Mehnat kodeksi 542-moddasi

Mehnat nizolarining turlari

Mehnat nizolari subyektning tarkibiga qarab yakka tartibdagi yoki jamoaviy boʻlishi mumkin. Ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi quyidagi masalalar boʻyicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar yakka tartibdagi mehnat nizolaridir: mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qoʻllash; xodim uchun yakka tartibdagi yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud yakka tartibdagi mehnat shartlarini (shu jumladan mehnatga haq toʻlashni) oʻzgartirish. Yakka tartibdagi mehnat nizolariga quyidagi nizolar ham kiradi: ish beruvchi va mazkur ish beruvchi bilan ilgari mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan shaxs oʻrtasidagi nizo; ish beruvchi va mazkur ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzish istagini bildirgan shaxs oʻrtasidagi nizo, agar ish beruvchi ushbu shaxsni ishga qabul qilishni rad etgan boʻlsa. Xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) oʻrtasidagi: yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan, mehnatga haq toʻlashni) oʻzgartirish masalalari boʻyicha; jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini, shuningdek qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni tuzish va oʻzgartirish masalalari boʻyicha; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini qoʻllash masalalari boʻyicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar jamoaviy mehnat nizolaridir. Mehnat nizolari hal etilish usuliga qarab daʼvo xususiyatiga va daʼvosiz xususiyatga ega boʻlishi mumkin. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qoʻllash masalalari boʻyicha yuzaga keladigan nizolar daʼvo xususiyatiga ega nizolar (huquq toʻgʻrisidagi nizolar) jumlasiga kiradi. Daʼvo xususiyatiga ega boʻlgan yakka tartibdagi va jamoaviy nizolar mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organlarda koʻrib chiqiladi. Daʼvo xususiyatiga ega boʻlgan mehnat nizolarini koʻrib chiqishning har qanday bosqichida taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida ular tomonidan oʻzaro maqbul yechimga erishish maqsadida nizoni mediator koʻmagida bartaraf etish tartib-taomili qoʻllanilishi mumkin. Yangi mehnat shartlarini belgilash va mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan mehnatga haq toʻlashni) oʻzgartirish, jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini yoxud qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarni tuzish, oʻzgartirish masalalari boʻyicha yuzaga keladigan jamoaviy hamda yakka tartibdagi mehnat nizolari daʼvosiz xususiyatga ega boʻlgan nizolar (manfaat haqidagi nizolar) jumlasiga kiradi. Daʼvosiz xususiyatga ega boʻlgan jamoaviy va yakka tartibdagi mehnat nizolari yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillarini yoki mediator koʻmagida nizoni tartibga solish tartib-taomillarini qoʻllash orqali hal etiladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.