koʻriklar mulkdorning yozma yoki elektron tarzdagi murojaati asosida ixtisoslashgan tashkilot tomonidan mulkdor bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq oʻtkaziladi. 9. Ixtisoslashgan tashkilot tuzilgan shartnoma muddati davomida yuk koʻtarish qurilmalarini davriy texnik koʻrikdan oʻtkazadi.

4-bob. Dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi

10. Yuk koʻtarish qurilmalari davlat roʻyxatiga olinishidan avval dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazilishi shart. 11. Yuk koʻtarish qurilmalarining dastlabki texnik koʻrigida mulkdor tomonidan quyidagi hujjatlar nusxalari ixtisoslashgan tashkilotga taqdim etiladi: muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar (avval foydalanishda boʻlgan yuk koʻtarish qurilmalari bundan mustasno); koʻchmas asosga oʻrnatilgan yuk koʻtarish qurilmasining oʻrnatish boʻyicha loyiha hujjatining ekspertizadan oʻtkazilgani toʻgʻrisida xulosasi (qurilish ishlarida vaqtincha foydalaniladigan yuk koʻtarish qurilmalari bundan mustasno); koʻchmas asosga oʻrnatilgan yuk koʻtarish qurilmasini oʻrnatish dalolatnomasi; ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan berilgan pasporti yoki uning dublikati; koʻchmas asosga oʻrnatilgan yuk koʻtarish qurilmasini oʻrnatish boʻyicha yoʻriqnoma; foydalanish yoʻriqnomasi. 12. Ixtisoslashgan tashkilot tomonidan yuk koʻtarish qurilmalarining holati taqdim etilgan hujjatlarga mosligi toʻliq tekshiriladi va ushbu Nizomning 4-bandida belgilangan tartibda yuk koʻtarish qurilmalari dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. 13. Dastlabki texnik koʻrikni tashkil qilish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha xarajatlar yuk koʻtarish qurilmalarining mulkdori zimmasiga yuklanadi. 14. Vakolatli organ tomonidan davlat roʻyxatiga olingan yuk koʻtarish qurilmalarining boshqaruv kabinasi yoki asos qismiga ixtisoslashgan tashkilot tomonidan yozuvi oʻchib ketmaydigan mustahkam jismdan tayyorlangan ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq Texnik koʻrikdan oʻtkazilgan yuk koʻtarish qurilmasining yorligʻi oʻrnatiladi.

5-bob. Davriy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi

15. Yuk koʻtarish qurilmalarini ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan muddatlarda davriy texnik koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuk koʻtarish qurilmalarining mulkdori zimmasiga yuklanadi. 16. Yuk koʻtarish qurilmalarining davriy texnik koʻrigida mulkdor tomonidan ushbu Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan hujjatlar nusxalari ixtisoslashgan tashkilotga taqdim etiladi. 17. Ixtisoslashgan tashkilot tomonidan yuk koʻtarish qurilmalarining holati taqdim etilgan hujjatlarga mosligi toʻliq tekshiriladi va ushbu Nizomning 4-bandida belgilangan talablar asosida yuk koʻtarish qurilmalari davriy texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. 18. Davriy texnik koʻrik ixtisoslashgan tashkilot va mulkdor ishtirokida oʻtkaziladi. 19. Mulkdor davriy texnik koʻrikdan oʻtkazishda ixtisoslashgan tashkilotga koʻrik toʻliq oʻtkazilishi uchun zarur sharoit yaratib berishi shart. 20. Ixtisoslashgan tashkilot yuk koʻtarish qurilmalarini davriy texnik koʻrikdan oʻtkazishda mulkdor tomonidan zarur sharoit yaratilmagan taqdirda, bu haqda vakolatli organni xabardor qilishi shart. 21. Davriy texnik koʻrikdan oʻtkazish natijasida yuk koʻtarish qurilmalarida nosozliklar aniqlangan taqdirda, yuk koʻtarish qurilmalarining mulkdori tomonidan qayta taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi lozim. 22. Davriy texnik koʻrik natijalari salbiy boʻlganda, ixtisoslashgan tashkilot yuk koʻtarish qurilmalarining mulkdoriga yozma xabar beradi va yuk koʻtarish qurilmalaridan foydalanishni oʻttiz kunga taqiqlaydi. Mulkdor tomonidan ushbu muddat ichida kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, ixtisoslashgan tashkilot bu haqda vakolatli organni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi. Vakolatli organ kelib tushgan xabarlar asosida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kamchiliklarni bartaraf etmagan mulkdorga nisbatan tekshiruv oʻtkazadi.

6-bob. Navbatdan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi

23. Yuk koʻtarish qurilmalarida navbatdan tashqari texnik koʻrik ularda amalga oshirilgan taʼmirlash, modernizatsiya yoki rekonstruksiya ishlaridan soʻng oʻtkaziladi. 24. Yuk koʻtarish qurilmalarini navbatdan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazishga mulkdor masʼul hisoblanadi. 25. Yuk koʻtarish qurilmalarining asos qismlariga oʻzgartirish kiritilganda yoki taʼmirlanganda, ularni ishga tushirishdan avval navbatdan tashqari toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. Agar yuk koʻtarish qurilmalarining koʻtaruvchi yoki asos boʻlmagan qismlarida konstruktiv oʻzgartirishlar yoki taʼmirlash ishlari (elektr qismi, asosga va yuk koʻtarishga taalluqli boʻlmagan ikkilamchi qismlari) amalga oshirilgan boʻlsa, qisman texnik koʻrik oʻtkaziladi.

7-bob. Texnik koʻrik natijalarini rasmiylashtirish

26. Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish natijalari yuk koʻtarish qurilmalarining pasportida ixtisoslashgan tashkilot tomonidan qayd etiladi. 27. Yuk koʻtarish qurilmalarining pasportida ixtisoslashgan tashkilot tomonidan texnik koʻrik sanasi, yuk koʻtarish qurilmalarining joylashgan manzili yoki sinov oʻtkazilgan manzil, zavod raqami, koʻtarish quvvati, oʻtkazilgan dinamik va statik sinovlarning natijalari hamda kelgusida oʻtkaziladigan qisman yoki toʻliq texnik koʻrik muddati koʻrsatiladi. 28. Yuk koʻtarish qurilmalarining mulkdori texnik koʻrik natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotni uch kun muddatda vakolatli organga yuboradi.

8-bob. Yakunlovchi qoida

29. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.

Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA. Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish SXEMASI

BosqichlarSubyektlarTadbirlarIjro muddati
1-bosqichSanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi (Vakolatli organ)Yuk koʻtarish qurilmalari nazoratini amalga oshiradi.Doimiy
2-bosqichYuk koʻtarish qurilmasining mulkdoriYuk koʻtarish qurilmasini dastlabki, davriy va navbatdan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazishni tashkillashtiradi.Uch yilda bir marta
3-bosqichIxtisoslashgan tashkilotYuk koʻtarish qurilmasini dastlabki, davriy va navbatdan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazadi.Shartnomaga koʻra
4-bosqichIxtisoslashgan tashkilotYuk koʻtarish qurilmasini dastlabki, davriy va navbatdan tashqari texnik koʻrik natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuk koʻtarish qurilmasining pasportiga qayd etadi.Koʻrik natijalariga koʻra
5-bosqichYuk koʻtarish qurilmasining mulkdoriYuk koʻtarish qurilmasida texnik koʻrik natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etadi.Oʻttiz kunda
6-bosqichVakolatli organIxtisoslashgan tashkilotlarning belgilangan talablarga muvofiq faoliyat koʻrsatishi ustidan nazorat tadbirlarini oʻtkazadi.Doimiy

Yuk koʻtarish qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA. Texnik koʻrikdan oʻtkazilgan yuk koʻtarish qurilmasining yorligʻi namunasi

300 mm Roʻyxat raqami — R-_____ Koʻtarish quvvati — _____ t Kelgusi qisman texnik koʻrik muddati — _____ yil Kelgusi toʻliq texnik koʻrik muddati — _____ yil Arial (40) — qalin shriftda 300 mm (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2026-y., 09/26/53/0133-son)

Ushbu qonunga rioya qilishda yordam kerakmi?

Tashkilotingizni qonunchilik talablariga muvofiqlashtlrishda yordam beramiz.