Mehnat kodeksi 460-moddasi
Masofadan turib ishlovchi xodimning va ish beruvchining hamkorligi
Xodim va ish beruvchi masofadan turib ishlovchi xodimning masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasida belgilangan ish vaqti ichida mehnat vazifasini bajarishi uchun muayyan vaqtni nazarda tutuvchi hamkorlik qilish tartibini belgilaydi. Hamkorlik qilish tartibi kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda, masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida belgilanadi. Hamkorlik qilish tartibida masofadan turib ishlovchi xodimning ish beruvchining qoʻngʻiroqlariga, elektron xatlariga va boshqa shaklda amalga oshirilgan soʻrovlariga javob berish majburiyati, shuningdek masofadan turib ishlovchi xodim oʻz mehnat vazifasini bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ish beruvchining soʻrovlariga javob berishi shart boʻlgan muddat nazarda tutilishi mumkin. Hamkorlik qilish tartibida belgilangan vaqtdan tashqari ish beruvchining telefon qoʻngʻiroqlariga, elektron xatlariga va har qanday shaklda amalga oshirilgan soʻrovlariga xodimning javob berishi shart emas. Agar hamkorlik qilish tartibi masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi taraflari tomonidan kelishilmagan boʻlsa yoxud xodim ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda tegishli ichki hujjat bilan tanishtirilmagan boʻlsa, xodim oʻz vaqtida javob bermaganligi yoki mehnat vazifasini bajarishi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ish beruvchining soʻrovlariga javob bermaganligi uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Masofadan turib ishlovchi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi hamkorlik ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarda yoxud masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida koʻrsatilgan xabarni joʻnatgan shaxsni ishonchli aniqlash imkonini beradigan barcha usullardan foydalangan holda, elektron hujjatlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi. Mazkur almashinuv taraflarining har biri masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda boshqa tarafdan elektron hujjatni olganligi haqidagi tasdiqnomani yuborishi shart. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq xodim oʻzining mehnat faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qabul qilinayotgan ichki hujjatlar, ish beruvchining buyruqlari, bildirishnomalari, talablari va boshqa hujjatlari bilan yozma shaklda, shu jumladan imzo qoʻydirib tanishtirilishi kerak boʻlgan hollarda, masofadan turib ishlovchi xodim ular bilan ish beruvchi va masofadan turib ishlovchi xodim oʻrtasidagi elektron hujjat almashinuvi orqali tanishtirilishi mumkin. Masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchiga ariza bilan murojaat qilishga, ish beruvchiga tushuntirishlar, oʻzi amalga oshirayotgan mehnat faoliyati bilan bogʻliq boshqa axborotni elektron shaklda taqdim etishga haqli. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tugʻish nafaqasi, ijtimoiy sugʻurta boʻyicha boshqa toʻlovlarni olish uchun masofadan turib ishlovchi xodim qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlarning aslini, agar xodim oʻrindosh boʻlsa, hujjatlarning koʻchirma nusxalarini ish beruvchiga maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali yuboradi. Ish beruvchi tomonidan masofadan turib ishlovchi xodimga ish bilan bogʻliq hujjatlarning tegishli tartibda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari ushbu Kodeksning 117-moddasiga muvofiq beriladi. Ish beruvchi xodim tomonidan ariza berilgan uch ish kunidan kechiktirmay hujjatlarning koʻchirma nusxalarini maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali yoki agar bu arizada koʻrsatilgan boʻlsa, elektron hujjat tarzida yuborishi shart.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Modda quyidagi hujjat tarkibida
O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022
← Oldingi modda
Modda 459. Masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari
Keyingi modda →
Modda 461. Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti
Qoʻshni moddalar
- 456Masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi
- 457Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilishni va oʻtkazishni rasmiylashtirish
- 458Vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtishga yoki masofadan ishlashga oʻtkazishga doir ustuvor huquqqa ega boʻlgan xodimlarning toifalari
- 459Masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari
- 461Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti
- 462Masofadan turib ishlovchi xodimning har yilgi mehnat taʼtili
- 463Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash
- 464Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.